Laktostaz nima va uni qanday qilib bartaraf qilish mumkin?

Laktostaz – koʻkrakda sut turib qolishi sababli asosan emizikli ayollarda kuzatiladigan holatdir. Kasallikning qay tarzda rivojlanishini bilish uchun avvalo, sut bezining qanday tuzilganligi haqida aniq maʼlumotga ega boʻlish kerak.

Sut bezi qanday tuzilgan?

Sut bezlari oʻrtacha 15-20 ta sut ishlab chiqaruvchi boʻlakchalardan iborat boʻladi.

Bu boʻlakchalar sut yoʻllari orqali soʻrgʻich, yaʼni koʻkrak uchi bilan bogʻlanadi. Agar birorta sut boʻlakchasida maʼlum vaqt davomida ona suti yigʻilib qolsa va buning natijasida ushbu suyuqlik quyilib qolsa, uning soʻrgʻich orqali ajralishi qiyinlashib qoladi. Agar bu holat uzoq vaqt davom etsa emizikli ayolda laktostaz rivojlanadi.

Bundan tashqari, koʻkrak anatomik tuzilishining oʻziga xosligi – yassi soʻrgich, tor yoʻllar, koʻkrakda travmalar, yoriqlar, bemorning sovuqda qolish, noqulay, tor ichki kiyim kiyish ham laktostaz yuzaga kelishiga sababchi boʻlishi mumkin.

Dastlab dard boshlanganda bemorning koʻkragi ogʻirlashib qoladi. Keyin u shishib ketadi va ushbu aʼzoda ogʻriq paydo boʻladi. Qoʻl bilan paypaslab koʻrilganda koʻkrak bezining boʻlakchalari qattiq boʻlib qolganini sezish mumkin. Baʼzi hollarda sut bezi terisining qizarishi va tana haroratining koʻtarilishi kuzatiladi.

Laktostaz sababi nima?

Kasallikning asosiy sabablaridan biri notoʻgʻri emizish yoki koʻkrakni bolaga toʻgʻri bermaslik hisoblanadi. Baʼzi hollarda laktostaz kasalligining rivojlanishiga soʻrgʻichning yassiligi ham sabab boʻladi. Yassi soʻrgʻichni mittivoy emishga qiynaladi va sutni yetarli darajada soʻrolmaydi.

Goʻdakni emizishda nafaqat koʻkrak uchini balki uning atrofidagi areolani (aylana)ni ham bola ogʻziga olishi kerak. Shundagina sut bezlari toʻliq boʻshaydi.

bolani emizish

Undan tashqari, emizikli ona bolani muntazam tarzda har 2-3 soatda emizib turishi kerak. Koʻp hollarda laktostaz rivojlanishiga oʻz vaqtida chaqaloqni emizmaslik sabab boʻladi. Bu holat asosan talaba onalarda yoki biron sababga koʻra ishini tashlay olmaydigan yosh ayollarda kuzatiladi. Ular oʻqish yoki ish sababli vaqt topib koʻkragini sogʻib turishlari kerak.

Laktostaz holatini keltirib chiqaruvchi sabablardan yana biri soʻrgʻich terisining yorilishdir. Bunda soʻrgʻich haddan ortiq sezuvchan boʻlib qoladi. Chunki unda juda koʻp asab tolalari mavjud. Shuning uchun ham uning terisida yoriq paydo boʻlganda ayol kishi juda kuchli ogʻriq sezadi. Emizikli ayol goʻdagini emizishdan qoʻrqib qoladi. Soʻngra sunʼiy ravishda emizish vaqtini choʻzadi va natijada koʻkrakka sut yigʻilib, unda suyuqlik turib qoladi va laktostaz rivojlanadi. Soʻrgʻich terisi yorilmasligi uchun bolaga koʻkrakni toʻgʻri tutish kerak.

Sut bezlarining yalligʻlanishi ham laktostaz rivojlanishiga olib keluvchi yana bir sabab hisoblanadi. Yalligʻlanish natijasida sut ishlab chiqaruvchi sut boʻlakchalari shishib ketadi va sut yoʻllarini siqib qoʻyadi. Oqibatda ona suti tashqariga chiqolmay koʻkrak bezida qolib ketadi. Bu holatda darhol mammalogga murojaat etilmasa, mastit kasalligi rivojlanishi mumkin.

Laktostaz belgilari va diagnostikasi

Laktostaz ayolda sut bezi qattiqlashishi, sut bezlarini palpatsiya qilib koʻrganda ogʻriq, terining qizarishi, tana haroratining 38C gacha oshishi, sut ajralishining kamayishi kabi belgilar bilan namoyon boʻladi.

Mammolog bemorni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib boʻlgach, ultratovush usuli bilan koʻkrak toʻqimasining holatini tekshirib koʻradi. Agar unda tugunli hosilalar yoki yiringli xalta yoʻqligiga ishonch hosil qilsagina davolash muolajalarini amalga oshiradi.

Laktostazni davolash

Laktostaz kasalligini davolashning birinchi sharti koʻkrakni sogʻib tashlashdir. Emizishdan oldin issiq kompress qoʻllash, emizishlar orasida sovuq kompress, fizioterapevtik muolaja, bolani tez-tez, har ikki soatda emizish ham laktostazni bartaraf etishda tavsiya qilinadi.

Yosh onalarga foydali tavsiyalar

Yuqorida ta’kidlab o’tganimizdek laktostazning  asosiy sabablaridan biri notoʻgʻri emizish yoki koʻkrakni bolaga toʻgʻri bermaslikdir.

Bu dardning yosh, tajribasiz onalar orasida koʻp uchrashidan ham maʼlumki, koʻpgina onalar bolani qanday qilib toʻgʻri emizish kerakligi haqidagi maʼlumotlari yetarli emas. Quyida bolaga koʻkrakni toʻgʻri tutqazish haqida toʻxtalib oʻtamiz.

Bola koʻkrakka toʻgʻri tutqazilgada bola butun tanasi bilan onaga qaratilgan boʻlishi; bolaning boshi bilan tanasi bir maromda joylashgan; bolaning ogʻzi katta ochilgan boʻlib, pastki lablari tashqariga qayilgan, iyagi koʻkrakka yopishgan; bola koʻkrak uchuni butunlay ogʻzini ichiga kiritib olgan; bolaning tomogʻidan qoʻlt-qoʻlt sut oʻtishi eshitilgan bo’lishi shart.

bolani togri emizish

Bolani toʻgʻri emizish borasidagi foydali tavsiyalarni mana bu maqola orqali oʻqishingiz mumkin: Bolani qanday holatda emizish kerak?

Kasallikni oldini olish uchun nima qilish kerak?

Laktostaz yuzaga kelmasligi uchun bolani bir xil vaqt orasida emizish, toʻgʻri holatda emizish, koʻkraklar travmasi va shikastlanishlardan ehtiyotlanish, emizuvchi ayollar uchun maxsus ichki kiyimlardan foydalanish, stress va sovuqda qolishdan saqlanish lozim.

 

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Аъзо бўлиш

Бош саҳифа » Foydali maslahatlar » Laktostaz nima va uni qanday qilib bartaraf qilish mumkin?

3 2 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x