KUVAYT, Al-Kuvayt — Kuvaytning poytaxti. Fors qoʻltigʻidagi Kuvayt buxtasining jan. sohilida. Aholisi 1 mln. kishi (1998). Iqlimi quruq tropik iqlim, oʻrtacha t-ra yanv. da 11°, iyulda 34°, yillik yogʻin 1000 mm dan ziyod. Kuvayt 18-a. boshidan qurila boshlagan. 1756-y. dan Saboh amirligining poytaxti. 1871-y. da Kuvaytni turklar, 1899-y. da inglizlar bosib olgan. 1961-y. dan mustaqil mamlakat poytaxti.
Mamlakatning savdo-moliya va taqsimot markazi. Kuvayt — yirik dengiz porti (mamlakat importining 70% K. orqali oʻtadi). Avtomobil yoʻllari tuguni. Savdo firmalari, hukumat banklari, asosan, Kuvayt da. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Tayyor qismlardan avtomobil yigʻish, sovitkich, televizorlar i. ch., oziq-ovqat, sement, neft kimyosi, kema remonti korxonalari, dengiz suvini chuchuklantirib beruvchi z-d, issiqlik elektr st-yasi mavjud. Baliq ovlanadi, marvarid olinadi. Milliy un-t (1966), ilmiy tadqiqot in-tlari (neft geologiyasi boʻyicha), markaziy kutubxona (1936), etnografiya va arxeologiya muzeylari va b. bor. 6-a. da qurilgan qad. ibodatxona qoldiqlari saqlangan.