Odam bolasi borki, nimagadir orzumand boʻlib yashaydi. Kimdir orzusiga yetadi, kimdir yetolmay armonda ketadi. Qorabuloqlik Shodiqul shapshak zigʻirdayligidan amalga oʻch edi. Biron martabaga erishish uchun oʻzini tomdan tashlashga ham tayyor turardi. Maktabda oʻqishi yomon edi, lekin sinf rahbarining sigiriga oʻt oʻrib, tarigʻini chumchuqdan qoʻrib berib sinfkom boʻldi. Armiyaga borganda, uyidagilar yuborgan mayiz, turshaklarni komandirning uyiga tashib, yefreytor unvoniga erishdi.
Harbiydan generalday gerdayib qaytgan yefreytor Shodiqulga qishloqda tabelchilik ham tegmadi. Bechoraning bir yildayoq rangi ketib, qaddi bukchaydi. Endi u odamlarning toʻgʻri gapigayam ters muomala qiladigan boʻlgach, “Shapshak” degan laqabni orttirdi.
Ammo yigit kishiga ertami-kechmi omad bir kulib boqadi, deganlariday, Shodiqul ulfatlarining koʻnglini topib, ularga joʻraboshi boʻlib oldi. Odamning koʻngli koʻtarilsa, boʻyi ham koʻtarilar ekan. Ana shundan keyin uning siniqqan rangiga qon yugurib, qaddi rostlanib, joʻxori yegan xoʻrozday gerdayib yuradigan, ziyofatning toʻrida oʻtirib, aql oʻrgatadigan, almoyi-aljoyi gaplari bilan yigitlarning ensasini qotiradigan boʻldi. Avvaliga ulfatlar joʻraboshining obiyati qochgan quruq gaplaridan kulib yurishdi. Shodiqul boʻlsa, oʻzining martabasiga koʻnikib, joʻraboshilik zavqini sura boshlaganida uning ishongan sinfdosh-qadrdoni Karimqul, kutilmaganda gʻalva koʻtarib, ataladan suyak chiqardi.
– Yigitlar, davay, Shodiqul yefreytordan boshqa butunroq odamni joʻraboshi qilaylik! – dedi u navbatdagi gapda tomdan tarasha tushganday qilib.
Shodiqul dasturxondagi taomga qoʻl choʻzgancha, Karimqulga qarab angrayib qoldi. Ulfatlar ham, avvaldan puxta oʻylangan rejaga asosan, Karimqulning gapini ilib ketishdi:
– Eshitgan quloqqa ham yaxshimas-da! – dedi Mannot pircha, taqsimchadagi norinni chimdib, ogʻziga olib borar ekan, – oramizda shuncha leytenant-u serjantlar boʻla turib, yefreytorning komandasi bilan oʻtirib turyapmiz!
– Boshda shuni oʻylamabmiz! – dedi gapni boltada chopganday shart-shurt gapiradigan Mirza qassob. – Avval oʻtgan bitta vasvas yefreytor dunyoning shoʻrini quritay degandi, bunisi ulfatning shoʻrini quritmoqchi.
– Meni fikrimcha, – allomalandi Karimqul, – Qorabuloqning qaymogʻi boʻlgan bizday butun yigitlarning joʻraboshisi ham butun, qoʻli ham, dastruxoni ham ochiq boʻlsin, vaqti-bemahal uyida ziyofat uyushtirib tursin! Yo gapim notoʻgʻrimi?!
– Ja-a-a toʻgʻri gapirding, – dedi Olmosh yuvosh ogʻzining tanobi qochib. – Asobinna ziyofatni yaxshi aytding. Tosh eriydi – Shodiqul, erimaydi! Yuzta kurka boqadi – ulfat uchun bittasini soʻyib, qozonga bosishni bilmaydi!
– Oramizda kurka boqmasayam – kurka soʻyaman deganlar yoʻgʻamas! – dedi Karimqul asosiy maqsadga koʻchib. – Masalan, lishna man, kim ertaga yakshanbada, shu oʻtirgan qora koʻzlarni uyiga chaqirib, kurka soʻyib, siylasa – oʻshani joʻraboshi qilib saylardim. Xoʻsh, bu ishni kim qoyillatadi?
Kelishuvga koʻra, hech kim churq etmadi. Norin yeyotganlar zimdan Shodiqulning holatini kuzatishardi. Hech kimdan sado chiqmagach, oqduvolday gezarib oʻtirgan Shodiqulga jinday jon kirib:
– Agar shu ishni oʻzim qilsam, joʻraboshilikda qolamanmi? – dedi gʻingshiq ovozda.
– Buni koʻpchilik hal qilsin, – dedi Karimqul oʻzini beparvo koʻrsatib. – Ulfatlar nima desa, shu-da!
– Avval kurkalik dimlamani qoyillatsin, keyin oʻylashib koʻramiz, – dedi Mannot pircha.
– E, boʻpti, bitta kurka senlardan aylansin! Bir katak kurkam bor, shuning biri ketsa ketibdi-da! – dedi Shodiqul boyvachchaligi tutib.
Aslida joʻraboshini “yangilash” gʻalvasiga ham shu – Shodiqulning hovlisidagi kurkalar sababchi boʻlib, joʻraboshini kurka dimlamaga tushirish maqsadida Karimqul tomonidan bugungi “gʻalayon” bir kun avval rejalashtirilgan edi.
Ertasiga yakshanba boʻlgani uchun ulfatlar nonushtadan Shodiqulnikiga toʻplanishdi. Joʻraboshi, qoʻli ochiqligini isbotlash uchun, hovlining bir burchagidagi sim toʻr bilan oʻralgan kurkaxonaga ishora qilib:
– Ana, bir qoʻra kurka, oʻzlaring tanlab, koʻzga yoqqanini qozonga bosinglar! – dedi kiborlanib.
– Tanlab oʻtirmaymiz, – dedi Karimqul, – katakka qarata bolta otamiz, qaysi biriga tegsa, oʻshani qozonga bosamiz!
Oʻsha kuni kurkaxoʻrlik kechgacha davom etdi.
…Oradan ikki hafta oʻtgach, kurka dimlamaga ishtiyoqmand yigitlar navbatdagi gapda yana Shodiqulni joʻraboshilikdan “mahrum” etishmoqchi boʻlishdi. Shodiqul yana bitta kurkaning bahridan oʻtadigan boʻldi. Xullas, u dasturxon toʻridagi joyini qoʻldan bermaslik uchun hafta oralatib mehmon kutadigan boʻldi.
Nihoyat, qish oʻtib, koʻklam yumushlari qizib, qishloqdagilarning paytavasiga qurt tushgan pallada Shodiqulning hovlisida mungʻayib yurgan soʻnggi kurka ham qozonga bosildi.
Soʻnggi kurkaning dimlamasi oʻta mazali, oʻtirish gʻoyat zavqli oʻtdi. Mezbonning shaʼniga ketma-ket alyorlar aytilib, tahsinlar oʻqildi. Koʻtarinki ruhda boshlangan ziyofat mojaro bilan yakunlandi. Karimqul, hech kutilmaganda, Shodiqulni egallab turgan mansabini suiisteʼmol qilishda aybladi.
– Suiisteʼmol qilib nima qibman?! – dedi boʻgʻilib Shodiqul. – Kurkalarimni oxirigacha soʻyib, senlarga yedirganim – suiisteʼmolga kiradimi?!
– Kiradi! – dedi Karimqul mitrigʻi mit etmasdan. – Joʻraboshi boʻlaturib, ulfatni toʻgʻri yoʻlga boshlash oʻrniga – nafs yoʻliga boshlading, tekin ziyofat bilan halqumimizni bulgʻading! Seni joʻraboshim deyish – itimga or, mushugimga nomus!
Muhokama yakunida qishloqning qaymoq yigitlari, bir ovozdan Karimqulning gapini maʼqullab, Shodiqulni joʻraboshilikdan tushirib, uylariga tarqalishdi.
Yoz, kuz oʻtib, qishloq yigitlari gap yeydigan qishki mavsum boshlanganida, Shodiqulning bir qoʻra qoʻzi boqayotganidan xabar topgan ulfatlar: “Kimda-kim qoʻzi kabobli ziyofat uyushtirsa, oʻsha joʻraboshimiz boʻladi”, – deyishibdi. Bu gap qulogʻiga yetib borgan Shodiqul shapshak: “Kurka soʻyaman, qoʻzi soʻyaman, kerak boʻlsa, qoʻchqor soʻyaman, baribir oʻzim joʻraboshi boʻlaman!” – deb koʻkragiga urib yurganmish.
Mehmon Islomqulov
“Ijod olami”, 2017–4
https://saviya.uz/ijod/nasr/kurkaga-qiron-keldi/