“Koʻngling ololmagan, bolangman, Ona!”

ONAJON

 

Toshlar taskin berar togʻlar gʻamiga,

Tomchi yosh taskindir koʻzlar namiga.

Gʻamlaring taskindir gʻamlar gʻamiga,

Bir toshcha boʻlmagan bolangman Ona!

 

Uyni mehmon bossa soʻzing quvnaydi,

Oʻchoqda qozoning – tuzing quvnaydi.

Qizim gina qilsa koʻzing quvnaydi,

Qizimcha boʻlmagan, bolangman Ona!

 

Ertak aytib, erka shoir boʻl, deding,

Er yigitsan, elga doir boʻl, deding.

Muhabbatda Majnun, Toyir boʻl, deding

Boʻlmagan, boʻlolmagan, bolangman Ona…

 

Garchi koʻngling koʻpda kulfatxonadir,

Koʻpga kelgan kulfatni-da oladir.

Yurt kulfatin oʻz ichiga soladir –

Koʻngling ololmagan, bolangman, Ona!

 

Tosh ham taskin berar togʻlar gʻamiga,

Bir toshcha boʻlmagan bolangman, Ona!

 

 

ONAM YASHAGAN UYLAR

 

Sen yashagan hovlilarga borolmayman, onajon,

Borsam, yayrab, borligingday kirolmayman, onajon.

Sen baxsh etgan bu bagʻirning bagʻrida toshlar sindi.

U toshlarga boshim urib yorolmayman, onajon.

 

U uylarda endi bizga mushukchalik yoʻq qadr,

Bir koʻrpacha toʻshalguncha yuz iddao, ming sadr.

Bu goʻshaning toʻshaklari nahot, shuncha yupqadir

Yupqalashib ketdimmi yo bilolmayman, onajon.

 

Borsam, bolam, keldingmi deb, boringni toʻkkuvchiyding,

Boʻylarimga zor ohu zoringni toʻkkuvchiyding.

Peshonamni siypalab, oʻpib, ming oʻrgilguvchiyding

Oʻrgilay deb borsam, endi topolmayman onajon.

 

Sen yashagan hovlilarga borolmayman, onajon,

Borsam, yayrab, borligingday yurolmayman onajon.

 

Abdunabi BOYQOʻZIYEV

https://saviya.uz/ijod/nazm/kongling-ololmagan-bolangman-ona/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x