yoxud tarixdan yiroqlashishning achchiq oqibati
Hech kim oʻz-oʻzidan kitobxon boʻlib qolmaydi. Aslida kitobxonlik kitobga qiziqishdan, qiziqtirishdan boshlanadi. Bunda ota-onaning oʻrni katta. Odam nimani sevsa, nimaga qiziqsa va intilsa, shunga yaqinlashib boraveradi. Oʻsha soha unga keng yoʻl ochadi, ulkan parvozlarga chorlaydi. Buning uchun har bir shaxs oʻziga nima kerakligini, avvalo, aniq va ravshan bilib olishi zarur.
Otam oddiy ishchi, ammo maʼrifatli inson edi. Uzoq qish kunlari tancha atrofida tizilib oʻtirgan biz – farzandlariga turli-tuman kitoblarni oʻqib berar, asar yoki hikoyaning magʻzini soatlab tushuntirardi. Oʻqiyotgandagi hayajoni hech qachon koʻz oldimdan ketmaydi. Har bir soʻzni avaylab, tushunarli boʻlishi uchun ravon oʻqirdi.
Birinchi mustaqil oʻqigan kitobim Shota Rustavelining “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon” asari edi. Qattiq taʼsirlanganman va undagi qahramonlarga oʻxshashga intilganman. Baʼzi vaqtlarda oʻqishga shu qadar berilib tonggacha oʻqirdim-da, hech narsa boʻlmaganday darsga otlanardim. Bir kuni kechasi bilan kitob oʻqib chiqdim. Tong sahar kitobni tugatib turaman, desam, boshim aylanib, ukam yotgan beshik ustiga yiqilib tushdim. Yaxshiyamki, ukamga hech narsa qilmagan.
Urushdan keyingi ogʻir yillarda maktabdan-maktabga koʻchishga toʻgʻri keldi. Ammo qaysi maktabga bormay, oʻsha maktabning kutubxonasi boy, ustozlari ham mehribon, zakovatli odamlar edi. Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy asos solgan 40-maktabda tahsil oldim. U yerdagi ustozlar ulugʻ anʼanalarni muqaddas bilib, ularni davom ettirib kelayotgan kishilar edi. Men maktabda aniq hamda gumanitar fanlarni puxta egallashga harakat qildim. Soʻng oliygohga oʻqishga kirdim.
Institutda oʻqib yurgan kezlarim kutubxona eng sevimli maskanim boʻldi. Kitobga qiziqqan insonning yoʻli nurli kechadi. Yaxshi kitob unga hamisha yoʻldosh boʻladi. Buni qarangki, men avtobusga chiqadigan bekat qoshida ham, institut oldidagi bekatda ham kitob doʻkonlari bor edi. Har kuni oʻqishga kelib-ketganda kitob doʻkonlariga, albatta, kirib oʻtardim.
Hojimullayev degan domlamiz bir kuni doskaga “Koshi teoremasi”, deb mavzu qoʻydi. Men kitob doʻkonlarini kezib chiqqanim uchun “M. Ya. Viʼgodskiy. Spravochnik po elementarnoy matematiki” degan kitobni oʻqigandim. Unda “Buyuk oʻzbek matematigi”, “Buyuk oʻzbek astronomi”, “Buyuk oʻzbek faylasufi” kabi sifatlar yozilib, Al-Xorazmiy, Al-Fargʻoniy, Ulugʻbek va Jamshid Koshiy nomlari qayd etilgan edi.
Keyinchalik oʻzbeklardan chiqqan ulugʻ zotlarning nomlaridan buyuk, ulugʻ degan sifatlari mustabid tuzum tomonidan olib tashlandi. Hojimullayevdan “Koshi deganingiz Jamshid Koshiymasmi?”, – deb soʻradim. Domla xushlamaygina “Ey, bu boshqa”, deb javob berdi. Men hayron boʻldim: “Spravochnik”da “oʻzbek” deyilgan-ku?!” Shu-shu, men Xorazmiy, Fargʻoniy, Koshiy, Ulugʻbeklar bilan qiziqib, aniq fanlar tarixiga shoʻngʻib ketdim. Oʻsha olimlar ijodini oʻrganish menga tarix eshigini ochdi. Avvaliga matematik, keyin tarixchiga aylanganimni oʻzim ham sezmay qoldim…
Baʼzi tarixchilarning oʻz tarixini chin dildan sevmasligi dilimni oʻrtaydi. Hozir qadimgi oʻrta asr tarixini biladigan juda kam. Yoʻq, desak ham boʻladi. Yaqinda bir tarixchi bilan suhbatlashib qoldim. U menga: “Gerodotning “Tarix” kitobini oʻqimaganman, toʻgʻri kelmagan-da”, deb xotirjam gapiryapti. Qanday qilib tarixchi boʻlib, yurting haqida bitilgan qadimiy kitobni oʻqimaslik mumkin? Rus tilida boʻlsa, nima qilibdi?
Faoliyatim davomida Amir Temur hayotini chuqur oʻrgandim. Ammo Temur qoldirgan merosni oʻrganish, eʼzozlash faqat temurshunoslarninggina ishi emas. Bu shu millatga mansub har bir shaxs oʻrganishi kerak boʻlgan sarkarda. Amir Temur hayotimizda muhim ahamiyat kasb etgan, ulugʻ, buyuk insondir. Unga har doim sadoqatda boʻlishimiz kerak. Amir Temurni faqat davlat mutasaddilari yoki tarixchilar emas, maktab oʻquvchilari ham eʼzozlashni oʻzining burchi, vazifasi, deb bilishi kerak. Tarix kelajak nurli, charogʻon boʻlishi uchun juda muhim. Farzandlarimizga tarixni asrashni oʻrgataylik. Zero, u barchamizniki.
Ilgari biz biron bir kitobni oylab navbatga turib oʻqir edik. Shukrki, bugun unday emas. Istalgan kitobni topishning iloji bor. Shunday ekan, bu imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanish zarur. Bolalarga kitobga boʻlgan qiziqishni shakllantirish kerak. Eng avvalo, har bir ota-ona masʼuliyatni his etsa, farzandi kelajakda albatta, katta natijalarga erishadi. Taʼbir joiz boʻlsa, hech kimning kitobdan uzoqlashishga haqqi yoʻq. Chunki undan uzoqlashish oʻzlikdan, tarixdan uzoqlashishdir.
Ashraf AHMEDOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Oila davrasida”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/koshiyni-bilmaydigan-matematik/