KONTRAKTATSIYA SHARTNOMASI

KONTRAKTATSIYA SHARTNOMASI — q. x. sohasidagi oldi-sotdi shartnomasi turlaridan biri. Unga koʻra, q. x. mahsulotini yetishtiruvchi shaxs oʻz mahsulotini qayta ishlash yoki sotish uchun xarid qiladigan tayyorlovchiga shartla-shilgan muddatda topshirish, tayyorlovchi esa bu mahsulotni qabul qilish, haqini shartlashilgan muddatda muayyanbahoda toʻlash majburiyatini oladi. Kontraktatsiya shartnomasi paxta, gʻalla, jun, pilla, meva-sabzavot va shu kabi q. x. mahsulotlari yuzasidan tuziladi. Bozor munosabatlari tizimida Kontraktatsiya shartnomasi agrar sohada iqtisodiyotni rivojlantiruvchi eng qulay yuridik vositadir. Uning anʼanaviy oldi-sotdi shartnomasidan farqi shundaki, Kontraktatsiya shartnomasida xaridor va sotuvchi oʻrtasida uzoq muddatli shartnomaviy aloqalar mavjud boʻladi, bu mavsumiylik bilan bogʻliq q. x. da mahsulot ishlab chiqaruvchini oʻz mahsuloti xaridori bilan oʻzaro hamkorlikda boʻlishini taqazo etadi. Mulkchilik shakli va idoraviy boʻysunishidan qati nazar q. x. mahsulotlarini xarid qiluvchi tashqilot, korxonalar (tayyorlov, savdo, qayta ishlovchi va b.) bilan-q. x. korxonalari, shu jumladan, shirkat, fermer (dehqon) xoʻjaliklari mazkur shartnoma ishtirokchilari hisoblanadi. Agar q. x. mahsuloti davlat ehtiyoji uchun xarid qilinsa, u holda q. x. korxonasi, tayyorlovchi va ularga xizmat qiluvchi banklar shartnoma subyektlari boʻladi. Shartnomada quyidagilar koʻrsatiladi: mahsulot nomi, assortimenti, miqdori (mahsulot turlari boʻyicha), sifati, narxi, shartnomaning umumiy summasi, yetkazib berish tartibi va shartlari, mahsulotni topshirish, qabul qilish punktlari va davrlari (muddatlari), hisob-kitoblar tartibi, shartnoma shartlarini buzganlik uchun javobgarlik va h. k. Shartnoma 1—5 y. gacha muddatga tuziladi. U q. x. korxonasi joylashgan joyda, 3 nusxada tuziladi va imzolanadi. Kontraktatsiya shartnomasini tuzish, ijro etish va taraflarning javobgarligi boʻyicha munosabatlar OʻzR Fuqarolik kodeksining 465—467-moddalari, OʻzR Vazirlar Mahkamasining 1994-y. 29 avg. da 438-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Q. x. mahsulotlari kontraktatsiya shartnomalarini tuzish va bajarish tartibi toʻgʻrisida nizom» bilan tartibga solinadi.

Ad.: Abdusalomov M. A., Otaxonov F., Kontraktatsiya shartnomasi, T., 1997.

Omon Oqyuyaov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x