KOLCHEDANLAR (Kichik Osiyo ya. o. dagi joy nomidan) — rudali minerallar: temir, mis, kobalt, nikel va b. ning oltingugurtli (sulfidli), bisulfidli, kam hollarda monosulfidli birikmalarining umumiy nomi. Kolchedanlarning koʻp tarqalgan turlari — oltingugurtli kolchedan — FeS2 (pirit), mis kolchedani — CuFeS2 (xalkopirit) va b. K. qattiq, metalldek yaltiroq, murakkab kompleksli rudadir. Pirit tarkibida 53,4% oltingugurt, 46,6% temir mavjud. Kolchedanlar konlari turli geologik jarayonlar, mas, magmaning kristallanishida (mis-nikelli kolchedan) va skarnlarnsng paydo boʻlishida (mis, oltin kolchedani) hosil boʻladi. Kolchedanlar vulkan mintaqalari orasida uzunligi bir necha ming km li uyumlar hosil qiladi. Vulkan otilishidan chiqqan eritmalar katta mikdorda metallarni olib chiqadi, ular oltingugurt bugʻlari bilan birikib sulfidli Kolchedanlar konlarini hosil qiladi. Kolchedan konlari dunyo boʻyicha keng tarqalgan. Oʻzbekistonda (Olmaliq) polimetall, qoʻrgʻoshin, mis-rux va b. kolchedan konlari bor. K. metallurgiya sanoati uchun muhim ahamiyatga ega. Piritdan, asosan, oltingugurt k-tasi olishda foydalaniladi. Shuningdek, uni qayta ishlash natijasida olinadigan oltin, kumush, nikel, kobalt, vismut va b. qimmatbaho metallarning konsentratori ham hisoblanadi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые