Ko‘lbuloq makoni


Post Views:
1 423

KO‘LBULOQ MAKONI – ilk paleolit davriga oid yodgorlik. Toshkent viloyati hududida Chatqol tog‘ tizmasi yonbag‘rida, Ohangaron daryosining o‘ng qirg‘og‘ida, «Geolog» shaharchasidan 2 km shimoli-g‘arbda joylashgan.

Ko‘lbuloq makoni Qizilolmasoyning Jarsoy o‘zani sohilidagi Ko‘lbuloq yaqinida (1962) topilgan. M.R. Qosimov (1963–83) keng tadqiqot ishlari olib borgan. 600 kv. metrdan ziyod maydon ochib o‘rganildi va 49 ta madaniy qatlam aniqlandi. Bu qatlamlardan 3 tasi so‘nggi paleolit, 21 tasi o‘rta va 23 tasi ilk paleolit davriga xos deb topildi. Ilk paleolit qatlamlaridan 3000 dan ziyod tosh qurollar, hayvon suyak qoldiqlari topildi. Yodgorlikning o‘rta paleolit davriga oid qatlamlaridan qirg‘ichlar, paykonlar, retushli plastinalar, tosh bigizlar, shuningdek quyon va sug‘ur suyaklari topilgan. Ko‘lbuloq makoni odamlari bu davrda arxar, it, jayron, sug‘ur, quyon, cho‘chqa, ot, tur, tog‘ echkini ov qilgan. Shuningdek, bo‘ri, sirtlon, tulki, shoqol, ko‘rshapalak, kaklik suyaklari aniqlandi. Ko‘lbuloq makoni odamlari ovchilik bilan bir qatorda yovvoyi o‘simliklar, boshoqlar, mevalar, yong‘oqlar, ildizlarni ham terib yeyishgan. Buni Ko‘lbuloq makonidan topilgan tosh yorg‘uchoqlar isbotlaydi. Ko‘lbuloq makoni odamlari taom tayyorlashda olovdan keng foydalanishgan. Mustye davridagi neandertallar teridan kiyimlar tayyorlab kiygan. Tosh qurollarga berilgan ishlov texnikasiga ko‘ra, Ko‘lbuloq tosh «industriyasi» o‘ziga xos sifatlarga ega bo‘lib, olimlar tomonidan Ko‘lbuloq makon-ustaxonasi maqomini olgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/ko-lbuloq-makoni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x