“Koʻzung bedor qil noz uyqusidin, ey pari”

FERUZ muxammaslaridan

 

* * *

 

Koʻrmak tilab yuzungni, ey shoʻx guluzorim,

Qonlar toʻkar damodam bu chashmi ashkborim,

Quchmok tilab belingni hech qolmadi qarorim,

Yoʻlungda tufroq oʻldi bu jismi xoksorim,

Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.

 

Boʻlgʻoch nazarda zohir tovusdek xiroming,

Aqlimni qildi hayron taʼzim ila saloming,

Lol ayladi tilimni toʻtisifat kaloming,

Yoʻqtur jahonda mandek bir kamtarin gʻuloming,

Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.

 

Sen husn shohidursen, rahm ayla bu gadogʻa,

Kelmasmu hech rahming bu zori mubtalogʻa,

Kahringin aylab afzun koʻp qoʻymagʻil balogʻa,

Lutfu karam shior et, xoʻy aylama jafogʻa,

Oromijon nngorim, sarviravon nngorim.

 

Gulgun uzoring uzra chiqmish xatti zumurrad,

Bu xat bila boʻlub sen husn ahligʻa saromad,

Goʻyo sanga boʻlubdur shamsu qamar obo jadd,

Mundin ziyod etarga vasfingni yoʻq manga had,

Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.

 

Qadding xayoli tushgach xotirgʻa, ey sumanbar,

Ermas nazargʻa manzur shamshod ila sanavbar,

Boʻlmas esa muyassar ul kokili muanbar,

Tutgʻoymu oʻrnin oning rayhonu sunbulu tar,

Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.

 

Qil holima tarahhum, ey soqiyi diloro,

Soldi sipohi ishqing jon kishvarigʻa yagʻmo,

Mani zor bedilinggʻa lutf aylagil nigoro,

Qolmadi furqatingda sabru qarorim aslo,

Oromijon nigorim, sarviravon nngorim.

 

Mehri kamardek olib toju kamarni pinhon,

Oxir boshu beliga ziynat yeturdi ul jon,

Qilsang muni tafakkur, ey shoiri suxandon,

Bir shoʻxi dilraboning ismi boʻlur namoyon,

Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.

 

Boʻstonda bazm etarga jamʼ oʻlsalar sanamlar,

Ul bazm ichida Feruz oʻlsun desang suxanvar,

Oʻz ilking ila tutgʻil bir lolarang sogʻar,

Yuz nozu ishva birla kirganda bogʻa dilbar,

Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.

 

* * *

 

Chekib hijronda ranji bekaron ohista-ohista,

Yutar erdim labi fikrida qon ohista-ohista,

Bu holimdin topib bu kun nishon ohista-ohista,

Manga rahm aylab ul shirin zabon ohista-ohista,

Yetushti boshim uzra nogahon ohista-ohista.

 

Shabi hijronda aylab dardu mehnat kulbasin maskan,

Sochar erdim sirishkim donasin har sori yuz xirman,

Bu hol ichra tarahhum koʻrguzub ul dilbari purfan,

Firoqida qororgʻoh koʻzlarimni ayladi ravshan,

Ochib ruxsorai xurshidson ohista-ohista.

 

Qudumi intizorida boʻlub tong otgucha bedor,

Chekib har damda gardun sori yuz ming ohi otashbor,

Boʻlub gʻam tigʻi birla sarbasar jonu tanim afgor,

Edim hijroni dardi shiddatidin oʻlgudek bemor,

Yetushti vaslidin suhbat ravon ohista-ohista.

 

Minib raxshigʻa bukun man sori atfi inon aylab,

Shitob ichra araqni gul uza shabnam fishon aylab,

Kelib bazmim qudumi birla gulzori jikon aylab,

Masiho moʻjizin jonbaxshi laʼlidin ayon aylab,

Oʻluk jismimga berdi toza jon ohista-ohista.

 

Rusumi dilraboligʻ koʻrguzub gul yuzli jononim,

Bilib hijron oʻti kuydurganni boshdin-oyoq jonim,

Koʻrub rahm aylabon jismi nizoru chashmi giryonim,

Soʻrub dildorligʻ rasmi bila holi parishonim,

Qilib oshino dilbarlik ayon ohista-ohista.

 

Tarahhum koʻzguzub har dam fuzun aʼdodi imkondin,

Tabassum aylabon yuz ishva birla laʼli xandondin,

Takallum boshlabon har lafzni aylab chuchuk jondin,

Dedi:” – Ey oshiqi zorim maloli dardi hijrondin,

Boʻlubsan asru zoru notavon ohista-ohista”

 

Mayi laʼlimni dardingga davo aylarga kelmishman,

Zamiringda ne ersa muddao aylarga kelmishman,

Nekim rasmu muhabbatdur, sango aylarga kelmishman,

Bu dam vaslim bila koming ravo aylarga kelmishman,

Maqominggʻa bori eldin nihon ohista-ohista.

 

Qilib tun-kun visolim bazmigʻa yetmakni andisha,

Urub Farhod yangligʻ ranju mehnat togʻigʻa tesha,

Qilib ishqimda koʻnglungni musaffo, oʻylakim, shisha,

Necha kun dardi hijronim aro sabr aylading pesha,

Boʻl emdi vaslim ichra shodmon ohista-ohista.

 

Edi hijron aro maqsuding oʻpmak borho laʼlim,

Quchub nozik belim koʻnglungga soʻrmoq muddao laʼlim,

Bugun koming ne ersa qilgʻusi oni ravo laʼlim,

Agar istarsan oʻpmaklikni, eng jonfizo laʼlim,

Qucharsan, quch belim, engu miyon ohista-ohista.

 

Manga iqbol yangligʻ boʻldi chun ul hamdamu hamdast,

Oyoqing oʻpkali man ollida tufroqgʻa boʻldum past,

Talattuf birla ul laʼlin labimga ayladi payvast,

Man oʻldum yor laʼli bodasi birla boʻlub sarmast,

Firoqi ranjidin toptim omon ohista-ohista.

 

Koʻzumdin oqizib ashkni hijron ichra suv yangligʻ,

Boʻlub obi ravon ondin ayon har sori joʻ yangligʻ,

Riyozat tortibon aylab tanin zaʼf ichra mu yangligʻ,

Kishi gar sodiq ersa ishq aro vasl ichra bu yangligʻ,

Boʻlur Feruz baxtu komron ohista-ohista.

 

* * *

 

Yorim labining yonida jon sharbatidur bemaza,

Yoʻq partavi ruxsoricha husn avji uzra mehru moh,

Vasligʻa bir kun yoʻl topib bir necha ojizliq bila,

Dedim: – Koʻzungdin oʻrgulay, bir boʻsa ber Feruzgʻa!

Dedi: – Yuzumni ogʻritur har yon xating nishi botib.

 

Zebo nigorimkim, bukun zar birla zevargʻa botib,

Yonimgʻa keldi noz ila qoshu koʻzini oʻynotib,

Koʻnglum parishon ayladi yuz uzra zulfin tarqotib.

Dedim: – Koʻzumni ravshan et mehri jamoling koʻrsotib!

Dedi: – Uzorim oʻtigʻa joning netarsan oʻrtotib?

 

Ul dilbarikim, bordurur husn avjida mohpora,

Jonimgʻa soldi ishq oʻtin toki ochib ruxsora,

Chun oshiq oʻlgʻoch ishqining dardiga istab chora,

Dedim: – Tarahhum aylabon holimgʻa qil nazzora!

Dedi: – Koʻzum joning figor etgusi noz oʻqin otib.

 

Husn ahlining shohi mening shoʻxi dildorim erur,

Yuz birla zulfi hajrida teng subh ila shomim erur,

Dedi: – Sanga maqsad na, ey besabru oromim, erur?,

Dedim: – Visol ichra labing shahdi mening komim erur,

Dedi: – Sanga bergum oni zahri firoq ichra qotib.

 

Taʼm ichra laʼlidin emas jannatfizo kavsar suyi,

Yetkurmas elga nutqidek fayzu safo kavsar suni,

Bir kun boʻlub mazkur ul on bazmi aro kavsar suyi,

Dedim: – Labingning sharbati shirinmu yo kavsar suni?

Dedi: – Boʻlurmu har suyi obi baqogʻa oʻxshotib?!

 

Na mumkin ul oy zulfining atricha anbar boʻlmogʻi,

Shirin labigʻa sharbati hayvon barobar boʻlmogʻi,

Shahlo koʻzidek zulmkor dahr ichra kofar boʻlmogʻi,

Dedim: – Nedin erkan bugun olam muattar boʻlmogʻi?

Dedi: – Sochimni tong yeli yuz uzra solmish butrotib.

 

Bu kecha kulbamga kelib mast ul parilar sarvari,

Etti koʻzum ravshan yuzin ochib chu mehri anvari,

Chun subh chogʻi masti xob olud edi nargislari,

Dedim: – Koʻzung bedor qil noz uyqusidin, ey pari,

Dedi: – Bu lahza fitnai noyimni netkung uygʻotib?

https://saviya.uz/ijod/nazm/kozung-bedor-qil-noz-uyqusidin-ey-pari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x