Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulugʻ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Ey Robbim! Mening qaytib borishim Oʻzingning huzuringgadir. Meni hidoyatda sobit qilgin, gunohlarimni magʻfirat etgin va xotimamni goʻzal qilgin!
*****
Donishmandlardan biri aytdi: “Onangdan duoni, otangdan nasihatni olgin-da, hayotdagi musibatlar ustidan gʻalaba qozon”.
*****
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qoʻli shol boʻlgan kishidan unga nima boʻlganini soʻradilar. U odam “Otam johiliyat paytida meni duoibad qilgan edi. Qoʻlim oʻshandan beri shunday” dedi. Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu “Otalarning johiliyat paytidagi duosi shunchalik boʻlsa, Islomdagi duosi qanday ekan!” dedilar.
*****
Baʼzi odamlarni yoʻqotamiz. Yoʻq, ular vafot etishmagan. Lekin bizning sevgimizga sabab boʻlgan avvalgi sifatlari oʻlgan.
“Hikmat durdonalari”
*****
Koʻp aqlga ega boʻlishing yetarli emas, muhimi oʻsha aqlni oʻz oʻrnida ishlata olishingdir.
“Tarix muhrlagan soʻzlar”
*****
Neʼmatlarning yaxshilaridan biri – aqldir.
Musibatlarning yomonlaridan biri – johillikdir.
“Tarix muhrlagan soʻzlar”
*****
Eng mustahkam doʻstlik uchrashishlarning kamligi ham unga taʼsir qilmaydiganidir.
“Tarix muhrlagan soʻzlar”
*****
Oxirida hech kim seni deb yoningda qolmasligini tushunib yetasan. Koʻpchilik oʻzining hojati miqdoricha yoningda qoladi-da, keyin joʻnavoradi.
“Hikmat durdonalari”
*****
Birorta shaxsga oʻz hajmidan koʻproq beho berma, tagʻin seni ham bosib oʻtib ketmasin.
Birorta shaxsga oʻz qadridan ozroq baho berma, tagʻin xafa boʻlib ketib qolmasin.
“Hikmat durdonalari”
*****
Qiyin vaziyatlar odamlarning aslini koʻrsatib qoʻyadi. Yaxshi deb oʻylagan insonlaring gumoningni puchga chiqaradi. Baʼzi insonlar esa gumon qilganingdan ham yaxshiroq ekanini koʻrsatadi.
“Hikmat durdonalari”
*****
Bir aʼrobiy yonidagi sherigiga gʻazab qildi. Sherigi undan “Nega mendan gʻazablanyapsan?” deb soʻradi. “Ishonchi odamlardan biri menga sen haqingda baʼzi narsalarni aytdi, shunga gʻazablanyapman” dedi. Shunda sherigi bunday dedi: “Agar oʻsha kishi ishonchli boʻlganda, chaqimchilik qilmagan boʻlardi”.
“Hikmat durdonalari”
Internet materiallaridan toʻplab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
https://saviya.uz/ijod/nasr/kop-aqlga-ega-bolishing-etarli-emas-muhimi-osha-aqlni-oz-ornida-ishlata-bilishingdir/