* * *
Ertaga kelaman,
Koʻzimga ufqni koʻchirib boʻldim,
Tirnogʻim ostida qiqirlar maysa.
Jahannam olovi,
Jannat gulidan –
Koʻnglim mehvariga sanchilgan nayza.
Saharda kelaman,
Vujudimni qayga tugʻib berdi nur.
Tomirim ichiga gul ekdi tilsim
Men yillar zulfida oʻynab boraman –
Toki borgunimcha, ayting ishq kelsin
Jonimga osmonni keltirdim behush.
Mingta junun boʻldi jununimda jam
Fasllar qaʼridan otilib chiqsam
Baxtni koʻrsat dedi ichimdagi gʻam…
Gʻanimda edim man, doʻstda edim man,
Gʻiybat zabonining uchida edim.
Ruhimni tilkalab tashlagan oʻsha
Hayot shamshirining ichida edim.
Qachondir yoʻlimdan adashib-tolib –
Jarning yoqasida turdim karaxt-lol,
Bildimki dunyoda borligim yolgʻon
Bildimki dunyoga borligim yolgʻon
Va pichirlab dedim:
– Xudo qaydasan?!
Koʻrdingmi, ahvolim naqadar abgor?
Bir ovoz shamoli tebratdi umrim,
Dediki:
– Ey, bandam, bor, oʻzingga bor…
…Ertaga qaytaman
Parvonaning kuygan qanoti bilan
Vayron kunlarimni aylayman obod
Quyosh yelkasini tutdi, suyandim –
Ertaga qaytaman, kutib ol, hayot!
* * *
Dunyo sovib ketdi,
Soxta doʻstlardan –
Sovugan yurakday…
Qor yogʻar tinmasdan zarra-zarralab…
Orzuning muzlagan soyasini tun
Koʻpaytirar ayozli shamolga qayta-qaytalab…
Ogʻir-ogʻir yoʻtalgancha tong –
Kelar tomogʻida muzning parchasi
Va tund nigoh bilan sovuq dunyoga
Ochiladi osmon darchasi.
Unda hech narsa yoʻq tundlikdan oʻzga
Umidvor nigohim maʼyus sirgʻalar –
Qarayman toʻrt yonga qanotin yozib
Faqat uchib yurar qargʻalar…
O, ular nimani qilishar bayram,
Qahraton tilida qoʻshiq aytib shod?!
Derazam ortida qovogʻin solib
Sirpanib-sirpanib oʻtadi hayot.
Yaxmalak otadi bolalar shodon
Bu oʻyindan goʻyo topganday surur,
Yaxshiyam bilmaydi goʻdaklar hali
Yaxmalak otganday oʻtishin umr.
Eski jun roʻmolin boshiga oʻrab,
Tanish kampir oʻtar yuki koʻp ogʻir.
Qizargan koʻzining qorachigʻida
Ajalning ganjidan oʻgʻirlangan sir.
U kitob sotadi soʻnggi bekatda
Kitobki umriday sargʻayib ketgan.
Xaridor chorlaydi har kun betinim
Ammo qiyo boqmas yonidan oʻtgan.
Dasturxonday yozib eski kitoblarini
Alanglab charchamas toʻrt tomonga zor.
Yigʻishtirsa hamki kun etagini
Unga yaqinlashmas biror xaridor.
Hozir oʻylayapman ortidan boqib:
Balki orzulaydi kunday botishni.
Balki ajal bilan savdolashadi
Bahona qilgancha kitob sotishni…
Kampir oʻtib ketar,
Battar soviydi dunyo,
Ayoz deraza oynasin mavhum shakllarda bezaydi.
Koʻnglim, oshiqlikni unutgan koʻnglim,
Kampir sotolmagan eski kitobga
Sargʻaygan kitobga juda mengzaydi.
Dunyo sovib ketdi juda ham…
OʻChIRGʻICHLAR
Sezayapman,
Kelayapsan qadam-baqadam,
Derazam ortida olayapsan nafas.
Seni aldamoqqa yetmaydi kuchim,
Dovdirayman: shoshma,
Shoshma, sen izlagan odam men emas.
Bilaman sandadur ibtido birla intiho,
Sukunat sandadur,
Sanda ishq pinhon
O, sening iforing taralgan damda
Entikib-entikib toʻlgʻonadi jon.
Na muhabbat, na yor, na toleʼ topdim,
Topganim shu boʻldi: bir hovuch qaygʻu.
Bilmadim kimniki edi qachondir
Koʻzimda bir lahza porlagan yogʻdu.
(Va yana bilmadim uni kim oʻchirganini)
Sen ham oʻchirishni yaxshi koʻrasan,
Buzilib ketarmi aylanguvchi charx,
Aytgin, agar bu dunyoga kulib qarasam.
Bir paytlar,
Koʻnglimda bor edi moviy orzular,
Kiprikda chizgandim ufq suratin
Oʻchirdilar uni,
Doʻst niqobin kiygan –
Oʻchirgʻichlar – dili toʻla adovatu kin.
Men yomon koʻraman oʻchirgʻichlarni.
Eslayman, maktabda aʼlochi edim,
(Hayot suymas ekan aʼlochilarni)
Nogoh xato qilib bitta jumlada
Shoshilib-shoshilib uni oʻchirdim.
Va daftar varagʻi qoldi teshilib.
Insho daftarimni qoʻliga olib
Bir zumgina unga qarab qoldi jim,
Senga saboq boʻlsin dedi-yu menga
Ikkilanmay ikki qoʻydi muallim.
Shundan soʻng angladim,
Oʻchirish sanʼatin menga yotligin.
Javobsiz yashayman xatolar soʻroqlarida.
Qancha oʻchirgʻichlar zulmi bor axir
Koʻnglimning yirtilgan varaqlarida.
Bilaman, qaydadir makkora ayol
Baxtning yuragidan yodimni oʻchirish bilan ovvora
Men sogʻinchning singan koʻzgularini
Yamash uchun izlab turganda chora…
Qaysi kun,
Yoʻlning qoq oʻrtasida turib,
Bir erkak yolvorib mendan soʻradi:
– Siz meni mabodo tanimaysizmi?
Xotiramning chiroqlari oʻchdi nogahon.
Hatto eslolmayman ismimni,
Kim edim bilmayman,
Uyimni topishga yordam bering, singiljon.
O, yomon ezildim,
Nega oʻchirasan xotiralarni?
Azob shamshiringni sermab beshafqat
Desam,
Dilimni tilining ostiga tashlab,
Bangi cholday,
Qoʻrqinchli qaradi koʻzimga hayot.
Dunyoning qor bosgan bekatlarida
Koʻraman, oʻchirgʻichning sonsiz qurbonlarini.
Nega oʻchiradi orzuni, ishqni, mavjni
Oʻchirsa boʻlmasmi yurakning armonlarini?!
Oʻchirgʻichlar –
Hasadning olovi va jahannamning kulgusidan
tugʻiladilar.
Har qanday tanazzul izi ularning,
Uvoli tutmasmi, xuni tutmasmi
Kun koʻrmasdan oʻtgan kunlarning.
Oʻchirilgan tarixlar, oʻchirilgan tillar –
Soyasi lopillab turadi qonda.
Yashash naqadar qiyin, yashash besamar
Qoʻlida oʻchirgʻich boʻlgan jahonda.
Nechun oʻchirgʻichlar oldida mudom
Oʻzin juda ojiz sezadi qalam.
Insofi boʻlganda oʻchirgʻichlarning
Doʻppayib ketmasdi yerning qorni ham.
…Imom Gʻazzoliyning etaklaridan
Toʻkilgan bir xazon mahzun jilmaydi:
– Xayriyat bir yaproq boʻlib tugʻildim,
Yaproqlar oʻchirish ilmin bilmaydi…
Sezayapman,
Sen meni poylab turibsan,
Maʼzur tut keltirgan boʻlsam agar shak.
Ishon, haqiqatning bir boʻlagiman,
Axir, haq xayolin sevaman beshak.
Sen axir, ilohiy oʻchiruvchisan
Oʻchirgʻichlarni ozod qil, boʻshatgin vazifasidan.
Toki har yurakda kulsin bir lola
Simirib-simirib tong nafasidan
Toki parvardigor haqqi-hurmati
Ishonch yoshartirsin bu charxi dunni.
Koʻzlarda ochilib osmon eshigi –
Sadoqatli yorday kutaylik
Tongni,
Kunni,
Har bitta tunni.
Ishonaylik ishqning cheksizligi-yu,
Koʻngilning daryoga aylanishiga.
Toki kirish mumkin boʻlsin bemalol
Jilmayib oqayotgan suvlar tushiga.
(Toki oʻchirgʻichlar tortsin parishon)
…Sezayapman sen menga qarab turibsan
Qalbim dalasiga quyosh nur ekayotgan mahal.
Jonim ichidagi
Uchirma boʻlmagan semurgʻ bolasi haqqi,
Sen meni hozircha
Oʻchirma, oʻchirma, oʻchirma, Ajal!
* * *
Salom, quyosh,
Salom, mening ey sodiq doʻstim,
Derazadan moʻralamay ichkariga kir
Koʻrgin qanday raqs etmoqda qalbimda nuring.
Men ishqingga juda-juda zoriqdim axir…
Qara, dilim gullamoqda
takror va takror.
Ishq hoʻplagan daraxtlarning panjalarida,
Zardusht chalgan sibizgʻani chalib shabboda
Gul koʻnglini nikohlaydi asalariga…
…Men tirildim, bir hovuch nur ichib
tirildim.
To shungacha qayda edim, bilmayman aslo.
Bilganim shu: yuragimning tomirlariga
Azob tuxmin ekar edi oshiq Zulayho.
Men mast edim,
anglolmasdim doʻstu gʻanimni,
Yoʻllarimga gulu chechak toʻshagani chogʻ –
Sururlandim…
Nogoh bildim –
Gʻanim emas, yoʻq gʻanim emas,
doʻstlar ortdan sanchganin pichoq.
Xilvatlarda, oʻtkir tish ila
chaynadilar,
chaynadilar, sodda koʻnglimni
Va nomimni bulgʻadilar,
tahqir jomida –
Intiqqancha kutdilar, soʻng mening oʻlmimni.
Oʻshanda bir loʻli toʻsib chiqib yoʻlimni
Dedi:
– Tonglaring yoʻq, unga qora chiziq tortilgan…
– Ishonmayman, dedim,
Va men koʻrdimki barcha –
Umidlarim parcha-parcha qilib yirtilgan…
Men zoʻr berib, yamab chiqdim umidlarimni,
To shungacha qaramadim na koʻk, na yerga.
Yuragimning zarblariga solib dunyoni –
Men yashagan boʻlsam agar yashadim
sheʼrda…
Va men keldim qaqnus kabi
Chiqib olovdan,
Yuzda ajin, sochimga oq boʻlganda oshiq
Qoʻllarim musht qilib dedim:
– Ey, Hayot shoshma,
Umrimni bir qoʻshiq qilgum, munavvar qoʻshiq…
Va sen kelding, qarindoshim,
mehribon quyosh,
Kaftlaringda oʻrik gulin ohangi toʻla.
Hayot esa jilmayadi oʻlgan kunidan –
Tomirida ruhim solgan yangi gʻulgʻula.
Men tirildim,
Jiyda guli shivirladi xush –
Jon-jonimga singib ketdi gulobiy ifor.
Sezayapman, toʻqqiz osmon ortida turib –
Pichirladi ismimni boz ul yagona yor…
…Taqillatar eshigini qoʻshni qizaloq:
“Oyijon, men keldim axir, eshikni oching”.
O, dilimda qizaloqday begʻubor bir zarb:
“Men tirildim, doʻstu gʻanim, yoʻlimdan qoching”.
Boryapman, eshityapsizmi, toʻlqin otmoqda,
Tomirimda jununli qon – ilohiy ummon.
Hayqiraman, darvozangni mushtlab basma-bas
“Men tirildim, eshikni och,
Toleʼ – onajon”.
Salom quyosh,
Salom mening ey qarindoshim.
Halima AHMEDOVA
“Yoshlik”, 2014 yil 8-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/konglimda-bor-edi-moviy-orzular/