Adabiyotga qiziqish bolaligimdan boshlangan desam bir oz mubolagʻa qilgan boʻlaman. Toʻgʻri, yoshligimda xayolparastlik odatlarim bor edi. Ammo adabiyotga boʻlgan chinakam ixlos talabalik yillarida sezildi. Oʻqituvchilarimiz tavsiyasi bilan sheʼr yodlash va ifodali oʻqish mashgʻulotlari menda sheʼriyatga, xususan, mumtoz adabiyotga havas uygʻotdi. Mumtoz adabiyotni anglaganim sari hayratim, qiziqishim ortaverdi va meni adabiyot butunlay rom etib qoʻydi.
Men 1956 yili Leningrad Davlat universitetida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladim. Oʻshanda dissertatsiyamning avtoreferati kitob holida chop etildi. Ilk marta qoʻlimga olgan bu kitob men uchun juda qadrli edi. Esimda, bu kitobimni aynan tugʻilgan kunimda qoʻlimga olgan edim. Bu mening oʻz-oʻzimga sovgʻam edi.
1961 yil Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asarining ilmiy-tanqidiy matni (arab yozuvida) kattagina soʻzboshi bilan nashr etildi. Shunda Moskva, Leningrad, Eron, Afgʻoniston, Turkiya olimlari bu kitobga juda katta qiziqish bildirdi va iloji boʻlsa yuborishimizni soʻradilar. Bu kabi eʼtiroflardan keyin menda shu asarni rus tiliga tarjima qilish orzusi paydo boʻldi. Leningradlik olim, ilmiy ustozim Aleksandr Nikolayevich Boldirevga bu haqda xat yozdim. Ustoz bundan behad xursand boʻldi va oq fotiha berdilar. Men zudlik bilan ishga kirishdim va qisqa fursatlarda tarjimani yakunladim. Bu tarjima 1970 yilda Alisher Navoiyning rus tilidagi 10 tomligining 9-tomida nashr qilindi. Bu ham mening ijoddagi ulkan yutuqlarimdan biri edi.
Keyinchalik “Majolis un-nafois” haqida oʻzbek, rus, ingliz, fors, olmon, fransuz tillarida ellikka yaqin maqolam chop etildi. Bir qator xorijiy mamlakatlarda oʻtkazilgan xalqaro anjumanlarda maʼruzalar qildim. Ammo bu asar haqidagi tadqiqotlarim keyinchalik ham davom etdi. “Majolis un-nafois”ning ikki forsiy tarjimasi 1945 yilda Eronda nashr qilingan. Britaniya muzeyida ham yana bir forsiy tarjimasi saqlanar ekan. Men buning mikrofilmini olishga muvaffaq boʻldim. Hozir Madrasda va Tehronda saqlanayotgan yana ikki forsiy tarjimasiga erishish umididaman.
“Majolis un-nafois”ning matni Alisher Navoiy asarlarining 15 tomligida oʻn ikkinchi tomdan, 20 tomligida izohlari bilan oʻn uchinchi tomdan oʻrin olgan. Yaqinda Respublikamizning 20 yilligiga sovgʻa qilingan Navoiyning mukammal asarlari 10 jildga jamlanib, uning toʻqqizinchi jildidan oʻrin oldi. Bu xayrli ishlarda mening ham oʻziga xos ishtirokim borligidan behad mamnunman.
1962 yilda “Navoiy hayoti va ijodi” deb nomlangan kitobim chiqdi. Keyinchalik, 1968 yilda bu kitob qayta ishlanib, toʻldirilgan holda chop etildi. Shu kunlarda esa yana yangi nashri kutilmoqda.
Umrim ne-ne ulugʻ zotlarning bebaho meroslarini varaqlash bilan oʻtdi. Men bu bilan har qancha faxrlansam arziydi. Ijodiy faoliyatim davomida turli xil mavzularda besh yuzdan ortiq maqola eʼlon qildim. Oʻnlab matn, yigirmaga yaqin tarjimalar va risolalarim chop etildi. Oddiy misol: “Kalila va Dimna” shu paytgacha olti marta nashr qilindi.
1991 yil Eronning Tehron shahrida joylashgan “Koxi Guliston” muzeyida saqlanayotgan Navoiyning oʻz qoʻli bilan yozilgan “Navodir un-nihol” devonini toʻrt tilda: oʻzbek, rus, ingliz va fors tillarida yozilgan soʻz boshi bilan nashr etishga muvaffaq boʻldim. Bu ish adabiy hayotimizda ham, shaxsiy hayotimda ham eng quvonchli voqea boʻldi. Hazratning yoshlarimiz maʼnaviyatini shakllantirishda muhim asar hisoblangan “Siroj ul-muslimin” 1990 yilda, hayoti soʻnggida yozgan “Munojot”i 1991 yilda birinchi boʻlib sevimli jurnalimiz “Yoshlik”da nashr etilgani meni behad shod qilgan edi.
Adabiyotdagi yutuqlarimda talabalikda saboq bergan ustozlarimning hissasi beqiyos. Biz talabalar Sharqshunoslik institutida urushdan keyingi anchayin ogʻir yillarda saboq oldik. U paytlarda institutlarda darsxonalar, stol-stullar yetishmas edi. Buning ustiga qishda auditoriyalarning sovuqligidan tuzuk oʻqiy olmasdik. Yangi oʻquv yili boshlanishi bilan talabalar paxta maydonlariga safarbar etilar edi. Ayni ilm oʻrganadigan paytda uch oylab paxtazorlarda sarson-sargardon boʻlardik. Men bu gaplarni bugungi talaba yoshlarimiz yaratib qoʻyilgan shart-sharoitlarning qadriga yetsin deb aytib qoʻymoqdaman.
Darhaqiqat, oʻrni kelganda bizlarga taʼlim-tarbiya bergan ulugʻ ustozlarimning nomlarini bir eslab qoʻysam: A. Hamroyev, S. Mirzayev, B. Xolidov, N. A. Semenov, A. Mutallibov, N. F. Solodovnikova, V. D. Shiller. A. K. Arenda, I. F. Levitskiy, N. Xalfin, O. Umarov, G. A. Bondorevskiy va boshqalar… Bu zotlar oʻz kasbining haqiqiy fidoyilari edilar.
Esimda, 1950 yil Leningrad universitetidan kelgan Aleksandr Nikolayevich Boldirev institutimizning Sharq fakulteti 3 va 4-kurs talabalariga “Fors mumtoz adabiyoti”dan bir oy dars berdilar. Domlaning forsiy sheʼrlarni goʻzal talaffuz bilan oʻqishlari hammamizda katta taassurot qoldirdi. Jumladan, ustozning saboqlari mening ham koʻnglimda bir umr muhrlanib qoldi. Keyinchalik taqdir taqozosi bilan Leningrad universitetiga aspiranturaga borganimda shu domla ilmiy ishimga rahbar boʻldilar. Dissertatsiya mavzusi “Majolis un-nafois” asarining ilmiy-tanqidiy matni va adabiy manba sifatida oʻrganish masalasi edi. Bu mavzu Aleksandr Boldirevga ham juda maʼqul kelgan edi.
Xullas, men endi Navoiy asarlarini jiddiy mutolaa qilishga kirishdim. 1956 yilning boshlari edi. Domla jadallik bilan dissertatsiyani tugatishim zarurligini, Navoiy tugʻilgan kuni ilmiy ishim muhokamaga qoʻyilishini aytdi. Men ishni oxiriga yetkazolmay qolishdan xavotirda ekanimni aytganimda, ustoz bir ajib gap aytdilar: “Bizlar har yili, hatto Leningradda dahshatli urush ketayotgan paytlarda ham Navoiyning tavallud kunini katta-katta anjumanlar, navoiyxonliklar bilan oʻtkazib kelganmiz. Bu yil ham xuddi shunday boʻladi. Sizning ilmiy ishingiz muhokamasi hazratning tugʻilgan kuniga goʻzal sovgʻa boʻladi”.
Bu gaplar mening gʻayratimga gʻayrat qoʻshdi. Qolaversa, ishimni hazratning tavallud kunlari munosabati bilan himoyaga qoʻysam vaqtdan yutar ekanman. Chunki ilmiy ishlar muhokamasi navbatga koʻra belgilanar ekan. Mening navbatim esa bir yarim yildan soʻng kelarkan.
Natija shu boʻldiki, 1956 yilning 22 fevral kuni akademik ilmiy kengashida nomzodlik ishimni himoya qildim. Opponentlarim akademik A. N. Kononov, dotsent G. Kostigovalar edi. Oʻsha kuni soʻzga chiqqan olimlarning Navoiy siymosiga, uning ijodiga boʻlgan tavajjuh va hurmatlari yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Darhaqiqat, donishmandlar aytganidek, ilm, oʻqish va oʻrganish bizni boy oʻtmishimizning maʼnaviy vorislariga aylantiradi. Ilm, kitob koʻngil shamchirogʻidir. Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak. Farzandlar taʼlim-tarbiyasi faqat davlat ishi emas, bu oila uhdasi hamdir. Bolalarimiz oʻz ajdodlari qoldirgan maʼnaviy meroslarni bilishlari kerak. Buning uchun esa ular kitob bilan doʻst boʻlishlari lozim boʻladi. Zero, ahli ilmlar aytganidek: “Kitoblar qalbni yoritadi, insonni yuksaklikka koʻtaradi. Eng yaxshi orzu-istaklarni uygʻotadi, aqlni charxlaydi”.
Yaratganga ming shukurki, butun umrim ilm ichida oʻtmoqda. Ikki qiz, bir oʻgʻilni tarbiyalab voyaga yetkazdim. Ularning biri bioximik, biri tish doktori, biri quruvchi boʻldi. Olti nafar nevaramning uchtasi oliy maʼlumotli, magistraturani tugatdi. Yana olti nafar evaram bor. Bolalarim mening sohamga qiziqishmadi. Ammo ilmda hamjihatmiz. Farzandlarim – katta baxtim. Yana bir baxtim – yaxshi muhitda, yaxshi hamkasblar bilan ishladim. Bir jihatdan ular, qolaversa, ulugʻlar ruhiyati madadkor boʻlib, shunday farovon kunlarga yetib keldim.
Suyima GʻANIYEVA,
filologiya fanlari doktori, professor
“Yoshlik”, 2012 yil, 1-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/kongil-shamchirogi/