Koʻngil kuylari

“Turob Toʻlaning qoʻshiqlari shoirga haqiqiy shuhratni taqdim etdi”, degan edi akademik shoir Gʻafur Gʻulom. Bu fikrni davom ettirib Said Ahmad: “Xalqimiz – oʻquvchilar bu shoirni sevib qoldi. Uning biror kuni yoʻqki, oʻz xalqi bilan kuylamasa” deb yozgan edi. Haqiqatan, Oʻzbekiston xalq shoiri Turob Toʻla qalamiga mansub qoʻshiqlar hamon jaranglab turibdi.

Turob Toʻlaning yaqinda “Ilm-Ziyo-Zakovat” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Tanlangan asarlar” kitobini varaqlar ekansiz, koʻngilga yaqin qoʻshiqlar bilan birga “Qari qiz”, “Qizbuloq”, “Quvvai qahqaha” singari dramatik asarlar, “Yetti zogʻora qissasi”, jahon adabiyoti namoyandalari V. Shekspirning “Qiyiq qizning quyilishi”, F. Shillerning “Mariya Styuart” dramalari tarjimasi, maqola va suhbatlar bilan tanishasiz. Bir soʻz bilan aytganda, ustoz adibning ijodiy merosi haqida toʻla tasavvurga ega boʻlasiz.

Ushbu kitob sahifalaridan olingan qadrdon qoʻshiqlar eʼtiboringizga havola etilmoqda.

 

Toshkanim, onam

Buncha yaxshi boʻlmasang,

Toshkanim, onam!

Seni birpas koʻrmasam,

Koʻzlarimda nam.

 

Kimsan oʻzing, nimasan,

Sehrgarmisan?!

Bunchalar qiynamasang,

Zulfi zarmisan?!

 

Yurolmadim yiroqda,

Seni sogʻinib.

Bamisoli firoqda

Yonib, oh urib.

 

Sensiz xayolim, holim,

Parokandadir.

Qayda boʻlsam, xayolim,

Koʻnglim sandadir.

 

Buncha yaxshi boʻlmasang,

Azizim, onam!

Seni birpas koʻrmasam,

Koʻzlarimda nam.

 

 

Laylomisan san

 

Kimsan tasadduq, Laylomisan san?

Laylolar ichra tanhomisan san?

 

Shikasta nola kimga havola?

Koʻngil kuyiga oshnomisan san?

 

Ochildimi gul, koʻyida bulbul,

Yashnab ochilgan raʼnomisan san?

 

Koʻnglimni ochding bir-bir varaqlab,

Koʻnglimdagi shul maʼnomisan san?

 

Mavjiga oldi, daryoga soldi,

Oshiqlar oʻtgan daryomisan san?

 

Koʻnglimni guldek orolading xoʻb,

Koʻnglimga shuncha oromisan san?

 

Orolaringdan oʻrgilsa jonim,

Oh, sevgi shuncha aʼlomisan san?

 

 

Oybuloq

 

Oymoma choʻmilgan oybuloq,

Oybuloq, koʻnglimni yoy, buloq.

Kuylagan tilingdan oʻrgulay,

Anvoyi kuylarga boy buloq.

 

Bu tashna dilimni shod qil,

Shod qil hamda obod qil.

Men aytay dilimning rozini,

Sen uni avaylab yod qil.

 

Yod qil avaylab, kuyga sol,

Kuyga sol, kuy bilan dardim ol.

Dardim ol kuyimni yangratib,

Eshitib qayrilsin u xiyol.

 

U xiyol qayrilsa, bas, menga,

Bas, menga, u kirsa azmingga.

Nahotki shunchalar suyganim,

Shunchalar kuyganim oz menga?..

 

Oymoma choʻmilgan oybuloq…

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/nazm/kongil-kuylari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x