Koʻklamdan ham oldin keling, turnalar!

“Oqsoy, Koʻksoy, Sariqsoy – kezmagan yer qolmadi:

Lekin hech bir oʻlkadan oʻxshashing topilmadi…”

 

Bu qoʻshiq Chingiz Aytmatovning “Erta qaytgan turnalar” qissasidagi ishq dardiga mubtalo boʻlgan qahramonlarning dil izhorlaridir…

Urush – katta yoki kichik boʻlmasin, baribir oʻz nomi bilan urush. U hech qachon insoniyatga roʻshnolik olib kelmagan. Oʻtgan asrning jahon urushlaridan qolgan dogʻlari butkul yuvilib ketishi uchun hali qancha qorlar erib bitmogʻi, suvlar oqib oʻtmogʻi kerak. Unga aytilgan laʼnatlarning qanchasi sheʼrlarga, asarlarga koʻchmadi? Yozuvchi bu qissada ham aynan oʻsha mashʼum yillardagi front ortida mehnat qilayotgan qirgʻiz xalqi timsolida boshqa ellarning-da ogʻir hayotini tasvirlaydi. Urush millionlab xonadonlarning baxt chirogʻini oʻchirib, gʻam-alam koʻlankasini tashlagan boʻlsa-da, yuraklarda miltillab yongan umid uchqunlariga daxl qilolmadi. Turmushning ogʻir aravasini tortish esa gulga qiyoslanuvchi ayollar, keksalik gashtini surolmagan qariyalar, hislar poʻrtanasi vujudiga sigʻmayotgan norasida bolalar va urushdan bir muchasiz qaytgan askar yigitlar gardaniga tushdi. Bir qarashda Sultonmurotning onasidagi metin iroda “Ufq”dagi Jannat xolaning,”Ikki eshik orasida”gi Qora ammaning sabr-qanoati, sabot va chidamini esga soladi. Demak, ayol borki, u qaysi makon yoki zamonda boʻlishidan qatʼi nazar, turmush oʻrtogʻi va farzandining saodati yoʻlida hamisha sobitqadam boʻlib qolaveradi.

Hali endigina oʻn besh-oʻn olti yoshni qoralagan Sultonmurot va uning doʻstlariga ovuldan hiyla olisdagi Oqsoy yerlarini gʻalla ekishga tayyorlab, hosil undirish vazifasi topshirildi. Ularni, ayniqsa, otasidan ancha vaqtdan beri bir enlikkina xat-xabar kelmayotgan Sultonmurotni shu mashaqqat ichra oʻtkazgan kechayu kunduzlari birdaniga ulgʻaytirib qoʻydi. Hatto, sinfdosh qiz – Mirzagulga koʻngil qoʻygan raqibi – Onatoyning otasiga qora xat kelgan kundan boshlab, u bilan qiyomatli doʻst tutindi. Kunlarning birida turnalarning kutilmaganda billurdek tiniq osmon uzra parvozi dalada plug haydayotgan uchovlonga cheksiz quvonch ulashdi. Axir, eskidan qolgan gap bor: turnalarning erta kelishi, hosilning moʻl boʻlishidan mujda beradi. Turnalar ketidan chopib ketayotgan yigitlarga toʻqaylar ortidan qora niyatli koʻzlar tikilib turganini, kuni erta roʻy berajak jinoyat pokiza istaklarini ezgʻilab tashlashini qayerdan ham bashorat qilsin? Axir, inson oʻzi qanday boʻlsa, oʻzgalarni ham shunday deb oʻylaydi-ku. Bosh qahramon – Sultonmurotning xarakteridan koʻp jihatlarni oʻzlashtirib olish mumkin. U soʻnggi damda ham otasidan qolgan qadrdon otlaridan biri Chopdor – garchi yaralanib yiqilib tushgan boʻlsa-da, uni och boʻri changaliga topshirib qoʻymaslik uchun mardona turib berdi. Shunda u oʻz yuragining qissada ifoda etilganidek, “koʻksida qattiq qisilib turgan yumaloq narsaga oʻxshab tepishini” yaqqol eshitdi. Nima uchun oʻz jonini aziz bilib, ortga qaytmadi? Negaki, suygan qizi Mirzagulga bir paytlar xat eltib bergan ukasi Ajimurotga ogʻzidan gullab qoʻymasin deb, vaʼda bergan: otasini qarshilab olishga stansiyaga ana shu Chopdorga uni mindirib borishi kerak edi.

Chingiz Aytmatovning bu qissasi boshqa asarlari kabi inson ruhiyatiga taʼsir koʻrsatadi, ichki olamining puchmoqlarigacha yorugʻlik indiradi. “Erta qaytgan turnalar” qissasida hayotning inʼikosi ezgulik va yovuzlikdan iborat ekan, kun kelib, albatta, ezgulik yashab qolishiga umid borligini ilgʻab olish mumkin. Asarni oʻqish davomida oʻquvchiga qahramonlarning navqiron muhabbati va shijoati asta-sekin yuqa boshlaydi. Kitobni oʻqib boʻlgach, asardan tezda sinib qoladigan, taʼsirchan koʻnglimga dalda boʻladigan, turmushning ogʻir-yengil sinovlaridan ogʻishmay olgʻa borishimga undab turadigan kuch oldim. Bu kuch umr boʻyi menga hamrohlik qilishiga astoydil ishonaman.

Oʻsmir yoshidagi yigit-qizlarga olam-olam taassurot ulasha oladigan bu qissadagi obrazlarning qaysi biridadir kitobxon oʻziga ham duch kelib qolishi ehtimoldan xoli emas. Sababi, asar tili – xalqona, qahramonlari esa xalqniki.

 

Nargiza YUNUSOVA

 

od-press.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/koklamdan-ham-oldin-keling-turnalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x