Koʻhna tuygʻularning yangi talqini yoxud yoshlar sheʼriyatiga bir nazar

Hayotni oqar daryoga oʻxshatishadi. Daryoning suvi bir joyda toʻxtamasdan oʻzani boʻylab muttasil oqqani singari odamlarning turmush tarzi – hayot ham hech kimga sezdirmasdan oʻzgarib boradi. Hayotdagi bu yangilanish, oʻzgarish avlodlar almashinishi bilan bogʻliq holda kechadi. Otalar qoʻl urgan ishni farzandlar davom ettiradi. Bu jarayon zanjir halqalari singari bir-biriga bogʻlanib boradi. Hayotning hamma jabhasida avvalgilar joyini keyingi avlod egallaydi. Jamiyatni boshqarishda ham, ilm-fanda ham, madaniyat, sanʼat manzarasini belgilashda ham shu qonuniyat hukm suradi. Shuning uchun “Ellik yilda el oʻzgaradi” deyiladi. Bundan bir asr avvalgi, ellik yil oldingi adabiyot bilan hozirgi sheʼriyat, nasr, dramaturgiya, adabiyotshunoslik qiyoslanganida ham jiddiy farq koʻzga tashlanadi. Ayni tafovut avlodlar almashinishi asosida yuzaga kelgani yaqqol bilinadi. Otalar oʻgʻil-qizlarining oʻzidan koʻra yaxshiroq boʻlishi, koʻproq narsani anglashi, idrok etishi, jismonan, maʼnan-ruhan barkamolroq boʻlishini istagani bois har bir avlod oʻzidan keyingilarning har jihatdan oʻsishi, ulgʻayishi uchun zina vazifasini bajaradi. Farzandlarning boʻy-basti, bilimi, dunyoqarashi oʻsishi, biror kasbni mukammal egallashi, koʻpchilik eʼtiborini qozonishi ota-onaga cheksiz quvonch bagʻishlaydi. Yosh avlodning oʻzib ketgani eʼtirof qilinishi avvalgi avlodni oʻtmishning juda koʻp jumboqlari, murakkabliklarini eslashga undaydi. Deylik, oʻtgan asrning oʻttizinchi, oltmishinchi, saksoninchi yillarida ijod olamiga kirganlarning ilk chiqishlari bilan hozirgi yoshlarning dastlabki kitoblari taqqoslanishi, avvalgi avlod namoyandalariga adabiyotdagi bugungi oʻzgarishlarni koʻrish, his etishga imkon beradi. Oʻzbek adabiyotining ellik yil narigidagi holati bilan bugungi manzarasi taqqoslansa, avvalgilarning hayotga qarashi, fikr yuritishi, hodisalarni bir-biriga qiyoslashi, oʻxshatishi, narsalarni taʼriflashi, obraz yaratishi bugungi kun oʻlchovi bilan qaraganda, ancha sodda, oddiy boʻlgani koʻrinadi. XXI asr yosh ijodkorlarining sheʼr va hikoyalari bu jihatdan bir qadar baland ekani kishini quvontiradi.

Agar shoʻro davridagi adabiyot ahvoli kuzatilsa, unda muammolar muhokamasi yoʻqligi, bu holat, ayniqsa, oʻttizinchi – oltmishinchi yillar oraligʻida aniq sezilishi ayon boʻladi. Bu davrda adabiyotda shoʻro siyosatini madh etish, shoʻro davlatini eng qudratli saltanat sifatida sharaflash, inson faqat shu yurtda chinakam erkinlik va hurlikka erishgan, deb taʼkidlash, Gʻarb dunyosini qoralash, sevgi-muhabbatdek shaxsiy-intim mavzuni ham shu asosda sharhlash ustuvor boʻlgani yaqqol bilinadi.

Hozirgi yoshlarning shijoati, intilishida misli koʻrilmagan surʼat borligi, fikrlashi, dunyoqarashi, borliqni obrazli idrok qilishi oldingi avlodnikidan ancha keng ekanligi ularning sheʼr va hikoyalarini yarim asr avval qoʻliga qalam olgan ijodkorlarning ilk izlanishlari bilan taqqoslaganda ham aniq bilinadi.

“Tuygʻular shaharchasi” deb nomlagan ilk toʻplamini oʻquvchilarga havola qilgan, yoshi yigirma beshdan sal oshgan Joʻrabek Jahon “Osmonning ustuni” sheʼrini:

 

“Ey, osmonni suygan daraxt,

Yulduzlarni qitiqlagan gul,

Sen ne deya qilgan eding ahd,

Tutindingmi quyoshga oʻgʻil” deya savol bilan boshlaydi va ikkinchi bandda:

 

“Osmonlarni koʻtarib koʻkka,

Qadding sira boʻlmagandir dol.

Oyga qoʻnim berib tunlari,

Neni xayol surasan, ey chol” deya savolini davom ettiradi. Uning bu savollari daraxtning holatini kuzatib mushohada yuritishidan tugʻiladi. Daraxtning “Yulduzlarni qitiqlagan gul” deb taʼriflanishi, undan “Tutindingmi quyoshga oʻgʻil?” deb soʻralishi, “Oyga qoʻnim berib tunlari, Neni xayol surasan, ey chol?” deyilishi yosh shoirning nigohi oʻtkirligi, voqelikni oʻziga xos tarzda kuzatishini namoyon etadi. Bunday oʻxshatish har kimning ham xayoliga kelavermaydi. Ellik yil avval ijodini boshlaganlarning oʻsha paytda yozgan sheʼrlarida bu tarzda savol qoʻyish, bu shaklda obraz yaratish koʻzga tashlanmaydi. Joʻyali savol qoʻyish va shu asosda mushohada yuritish sheʼrga, umuman, har qanday asarga salmoq, joziba bagʻishlashi va bu oʻquvchi eʼtiborini darhol band etishi “Tuygʻular shaharchasi” dagi boshqa sheʼrlarda ham aniq koʻrinadi. Ulardagi satrlar mavhum, soʻnik emas. Satrlarda soʻzlar oʻz oʻrniga tushgani bois barq urib yashnab turadi. Ularda koʻngildagi turli kechinmalar, sharhlash, izohlash, boshqalarga tushuntirish mushkul tuygʻular tiniq ifodalanadi. Masalan, “Tayogʻida qancha hikmat bor…” deb boshlanadigan sheʼr shunday deyishga toʻla asos beradi. Yosh shoir ushbu sheʼrida ham “Tayogʻida qancha hikmat bor, Necha asr berkingan unda?” deya savol qoʻyadi va unga javob topish uchun: “Bu yerlardan ne-ne zot oʻtgan, Oldin Xizr, keyin bu odam. Varaqlasam oʻtmishni bir-bir, Yashagandek boʻlar avval ham” deb mushohada yuritadi. Lekin savollaridan tugʻiladigan xayolidagi oʻylari choʻzilib ketmaydi. Ular toʻrt qatordan iborat bir bandga jo boʻladi. Hayotning turfa tomoshalarini koʻrib kechirgan, ijodiy tajribasi ortgan ijodkor esa yana savollar qoʻyib, xayollarini ifodalashda davom etardi. Joʻrabek Jahonda ana shu kenglik yetishmaydi. U yoshlikka xos besabrlik bilan: “Adashmasam, bilmaydi oʻzi, Kimdan meros bu tayoq – hikmat. Vatanini sevishin koʻrib, Uni Shiroq deb oʻylaysiz naqd” deya xulosa chiqaradi. “Tuygʻular shaharchasi” muallifining savollarida ham, mushohadalarida ham, shoshqinlik bilan chiqargan xulosalarida ham uning nigohi, oʻziga xos qarashi koʻrinib turadi. Voqelikni kuzata turib, savol qoʻyish va shu asosda mushohada yuritib, ohorli obrazlar topish va kutilmagan xulosalar chiqarish “Tuygʻular shaharchasi”dagi barcha sheʼrlarga xos umumiy xususiyat boʻlib koʻrinadi. Bunga esa hech bir ijodkor oʻz-oʻzidan, osonlikcha erishmaydi. Aslida har qanday bilim, jumladan, ohorli obraz, yangicha oʻxshatish, sifatlash, taqqoslashlar ham Allohning bandasiga ilohiy inʼomi, cheksiz marhamatining nishonasidir. Ohorli obrazlar, yangicha tashbehlar aksariyat hollarda behad hayratlanish va kuchli taʼsirlanish natijasida tugʻiladi. Qalb hodisasi sanalgan hayratlanish va taʼsirlanish yoqimli kechinma sifatida tiniq tuygʻular hosil qiladi. Shoirning ana shunday tuygʻu va kechinmalari uning soʻzlarida inʼikos etadi. Ellik yil avval har qanday shoir tevarak-atrofidagi hayot bilan bogʻliq kuzatishlarini, oʻzining ichki kechinma, tuygʻularini, shodlik va qaygʻusini shoʻro mafkurasi doirasida, oʻzi yashayotgan zamon siyosatiga muvofiq tarzda ifoda qilardi. Endi esa ijodkorga shodlik va qaygʻusini ifodalashning chegarasi belgilab qoʻyilmagan. U oʻzi koʻrgan-kechirgan, eshitgan hodisalari, his etgan kechinmalari, qalbidagi tuygʻularini zehni va qobiliyati, qalbi va aqlining quvvati darajasida bemalol ifodalay oladi. Mustaqillik davri yosh ijodkorlari sheʼrlaridagi obrazli qabariq ifodalar, kutilmagan salmoqli xulosalar zaminida istiqlol inʼom etgan ana shu ijtimoiy erkinlik, ruhiy hurlik turadi. Ruhiyatdagi erkinlik kishini boshqalarni emas, oʻz-oʻzini muhokama etishga undaydi. Oʻz-oʻzini taftish etish esa odamga holi, asl ahvolini bildirib, uni oʻzini anglashga eltadi. Oʻz “men”ini topishga intilayotgan kishi boshqalardan koʻra oʻzini koʻproq ayblaydi, gunohlarini tan olishdan or qilmaydi, tortinmaydi. “Tuygʻular shaharchasi”dan joy olgan quyidagi sheʼrda masʼuliyatni his etadigan, vijdoni sadosiga quloq tutib yashaydigan, kimligidan qatʼi nazar, odam boshqalar oldida burchdorligini biladigan har bir kishiga xos holat: “Otamning koʻziga tik boqqanim chin, Onamga qattiq soʻz aytganim ham rost. Bundan xijolat ham boʻlmaganman hech, Bir oqshom uxlamay chiqqanman, xolos. Nega sening koʻzingga, ayt, tik Boqib boʻlmas sira ham, Vijdon?” tarzida ifodalanadi. Bunday tavba-tazarru shoir haqiqatni boshqalardan koʻra chuqurroq anglashi, adolatsizlik, nohaqliklardan qattiqroq azoblanishidan dalolat beradi. 1988 yilda tugʻilgan, kollejni tamomlagan Nargiza Odinayevaning sheʼrlari esa shoir qalbi hayotdagi haqlik-nohaqlikni emas, undagi goʻzallikni ham boshqalardan koʻra chuqurroq his etishi, dunyoga hammadan koʻra koʻproq hayrat bilan boqishini bildiradi. Nargiza ham hamma narsa toʻgʻrisida mushohada yuritishga keng imkon berilgan zamonda ulgʻaygani bois oʻziga, odamlargagina emas, dunyoga ham savol beradi. U “Savol” sarlavhali sheʼrida dunyoga: “Koʻk va zamin aro hadsiz makon bor, Bagʻringda ardoqda gul bor, tikon bor, Hammaga atalgan yoʻl bor, arkon bor, Bagʻringda kim boʻlib yashayin dunyo?” deya murojaat qiladi. Nargiza garchi oliy oʻquv yurtida tahsil olmagan boʻlsa-da, fikrini har qanday adabiyotshunos, jurnalistni havaslantiradigan darajada juda taʼsirchan, qabariq obrazlarda, silliq, jaranglatib ifodalaydi. Uning sheʼrlaridagi “Qismat qozonida kuygan bodroqman, Yoʻllar meni kutib, iz taxlayverar, Shamol yuragimni varaqlayverar, Koʻnglim eshiklari taraqlayverar, Koʻnikib qolganman bari-bariga” kabi obrazli ifoda, tashbehlarni topishga ustozlardan tahsil olish, kitob oʻqish, sheʼr yodlash orqali erishib boʻlmaydi. Nargiza hayot haqidagi oʻylarini, koʻnglini toʻlqinlantirgan kechinmalarini, oʻzini hayajonlantirgan his-tuygʻularini juda nafis, taʼsirchan soʻzlarda ifodalaydi. Uning sheʼrlarida yosh qalamkashlarga xos izlanish, urinish emas, tajribali ijodkorlarga xos yuksak mahorat koʻrinadi. U soʻzlarning ohangi, jarangi, maʼno qamrovini juda chuqur his etadi. Yosh shoiraning sheʼrlarida soʻzlar turfa xil rang jilolari, maʼno mavjlari bilan koʻrinadi. Sheʼrlaridagi: “Yelkamda bir quyoshning muzlab yotgan togʻi bor, Qushlarga in koʻnglimda mingta oyning dogʻi bor” kabi satrlar u isteʼdodli shoira ekanligi, ijodkor sifatida yoshiga nisbatan ancha erta ulgʻayganidan darak beradi. “Fasllarga koʻnmaydi dilda ungan chechaklar, Dunyoga toʻylar tilab mening soʻzim kurtaklar” degan shoiraning sheʼrlarida fikr izchil tarzda oʻsib boradi. Satrlarida aksariyat yosh qalamkashlarning, jumladan, ellik yil avvalgi navqiron ijodkorlarning sheʼrlarida kuzatiladigan salqi oʻrinlar, uzilishlar sezilmaydi. Nargizaning sheʼrlarida fikrlar keyingi misralarda kutilmagan tarzda qamrovini kengaytiradi. Soʻzlar sheʼr davomida sayqallanib, ohangi bir maromda kuchayib boradi. Yosh shoira sheʼrlarining har bir bandida oxirgi misrada kuchli “portlash” roʻy beradi. Oldingi satrlardagi fikrning maxrajiga aylanib, har bandda takrorlangan ushbu misra sheʼr yakunida avvalgidan-da kengroq va taʼsirchanroq maʼno kasb etadi. “Savol” sheʼridagi “Bagʻringda kim boʻlib yashayin dunyo?”, “Bariga” sheʼridagi “Koʻnikib qolganman bari-bariga”, “Yomgʻir” sheʼridagi “Meni yomon demagin, meni yomon demagin” misralari bunday xulosa uchun asos boʻla oladi.

Taʼkidlash joizki, matbuot sahifalarida ilk turkumlari bilan endi koʻrina boshlagan yosh qalamkashlarning sheʼrlari oʻzining ikki jihati – fikrning yangiligi va misralarining ohangdorligi bilan diqqatni jalb etadi. Bu sheʼrlarda mulohazalar mantiqan bogʻlanib boradi va bizga hayot hodisalarining, inson qalbining yangi haqiqatlarini bayon etadi. Misralardagi ohang, soʻzlardagi joziba qalbni beixtiyor rom etadi. Zamonaviy sheʼriyatimizning yosh, isteʼdodli vakillarining soʻzlarni tanlashi va ularni anglash, his etish qobiliyati balandligi bilinib turadi.

Shavkat Odiljonning “Bugun oʻsha anhor boʻyida” misrasi bilan boshlanadigan sheʼri ham bunga misol boʻladi. Sevgi hissiyoti joʻshqin ehtiros bilan bayon qilingan ushbu sheʼrdagi:

“Bexabarman toʻyingdan, hatto,

Seni koʻrmoq edi ilinjim.

Endi yupanchigʻim bir Xudo,

Anhor toʻyga aytdi meni jim.

Sen-ku, aytmay turmush quribsan,

Men-ku, mayli qilaman bardosh.

Lekin nega anhorimizni

Toʻyga aytmay yigʻlatding, bebosh?

Sevgimizdan magʻrur oqardi,

Endi gʻussa ichida maʼyus.

Hatto, suvdan muhabbat ketdi,

Hatto, suvda vafo yoʻq, essiz” degan satrlarda oʻrtangan qalbning oʻtli nolalari aks etadi. Ulardagi soʻzlardan yoshlikka xos joʻshqinlik, shiddat ufuradi. Sheʼrda anhor, undagi suv ajoyib tarzda jonlantiriladi. Anhor va suv yuragi yongan yigitning otashin sevgisi guvohi boʻlib koʻrinadi. Mansur Gʻaniyevning “Oydinlashar olam, shuʼlalar ichib”, Shodi Otamurodning “Olis-olislarga ketar xayolim” sarlavhali chiqishlari ham asrimizning navqiron avlodi vakillari ijodkor sifatida yoshiga nisbatan ancha erta ulgʻaygani, ular joʻshqin tuygʻularini haroratli soʻzlarda ifodalayotgani, topgan tashbeh, timsollari maʼnodor, taʼsirchan ekanligiga aniq isbot boʻla oladi.

Nargiza Odinayeva, Shavkat Odiljon, Joʻrabek Jahon tengdoshlarining barcha mavzudagi sheʼrlari avvalo oʻzining jozibador ohangi, satrlaridagi soʻzlar saralanganday tanlangani, bir soʻz bilan aytganda joʻshqin ilhom samarasi sifatida qalbdan otilib chiqqani bilan diqqatni jalb etadi. Odamning koʻngli esa xush ohangdan quvvat olib, ruhi oziqlanadi. Jaranglagan ohang goʻzallikning eng mukammal nomoddiy shakli boʻlib, hech bir narsa inson qalbiga ohang singari kuchli taʼsir koʻrsatmaydi.

Shoir, umuman, ijodkor barchadan koʻra faolroq boʻlishga, koʻproq mehnat qilib izlanishga majbur. U mana shunday yashaganidagina haqiqiy sanʼatkorga aylanadi. Ijodkor muttasil mehnat qilish orqali oʻziga berilgan qobiliyat uchun shukrona keltiradi. Shoir, adibning shukronasi halol yashab, tinimsiz ijod qilishida namoyon boʻladi. Shoirning qalbida nima boʻlsa, shu narsa sheʼriga koʻchadi. Yaratganning oʻzi ato etgan tiniqlikni asrab-avaylasa, uni nafsning tuganmas hoyu havaslari yoʻlida kirlantirmasa, ijodining avji hech qachon pasaymaydi. Chunki ruh toza, pokiza boʻlsa, kishining ezgu amallariga baraka inadi. Ijod esa bevosita ruh bilan bogʻliq. U qalbning qaʼridan sizib chiqadi. Maftuna Normatovaning “Shohona shodliklar” toʻplamidagi sheʼrlar bunga aniq misol boʻla oladi. Ushbu toʻplamga ham boshqa shoirlarning kitoblaridagi singari turli mavzudagi sheʼrlar kiritilgan. Lekin shoira bu mavzularning har biri toʻgʻrisida yangi fikr ayta olgan. Jumladan, Vatan mavzusidagi sheʼrlar toza tuygʻularga yoʻgʻrilgani, yoshlikka xos hayajon ifodasi ekani bilan eʼtiborni tortadi.

“Yomgʻirdek shitir-shitir

Yuzlaringni yuvgayman.

Qor boʻlib tarnovingdan

Qoʻlingga suv quygayman”.

 

Ushbu bitikda ham yosh shoira qalb kechinmalarini soʻz ranglari jilosida mahorat bilan ifodalagan.

Ularda ohorli obrazlar, kutilmagan xulosalar boʻrtib koʻrinadi. Soʻzlar oʻz oʻrnida qoʻllanganidan jaranglab sado beradi. “Gʻalaba” sheʼrini oʻqigan kishi, albatta, bunga yana bir karra ishonch hosil qiladi:

 

“Sekin oyni tishlayman,

Uzib olaman shu on

Va yugura boshlayman,

Yeta olmaydi osmon.

Kulgularim kelar toshqinday,

Sigʻdirolmayapti qaroqlar.

Meni qiynamoqni eplolmay,

Qiynalib qolmoqda qiynoqlar”.

 

Ushbu sheʼr ikki qismdan iborat. Birinchisida oyni tishlab uzib olib qochish toʻgʻrisida, ikkinchisida zavqlanib kulish holati haqida soʻz ketadi. Shoira moddiy narsa – Oyni kuzatish va nomoddiy narsa – kulish bilan bogʻliq bu ikki holatni ajoyib tarzda “gʻalaba” tushunchasida birlashtiradi. Sheʼrdan inson moddiy olamni ham, oʻzining ichki dunyosini ham boshqarishga, zabt etishga qodir, degan koʻtarinki, umidbaxsh xulosa kelib chiqadi. Toʻplamning “Shohona shodliklar” deb nomlanishi ham asrimiz navqiron shoirlarining didi, soʻzni his etishi ellik yil avvalgi avlodnikidan ancha baland ekaniga yorqin dalil boʻla oladi. “Koʻngil qoyasi” toʻplami muallifi Yulduz Zoirova ham oʻz tengdoshlari singari sheʼrni muqaddas biladi. Jamlanmadagi talay sheʼrlari shundan dalolat beradi. Zamonamiz yosh shoirlari toʻplamlarida sheʼr taʼrifiga bagʻishlangan sheʼrlar talay. Ular koʻpincha oʻzining ilhom ogʻushidagi onlari, koʻngliga sheʼr misralari quyilib kelayotganini izhor etishni yaxshi koʻrishadi. Ijodkordagi ayni holat uning ilhom ogʻushida qolgani, shu paytdagi tuygʻularini boshqacha ifoda etolmasligini bildiradi. “Koʻngil qoyasi”dagi “Har satrim jonimdan otilgan otash”, “Ilhomning nuridan, oyning nuridan, Sheʼrim, xonam va tun gullaydi” singari satrlarda sheʼr sharobidan sarmast koʻngilda mavj urgan ehtirosli kechinmalar koʻrinadi.

Nurxon Turgʻunboyeva 1997 yilda tugʻilgan. Lekin u “Oydin orzular” toʻplamidagi sheʼrlarida his-tuygʻu, kechinmalarini havaskor qalamkash sifatida emas, uncha-muncha tajribali ijodkorlar ham havas qiladigan tarzda taʼsirchan ifodalaydi.

 

“Xatolarni qilgan oʻzing-ku,

Yana nega koʻzlaringda nam?

Dildan ketib qolgan tuygʻuni

Qaytarolmas tillolaring ham.

Ishqingda men malika boʻldim,

Sen shahzoda boʻla olmading.

Men ming bora oʻlib tirildim,

Sen bir bora oʻla olmading.

Har gal meni eslaganingda,

Bir xoʻrsinib esla sochimni.

Senda qolgan xotiralarim

 

Oqartirsin tillo sochingni” tarzida yoniq ijodkorlik tuygʻusi bilan qalamga oladi. Unda ijodkorlik tuygʻusi yoshiga nisbatan ancha erta hosil boʻlgani toʻplamdagi boshqa sheʼrlarda ham yaqqol sezilib turadi. Masalan, u “Oʻz akam boʻl” sheʼrida ichki armonlarini:

 

“Yelkasiga qadrim ortib yurgani,

Muhtoj boʻlsam agar yaqin insonga,

Hasrat – gʻamlarimni tinglab turgani,

Oʻz akam boʻlsaydi mudom ishongan.

Yigʻlab aritardim dilning gʻuborin,

Unga suyansam-u, mehriga qonsam.

Taqib qoʻyar edim yurak tumorim,

Oʻz akam boʻlsaydi mudom ishongan.

Suyanch topgandayman butun umrlik,

Ushalib dilimning orzusi, baxti,

Qiynalsam yoningga borgim keladi,

Menga aka boʻlgin, chinor daraxti” deya ifoda qiladi. “Taqib qoʻyar edim yurak tumorim” singari topilma satrlarni sheʼr qoidalarini oʻrganish orqali bitib boʻlmaydi. “Oydin orzular” muallifi sheʼrlarida chiroyli tashbehlar qoʻllash barobarida, kutilmagan xulosalar chiqaradi. Uning sheʼrlariga zeb berib turadigan ayni holat, odatda, ijodda muayyan tajriba orttirgan, shoir sifatida tanilgan qalamkashlarning sheʼrlarida kuzatiladi.

Yoshlarga tabiat va hayot hamisha toza tuygʻular inʼom qiladi. Ularni doimo avvalgilarga ato etmagan neʼmatlari bilan siylaydi. Biz yashayotgan olamning bu gʻaroyib jumbogʻi adabiyotdagi avlodlar ijodini oʻzaro qiyoslaganda ham aniq bilinadi. Fitrat, Choʻlpon sheʼriyatiga xos tiniqlik Muqimiy, Furqat ijodida kuzatilmaydi. Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Oybek, Usmon Nosir sheʼriyatidagi joziba, ohorli obrazli ifoda “Abulfayzxon”, “Kecha va kunduz” muallifi sheʼrlarida koʻrinmaydi. Bunday taqqoslash yana davom ettirilsa, sheʼriyatdagi, umuman, adabiyotdagi oʻzgarish hamma zamonda aynan yoshlar – navqiron avlod ijodi hisobiga roʻy berganiga aniq ishonch hosil boʻladi. Har bir davr odamlarining ruhiyati, kayfiyati, ziddiyatli kechinmalari koʻproq yoshlar ijodida aks etadi. Chunki ruh sanʼatda, jumladan, sheʼriyatda obrazlar, yaʼni taʼsirchan iboralar, chiroyli oʻxshatish, sifatlash, jonlantirish, jaranglagan qofiyadosh soʻzlar, kutilmagan xulosalar orqali, dinda esa ishtiyoq bilan ibodat qilish, jamoa boʻlib zikr tushish singari emotsional hissiy faoliyat natijasida namoyon boʻladi. “Ommaviy madaniyat” turli shaklda keng yoyilayotgan, sanʼatda har xil “izm”lar koʻpayib borayotgan hozirgi shiddatli zamonda navqiron oʻzbek shoirlarining tashqi taʼsirlarga tushib qolmayotgani kishini quvontiradi. Ularning hayot hodisalariga munosabati, Vatan, xalq, ulugʻ ajdodlar toʻgʻrisidagi mulohazalari barcha uchun birday tushunarli. Globallashuv davri yosh shoirlari shaxsiy-intim kechinmalarini ham pardalab mavhumlashtirmaydi, Gʻarbdagi kabi yalangʻoch, behayo holda taqdim etmaydi. Sanʼatning boshqa turlarida, masalan, tasviriy sanʼatda globallashuv taʼsiridami yoki boshqa omillar tufaylimi, abstraksiya – mavhumlik kuchayib ketgan bir paytda, navqiron shoirlar izlanishlaridagi aniqlik kishini quvontiradi. Ular Oʻzbekiston toʻgʻrisida, oʻzi tugʻilib oʻsgan shahar, qishlogʻi toʻgʻrisida sheʼr bitganida soxta ehtirosga berilmaydi. Ularning satrlarida yuragidagi samimiyat, yurtga mehr, xalqqa ehtirom hislari balqib turadi. Sheʼrlaridagi tashbehlar, sifatlash, jonlantirishlar yasama, sunʼiy tuyulmaydi. Masalan, “Shohona shodliklar” toʻplamidagi:

 

“Sheʼr aytdim, yuragimning

Hovuri bosilmadi,

Soʻzlarim olqishlarning

Boʻyniga osilmadi.

Koʻzim dunyoni oldi

Orqasiga ortqilab.

Sheʼrlarimni shamollar

Olib ketdi tortqilab” singari satrlar joʻshqin ilhom bilan bir zarbda bitilgani aniq seziladi. Ushbu misralar olingan “Qarshi qoʻshigʻi”da, Yulduz Zoirovaning “Ona qishlogʻi”da, Boʻz pedagogika kolleji oʻquvchisi Nurxon Turgʻunboyevaning “Oydin orzular” toʻplamidagi sheʼrlarda qalbda vatanparvarlik hissini joʻshtiruvchi, el-yurtga, odamlarga mehr tuygʻusini kuchaytiruvchi yoniq ishonch aks etadi. Bunday taʼsir kuchi ijodkorning qalbida Vatan tuygʻusi yuksak ekanligidan kelib chiqadi. Navqiron avlodning vatanparvarlik hissiga yoʻgʻrilgan sheʼrlari shu jihatdan ham eʼtiborliki, ularda inson qavmi ulugʻlanadi, hech bir xalq, millat kamsitilmaydi, haqorat qilinmaydi. Vatan tuygʻusi har bir odam uchun, har bir xalq, millat uchun muqaddasligi, ushbu ilohiy tuygʻu uchun hech kimni ayblab boʻlmasligi taʼkidlanadi. Navqiron shoirlarning Vatan mavzusidagi sheʼrlarida koʻproq sogʻinch hissi ifodalanadi. Aslida ham Vatan bayroq, madhiya, ulugʻ ajdodlar, shonli tarix toʻgʻrisidagi otashin qasidalar emas. Vatan avvalo har birimizning qalbimizda sogʻinch tuygʻusini uygʻotadigan qadrdonlar kabi yaqin insonlardir. Vatan – ota-bobolarimiz yashagan, kindik qonimiz toʻkilgan, nurli orzu-xayollarimizni allalab, dilimizga shijoat solgan, quvonchu shodliklarimizga shohid boʻlgan, bizni kimsasizlik azobidan qutqargan, Yer sharining qaysi puchmogʻida turmaylik, bizni ohanrabo boʻlib tortib turadigan, qaytganimizda mehr bilan bagʻriga oladigan zamindir. Vatan tuygʻusi – ilohiy tuygʻu. Har birimizning qalbimizni ana shu sirli tuygʻu zulmat qoʻynidagi dunyoda soʻnmas nur boʻlib yoritadi.

Ongi, dunyoqarashi mustaqillik davrida shakllangan avlodning adabiyot toʻgʻrisidagi tasavvuri boʻlakcha muhitda oʻsdi. Shuning uchun ular adabiyotning azaliy muammosi – inson ichki dunyosi murakkabliklarini ifodalashda ellik yil oldingi yosh shoirlardan koʻra dadil odimladi. Sheʼrlarida anʼanaviy mavzularning yangi qirralarini ochib, ohorli tashbehlar topib, teran fikr bildira boshlashdi. Lekin ellik yil avvalgi navqiron yoshlardan soʻzi salmoqdor bu yangi avlod sheʼrlarida hozir namoyon qilayotgan shu shijoatini saqlab qola oladimi yoki ularning kuchi tezda tugab bitadimi? Buni vaqt koʻrsatadi.

 

Abdulla ULUGʻOV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 5-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kohna-tuygularning-yangi-talqini-yoxud-yoshlar-sheriyatiga-bir-nazar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x