DO`STLARGA ULASHING:
Kitob o‘qish ajoyib mashg‘ulotligini ko‘plar tan oladi, lekin hamma ham mutolaa qilishni uncha sevmaydi. O‘qish miyangiz uchun mashq xolos. Sport bilan shug‘ullanmagan odam uchun jismoniy tarbiyadan qiyini yo‘q, shunday emasmi? Biroq haqiqiy sport odami uchun eng yaxshi dam olish va vaqtni yaxshi o‘tkazish ham mashq! Xuddi shunday kitob o‘qish ham miyangizni chiniqtiradi, fikrlash qobiliyatinigizni oshirib, sizni yuksaltiradi. Kitob o‘qishga odatlanganlarning aytishicha, tinch joyda qiziqarli asarni o‘qish ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlar bilan soatlab suhbatlashish, sport musobaqalari yoki seriallar tomosha qilish bilan bir xilda maroqli va orombaxsh ekan. Kitob o‘qishga odatlanish uncha qiyin emas, faqat quyidagilarga e’tibor berilsa kifoya:
1. Mutolaa qilish xobbisi bilan bir necha oy yoki bir yilda nimalarga erishmoqchisiz?
O‘qib chiqmoqchi bo‘lgan kitoblaringiz soni va ro‘yxatini xonangizda ko‘zingiz har kuni tushadigan joyga qo‘ying. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizda qaroringiz haqida yozib qo‘ying.
2. Kitoblarning janrlari va ba’zi mashhur yozuvchilar, ularning asarlari bilan qiziqib ko‘ring.
Kitob o‘qishni sevadigan do‘stlar topib, ulardan maslahat so‘rang. O‘zingizga yoqmaydigan mavzularda o‘qishga o‘zingizni majbur qilmang! Masalan, kim uchundir fantastika o‘ta qiziq, oddiy mavzular haqida o‘qish uchun kitob titkilash shartmasdek. Boshqalar esa hayotiy mavzular, pul topish, munosabatlar, psixologiya, yana kimlar shunchaki aforizmlarni o‘qib chiqishni yoqtiradi. Janrlar ichida albatta sizga yoqadigani bor, ishoning!
3. Kichik hajmdagi kitoblardan boshlang.
Mutolaa fitnessdek gap. O‘qishni oz-ozdan ko‘paytirib boring. Qanchalik maqtashmasin, katta kitoblar “yangilar” uchun yaxshi emas.
4. Kitobni o‘qing.
O‘qiyotgan kitobingizni o‘zingiz bilan olib yuring. Darvoqe, smartfon yoki planshetdan kitob o‘qish ham juda yaxshi fikr. Uxlashdan avval ikki-uch bet o‘qib yotishga odatlaning. Ammo tabiiyki bir necha kundan keyin besh betdan kam o‘qish sizga qiyin bo‘la boshlaydi.
5. O‘zingizni rag‘batlantiring.
Har doim kitobni tamomlagach, yoqtirgan shirinligingizni sotib olib, yeng. Uyingizdagi kichkintoylar yoki do‘stlaringiz bilan aylanishga boring. Keyingi shunaqa ajoyib kun navbatdagi kitobni o‘qib tugatganingizda keladi.
Manba: https://qnb.uz/