KIROPOL

KIROPOL, Kira, Kiresxata — Turonzaminda mavjud boʻlgan eng qad. shahar-qalʼalardan biri (mil. av. 6 — 2-a. lar). Hoz. Oʻratepa (Tojikiston) yaqinidagi Havotag mavzeida, Nijonisoy (Shaxristonsoyning quyi qismi) ning soʻl qirgʻogʻida joylashgan Nurtepa sh. xarobasi Kiropol oʻrnida boʻlgan. Axomaniylar podshosi Kir II asos solgan shahar. Axomaniylar davlatining shim.-sharkdagi eng chekka shaxri. Kir II davrida Turonning eng muhim shaharlaridan sanalgan. Tarixiy manbalarga (Arrian, Kvint Kursiy Ruf va b.) koʻra, Iskandar Maqduniy (q. Aleksandr) saklarga qarshi Sirdaryo boʻyida Aleksandriya Esxata sh. ni bunyod etishni rejalashtirgan paytda, yunonlar tomonidan avvalroq olingan Ustrushonada shahar-qalʼalar oʻnga qarshi bosh koʻtarganlar va yunon-makedon garnizonlarini qirib tashlab tezlikda shaharqalʼalarni mustahkamlashga kirishganlar. Iskandar orqaga qaytib isyonkor shahar-qalʼalarni boʻysundirishga kirishishga majbur boʻlgan. Iskandar piyoda askarlariga shahar devorlarini ishgʻol etish uchun narvonlar tayyorlashni buyurgan, sarkardalaridan biri Kraterga bu oʻlkadagi eng katta shahar hisoblangan Kiropolni qamal qilishni topshirgan. Bundan maqsad qoʻzgʻolon koʻtargan boshqa shaharlarga koʻmak berishdan Kiropol aholisini mahrum etish edi. Iskandar 5 ta isyonkor shaharni egallagach, Kraterga yordamga kelgan. Kiropol boshqa shaharlarga qaraganda balandroq mudofaa devori bilan oʻralgandi. Kiropolda koʻplab mustahkam binolar boʻlib, ularda axomaniylar va ularning noiblariga boʻysunishni istamagan erksevar mahalliy zodagonlar yashagan. Bess va b. isyonkor noiblar shularga tayangan. Bess Artakserks nomini olib oʻzini fors shohlarining vorisi deb eʼlon qilganida oʻnga qarshi chiqqanlar. Iskandar ham shunday daʼvo qilganida oʻnga ham qarshi isyon koʻtarganlar. Shahar mudofaachilari soni 18 ming kishidan ortiq edi. Iskandar shahar qamali uchun devorteshar qurilmalarni oʻrnatishni buyurgan. Devorning bir joyidan shahar ichkarisiga kiradigan daryoning quruq oʻzani orqali Iskandar qoʻriqchilari va oʻqchilari bilan yashirin ravishda shahar ichkarisiga kirib olgan. Soʻngra eng yaqin yerda joylashgan darvozani egʻallab, qolgan qoʻshinini shaharga kiritgan. Kiropol maydonida shiddatli jang sodir boʻlgan. Iskandarning gardani (boʻyni) va boshiga tosh tegib ogʻir jarohatlangan. Makedon qoʻshini Kiropolni egʻallagan, shahar himoyachilari qoʻrgʻonga yashirinishgan, biroq bir kundan soʻng suvsizlikdan qoldan toyib taslim boʻlishgan. Kiropol mudofaasida 8 mingga yaqin kishi halok boʻlgan. Kiropol vay-ron qilingan, shahar bundan toʻla oʻziga kelmagan va mil. av. 2-a. da tashlandiq holga kelib qolgan. Shahar aholisi Sirdaryoga yaqin yerga koʻchib yangi qishloq barpo etishgan va uni yana K. deb atashgan. Keyinchalik bu atama Kurukada — Kurkat koʻrinishida bugungi kunimizgacha yetib kelgan.

Ad.: Arrian, Poxod Aleksandra, M. — L., 1926; Kursiy Ruf Kvint, Istoriya Aleksandra Makedonskogo, M., 1963; Bartold V. V., Sochineniya, t. Z, M., 1965; Belyayeva T. V., K istoricheskoy topografii gorodov Ustroʻshanы [Drevnyaya i srednevekovaya arxeologiya Sredney Azii], T., 1990; Rtveladze E., Velikiy shyolkovыy put, T., 1999.

Faxriddin Hasanov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x