Kirma agʻyor bazmigʻa

(Jumaniyoz Jabborov muxammaslari haqida)

 

Insoniyat badiiy tafakkuri, aql-zakovati, zehn va idrok quvvati goho shunday goʻzal sanʼat hodisasini qogʻozga tushiradiki, beixtiyor katta talantning lirik voqelik yoxud kechinma jarayonini toʻlaligicha anglashi, oʻz ongi va qalbiga singdirishi, boz ustiga, oʻz holicha ham tugal mazmun ifodalovchi asarni yana davom ettirishi, uning gʻoyaviy-badiiy kamolotini mustahkamlashi, ehtimol ikki, uch hissa orttirishi mumkin. Ushbu daʼvoni bizning oʻzbek adabiyotimizda anʼanaviy taxmischilik, nazira, tazmin, tatabbuʼ va boshqa izdoshlikning shu kabi shakllari isbot etadi. Agar gap mumtoz gʻazallarga taxmis bogʻlash anʼanasi haqida ketsa, beixtiyor koʻz oʻngimizda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon va albatta, yana bir Oʻzbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov jonlanadi. Jumaniyoz Jabborov muxammasga ayricha mehru-sadoqati bilan ajralib turadi. Uning bir qator gʻazallari, Navoiyning uch, Fuzuliy, Atoyi, Muqimiy va Furqatning bittadan yozgan gʻazaliga bogʻlagan muxammaslari, oʻz gʻazaliga taxmislari, mustazod, masnaviy, tuyuq, ruboiy va fardlari XX asr soʻnggi va yangi asr avvali oʻzbek sheʼriyatining bebaho boyligi boʻlib qoldi.

Jumaniyoz Jabborov falsafiy-badiiy mushohadasi keng, lirik qahramon tabiatining nozik qirralarigacha chuqur his qiladigan, lirik voqea, zamon va makon sarhadlarini, shuningdek, anʼanaviy obrazlarning ichki psixologik holatlarini ongli ravishda inobatga olib, voqea rivojini badiiy gʻoyaga, poetik mantiqqa boʻysundirgan holda qalam tebratadi. Aruzda qalam yuritishning juda koʻp murakkab tomonlari bor. Ayniqsa, gʻazalga taxmis bogʻlash juda ogʻir va murakkab ijodiy jarayon. Negaki, taxmis bir kishining ijodiy mahsuli emas. Taxmis bogʻlovchi gʻazal muallifining izmida boʻladi, uning koʻrsatmasidan bir soniya boʻlsin chetga ogʻolmaydi. Shunday qilsa, sanʼat hodisasiga ziyon yetadi. Taxmischi gʻazal muallifining gʻoyaviy konsepsiyalarini chuqurroq idrok qilsa, uning oʻrtaga qoʻyayotgan ideyalari hozirgi zamon shoirining dunyoqarashiga, ijodiga mos tushsa, shu bilan birga, shoir oʻz iqtidoriga, qalamining qudratiga ishonsa, taxmis bogʻlashga kirishadi. Aksincha, boʻlmaydi. Oʻzida ijodiy salohiyat, “aruz”ga xos jasorat sezmagan shoir taxmis uchun bosh qotirmaydi.

J. Jabborov muayyan oʻtmish shoirining gʻazaliga taxmis bogʻlar ekan, oʻz misralarini tayyor asar binosi ustidan shunday mustahkam teradiki, natijada XV yoxud XVII asrda qalamga olingan oʻsha mavzu, gʻoya va muammo hali-hanuz oʻz qiymatini yoʻqotmagan, aksincha, taxmis bogʻlovchi nazarida oʻsha bedavo dard yanada kuchli yolqinga aylangan.

Shoir ozar elining daho sanʼatkorlaridan biri Muhammad Fuzuliyning mashhur “Oʻlandan soʻr” radifli gʻazaliga taxmis bogʻlagan. Oshiqning maʼshuqasiga dardli murojaati, dil afgʻoni kabi jaranglovchi bu tanish nolalar J. Jabborov qalamida ikki hissa taʼsir quvvatini namoyon etadi. Goʻyo Fuzuliyning lirik qahramoni maʼshuqadan vafo rasmini bajarmoq uchun ikki shart qoʻyib “yolvorsa”, J. Jabborov bu shart roʻyxatiga yana uch talabni qoʻshib, sanʼat hodisasining badiiy-gʻoyaviy tarovatini mustahkamlashga erishadi:

 

         Tirikman to xayoling birla, bizdan endi yoʻl burma,

         Kirib agʻyor bazmiga, nihoyat bizni oʻldurma,

         Gʻubori maqdaming boʻlsin bizim bu koʻzlara surma,

         Labing sirrin kelib guftora mandin oʻzgadan soʻrma,

         Bu pinhon nuqtani bir voqifi asror oʻlandan soʻr.

 

 Muxammasning soʻnggi bandida shoir lirik qahramon visolga erishish ishtiyoqida riyozat chekayotganini, jononga erishish uchun jondan kechishga tayyor ekanligini, modomiki oʻzi shunday vafo rasmini tutgan ekan, maʼshuqadan ham shuni talab etishini gʻoyat goʻzal tasvirlaydi. Anʼanaga xos soʻnggi bandda taxmis bogʻlovchining taxallusiga ham duch kelamiz:

 

         Visol shaydolari bir kun boʻlur yor vasliga vosil,

         Mashaqqat chekmayin kimdur qilibdur muddao hosil.

         Niyoziy ishtiyoqingda riyozat bandasidur, bil,

         Muhabbat lazzatidin bexabardir zohidi gʻofil,

         Fuzuliy ishq zavqin zavqi ishqi vor oʻlandan soʻr.

 

 J. Jabborov ulugʻ Navoiyning “Gulob ichra”, “Navroʻz” va “Qizil, sorigʻ, yashil” radifli gʻazallariga taxmis bogʻlagan. Ular orasida “Qizil, sorigʻ, yashil” (bu gʻazalga shoir J. Kamol ham juda yaxshi taxmis bogʻlagan) radifli gʻazal poetik gʻoya, falsafiy negizi bilan soʻz dahosining eng ogʻir, murakkab gʻazallaridan hisoblanadi:

 

          

          Xilʼatin to aylamish jonon qizil, sorigʻ, yashil,

           Shuʼlai ohim chiqar har yon qizil, sorigʻ, yashil.

 

 Navoiy aytadiki, jonon qizil, sariq va yashil tusli kiyim kiyib, koʻzimni yashnatadi. Shu bois mening ohimdan chor atrof rangi ham shu uch xil rangda tovlanmoqda. Bu yerda Navoiy maʼshuqasining faqat tashqi belgisini tavsiflab qoʻya qolmagan, balki “shuʼlai ohim” deyish bilan oʻzining, binobarin, maʼshuqaning ham ruhiy holatini tasvirlashga erishgan. J. Jabborov ham tabiat, atrof-muhitning shu uch rang asosida jilolanishi fonida oshiqning ichki psixologik holatini quyuqroq chizishga erishgan. Yaʼni taxmis bogʻlovchining oʻtli nolasi, gʻazal muallifining “shuʼlai ohi” bilan tutashib, bir pardada joʻrovoz boʻlib, oʻquvchi ruhiyatiga oʻzgacha qaygʻu, gʻamginlik bagʻishlaydi. Natijada, oʻquvchi oshiqning iztirob iskanjasidagi ruhiy holatining tub sabablarini maʼshuqaning oʻziga oro berib, oshiqqa parvo qilmasligi bilan izohlashga majbur boʻladi. Mana, yuqoridagi “oh”ning uzviy asosi, boshlanish qismi. Ularni yaxlitlikda oʻqiylik:

 

             Koʻzlarim loldir koʻrib boʻston qizil, sorigʻ, yashil,

             Neki boʻston, dasht ila maydon qizil, sorigʻ, yashil,

             Yoʻq, tamomiy yer bila osmon qizil, sorigʻ, yashil,

             Xilʼatin to aylamish jonon qizil, sorigʻ, yashil,

             Shuʼlai ohim chiqar har yon qizil, sorigʻ, yashil.

 

 J. Jabborovning Atoyi qalamiga mansub “Ul sanamkim…”, Muqimiyning mashhur “Navbahor”, Zokirjon Furqatning “Surmadin koʻzlar qaro…” deb boshlanuvchi mashhur gʻazallariga bitgan muxammaslari shoir adabiy-estetik olamining nihoyatda kengligini, gʻazal muallifi bilan ijodiy munosabatga kirishishda muayyan anʼanaviy mezonlarga izchil amal qilishini, oʻz holicha ham yaratilgandan beri taʼb va sheʼr ahli eʼtiborini qozongan mukammal asarni rivojlantirishi, takomillashtirishi, mantiqiy dalillashi, oʻtmish anʼanalarga sadoqat koʻrsatishi bilan birga taxmis bogʻlovchining yuksak talanti, iqtidori va quvvai hofizasidan darak beradi.

Muqimiyning mashhur “Navbahor” gʻazalida bahor faslining beqiyos tarovati, ona tabiatning yashil libosga burkanib, “joʻralar, oʻrtoqlar”ni dam olish uchun oʻz bagʻriga chorlashi, uning kishi ruhiyatiga orom, xush kayfiyat ulashishi koʻtarinki ruhda tasvirlansa, oʻsha maʼnoga qoʻshimcha ravishda J. Jabborov misralarida “bir diloro” madhi tilga olinib, oshiq mislsiz tabiat qoʻynida oʻsha goʻzal bilan sayr etish istagini bildiradi. Negaki, bunga tabiatning oʻzi gul ochib, oʻzgacha husn taratib, imkoniyat tayyorlab qoʻygan:

 

Necha gulroʻlar ichidan bir diloro saylayin,

             Ishq rozin aytgali emdi oʻzumni shaylayin,

             Fikri mumtoz, husni zebosin yana madh aylayin,

             Ruh ochib koʻzdan nihon boʻlsa paridek, naylayin?

             Ayrilib hushu aqldan telba boʻlmay sogʻlar.   

 

Zokirjon Furqatning yuqorida tilga olingan gʻazalida esa shoir birdan maʼshuqaning koʻzi, yuzi, qoshi va qoʻlini vasf etishdan boshlaydi. Taxmischi esa vasf etilayotgan maʼshuqa jamolini tabiat manzarasi va oʻz ishtiroki vositasida madh etish orqali dastlabki ikki baytning poetik salmogʻini ancha kengaytiradi. Shu orqali tasvirning yanada koʻrkam, salobatli, jonli va taʼsirli chiqishini taʼminlashga erishadi. Avval Furqat matlaʼsini eslaylik:

 

              Surmadin koʻzlar qaro, qoʻllar xinodin lolarang,

              Gʻozadin yuzlarda tobu oʻsmadin qoshlar tarang.

 

Birinchi misra unchalik izohga muhtoj emas. Unda surma tufayli maʼshuqa koʻzlarining yanada koʻrkamlashuvi, xino tufayli qoʻllarning lola rangiga monandligi tasviri berilgan. Ikkinchi misradagi maʼno birinchisining uzviy davomi. Baytda yor jamoli taʼrifi keltirilgan. Gʻoza – qizil rangli boʻyoq. Hozirgi qizlarning qizil upasiga juda oʻxshash. Qadimda xotin-qizlar turli bayramlarda pardoz uchun shunday kukunsimon moddadan foydalanishgan va u gʻoza deb yuritilgan. U betning ikki chekkasiga dumaloq shaklda surilgan. Tob – yuzning shu qizillikda tovlanishi, jilolanishi. Yaʼni Furqat aytmoqchiki, bu goʻzalning koʻzlari surmadin qaro, qoʻllari xino tufayli lola rangiga oʻxshaydi. Gʻozadan yuzlar jilvali, qoshlar esa oʻsma tufayli tarang tortilgan.

J. Jabborov esa bu goʻzalning kimligini, qayerdan kelganini, hatto qanday libosga burkanganigacha aniq-tiniq tasvirlash zaruriyatini tuyadi va yuqoridagi ikki misra ustidan oʻzining mana bu misralarini “payvand”laydi:

 

          Keldi nogoh bogʻ tarafdan xush sadoli bir jarang,

          Ul tomon peshvoz yugurdim, hayrat ichra hangu mang,

          Bir kelinchak sayr etardi, xuddi chaqmoqdek bashang…

          Surmadin koʻzlar qaro, qoʻllar xinodin lolarang,

          Gʻozadin yuzlarda tobu oʻsmadin qoshlar tarang.

 

Muxammasning siri, sehrli nuqtalaridan biri shuki, uning tarkibidan bemalol taxmisga asos boʻlgan gʻazal baytlarini ajratib oʻqish, tahlil qilish ham mumkin. Ammo taxmischi qoʻshgan uchliklarni muxammas tarkibidan tortib olib, oʻqib ham boʻlmaydi, tahlil qilish imkoniyati ham yoʻq. Oʻzgacha aytganda, muxammas bandlari faqat gʻazal baytlari bilan yaxlitlik, bir butunlik kasb etadi. Shuning uchun ham muxammas gʻazal muallifi toʻplamiga emas, bevosita muxammas bogʻlovchining toʻplamiga kiradi. Bu mumtoz adabiyotimizning anʼanaviy belgilaridan biri.

J. Jabborov gʻazal va muxammaslarida “Niyoz”, baʼzan esa vazn taqozosiga koʻra “Niyoziy” taxallusini qoʻllaydi. Unutmaslik lozimki, shoir, deylik, taxmischi oʻzining sheʼriy laqabini oʻzini tanishtirish uchungina misra bagʻriga qistirmaydi. Har qanday taxallus maʼno-mohiyati bilan oʻsha gʻazal yoki muxammasning gʻoyaviy-badiiy mazmuni bilan uygʻun kelishi lozim. Buni mumtoz poetika bilan shugʻullangan boshqa olimlar ham tushuntirib berganlar. J. Jabborovning mumtoz janrdagi asarlarida, xususan, taxmislarida taxallus muallifning, shu bilan birga, gʻazal muallifning yetakchi gʻoyaviy niyati bilan payvand holda darj etiladi. Shu bilan birga, shakl jihatdan har ikki shoirning adabiy unvoniga ham ishora qiladi. Anʼanaga muvofiq taxallus xuddi gʻazaldagi singari muxammasning soʻnggi bandida qalamga olinadi. Mana, yuqoridagi taxmisning soʻnggi bandi:

 

              Qay kuni taqdir menga bul baxtni koʻzgu ayladi,

              Jumla oshiq, ey Niyoz, baxtini orzu ayladi,

              Zarra shafqatni qachon senga pariroʻ ayladi,

              Javrlarkim, Furqat, ul shoʻxu jafojoʻ ayladi,

              Bunchalik jabru sitam qilmas musulmonga farang.

 

Zokirjon Furqat maʼshuqaga qancha lutf-ehson koʻrsatmasin, u “javrlar” bilan “jafojoʻlik” qilaveradi. Shu jumladan, oʻsha pariroʻ oshiq Niyozga ham zarra shafqat koʻrsatmaydi. Niyoz – ehson, inʼom demakdir. Bu oʻrinda shoir oʻz qalbini, vafosini oʻsha sanamga hadya etsa-da, ul jafojoʻdan zarracha vafo ehsonini qabul qilolmaydi. Xuddi shu badiiy gʻoya taxmischi taxallusiga vobasta holda nihoyatda koʻrkam tasvirlangan.

Pifagor aytadiki, “haqiqiy shoirda bastakorning nozik didi, musavvirning oʻtkir nigohi, faylasufning keng dunyoqarashi boʻlishi lozim”. Shu jihatdan, Jumaniyoz Jabborov sheʼriyatida buyuk olim talab qilgan jihatlar aniq balqib turadi. Bu daʼvoni xalq shoiri qalamiga mansub muxammaslarning yuqoridagi tahlili ham isbot qilib turibdi.

 

Abdurahmon PIRIMQULOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kirma-agyor-bazmiga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x