Kiprigingdan uzilgan koʻzyosh…

Muhammad Siddiq (Rahmatov) 1972 yili Andijon viloyatining Boʻz tumanida tugʻilgan.

2005 yili OʻzMU va Yozuvchilar  uyushmasi qoshidagi Oliy adabiyot kursini tamomlagan. Sheʼrlari respublikaning markaziy nashrlarida chop etilgan. “Ishq dardi” (Andijon, “Hayot” nashriyoti, 2000 y.), “Yurt sogʻinchi” (Andijon, “Hayot” nashriyoti 2003 y.), “Ishq bekati” (Toshkent, “Oʻzbeksiton yozuvchilar uyushmasi adabiyot jamgʻarmasi” nashriyoti, 2005 yil) kitoblari nashr qilingan. “Yoshlar kitobi-2008” toʻplamiga sheʼrlari kiritilgan.

Hozir “Movarounnahr” nashriyotida ishlaydi.

 

 

Dunyo

 

Tirband avtobusga oʻxshaydi dunyo,

Shoshmagan insonning bunda oʻzi yoʻq.

Eshikka yuz tirab ketib boryapman,

Shunda ham silji deb qilisharlar doʻq.

 

Men bir chiptasi yoʻq yoʻlovchidirman,

Joyimdek oʻzim ham omonat hozir,

Bilmam qaysi bekat meniki ekan,

Qayerda tushirib yuborar nozir.

 

 

* * *

Kiprigingdan

uzilgan koʻzyosh,

Labing sarhadiga

etib olguncha,

Bor umr yoʻllarim

Bosib oʻtgandek.

 

 

Koʻzlaringga oshiq hatto tun…

 

Koʻzlaringga oshiq hatto tun,

Darichangdan nari ketmaydi,

Sen bilmaysan tunning sevgisin,

Tunning qoʻli senga yetmaydi.

 

Darichangdan suqlanib boqar,

Sensiz tun ham sigʻmas hovliga,

Olganingda soching ilgagin,

Bir boqsayding tunning holiga.

 

 

Koʻzlaring haqida

 

Koʻzlaringda sokin ummon bor,

Koʻzlaringda yulduzli osmon.

Koʻzlaring yoʻl erur poyonsiz,

Koʻzlaringda toʻrtala tamon.

 

Koʻzlaringda quyoshning aksi,

Koʻzlaringda oyning toʻlgani,

Kel, koʻzingdan uzmayin koʻzim,

Qolgani ne boʻlsa, boʻlgani.

 

 

Koʻngil

 

Chil-chil sindi oynadek koʻnglim,

Yer bilan bir boʻlib yotadi,

Endi yursam tavonlarimga,

Koʻnglim siniqlari botadi.

 

 

Pahlavon onam

 

Olovlarni purkab komidan,

U kun bora hujum qilardi.

Onam uni yengardi har gal,

Onam jangning sirin bilardi.

 

Oh, onam-a, pahlavon onam,

Ajdarhoni yenggan tikib jon.

Kesovlarni qilichday tutgan,

Uzmoq uchun menga kulcha non.

 

 

Tegirmon

 

Aylanar tegirmon

navbati bilan.

Peshonayu, taqdir –

qismatga koʻndik.                   

Voajab, yanchilib,

oppoq un emas,

Barimiz qopqora

                             tuproqqa doʻndik.

 

 

Tomosha tugadi…

 

Tomosha tugadi,

Oy jim xoʻrsindi.

Daraxt panasiga

oʻtgach oshiqlar.
 

 

Tramvay

 

Oyogʻida temir iz, kishan,

Shoxlaridan bogʻlangan simga,

Asriy mahbus kabi sudralar,

Dardlarini aytmas hech kimga.

 

Bu qandayin ogʻir jazodir,

Goho ingrab yuragim ezar,

Ozod ulovlarga termulib,

Shahar ichra tramvay kezar.

 

 

Yangi oy

 

Yor oʻtdimi samon yoʻlidan,

toʻkilibdi dona kiprigi.

 

 

Hayot

 

Qanchalar talpindim

hech esh boʻlmading,

Ayt, oʻzing kimlardan

qolgan bayotsan,

Qirq yilda anglagan

hikmatim shudir –

 Oʻz noming oʻzing-la,

axir, HA-YOTsan.

 

Muhammad Siddiq (Rahmatov).

https://saviya.uz/ijod/nazm/muhammad-siddiq-rahmatov-kiprigingdan-uzilgan-koz-yosh/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x