BIR SAHAR
Bu gulshan ne yangligʻ bogʻ edi,
qaysiki, bir sahar chogʻ edi,
xayolim bunda yoʻqotmishman,
nogoh bir tosh kabi qotmishman.
Bogʻ ichra bir pari-paykardir,
unga sara gullar navkardir –
bosh egib etmish bardor-bardor,
ul husn mulkida tantanavor,
etti iqlim aro yaktodir,
ne yakto, guli nur, dur nodir.
Bu gulning kim ekan bogʻboni,
qay tarz oʻstirmish charogʻboni.
Bilmam, bu yo jonbaxsh musiqa,
yoki jon olgʻuchi vasiqa –
ilkida cholgʻu, kuy taralgay,
ne navo, bir olam yaralgay.
Boʻlsaydim qoʻlida cholgʻuday,
oh urib, olamni olgʻuday
va yo cholgʻusining bir tori,
bir tori demakim bor tori,
zorakim, koʻnglim boʻshatgaydim,
koʻnglidan boʻlak ushatgaydim.
Bagʻriga olsa ul shikasta,
siymin boʻyiga men havasda.
Menga dil ochsa ul sozim deb,
men dilim kuylasam rozim deb,
bulbullar tinglab lol bu rozni,
tanisa dard toʻla ovozni.
Ham chalib-tinglab ul toʻymasa,
qoʻymasa, bagʻridan qoʻymasa…
Ammo bu barisi xayoldir,
yoniga bormoq ham maholdir,
behuda oʻy surib yotmishman,
qotmishman, tosh kabi qotmishman.
YUZINGNI KOʻRGALI
Yuzingni koʻrgali oy uyolmishdir.
Soʻzlaring inju, lablaring bolmishdir.
Agarki husn mulkida bahs etsalar,
Layliyu Shirin poyingda qolmishdir.
Bu ne holmishdir, vasling umidida
koʻzlarim yoʻllaring poylab tolmishdir.
Orzum roʻyobi roʻyo, necha vaqtkim
betin vaqt kabi tinchim yoʻqolmishdir.
Bu ne lashkar kabi oh emish, mudom
ayriliq koʻksima lak-lak solmishdir,
kim, hajringda gar bir oh ursa Ikrom
Iskandar kabi dunyoni olmishdir.
* * *
Sen tomon borar boʻlsam,
yoʻllar oʻzi yoʻl boshlar,
girdida poyandoz gul
shakliga kirgan toshlar.
Semirgayman simirgan
sarim – sarrin havolar.
Daraxtlarning mavjida
avjlanadi navolar –
chamamda, daraxtlar ham
sen haqda oʻylagaydir.
shoxlarida jon qushi
vasfingni kuylagaydir.
Yaqinlashar olislar,
bir gʻubor yoʻq orada.
Olam chiroyga, nurga,
sirga toʻlib boradi.
Shabadaning qatida
chorloving ilgʻayurman.
Yuragimni shabnamning
suvlariga chayurman.
Koʻkayimni sogʻinchlar
selday yuvar guldirab,
oqib ketar gʻam-qaygʻu,
yoʻqoladi kudurat.
Koʻzida quyosh kulgan,
sochi tun, qoshi qamar,
sensan borar manzilim,
oshiqman, oshiqaman…
* * *
Oyparcham, gulistaram,
nafasi yalpiz islim.
Sochlari taram-taram,
oʻynoqi irmoq mislim.
Tugʻyon bordir tinida,
boqishidan nur olay –
kipriging epkinida
soyalar juft quralay.
Gullayotgan bogʻlarning
quvnayotgan jarangi
yuragimga bogʻlandi –
oppoq kulgungning rangi.
Tegramda namoyishsan,
koʻksimdagi gʻuluvu
hayratimga boissan,
tarchechak, kunsuluvim.
* * *
Yoz oqshomi osmonning
oqarishib darasi,
dalalarga quyilar
yulduzlar sharsharasi.
Yorishadi koʻnglim ham,
yo shunday tuyuladi,
xayoling yulduzlarday
shovullab quyiladi.
Menga shuning oʻzi bas,
shuning oʻzi baxt kabir,
faqat oqimga qarshi
sakragan baliq kabi
oʻying bilan qonmagan
sogʻinch oʻrtar gohida…
Oʻyinqaroq bir yulduz
sakrar terak shoxida.
* * *
Sevmasingni aytdingmi,
kelmasingni aytdingmi,
yoki koʻzguga qarab
aytayapsanmi hamon –
boqib biror teshikdan
ovozingni eshitgan,
har qalay, bir nimani
bilib olgan bu shamol.
Oʻlay seni sevguncha,
sevay seni oʻlguncha,
odam degani shuncha
qiynarmi oshigʻini…
Koʻcha-koʻyda uvillar,
uvillar tom boshida.
Dil huvillar eshitib
shamolning qoʻshigʻini.
* * *
Seni bir bor koʻrdimu,
men ayrildim hushdan, gul,
osmonlardan yurakni
poklash uchun tushgan gul.
Ey, egnida libosi
yurakdan rang olgan gul,
gulzor emas, men bilan
sahrolarda qolgan gul,
seni sevib qalbimdan
ardoqlashni qoʻymadim,
har dam yonimdasan, lek
visolingga toʻymadim.
Ey, yuzlari farishta,
ey, maʼsumu biyron gul,
sen koʻkda oy, men yerda
gungu lolu hayron, gul.
Ey, qalbimga baxt bergan,
ham ayirgan hushdan, gul,
osmonlardan yurakni
poklash uchun tushgan gul,
seni oʻylab dilimni
bir savol ezar karaxt:
men sen bilan baxtliman,
sen topdingmi mendan baxt?
HANUZ
Qalbing – qoyadagi mustahkam qalʼa.
Hanuz chogʻlanurman zabt etmoq sari…
Shaxdam qadam tashlab, saf boʻlib
oʻtib borar Vaqtning lashkari.
* * *
Toʻkiladi lak-lak yulduz,
boʻshar qora koʻk elagi.
Chekinadi junjikib tun
yangi kun havosidan.
Saharni bogʻ uzra sohir
ovoz yetaklab keladi –
uygʻonadi gird-tevarak
bulbulning navosidan.
Necha vaqtki kutib-kutib,
mushtoq yuragim anglagan
bir haqiqat shu boʻldi va
men ishondim, ne tongkim,
kunim, bulbulzabonim-ay,
ohang kabi jaranglagan
soʻzlaringsiz yorishmaskan,
oʻzing ekansan tongim.
Kutaman ming taʼma bilan –
kun chiqarmi… Dilda sanchiq,
oʻzimning-ku sening sari
haddim sigʻmas borishga…
“Keldim” degan soʻzing tanqis,
“Sevdim” degan soʻzing tansiq.
Kutilgan soʻz tilga chiqsa –
izidan kun yorishgay.
* * *
Xayolimda chorlasam gar,
eshitmagin nolamni,
chunki menga sening oʻying,
xayol ham bir olamdir.
Bu olamda sening rasming
parilardan qolishmas.
Bu bir lof yo mubolagʻa,
gapni katta olishmas,
xayolimda sen bir hilol,
nur taratib turgaysan,
malaklarga malohatdan
saboq berib yurgaysan.
Soʻzlarimni simillatib
sogʻinchlaring balqisa,
tomirimga mador kirar
har oʻyingdan. Alqissa,
xayolimda chorlasam gar,
kelib qoʻyma tagʻinay,
seni toʻyib oʻylab olay,
mazza qilib sogʻinay.
* * *
Sahardan kechga dovur
quvonchga toʻlib-toshgan
tashna vujudi bilan
bahra olar quyoshdan.
Quyosh bilan birga u
osmonlarda sayr etar –
tongda tutgancha qoʻlin,
kunbotar qadar ketar,
chopqillaydi, bu visol
yuragiga zavq solar,
unga hech gʻala-gʻovur
va tiqilinch avtolar.
Kun botganda qorongʻu
oʻylar oʻrtab koʻksini,
katta koʻcha boʻyidan
qaytar ekan oʻksinib,
taqqa qotar va nogoh
tasavvurga qorishar –
kun aksi koʻz oʻngida
chiroq kabi yorishar…
Sen ketganda sogʻinching
qadalganday yurakka,
shaharning chiroqlari
uyqu bermas terakka.
Ikrom ISKANDAR
“Yoshlik”, 2013 yil, 1-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/kipriging-epkinida-soyalar-juft-quralay/