“Kimni yozay, dadasi?”

Farhod MUSAJON

 

Xona. Bezatilgan dasturxon atrofida er, xotin va 12-13 yoshlar chamasidagi bola nonushta qilib oʻtirishibdi. Kayfiyatlari chogʻ.

Er: Yoʻq, yoʻq, toychoq, siz sinfingizdagi oʻrtoqlaringizni yo bir kun oldin, yo bir kun keyin chaqirasiz. Tugʻilgan kuningizda sira ham toʻgʻri. Xoʻpmi, toychoq?

Bola: Qanaqa odamlar?

Er: Katta odamlar, kazo-kazolar, aslzodalar keladi.

Bola: U nima deganingiz?

Er: Yaʼni… sizga nima desam ekan, yaʼni yaxshi odamlar kelishadi. Endi, toychoq, siz darsingizni qiling! Bizning oyingiz bilan ishimiz bor.

Bola: Xoʻp (Chetroqqa borib oʻtiradi).

Er: Qani, Qutbi, qogʻoz-qalam olib bunday oʻtir, chaqiradigan odamlarimizning bir roʻyxatini tuzib olaylik.

Xotin: Hozir, hozir (Xotin javondan qogʻoz-qalam olib eriga keltiradi).

Er: Yoʻq, yoʻq, oʻzing yoz, xating chiroyli. Mening xatimni oʻqiydigan hali onasidan tugʻilmagan. Endi ishga oʻtaylik. Yoz! Birinchi navbatda, roʻyxatning bosh-qoshi, uyimizning toʻri shak-shubhasiz…

Xotin: Bositxon akangiz!

Er: Ichimsan-da xotin, ichimsan. Bositxon akamlar rafiqalari bilan!

Xotin: Hoy, dadasi, bir galchalik shu Bositxon akangizni taklif qilmasak qanday boʻlarkan? Axir, qachon birorta chaqiriq qilmaylik, bosh-qoshida Bositxon akangiz keladi. Bir galchalik…

Er: Oʻv! Bositxon akamlarning nega senga ogʻirligi tushib qoldi?

Xotin: Menga emas sizlarga ogʻirligi tushadi. Hamma xushomad oʻsha kishiga. Hammalaring atrofida girgitton boʻlasizlar. Xuddi musobaqa oʻynayotganday ogʻizlarini poylab oʻtirasizlar.

Er: Qanaqa musobaqa?

Xotin: Ogʻizlaridan chiqqan gapni kim birinchi maʼqullar ekan, degan musobaqa-da!

Er: (biroz anqayib qoladi) Ho… tiling qursin zahar boʻlmay! Hali men senga laganbardor boʻlib qoldimmi?.. Yeb-ichishing, boyliging, qoʻsha-qoʻsha gilamlar oʻsha kishining orqalaridan boʻlsa…

Xotin: Boʻpti, jahlingiz chiqmasin. Chaqirsangiz-chaqiravering. Men sizlarni oʻylagandim, bir yayrab, devdim. “Podxalim”lik qilaverib juda ezilib, qiynalib ketishlaringizni oʻylagandim-da.

Er: Menga qara, nodon odam, oʻzim ham uni bilaman, oʻtaketgan dimogʻdor, kibrli, takabbur odam. Ammo nachora, chaqirmasdan iloj yoʻq. Chaqiriq qilib uni aytmaganimni eshitib qolsa, naq oyogʻimni osmondan qilib yuboradi…

Xotin: Mayli, yozdim, mana!

Er: Ikkilamchi. Mirsadriddin aka kennoyimlar bilan.

Xotin: E, qoʻysangizchi, oʻsha mahmadonangizni.

Er: Oʻv, nodon, oʻv, sodda, kaltafahm! Yoz degandan keyin yozaversang-chi! U Bositxon akamning oʻng qoʻlidek gap, boshqarmada uning oldiga tushadigan laganbardor, undan oʻtadigan xushomadgoʻy yoʻq, qolaversa, birorta oʻtirish usiz oʻtmaydi. Lekin kennoyimlar, haqiqatdan menga yoqmaydilar. U kishi mehmonga emas, xuddi bozorga borgandek oʻzlarini koʻz-koʻz qiladilar.

Xotin: Oʻzlarini emas, boyliklarini deng. Tillolarini, zarlarini bozorga solib koʻz-koʻz qilgani keladilar.

Er: Xoʻshsh… Endi navbat Abdurahmonbegiga. Menga qolsa, mana shu sovuqni yozmasdim.

Xotin: Voy, hammani aytib buni ajratib qoʻyasizmi, eshitsa, nima degan odam boʻlasiz?

Er: Ha, eshitsa, hafa boʻladi. Ammo yomon betaʼsir odam-da! Bunaqa mechkay, bunaqa suq, bunaqa ochofatni umrim bino boʻlib koʻrmaganman. Ha, axir, mehmonga kelganingdan keyin hamma qatori obroʻyingni saqlab oʻtir. Yoʻq, “uni opkel, buni opkel”, deb doʻq qiladi. Aroqni-ku, suvdek ichadi.

Xotin: Oʻzini oʻzi desangiz, xotini oʻzidan ham bachkana. Qachon qarasa ishshaygani ishshaygan. Tavba…

Er: Xotini durust, ochiqqina. Xotin kishining ochilib-sochilib oʻtirgani maʼqul-da, kekkayib oʻtirgandan.

Xotin: Ho, yoqmay oʻlsin! Birovning xotini qancha ochilib-sochilib oʻtirsa-da, shundaymi?

Er: Ey, gapni chalgʻitmasdan yozsang-chi! Xoʻsh, kimga navbat keldi. Ha, Xayrullaxoʻja qolib ketay debdi-ku!

Xotin: Xoʻjani ham aytasizmi? Sal anaqaroq, deb yurasiz-ku uni.

Er: Lekin oʻziga yetkuncha shum, oʻziga yetguncha shayton, xoʻjasi tushmagur.

Xotin: Keling, qatordan qolmasin, yozib qoʻya qolay.

Er: Mayli, yoz! Xoʻsh, endi anavi bor-u, uni ham yozamizmi?

Xotin: Kim ekan u?

Er: Ha, anavi lalaygan bor-u, Eshvoy, Eshvoy.

Xotin: Uni nima qilasiz, har xil qalangʻi-qasangʻilarni aytaverasizmi?

Er: Endi xizmat-pizmat qilib yurarmidi, deyman-da! Choy tashish, ovqat-povqatga qarashish degandek.

Xotin: Ovqatni oʻshasiz ham eplarmiz. Tengingizmas-da, dadasi, tengingiz emas!

Er: Boʻpti, oʻchir yalangoyoqni! Yana kim qoldi…

Bola: Ada!

Er: Nima deysiz, toychoq?

Bola: Undan koʻra sinfimizdagi oʻrtoqlarimni aytib qoʻya qolaylik.

Er: Nega endi, ularni boshqa kuni aytamiz dedim-ku!

Bola: Oʻzingiz, yaxshi odamlarni chaqiraman deb, meni aldabsiz, hammasi yomon odamlar ekan-ku?!

Er: Ie, nima deganing bu, betamiz?!

Bola: Axir, boyadan beri oyim bilan oʻtirib hamma keladigan mehmonlarni yomonlayapsizlar-ku!

Er: (angrayib qoladi, keyin doʻq uradi) Kattalarning ishiga aralashgandan koʻra, oʻtirib darsingni tayyorla, oʻv, beadab!..

 

Javlon JOVLIYEV tayyorladi.

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/kimni-yozay-dadasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x