Erkakning bir kuni

Murodboy NIZANOV

 

Yoshi elliklar chamasidagi Erkak kishi rahbarining topshirigʻi esiga tushib, har kungidan ertaroq ishga otlandi. Oʻzi tuni bilan yaxshi uxlolmay, tongga yaqin koʻzi ilingan edi.

Yoʻlda-ku koʻp ushlanmay, avtobusga ilindi. Boʻsh oʻrin topib joylashdi. Har bekatda ikki yoʻlovchi tushsa, toʻrttasi chiqadi. Shunday qilib avtobus liq toʻldi.

– Joy bermaysizmi, zamondosh? – dedi bir ayol uning roʻparasiga kelib. U oynadan tashqariga qarab, koʻzini olib qochayotgan qizlarga qaradi. Ayol buni sezdi:

– Nega ularga qarayapsiz, tura qoling, siz erkaksiz-ku! – dedi boyagi ayol gʻashi kelib. Erkak jimgina joyini boʻshatib berdi.

Yigʻilish boshlangach, rahbari oʻrnidan turib mushti bilan stolga tushirdi.

– Hisoboting qani?

– Mana, olib kelyapman.

– Men senga bugun olib kel, deganmidim?!

– Kecha olib kirsam, ketib qolgan ekansiz.

– Ungacha qayerda eding?

Shunday qilib boshliq degani oʻtirdi-turdi, ogʻziga kelgan gapni qaytarmadi. Shundayam koʻngli toʻlmay, erkakchasiga soʻkib yubordi.

Endi bunisiga chidab boʻlmadi:

– Soʻkmang meni! – dedi achchiqlanib.

Rahbar biroz ovozini pasaytirdi:

– Nima boʻladi, soʻksam?! Xotin emassan! Erkaksan-ku! Bir soʻkishim bilan…

Uning erkaklik nomusi qoʻzgʻab, boshligʻini kechirdi.

Tushdan keyin xonasiga bir qariya keldi. U ilgari shu mahkamada ishlab ketgan, hozir oʻgʻlining uylanishiga yordam soʻrab kelgan ekan.

– Bu masalani men bir oʻzim hal qila olmayman, – dedi Erkak qariyaga.

– Nega ekan?

– Boshliq bilan maslahatlashish kerak.

– Qachon gaplashasiz?

– Kelganida gaplashaman.

– Qachon keladi?

– Bilmadim. Balki kechroq, balki ertalab…

– Kechroq… ertalab… Erkakmisan, gapni bir kesib aytmaysanmi?!

Qariyaga achchiq ustida bir narsalar degisi keldi-yu, tagʻin oʻzini bosdi. Bu yerda uning erkakligini yuziga soladigan nima gap boʻldi?

Mazasi qochib, tushlikka uzoqqa borgisi kelmadi. Bufetdan toʻrtta pirojka olib, bir choynak choy bilan ovqatlandi.

– Bir yuz oʻttiz besh soʻm, – dedi bufetchi hisoblab. U bitta yuztalik bilan elliktalik uzatdi. Bufetchi pulni tortmaga tashladi-da, keyingi mijoz bilan hisoblasha ketdi.

– Kelin, qaytim bermaysizmi? – dedi Erkak.

Bufetchi olayib bir qaradi:

– Oʻn besh soʻmni soʻrab turibsizmi? Mana, yana erkak emish bu!

Oʻzining oʻn besh soʻm pulini qoʻliga olganidan xazarlanib, choʻntagiga zoʻrgʻa soldi.

Ishdan qaytishda bozorga kirib oʻtdi. Bozorda oʻrtancha qizi taʼtilda onasining oʻrnida suv sotishga yordamlashayotgan edi. Birga qaytmoqchi boʻldi. Qarasa, qizi bir ayol bilan savdolashib turgan ekan.

– Qizim, oʻn besh soʻm tushib ber, – dedi ayol.

– Yoʻq, besh soʻm tushishim mumkin.

U oʻn besh soʻm deydi, bunisi besh soʻm deydi. Bir payt ayolning achchigʻi keldi.

– Otang bormi? – dedi qizga.

– Bor, – dedi qizi.

– Unda nima qilib turibsan bu yerda?

– Onamga yordam beryapman.

– Onang bilan ishim yoʻq. Lekin otangga aytib qoʻy. Bir opa aytdi degin. Roʻzgʻorini boqmagan erkak – erkak emas!

Erkakning obdan qora tutuni chiqib ketdi.

– Yigʻishtir, qizim! – dedi ayol uzoqlashgach.

Uyga kelsa, xotini darvozaning oldida qoʻshni ayol bilan chaq-chaqlashib turgan ekan. Qoʻshni ayol erini yomonlasa, buning xotini ham undan qolishmayapti.

– Juda topib aytdingiz, – deydi uning xotini. – Erkakning butuni yoʻq. Gapirgani yolgʻon, oʻylaydigani xotin! Bugun besh marta telefon jiringladi. Javob bersam, oʻchirib qoʻyadi. Unga men emas, uyimdagi Erkak kerak!

Erkak yonidagi qizidan uyalib, hech narsa eshitmaganday kichik eshikdan ichkariga kirdi.

– Dada, bozorga belgiyskiy plash tushibdi, – dedi toʻngʻich qizi ovqat mahali.

– Mayli, tushsa tushar, – dedi u.

– Tushaversin, degandan koʻra, olib beraman, demaysizmi? – dedi xotini qizining oʻrniga javob berib.

– Qancha turarkan?

– Yetmish besh ming deyapti.

– Voy-buy!!! Shuncha pulni qayerdan olaman?

Qizi indamadi.

– Toping, – dedi xotini. – Yurtning erkaklari qayerdan qizlariga topayotgan boʻlsa, oʻsha yerdan toping.

Erkak bechora damini ichiga yutib, toʻyar-toʻymas omin qildi-da, turib ketdi.

– Taqdir mening peshonamga shu erkakni yozgan ekan-da! – dedi xotini eriga eshittirib.

Endi oʻrniga borib yotayotgan edi, xotini yana boshladi:

– Oʻgʻlingiz yaqinda bittasini olib kelaman, deyapti.

– Olib kelaversin. Juda yaxshi.

– Juda yaxshi boʻlsa, ikki yuz ming pul toping!

– Qayoqdan topay!

– Qayoqdan topaman emish! Toping! Erkakmisiz oʻzi?!

Erkak tuni bilan mijja qoqmadi. Oʻgʻlining uylanishi, qizining plashi, oʻrtancha qizining suv sotgani, sobiq hamkasb qariyaga yordam, telefonning indamay oʻchirib qoʻyilgani, yana bir qancha javobgarligi borligini oʻylardi…

Ertalab boshi garang boʻlib, devordagi radioning ovozidan uygʻondi.

“Er kishining, yaʼni erkakning vazifasi nimadan iborat, deb oʻylaysiz?” – deb savol berdi jurnalist.

Unga bir kayvoni ayol javob bera boshladi.

“Erkak odam degani…”

U sakrab oʻrnidan turib radioning ovozini oʻchirib qoʻydi-yu, chala-chulpa yuvinib ishga otlandi…

Axir, erkak kishi javobgarlikni his qilishi kerak-da!

 

Qoraqalpoq tilidan Nilufar SAPAYEVA tarjimasi

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/erkakning-bir-kuni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x