Kavardon maftuni

Adabiyot muallimimiz Alovuddin aka Oybekning ijodi mavzusida dars oʻtayotib, “Oybek domla bizning Kavardonda koʻp boʻlardilar” degan gapni qistirib oʻtib ketdi. Men bunga juda qiziqib qoldim-da, maktabdan qaytgan zahotim bobomni soʻroqqa tutdim.

– Oybek domlani siz ham koʻrganmisiz, – dedim.

– Koʻrish ham gapmi, necha qayta uchrashganman, – dedi Mansur bobom kulimsirab. Keyin mening qistovim bilan buyuk adib haqidagi xotiralarini bir chekkadan soʻzlab berdi. Shundan beri ham mana necha oʻn yillar oʻtib ketdi. Biroq har safar Oybek asarlarini qoʻlga olarkanman, beixtiyor bobomning soʻzlari, shuningdek boshqa hamqishloqlarimning adib haqidagi xotiralari xuddi kechagidek xayolimda jonlanaveradi.

 

Shunday tanishgandik

 

Sobiq “Mehnat-birlik” jamoa xoʻjaligi raisi Omilboy Yoqubov xotiralari

 

1935 yili doʻstim Muhsin polvon bilan Toshkentning Eski Joʻvasidagi mardikor bozoriga ish izlab borsak, qarangki, taqdir bizni Oybekdek yozuvchiga roʻpara qilib qoʻydi. Biz adibning bogʻ hovlisidagi yumushlarini bajarib boʻlgach, choy ustida shirin suhbatga gʻarq boʻldik. Ammo tirikchilik bahonasida boshlangan bu tanishuv biz uchun uzilmas doʻstlik rishtasiga aylanib qolishini xayolimizga ham keltirmagandik…

Oradan roppa-rosa oʻn bir yil oʻtgach 1946 yilning jazirama yoz kunlarining birida ustoz Oybekni qozogʻistonlik qalamkash doʻsti Abdulla Tojiboyev va adabiyotshunos Homil Yoqubovlar bilan birgalikda, qadrdon Qoʻchqor aka Eshmuhamedovning taklifiga koʻra, Kavardonga taklif qildim. Maqsad ularni qishlogʻimiz hayoti bilan tanishtirish edi.

Yodimda, oʻshanda Oybek domlaning yengil mashinasida tor va oʻnqir-choʻnqir yoʻllardan yurib, Kavardonga kirib kelgandik…

Shu-shu boʻldi-yu, Oybek domla Kavardonning musaffo havosiga, soʻlim bogʻlariga, xushtavoze odamlariga maftun boʻlib qoldi. Ular bilan yaqindan tanishib, hamsuhbat boʻlib, yaqin qadrdoniga aylanib ketdi.

Oybek domla qishloq yonidan oʻtadigan tezob Qorasuv daryosidan baliq ovlashni va bedazorlarda bedana tutishni xush koʻrardi. Ana shu omillar uning ijodiy fikrlashiga turtki berardi chamamda. Ajoyib yozuvchi oʻz umrining soʻnggi yillarigacha Kavardonga kelib turdi. Ammo Oybek domla bilan birga boʻlgan kavardonlik hamqishloqlarim hech qachon u kishini jahli chiqqan va xomush yurgan holatda uchratishmagan. Doimo hayotdan zavqlanib, ilhom olib, joʻshib ijod qilardi.

 

Adibni rom etgan qishloq

 

Almat brigadirning hovlisidagi bogʻ etagidan Qoraqalpoq anhori oqib oʻtardi. Ana shu anhor ustiga moʻjazgina soʻri oʻrnatilgan boʻlib, Oybek domlani mudom shu yerda ijod qilib oʻtirganini koʻrish mumkin edi.

Oybek domla har kungidek barvaqt uygʻonganda uy bekasi Tojixon aya oʻchoqdagi dekchada pishirilgan sutdan kosalarga suzib kelib, birini adibning, yana birini esa Almat brigadirning oldiga qoʻyardi.

Nonushtadan soʻng Almat brigadir dalaga joʻnar, Oybek domla boʻlsa kitob-daftarini qoʻltiqlaganicha chorbogʻ etagidagi anhor ustiga qoʻndirilgan soʻriga tushib borardi.

Oʻsha kuni Oybek domla tushgacha oʻrnidan qoʻzgʻalmay ijod qildi.

– Hormasinlar!

Oybek domlaning oʻy-xayollari boʻlinib, yozuvdan bosh koʻtardi. Qarasa, kavardonlik doʻstlari Qoʻchqor Eshmuhamedov, “Mehnat-birlik” jamoa xoʻjaligi rais muovini Saidvali Tursunov, Almat brigadir, Miryunus va Mirjamol akalar soʻriga chiqib kelishyapti.

Oybek domla:

– Salomat boʻlinglar, qani, qani, marhamat, xush koʻrdik, – deya oʻrnidan turib, ular bilan quchoq ochib koʻrishdi.

– Bu deyman, Oybek aka, qishlogʻimiz yoqib qoldi, shekilli, ijoddan boʻshamay qoldingiz, – dedi Qoʻchqor aka boshqalar qatori soʻriga joylashar ekan.

– Eh, nimasini aytasiz, Qoʻchqorvoy. Shu Kavardonga kelsam, oʻzimni juda yengil his qilaman. Mana keyingi kunlar qalamim yanada yurishib qoldi. Qrimda yozib tugatgan “Oltin vodiydan shabadalar” romanimni qayta ishlab boʻldim, – dedi Oybek domla jilmayarkan. – Toza havo – tanga davo-da!

– Ha, nimasini aytasiz, domla, Kavardonga duo ketgan-da, – deya salmoqlab gap boshladi Qoʻchqor aka. – Arxeolog olimlarning aytishlaricha, Kavardon qishlogʻida qadimiy burgʻuluq madaniyatiga mansub qatlamlar yotgan ekan, qoʻhna Kavardon ilk oʻrta asrda hokimlik markaziga aylangan boʻlib, oʻz pulini muomalaga chiqargan ekan.

Qoʻchqor akaning gapida jon bor edi, albatta. Chunki oʻsha vaqtlarda shaharda zarb qilingan baʼzi tangalar vohadagi Qanqa shahri qazishmalaridan ham topilgan. Ana shu tangalarga va qoʻlyozma manbalariga asoslanib, shaharning qadimiy nomi Kavarna ekanligini bilib olish mumkin, lekin bu nomning qanday kelib chiqqanini, tub maʼnosini aniqlash mushkul. Toʻgʻri, bu shahar atrofida goʻrtepaliklar koʻp uchragani bois, uning nomi turkiy qabr soʻzi bilan bogʻliq, deb aytish mumkin. Lekin undan-da qadimiyroq ekanligini nazarda tutadigan boʻlsak, u holda Avesto kitobidagi afsonaviy Kavi (Gavi) – buqa nomidan olingan, degan mulohazaga boriladi. Kavardon qishlogʻi nomi oʻsha eski Kavarna shahrining oʻzgargan shakli boʻlsa kerak. Umuman, mazkur Kavarna shahri X-XII asrlarda ayniqsa ravnaq topgan ekan. Kavarna adirlari hunarmandchilik markazlaridan biriga aylangan. Chunki oʻsha vaqtda Shosh (hozirgi Toshkent)ga boradigan savdo yoʻli Kavarna shahridan oʻtgan edi. Xuddi shu davrda u arab sayyohlari xaritasida ham qayd etilgan.

Koʻhna Kavarna shahri qaʼridan topilgan koʻplab tilla taqinchoqlar va tarixiy obidalar bu yerda hunarmandchilik yuqori darajaga koʻtarilgani, madaniyati yuksak boʻlganidan darak beradi.

– Kavardon qishlogʻining tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi, – deya Almat brigadir gapga qoʻshildi. Mana yillar oʻtsa-da, tarixi haqidagi qiziq bir hikoya avloddan-avlodga oʻtib kelyapti.

– Xoʻsh, xoʻsh… – qiziqdi Oybek jonlanib.

– Aytishlaricha, bir kuni ovdan qaytgan Toshkent hokimi mahkama odamlarini toʻplashga buyuradi. Odati boʻyicha hokim ovdan qaytgach, maishat qilishni yoqtirardi. Bu gal uning avzoyi boshqacha edi.

– Chirchiq daryosining narigi tomonida dehqonchilik qiladurgʻon yerlar bor ekan. Ammo toʻqay va changalzor boʻlib yotibdi. Biz bu yerlarni oʻzlashtirmogʻimiz darkor. Bu haqda sizlarning fikrlaringizni bilmoqchimiz, – deydi mulozimlariga.

Yigʻilganlar u yerga bir necha dehqonni yuborishni maslahat berishadi. Hokim shu zahotiyoq “ishga kirishing”, deb buyruq beradi.

Jarchilar Toshkentning toʻrt dahasiga ot choptirib ketadilar… Mahkamaga bir toʻda talabgor dehqon keladi. Ularga ot, hoʻkiz, arava, omoch, urugʻlik va bir yillik xarajat, oziq-ovqat ajratiladi. Merganlarning boshligʻiga dehqonlarni oʻsha yergacha kuzatib qoʻyish topshiriladi.

– Dodxo, ularni qayerga joylaymiz? Hammayoq qamishzor, toʻqay-ku! – hayron boʻlib soʻraydi mergan.

– Kemerge, – buyuradi hokim.

Hokim “kemerge” deb Chirchiq daryosi sohillaridan qochgan boʻrsiqni nazarda tutgan edi…

Erta bahorning serquyosh kunlaridan birida Toshkentdan yoʻlga chiqqan dehqonlar uch kechayu kunduzda “kemerge”ga yetib kelishadi. Ular shu yerda oʻrnashib, toʻqay va botqoqliklarni oʻzlashtirishga kirishadilar. Ariqlar qazib, Qorasuvdan suv chiqarishadi…

Yillar oʻtib bobolar boshlagan ish davom etadi. Mana hozir oʻsha toʻqay va botqoqliklardan asar ham qolmagan. Lalmikor yerlarga har yili paxta, kanop, makkajoʻxori, bugʻdoy, beda ekilib ulardan moʻl hosil yetishtirilayapti… Qorasuv daryosi esa, hamon shovullab oqmoqda… U Kavardon, Boʻkanboy, Qirgʻizovul va bir qancha boshqa qishloq yerlariga hayot baxsh etyapti… Qorasuv daryosining qanchadan-qancha irmoqlari bor. Qoraqalpoq anhori ham daryoning irmoqlaridan biri hisoblanadi…

Almat brigadirning hikoyasi taʼsirida Qoraqalpoq anhori ustiga oʻrnatilgan soʻrida oʻtirganlarning barchasi suvga tikilganicha sukutga berildi.

– Eh-a, Kavardonning ham oʻziga yarasha gʻaroyib tarixi bor ekan-da, – deya Oybek domla oʻrtadagi sukunatni buzdi. – Buni bilmas ekanman. Sizlardan eshitib qishlogʻingiz haqida yaxshigina taassurotga ega boʻldim.

Ha, oʻsha kundagi suhbat sabab boʻldimi, Oybek domlaning Kavardonga mehri yanada ortdi.

 

Yaxshidan bogʻ qoladi

 

1948 yilning bahori. Tabiat yam-yashil libosga burkangan, qir yonbagʻirlarida oʻtlab yurgan qoʻy-echkilar maʼrab, fasli bahor kirganligini daraklayotganday.

Kavardon qishlogʻidagi Qoraqalpoq anhori ustiga oʻrnatilgan soʻlim shiyponda atoqli adib Oybek qalamkash doʻstlari Lev Penkovskiy, Vladimir Lugovskiy, Nikolay Tixonov, Konstantin Simonov, Sergey Borodin, Berdi Kerboboyev, Sobit Muqonov, Abdulla Tojiboyev, Gʻafur Gʻulom, Maqsud Shayxzoda, Homil Yoqubov, shuningdek, Qoʻchqor Eshmuhamedov, Saidvali Tursunov, brigada boshligʻi Rahima Davilovalar qoʻr toʻkib oʻtirishibdi. Ular Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan yigʻilishgan.

Unda birinchi boʻlib yubiley kechani oʻtkazish boʻyicha komissiya raisi Oybek soʻz oldi. Soʻng navbatma-navbat N. Tixonov, K. Simonov, S. Muqonov va boshqalarga ham soʻz berildi. Ular sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy asarlarining umrboqiyligi, badiiy qimmatini oʻlchab boʻlmasligini va jahon adabiyotida tutgan oʻrni haqida gapirishdi.

Shuningdek, kechada Gʻ. Gʻulom, M. Shayxzoda, A. Tojiboyevlar Alisher Navoiy ijodi haqida gapirishib, sheʼrlar oʻqishdi. Kechada ishtirok etganlar Oybekning tavsiyasi bilan Kavardon qishlogʻining koʻchalaridan biriga buyuk alloma Alisher Navoiy nomini berishni maslahat qilishdi. Hozir ham qishloqning markaziy koʻchalaridan biri Alisher Navoiy nomi bilan ataladi.

Oʻsha kuni Alisher Navoiyga bagʻishlab oʻtkazilgan kecha tugagach, Oybek domla qalamkash doʻstlari bilan yubiley kechasi oʻtkazilgan shiypon yonidagi chorboqqa ikki tup yongʻoq daraxti oʻtqazdi. Mana, oradan yarim asrdan oshiqroq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, buyuk adiblar qoʻli bilan ekilgan ikki tup yongʻoq bahaybat daraxtga aylanib, oʻzining hosilidan qishloq ahlini bahramand etib kelmoqda.

 

Polizdagi “shirinak”

 

1954 yilning avgust oyi oxirlab qolgan. Oʻsha yili yoz juda issiq keldi. Biz Oybek domla bilan Qorasuv daryosining narigi tomonidagi qovun poliziga bordik. Uning maydoni 5 gektardan oshiqroq boʻlib, turli nav qovunlar pishib yotardi. Oybek domla oʻsha kuni daladagi qovunlar ichida qaysi biri shirin chiqarkan, deya har bir chayladan “shirinak” uchun bittadan qovun olib chiqishni taklif etdi.

Hayitvoy, Ahmad, Rahmonqul, Mansur, Almat va Muhsin polvonlar polizlardan bittadan qovun olib chiqishdi. Qovunxoʻrlik endigina avjiga chiqa boshlaganida toʻsatdan chayla orqasidan bedana sayrab qoldi.

Domla hammamizga “jim” degan ishora qildi-yu, oʻsha tomonga yoʻnaldi. Shu tariqa bedana ovi boshlandi.

Bir nechta bedanani ushladik. Oybek domla ularni bitta-bitta qoʻliga olib tomosha qilar va ozodlikka qoʻyvorarkan, bolalarga xos quvnoqlik bilan yayrab kulardi…

 

Oq kaptar

 

Otam xotirasi

 

Bizning uyimiz oldidagi Qoraqalpoq anhori ustida Oybek domlaning soʻlim shiyponi bor edi. U kishi ana shu shiypondagi soʻrida oʻtirib allanarsalarni yozar, baʼzan esa yozuvchi va shoirlar bilan adabiyot haqida bahslashardi. Hatto men Oybekning qalamkash doʻstlari Gʻafur Gʻulom, Maqsud Shayxzoda, adabiyotshunos Homil Yoqubovlar bilan bir necha bor qishlogʻimizga mehmon boʻlib kelishganini koʻrganman.

Oʻsha kezlarda Oybek domlaning sogʻligʻi yomonlashgandi. Shu boisdan shifokorlar unga koʻproq kaptar goʻshtini qaynatib ichishini maslahat berishgan ekan. Uyimizdagi bogʻ etagida eski qishloq tegirmoni boʻlib, uning tomida turli xildagi kaptarlarni boqardim. Uning shiyponda kichkinagina dekchasi boʻlib, biz olib borgan kaptarlarni brigadir Rahima opa Davilova pishirar, yozuvchi boʻlsa faqat suvini ichib, goʻshtini yemay, bizga berardi.

…Kunlarning birida men bitta oq kaptar tutib olib, uni Oybek domlaga olib bordim. Oʻshanda u qishlogʻimiz choyxonasida keksalar bilan suhbatlashib oʻtirardi. Men olib borgan kaptarimni u kishining qoʻliga tutkazdim. Yozuvchi xa-xolab kulib, yelkamga urib-urib qoʻydi-da:

– Oq kaptar – tinchlik jarchisi, – deb uni uchirib yubordi…

 

Omadsiz ov quvonchi

 

Qorasuv daryosining atroflari toʻqayzor boʻlib, u yerlarda turli xil hayvonlar ham yashardi. Bahor va yoz oylari Qorasuv daryosi lim-lim toʻlib oqar, baliq esa moʻl edi.

Elliginchi yil yozi oʻrtalarida biz Oybek domla, kavardonlik doʻstlarim Hayitvoy, Qoʻchqor akalar bilan Qorasuv daryosiga baliq oviga bordik. Daryo boʻyiga yetib kelgach, Hayitvoy va Qoʻchqor akalar suvga tushishib, toʻr bilan baliq tuta boshlashdi. Boshiga chust doʻppi kiyib olgan Oybek domla qarmogʻiga xoʻrak ilib, suvga tashladi-da, zumda barcha narsani unutgandek, hayqirib oqayotgan shoʻx daryoning shovullashiga, oʻrkach-oʻrkach toʻlqinlarga tikilganicha xayolga toldi.

Qoʻchqor akaning “Qarmoqni torting, Oybek domla”, degan ovozi uning xayollarini toʻzgʻitib yubordi. Qarmoqdagi poʻkak esa goh suvga choʻkib, goh suv yuziga qalqib chiqardi. Oybek domla qarmoqni tortib olarkan, unga ilingan tanga baliq tipirchilab chiqib ketishga intilardi. U kishi baliqni asta boʻshatib olib, qarmoqni yana suvga tashladi. Shu alfozda biz kun boʻyi ovora boʻlsak-da, bor-yoʻgʻi bitta baliq tutdik, xolos. Shunga qaramay, Oybek domlaning boshi osmonga yetib yosh bolalardek quvongan edi.

 

Yulduzlar

 

Qishloq boʻylab oqshom choʻkkan. Toʻlin oy atrofni sutday yoritib yuborgan sohir bir kecha. Oybek domla qoʻshni xonada shirin uyquda yotgan doʻstlari Maqsud Shayxzoda va Omilboy Yoqubovni uygʻotib yubormaslik uchun asta turib, boshiga doʻppi, yelkasiga choponini tashlab, bogʻ etagidan anhor tomon yoʻl oldi. Soʻng anhor ustidagi soʻriga chiqib oʻtirdi.

U Kavardon osmonini bezab turgan toʻlin oy va toʻp-toʻp yulduzlarga mahliyo boʻlgancha tikilib toʻymasdi. U bir mahal yulduzlardan koʻz uzdi-da, shoshilinch ravishda qoʻliga qogʻoz-qalam oldi.

 

Men sizga yulduzlar, intizordirmen,

Har oqshom kutaman, sogʻinib sizni.

Soʻyla, Oltin qoziq, bilasan sirni,

Hoy, oqshom yulduzi, oʻrgat sehrni!

Suprangiz chetini it tortganini

Buvimdan eshitib, yigʻladim-kuydim.

Somon yoʻllaridan koʻp dafʼa yurdim,

Suhbatda siz bilan shirin oʻy surdim.

 

Oybek sheʼrining soʻnggi misralarini qogʻozga tushirarkan, qishloqda tong otib, xoʻrozlar qichqirigʻi mast uyquda uxlab yotgan qishloq ahlini uygʻotdi. Qalamkash doʻsti Maqsud Shayxzoda ham xoʻrozlar qichqirigʻidan uygʻonib, koʻzlarini uqalaganicha tashqariga chiqib, anhor tomon yoʻl oldi.

Oybek “Yulduzlar” deya nomlangan sheʼrini shoir doʻstiga oʻqib berdi.

Maqsud Shayxzoda sheʼrini tinglagach: “Qanday chiqibdi?” deya intizorlik bilan tikilib turgan Oybekka quvonch bilan bosh barmogʻini koʻrsatib:

– Mixdek! – dedi.

 

Oybek bilan

 

Ikkinchi jahon urushi qahramoni Saidusmon Qosimxoʻjayev xotiralari

 

Qorasuv daryosining narigi qirgʻogʻida Saidislom amakimning dalasi boʻlardi. Saidislom amakim erta bahordan to kech kuzgacha oʻgʻli Sharifxoʻja bilan qishga yegulik uchun ekin ekishib, roʻzgʻorga yarasha hosil olishardi. Asosan ular qovun-tarvuz, kartoshka, pomidor, sabzi, piyoz va makkajoʻxori ekishardi. Saidislom amakim bir necha yil avval ekkan tok va non jiydasi ham hosilga kirib qolgandi.

Saidislom amakim ana shu dala chekkasidagi daraxtlar orasiga kun issiq va charchagan paytlarda dam olish uchun shinamgina chayla qurib qoʻygandi.

Ular dehqonchilik qilayotgan dala atroflari keng pichanzor va bedazor boʻlib, kishi tizzasiga yetardi. Har yili qishki yem-xashakni shu yerdan oʻrib yigʻishardi. Chaylaga yaqin boʻlgan bedazorda bedana ham juda koʻp uchrardi. Saidislom amakim bedanaga juda qiziqar va shu boisdan ham chayla atroflariga bir nechta toʻrqovoqda bedana ilib qoʻyardi.

Yozuvchi Oybek qishloqqa kelgan kezlarida ahyon-ahyonda ana shu chaylaga kelib, bedanalarning sayrashini tinglab maza qilib hordiq olardi.

Qishloq bedanavozlari Gulmat, Saidolim, Muhsin polvon, Ahmad, Almat, Rahmonqul, Rahmon akalar tez-tez bedazorga kelishib, tuzoq qoʻyishardi. Oybek domla tuzoqqa tushgan bedanani boʻshatib, uni uchirib yuborishni yaxshi koʻrardi. Ayniqsa, qoʻlidan pitir etib uchib ozodlikka chiqqan bedanani koʻrsa, yayrab-yayrab kulardi. Qishloqdosh doʻstlari bedana tutishdan, Oybek domla esa ularni uchirishdan huzur olardi.

Oybek domla meni hamisha Saidusmon deb emas, “Qahramon” deb chaqirishga odatlangan. Chunki u kishi urush vaqtida Dnepr daryosidan kechib oʻtishda qahramon boʻlganligimni yaxshi bilardi. Oybek domlani “Qahramon” deb chaqirishi koʻnglimni togʻdek koʻtarib, menga yanada gʻurur bagʻishlardi.

 

Mehmon

 

Oʻrmon buva Qurbonov xotirasi

 

Biz yashaydigan uy Kavardon qishlogʻining eng chekkasida joylashgan boʻlib, uyimizning yonginasidan Qoraqalpoq anhori oqib oʻtardi. Ayniqsa, u bahor va yoz fasllarida toʻlib-toshib oqardi. Tip-tiniq boʻlib oqayotgan anhor suviga kishi qarab toʻymasdi. Qaldirgʻochlar anhor uzra chugʻurlashib, unchalik shoʻx boʻlmagan toʻlqinlar bilan quvlashmachoq oʻynashardi.

Oybek domla Kavardon qishlogʻiga kelgan kezlarida bizning uyda ham tez-tez mehmon boʻlib ketardi. Men Oybek domla bilan bir necha bor uchrashib, hamsuhbat boʻlib, u kishini dilkash va quvnoq inson ekanligiga guvoh boʻlganman.

Oybek domla har kuni tong sahardan qushlarning mayin sayrashidan uygʻonib, qoʻliga ketmon olib, uyimizdan uzoq boʻlmagan Xonimtepa balandligi oldiga kelardi. Kelardi-yu, ketmon chopishga tushib ketardi. Men:

– Ha, Oybek domla, oltin-poltin qidiryapsizmi? – desam, u kishi biroz duduqlangan tarzda, “ha, ha, oltin, oltin”, derdi. Keyinchalik bilsam, Oybek domla oʻzidagi kuchayib borayotgan xastalikni ketmon chopish bilan yengishga harakat qilarkan…

1954 yilning 18 aprel kuni Oybek domla qishloqdosh doʻsti Qoʻchqor aka Eshmuhamedov, xoʻjalik raisi Omilboy Yoqubov va yana bir-ikki qalamkash doʻstlari bilan bizning uyga mehmon boʻlib kelishdi. Mehmon otangdan ulugʻ, deyishadi. Men darrov kelgan mehmonlarni ichkariga taklif qildim. Keng va toʻkin dasturxon atrofida uzoq suhbatlashdik.

– Oʻrmon, bugun oʻgʻillik boʻlibsan, tabriklayman, – dedi suhbat chogʻida Omilboy Yoqubov. Boshqalar ham tabriklashdi.

Oybek domla boʻlsa qoʻlimni mahkam qisib tabriklarkan:

– Oʻrmon, ismini nima qoʻyding? – deya soʻradi.

Men esa u kishiga hali chaqaloqqa ism qoʻymaganligimni aytdim. Shunda Oybek domla xa-xolab kulib: “Me-h-mon”, “Me-h-mon”, dedi. Bu Oybek domlaning menga, oʻgʻlingni ismini Mehmon deb qoʻygin, degani ekan. Shu-shu boʻldi-yu, Oybek domlaning maslahati bilan oʻgʻlimga Mehmon deya ism qoʻydim.

Men har gal oʻgʻlimning ismini aytib chaqirsam, Oybek domlaning “Me-h-mon”, “Me-h-mon”, – degan soʻzlari quloqlarim ostida yana takror jaranglagandek tuyulaveradi…

 

Xastalik va jasorat

 

Keyinchalik bu ajoyib insonning sogʻligʻi yomonlasha boshladi. Shunday ogʻir vaziyatlarda ham u ijodiy izlanishdan oʻzini chetga olmadi, tinmay izlandi, yangi-yangi asarlar yozdi. Oʻsha xastalik vaqtida Oybek domla bir sheʼrida shunday degan edi.

 

Xastamen… Fikrga, tuygʻuga toʻlib –

Oy menga hamqadam, sokin yuramen,

Sogʻaysam bir kuni yozamen toʻyib,

Hislarga qalbimni qoʻshib yozamen,

Kechalar yururmen telbaday horib,

Boshimda oy borur – menga hamqadam,

Xayollar uchadi mashʼalday yonib,

Toʻyib yozajakman bir kun sogʻaysam.

 

Ha, Oybek domla ichida dard-alam bilan olov boʻlib yonayotgan xastalikning qalb tugʻyonlariga ana shunday taʼrif beradi. Oybek domla oʻz umri davomida yigirmadan ortiq yirik asarlar yozib, oʻzbek adabiyotimizni boyitib ketgan buyuk yozuvchi boʻlsa-da, yuqoridagi sheʼrida taʼkidlaganidek, baribir toʻyib yozolmagan edi. Ana shu xastalik paytlarda ham Oybek domla Kavardon qishlogʻiga tez-tez kelib turardi. Yoz oylarida esa doim shu yerda dam olardi. Ruhini tushirmaslikka, quvnoq va xushchaqchaq yurishga harakat qilardi. Rafiqasi Zarifa Saidnosirova ham hamisha Oybek domla bilan yonma-yon yurib, uning xasta jismiga malham boʻlardi. Ha, Zarifaxonimning oʻsha paytlardagi koʻrsatgan mehri tufayli Oybek domlaning “Ulugʻ yoʻl”, “Quyosh qoraymas” romanlari, “Bolalik”, “Nur qidirib” kabi koʻplab yirik asarlari yaratilib, bizning davrimizga yetib keldi, oʻz muxlislarini topdi.

 

Doʻstlar vidolashuvi

 

1966 yilning iyun kunlaridan birida Qoʻchqor aka Eshmuhamedovdan Oybek domlani biroz tobi boʻlmay yotib qolganligini eshitib, akam Omilboy Yoqubov bilan birga u kishini koʻrgani bordik. Oybek domla bizni koʻrgach:

– Omilboy, Zuhriddinjon, xoʻp yaxshi kelibsizlar-da. Endi bu yogʻiga yana qancha umrim qoldi, bu Yaratgan egamga bogʻliq. Eshitishimcha, doʻstim Gʻafurjon ham ogʻir xasta emish. Hozir sizlarning hamrohligingizda Gʻafurjonni koʻrib kelsak, – dedi.

Oybek domla bilan adibning Beshyogʻochdagi uyiga kirib borganimizda Gʻafur Gʻulom toʻshakdan ohista bosh koʻtardi. Ikki doʻst bir-birini bagʻriga bosgancha uzoq vaqt quchoqlashib dardlashishdi. Ana shu diydorlashuvdan chamasi bir oylar oʻtib, Oybek domlaning eng qadrdon doʻsti Gʻafur Gʻulom bu yorugʻ dunyodan koʻz yumdi…

 

Soʻnggi diydor

 

Oybek domla bilan hamqishloqlarim eng soʻnggi bor 1968 yilning may oyida Kavardonda uchrashishdi.

Oʻshanda Oybek domla rafiqasi Zarifa Saidnosirova va qizi Gulranglar bilan qishloqqa kelgan ekan. Ana shu kezlarda Oybekning qalamkash doʻstlari – oʻzbek adabiyotining yirik vakillari Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor va Maqsud Shayxzodalar hayotdan koʻz yumgan edi.

Oybek domla Kavardonga kelganda qishloqdosh doʻstlaridan biri Muhsin polvon ham olamdan oʻtgan edi. U kishi qishloq qabristoniga borib, doʻsti Muhsin polvon yotgan qabrni ziyorat qilib qaytdi. Hamqishloqlarimning Oybek domla bilan soʻnggi bor uchrashayotganliklari xayollariga kelmagan edi. Uning xushchaqchaq chehrasi esa kavardonliklar yodida abadiy qolajak.

Oybek domla umrining koʻp yilini oʻtkazgan Kavardon qishlogʻidan asta ortga qaytarkan, qishloq uning koʻziga har doimgidek soʻlim boʻlib koʻrindi. Keyinchalik u qishloqqa albatta qaytib kelajagi, bu yerda orttirgan qadrdon doʻstlari bilan yana uchrashajagini koʻngliga tugib qoʻydi. Lekin hayotda doim insonning oʻylagani boʻlavermas ekan. Oradan bir oydan oshiqroq vaqt oʻtgach, radio orqali mashʼum xabar respublikamizning chekka qishloqlaridan biri, uning oʻzi yashab ijod etgan Kavardonga yetib kelganda minglab kitobxonlar qatori ularning ham butun vujudi larzaga tushgandi.

Toʻgʻri, hech kim dunyoga ustun boʻlolmaydi. Bu – hayot qonuni. Lekin umrni mazmunli oʻtkazish, el-yurtda yaxshi nom qoldirish inson uchun ulugʻ saodatdir.

Oʻzbek adabiyotining zabardast namoyandasi Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek oʻz umrining soʻnggi yillarigacha yashagan kavardonliklar xotirasida ham oqilligi, ham kamtarinligi bilan hamisha barhayotdir.

 

Latifjon MANSUROV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–5

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/kavardon-maftuni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x