Dunyo sivilizatsiyasining muhim markazlaridan bo’lgan va o’zbek davlatchiligining dastlabki tamal toshlari qo’yilgan qadimgi Xorazm tarixi juda katta va murakkab ilmiy muammo sifatida ko’plab olimlarning e’tiborini jalb qilib kelgan. Bu narsani biz uzoq o’tmish sadosi sifatida iz qoldirgan — “Katta Xorazm” davlati tarixini o’rganish misolida ko’rishimiz mumkin.
Amudaryo va Orololdi hududida yashayotgan xorazmliklar tarixi uzoq o’tmishga — IV ming yillikdan boshlangan va yangi tosh davri deb nomlangan neolitga borib taqaladi. Voha tarixining bilimdoni akademik S.P. Tolstovning ma’lumotlariga qaraganda qadimgi ajdodlarimiz Kaltaminor, Tozabog’yop, Suvyorgan, Amirobod kabi ulkan madaniyatlarni yaratganlar va uzoq o’tmishdan yodgorlik sifatida qoldirganlar. Bu noyob madaniy meros va uni o’rganishga juda ko’plab olimlar o’z hissasini qo’shganlar.
Dunyo sivilizatsiyasining muhim markazlaridan bo’lgan va o’zbek davlatchiligining dastlabki tamal toshlari qo’yilgan qadimgi Xorazm tarixi juda katta va murakkab ilmiy muammo sifatida ko’plab olimlarning e’tiborini jalb qilib kelgan. Bu narsani biz uzoq o’tmish sadosi sifatida iz qoldirgan — “Katta Xorazm” davlati tarixini o’rganish misolida ko’rishimiz mumkin.
Mazkur davlat birlashmasi haqidagi dastlabki ma’lumotlar grek va fors yozma manbalarida uchraydi. Mil. old. VII–VI asrlarda Quyi Amudaryo, Zarafshon va Tajan daryosi havzalarida yashayotgan qabilalar “xorasmiylar” nomli xalq atrofiga birlashishgan va konfederatsiya (uyushma) shaklidagi dastlabki davlatlardan birini tashkil etishgan. Harbiy demokratiya printsiplariga asoslangan bu davlat aholisi uzoq yillar davomida Assiriya, Midiya va Eron ahmoniylari hurujlariga qarshi kurasha olgan.
“Katta Xorazm” konfederatsiyasida yetakchi bo’lgan “xorasmiylar” haqidagi ma’lumotlar Kichik Osiyolik tarixchi Gekatey Miletskiyning “Er tasviri” asarida uchraydi. Bu xalq Eron davlati hududidagi parfiylardan sharqdagi yerlarda yashagan va ularning “Xorasmiya” nomli shahri bo’lgan ekan.
“Tarix otasi” deb tan olingan va 9 qismdan iborat “Tarix” nomli asar yozgan Gerodot (480-425) ahmoniylar davlatining XVI satrapiyasiga (viloyati) kirgan xalqlar orasida parfiyaliklar, so’g’dlar, ariylar bilan birga xorazmiylar ham borligini ko’rsatadi . Bu xalqning nomi Doro I tomonidan mil. old. 517-515 yillarda Behistun qoya toshiga tushirilgan yozuvlarda ham qayd qilingan.
Buyuk Gerodot xorazmiylar yerlarini suv bilan ta’minlaydigan yirik daryo haqida ma’lumotlar qoldirgan. “Atrofi tog’lar bilan o’ralgan vodiydan Akes daryosi oqib o’tadi — deb yozadi u. — Bu vodiy qachonlardir xorazmliklar qo’lida bo’lgan, u parfiylar, saranglar, famoniylar chegarasida bo’lib, ularning yerlarini sug’organ. Hokimiyatga forslar kelgach, bu vodiy podsho qo’liga o’tgan” . Qadimgi Akes daryosining hozirgi nomi haqida olimlar orasida yagona bir fikr yo’q. Ularning ayrimlari bu daryoni Tajan, Gerirud, yana boshqa birlari esa — Amudaryoning nomi bilan bog’laydi.
“Katta Xorazm” muammosini o’rganish bir necha davrlarga bo’linadi. Uning dastlabki bosqichi — yozma manbalar, birinchi navbatda “Avesto”ni o’rganish bilan bog’liq bo’lgan. 1873 yilda Venada “Xorazm tarixi va xronologiyasiga doir” nomli kitobni nashr qildirgan nemis tilshunos olimi Eduard Zaxau “Avesto”da ko’rsatilgan “Kayrizao” mamlakati qadimgi Xorazm deb ta’kidlagan. Yana bir nemis olimi Yojef Markvart pahlaviy an’analarida zardushtiylarning Xorazmga ko’p e’tibor berganliklarini inobatga olib, bu yer “Avesto”da bir marta tilga olinishiga qaramay, u boshqa nom ostida berilgan degan hulosaga keladi. Olim “Avesto”dagi “Ar’yanem Vaychax”ning geografik o’rnini Xorazm bilan solishtiradi va bu afsonaviy mamlakat o’ziga bir necha qabilalarni birlashtirgan Xorazm podshohligi, ya’ni “Katta Xorazm” degan ilmiy taxminni 1901 yilda ilgari suradi . Y.Markvartning fikrini V.V.Bartol`d, Kissiling, S.P.Tolstov, YA.F.Fulomov, M.G.Vorob`eva va boshqa olimlar quvvatlashgan hamda geografik jihatdan mazkur davlat hududi Xorazm yerlariga to’g’ri kelishi haqidagi taxminni ilgari surganlar.
“Katta Xorazm” muammosini yechish uchun yevropalik olimlar olib borgan tadqiqotlarda ikki yo’nalish ko’zga tashlanadi. Bir qator olimlar “Katta Xorazm” davlat birlashmasi hozirgi Xorazm vohasida vujudga kelgan bo’lib, uning ta’sir doirasi Shimoliy Afg’oniston va Sharqiy Eronga qadar yoyilgan deb hisoblasalar (Markvart, Kissiling, Tomashek), ikkinchi yo’nalish tarafdorlari (Tarn, Al`txaym, Gershevich, Xenning) esa xorasmiylar dastlab Marv yoki Hirot atrofida yashagan, so’ngra esa forslar tazyiqi ostida shimolga — Quyi Amudaryo bo’ylariga ko’chishga majbur bo’lganlar degan fikrni quvvatlaydilar.
1938 yilda Y.Markvart va V.Tarn ismli olimlarning yangi yirik ilmiy ishlari nashr qilindi. Y.Markvart o’zining oldingi g’oyasini chuqurlashtirib, “Avesto” ma’lumotlarini grek yozma manbalari bilan taqqoslaydi hamda Gerodotning fikrlari asosida O’rta Osiyo va Xurosonning keng hududlarida ahmoniylardan oldin qudratli Xorazm podshohligi mavjud bo’lgan degan fikrni isbotlaydi.
I.Markvartning tadqiqotlaridan behabar bo’lgan sharqshunos V.Tarn “Xorasmiya” deb nomlangan podshohlik mavjud bo’lgan, degan g’oyani ilgari suradi. U geograf Strabonning parslari, Gekatey Miletskiy, Gerodot va Arrianning asarlaridagi xorasmiylar haqidagi fikrlarni bir biri bilan bog’lab, xorasmiylar Parfiya va Baktriya oralig’ida, aniqrog’i Marv yoki Hirot atroflarida yashaganlar deb xulosa chiqaradi.
“Katta Xorazm” haqidagi tasavvurlarni sharqshunos F.Al`txaym kengaytirgan. U xorasmiylar dastlab Xuroson tog’lari vodiylarida yashaganlar va ularning eng yaxshi yerlarini forslar tortib olganlaridan so’ng, Amudaryo bo’ylariga ko’chishga majbur bo’lganlar degan fikrni ilgari surgan.
Bu taxminni yevropalik olimlardan V.Xenning va I.Gershevich qo’llab-quvvatlashgan. Lingvinist V.Xenning “Avesto” tili bilan Xorazm tilini bir biri bilan taqqoslab, ularning yaqinligini aniqlagan. “Avesto”dagi so’zlar g’arbiy Eron tiliga ham, sharqiy Eron tiliga ham o’xshamas ekan. Shu boisdan olim “Avesto”dagi dastlabki muqaddas madhiyalar — “Gatlar” Marv yoki Hirot atroflarida, keyingilari esa Seyistonda yashagan xalqlar tiliga yaqin shevada yozilgan deb hisoblaydi.
“Katta Xorazm” mavzusining o’rganishdagi ikkinchi bosqich — arxeologik tadqiqotlar bilan bevosita bog’liq bo’lgan. Bu muammoni o’rganishga akademik S.P.Tolstov katta hissa qo’shgan. U “Katta Xorazm”ning mavjud bo’lganligini isbotlash uchun dastlab yozma ma’lumotlarga, xususan Xitoy va arab manbalariga ham murojaat qildi. Natijada “Avesto”da tilga olingan “Qang’a” va “Ayr’yanem Vaychax” hududlari Xorazmning geografik o’rniga mos kelishini aniqladi. Olim Xorazm hududidagi mil. old. VII-VI asrlarga oid yirik irrigatsiya inshootlari — Davdon, Chermonyop, Gavho’ra kanallari va ularning yaqinidagi Ko’zaliqir va Qal’liqirdan topilgan moddiy manbalarni “Katta Xorazm” davlati tarixi bilan bog’lashga xarakat qildi. Natijada u “Avesto”da mavjud “Kvadrat Vara”ning tasviri bilan qadimgi Xorazm qal’alarining qurilish uslubidagi o’xshash tomonlar borligini aniqlashga muvaffaq bo’ldi.
Ammo barcha olimlar ham S.P.Tolstovning fikrini yoqlashmagan. Hususan, Janubiy Turkman arxeologik ekspeditsiyasi boshlig’i, akademik V.M.Masson ko’p yillik tadqiqotlari asosida Xorazmda davlat shaklidagi qabilalar uyushmasi bo’lganligi haqidagi fikrlarini shubha ostiga oladi.
Akademik S.P.Tolstovning “Katta Xorazm” davlati va uning sug’orish inshootlari haqidagi g’oyalarini qadimgi Xorazmning sug’orish tarixini chuqur o’rgangan olim YA.F.Fulomov qo’llab-quvvatladi va uni yangi arxeologik tadqiqotlar xulosalari bilan tasdiqladi. Olimning fikricha, Gerodotning Akes daryosi haqidagi ma’lumoti noaniq bo’lishi bilan birga, bo’rttirib ham berilgan. Chunki Akes daryosi hozirgi janubiy Turkmanistondagi Tajan yoki Atrek daryosi vodiylariga o’xshaydi. Holbuki o’z navbatida xorazmliklar undan foydalana olmaganlar. Gerodot tasvirlangan suvni kanallarga bo’luvchi murakkab to’g’onning ahmoniylar hukmronligi davrida Amudaryoda qurilganligi ham shubha tug’diradi. Xorazmda yirik kanallar mil. old. I ming yillik o’rtalarida, ya’ni “Xorazm-Massaget” ittifoqi tashkil topgandan keyingi davrda bunyod etilgan. Xorazmliklar Janubiy Turkmaniston yerlarini bosib olib, bu hudud uchun ahmoniylar Eroni bilan kurash olib borganlar.
“Katta Xorazm” muammosini o’rganishga I.M.D`yakonov va M.G.Vorob`eva katta hissa qo’shgan. Xorazmning arxaik madaniyatiga oid 300 dan ortiq manzilgohlar mavjudligi va ularning janubiy Turkmaniston madaniyatiga o’xshash umumiy tomonlari borligini aniqlagan arxeolog M.G.Vorob`eva “Katta Xorazm” davlati chegaralarini belgilashga muvaffaq bo’ldi. Olimaning fikricha bu davlatning chegarasi janubda Amudaryoning o’rta oqimida joylashgan Qo’shqal’a va Odoytepa oralig’idan, shimolda — Orol dengizi “va g’arbda — Sariqamish ko’li yaqinidan o’tgan.
“Qadimgi Xorazm” muammosi tadqiqotchilari orasida xorazmliklarning asli vatani qaerda bo’lgan degan masalada ham yagona fikr yo’q. Xususan, bir guruh olimlar (S.P.Tolstov, YA.F.Fulomov, I.M.D`yakonov, M.G.Vorob`eva) xorazmliklar Amudaryoning quyi oqimidagi Xorazm vohasida yashab, janubiy Turkmanistongacha bo’lgan hududda hukmronlik qilganlar deb hisoblasalar, yana birlari (V.M.Masson, I.V.P`yankov, B.F.Fofurov, B.I.Vaynberg, A.S.Sagdullaev, L.S.Tolstova) xorazmliklar Tajan–Gerirud daryolari havzalarida yashashgan va keyinchalik qandaydir tazyiq ostida shimolga — hozirgi Xorazm hududiga ko’chib kelganlar, deb ta’kidlaydilar.
“Katta Xorazm” tarixiga oid yangi ma’lumotlarni professor B.I.Vaynberg o’rgandi. U mil. old. 674 yilga oid Asarhoddon yozuvlarida Ossuriya davlatiga qaram bo’lgan sharqdagi eng uzoq o’lka — Xoreana (Xorazm) haqida yozma ma’lumot borligini aniqladi. Olim Xoreanadagi Koles–Mura daryosining tasviri Gerodotning Akes daryosi haqidagi ma’lumotlariga mos kelishi, shimoliy Eron hududida yashagan xorazmliklar assiriyaliklar tazyiqi ostida O’rta Osiyoning janubiy viloyatlariga ko’chishga majbur bo’lganlar degan fikrni ilgari surdi.
Mil. old. VII asrning birinchi yarmiga to’g’ri kelgan bu ko’chish vaqtida xorasmiylarning bir qismi Quyi Amudaryo havzasiga, aksariyati esa — Oqchadaryo atrofiga kelib o’rnashgan. B.I.Vaynbergning bu taxminlari grek geografi Strabonning ma’lumotlari bilan tasdiqlanadi. Mahalliy massaget va ular yashagan hududga kelgan xorasmiylarning yerli aholi bilan aralashib ketishi natijasida bir-biriga o’xshamaydigan ikki madaniyatni — amirobod va quyisoy madaniyatini vujudga keltirgan.
Etnograf L.S.Tolstova xorazmliklarning yangi yerlarga ko’chib kelish haqidagi ma’lumotlarni o’zbek va qoraqalpoqlar orasidagi rivoyatlar bilan bog’lab o’rgangan . Dastlab Marv atroflarida yashagan xorazmliklar Amudaryo bo’ylariga ko’chib kelganlaridan so’ng, mil. old. VII asrda (al-Beruniy ma’lumotlariga qaraganda mil. old 1202 yilda) kayyoniylar sulolasi vakili Siyovushning o’g’li Kayhusrov boshchiligida ilk davlatga asos solganlar.
“Katta Xorazm” haqidagi yevropalik olimlar tomonidan ilgari surilgan fikrni tahlil qilgan arxeolog A.S.Sagdullaev Xorazm davlati birlashmasining poytaxti deb taxmin qilinayotgan Ko’zaliqir qal’asi mudofaa devorlari bilan Baktriyadagi qadimgi Qiziltepa devori orasida o’xshashlik borligini isbotladi. Olim Xorazmning arxaik davr madaniyati ob’ektiv asosda O’rta Osiyoning janubidagi xalqlar yodgorliklariga yaqin deb ko’rsatadi.
Ko’rinib turibdiki, qadimda “Katta Xorazm” qabilalar konfederatsiyasi mavjud bo’lganligini ko’pgina tadqiqotchilar e’tirof etsalar–da, ular orasida yagona bir fikr yo’q . Yangi manbalarning tadqiq qilinishi Xorazm tarixida iz qoldirgan ajdodlarimiz o’tmishini haqqoniy yoritish va madaniy qadriyatlarimizni tiklashga xizmat qiladi.
Madrahim Maxmudov, tarix fanlari doktori, professor
“KATTA XORAZM” ILMIY MUAMMOSINING
O’RGANILISHI TARIXIDAN