Katta O‘zbekiston trakti


Post Views:
357

KATTA O‘ZBEKISTON TRAKTI – Toshkent shahrini Guliston, Jizzax, Samarqand, Qarshi va Termiz shaharlari bilan bog‘lovchi xalqaro strategik ahamiyatga molik yo‘l. «O‘zavtoyo‘l» davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tasarrufida. Uzunligi 724 km. Toshkent shahrining viloyatlar bilan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy aloqalarida ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu yo‘nalishda o‘tgan karvon yo‘llari miloddan avvalgi 5-asrdan ma’lum bo‘lgan. 19-asrning 2-yarmidan boshlab Turkiston general-gubernatorligi tomonidan ushbu yo‘l «Uyezd – pochta yo‘li» nomi bilan atalgan. 1930-yillarda avtomobillarning ko‘payishi munosabati bilan yo‘nalishda yo‘ldan foydalanish xizmati tashkil etildi va yo‘lni rekonstruksiya qilish ishlari olib borildi. 1940–41 yillarda trakt hashar yo‘li bilan qayta qurildi. 20-asrning 2-yarmida rekonstruksiya ishlari olib borilib, beton-plita qoplamlari yotqizilgan. O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab traktning ayrim qismlari xalqaro ahamiyatli magistral avtomobil yo‘llariga bo‘linib ketdi. Traktning Toshkentga kirib kelish yo‘lida «Erkin» yo‘l harakati xavfsizligi nazorati maskani, Chilonzor buyum bozori, «Toshkent» avtovokzali, «Olmazor» metro bekati, tranzit yuk mashinalari, shaxsiy avtotransport vositalari to‘xtash joyi, yonilg‘i quyish shoxobchalari, sanoat va transport korxonalari, turli servis xizmat ko‘rsatish maskanlari bor. O‘zbekiston Respublikasi hukumati qarori bilan trakt yo‘nalishida keng qamrovli obodonlashtirish va qayta qurish ishlari olib borildi. Yo‘l bo‘ylarida kemping-motellar, yo‘l-industriya korxonalari, chet ellar bilan hamkorlikda qo‘shma korxonalar barpo etildi. Zamonaviy texnologiyalar yordamida yangi asfalt qoplamalari yotqizildi. Trakt chet mamlakatlar turistik tranzit aloqalarida ham muhim o‘rin tutadi. Yo‘ldagi kunlik qatnov jadalligi 15000 dan ziyod avtomobilga teng.

Katta O‘zbekiston trakti poytaxtda Katta halqa yo‘li orqali Bunyodkor shohko‘chasi bilan tutashib ketgan. Katta O‘zbekiston trakti orqali Toshkentga kiraverishdagi chorrahada 2-jahon urushi yillari 14 yetim va qarovsiz bolani farzandlikka olgan Shoahmad Shomahmudovlar oilasi sharafiga monument o‘rnatilgan (2008).

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/katta-o-zbekiston-trakti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x