KASHNICH

KASHNICH (Coriandrum) — soyabonguldoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻsimliklar turkumi, efir moyli va koʻkat-sabzavot ekini. Oʻrta dengiz atroflarida 2 turi, Oʻrta Osiyoda 1 turi — ekma Kashnich (C.sativum) oʻsadi. Yevropa, Shim. Afrika, Osiyo, Shim. Amerika, mamlakatlarida, Ukraina, Rossiyaning markaziy qoratuproq viloyatlarida xoʻjalik maqsadlarida ekiladi. Urugʻidan yetishtiriladi. Kashnich poyasi qirrali, sershox, barglari uzun bandli. Gullari oq yoki pushti; soyabonlarga toʻplangan. Mevasi yumaloq. Bir urugʻi ochilmaydigan ikki mevachadan iborat. Sovuqqa chidamli. Erta bahordan kech kuzgacha ekish mumkin. Nihollari 32 — 34 kunda koʻkat sabzavot holida foydalanishga yaroqli boʻladi. Urugʻi 90—95 kunda pishadi. 1000 dona urugʻi vazni 5—8 g. K. ning barglarida kaliy tuzlari, oqsillar, vitamin Vr V2, S, R, provitamin A mavjud. Urugʻida 0,2 — 1,4% efir moyi va 16—28% texnik moy bor (parfyumeriya, qandolatchilik, oziqovqat sanoatida ishlatiladi). Kashnich koʻkati shoʻrva, goʻshtli va sabzavotli ovqatlarga, urugʻi va yosh maysalari ziravor sifatida goʻsht sirkalashda ishlatiladi. Souslarga solinganda xushboʻy taʼm beradi. Kashnich asalshirali oʻsimliklar guruhiga kiradi. Urugʻ boʻyicha hosildorligi 8—15 s/ga. Oʻzbekistonda Kashnichning Yantar («Qahrabo») navi 1953, Orzu navi 1999, Orom navi 2001-y. dan r-nlashtirilgan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x