KASHMIR

KASHMIR — Osiyodagi, Hind daryosining yuqori havzasidagi tarixiy viloyat. Hududining bir qismini Jammu va Kashmir shtati tashkil qiladi, bir qismi Pokiston nazoratida (1949-y. dan). Kashmir qadimda va oʻrta asrlarda Hindiston ya. o. da mavjud boʻlgan turli davlatlar (mas, mil. av. 3-a. da Mauriyalar imperiyasi, keyinchalik, mil.1—2-a. larda Kushon podsholigi) tarkibiga kirgan. 8—12-a. larda K. Hindistonning eng muhim davlatlaridan biri edi. 1586-y. K. Boburiylar davlati qoʻl ostiga oʻtgan, 1756-y. uni afgʻonlar, 1819-y. sikxlar bosib olgan. 1845—46 y. lardagi 1-inglizsikh urushida ingliz mustamlakachilari tomonidan zabt etilgan Kashmir 7,5 mln. rupiya tovon badaliga Jammu rojasi Gulob Singx tasarrufiga topshirilgan (1846) va inglizlar uni Jammu va Kashmir knyazligi maharojasi deb tan olgan. Ayovsiz ekspluatatsiya, milliy va diniy kamsitishlar natijasida kashmirliklar bir necha bor qoʻzgʻolon koʻtargan (ulardan eng yiriklari 1931—33 va 1946-y. larda roʻy bergan).

1947-y. avg. da 2 suveren davlat — Hindiston va Pokiston tashkil etilgach, har ikkalasi ham Kashmirni oʻz hududiga qoʻshib olish harakatiga tushdi. 1947-y. 22 okt. da Pokiston hududidan Kashmirga qurollangan patan qabilalari bostirib kira boshladi. Shunda maharoja Hindistonga murojaat qilib, undan yordam soʻradi, shuningdek, u K. ni Hindiston ittifoqi tarkibiga kiritishni ham iltimos qildi. Maharojaning yordam xususidagi iltimosi qondirildi, 1947-y. 27 okt. da esa Kashmirning Hindiston ittifoqiga kiritilgani toʻgʻrisidagi Yorliq imzolandi. 1948-y. 1 yanv. da Hishshston BMT Xavfsizlik Kengashiga arz qilib, Pokistonni Kashmirga nisbatan tajovuz qilganlikda aybladi. 1984-y. 15 yanv. da Pokiston ham Hindiston ustidan BMT Xavfsizlik Kengashiga arz qildi. Pirovardida Xavfsizlik Kengashi 5 mamlakatdan iborat yarashtiruv komissiyasi tuzdi. 1949-y. 1 yanv. ga kelib Kashmir dagi harbiy harakatlar toʻxtatildi, 1949-y. 27-iyulda esa oʻt ochishni toʻxtatish chizigʻi belgilandi. Shunday qilib, Kashmirning gʻarbiy va shim.-gʻarbiy qismlari Pokiston nazoratida, uning qolgan (katta) qismi esa Hindiston tasarrufida qoldi.

1952-y. iyulida Kashmir maharojasi va Hindiston oʻrtasida «Dexli bitimi» deb ataluvchi bitim imzolanib, unga koʻra, Kashmir shtat huquqi bilan Hindiston tarkibiga kirdi (yana q. Jammu va Kashmir). 1956-y. 17 noyab. da K. Taʼsis majlisi tomonidan Kashmir konstitutsiyasi qabul qilinib, uning 3-moddasida Kashmir «Hindiston ittifoqining ajralmas qismi boʻlib qoladi» deb eʼlon qilindi. Shunga koʻra, Hindiston hukumati Kashmirning Hindiston tarkibiga kirishi xususidagi masala uzil-kesil hal etilgan, deb hisoblaydi. Pokiston hukumati esa oʻshanda Jammu va Kashmir shtatida bu hududning Hindiston yoxud Pokistonga qoʻshilishi masalasi xususida referendum oʻtkazishni qattiq turib talab qilgandi.

Kashmir masalasining bir necha marta BMTda muhokama etilishi va Xindiston bilan Pokiston oʻrtasida olib borilgan ikkiyoqlama muzokaralar (1955,1960,1962,1963) hech qanday natija bermadi. 1965-y. sent. da Hindiston b-n Pokiston oʻrtasida yuzaga kelgan qurolli nizo tinchliksevar mamlakatlarning faol saʼyi harakatlari tufayli barham topdi. Hindiston va Pokiston rahbarlarining 1966-y. 4 — 10 yanv. da Toshkentda uyushtirilgan uchrashuvida Hindiston-Pokiston munosabatlarini moʻtadillashtirish istiqbollariga yoʻl ochib bergan Deklaratsiya imzolandi (q. Toshkent Deklaratsiyasi).

1971-y. dek. da Hindiston bilan Pokiston oʻrtasida yana qurolli nizo sodir boʻlib, uning jarayonida Kashmir dagi oʻt ochishni toʻxtatish chizigʻi bir necha yerida buzildi. 1972-y. 30 iyun — 3-iyulda Hindiston va Pokiston rahbarlarining Simlada oʻtkazilgan kengashida bitim imzolanib, unga koʻra, har 2 tomon oʻrtada mavjud tortishuvli masalalarni tinch yoʻl bilan hal etishni oʻz zimmasiga oldi. 1972-y. avg. da Dehlida oʻtkazilgan muzokaralarda esa tomonlar Kashmir dagi ilgarigi oʻt ochishni toʻxtatish chizigʻi oʻrniga yangi nazorat chizigʻi belgilab oldi. Nazorat chizigʻi demarkatsiyasi 1972-y. dek. da har 2 tomon harbiy qoʻmondonligi vakillari tomonidan tugatilgan. Shunday boʻlsada, Pokiston Kashmirni oʻz hududiga qoʻshib olish daʼvosidan hanuz voz kechgan emas.

Ad.: Stepanov Ya., Konflikt v Indostane i soglasheniye v Tashkente, M., 1966; GopalSingx, Geografiya Indii, M., 1980; Sdasyuk G. V., Shtatы Indii, M, 1981. Temur Gʻiyosov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x