KARIKATURA

KARIKATURA (ital. caricare – boʻrttirmoq soʻzidan) — aniq ijtimoiy tanqidiy yoʻnalishga ega boʻlgan tasviriy sanʼat turi, grafika sohasi (rangtasvir va haykaltaroshlikda juda kam qoʻllaniladi), hajv va kulgili qilib ishlangan rasm. Tasvirda kulgili holat real va fantastik voqealar bilan yoʻgʻrilgan holda yaratiladi, xarakterning oʻziga xos tomonlari boʻrttirilib, achchiq kulgi tugʻdiradigan qilib tasvirlanadi. Tasvirdagi maʼnoni izohlash va tasvirning taʼsirchanligini oshirish maqsadida Karikaturaga matn (baʼzan sheʼr) ilova qilinadi.

Karikatura xususiyatlari qad. davr sanʼati (Qad. Misr tasvirlari, Yunoniston vaza bezaklari, Kad. Rim freskalari)da, yapon va hind miniatyuralarida uchraydi. Ayniqsa, Uygʻonish davrida Karikatura keng rivoj topdi (mas, Leonardo da Vinchi rasmlari). Karikatura janr sifatida jamiyatda yuzaga kelgan keskin ijtimoiy qaramaqarshiliklarni fosh etish zaminida shakllangan (U. Xogart, F. Goyya, O. Domye va b. ning Karikatura lari).

Yevropa K. si xususiyatlari ilk bor ingliz tasviriy sanʼatida shakllandi; K. uchun xos boʻlgan davrning ijtimoiy va davlat hayotidagi xalqaro siyosiy voqealarga hozirjavobligi namoyon boʻldi (mas, fransuzlarning inqilobiy, ruslarning Napoleonga bagʻishlangan xalq hajviy rasmlari). 19—20-a. lar chegarasida ijtimoiy kurashning avj olishi gaz. va jur. grafikasi Karikaturani rivojlanishini, shuningdek, professional gaz. karikaturachilarining paydo boʻlishini taʼminladi, ular orasida mashhur yirik rassomlar ham bor edi.

20-a. da Karikatura ijtimoiy kuchlar munosabatlaridagi murakkabliklarni aks ettirdi; 2-jahon urushi yillari u fashizmga qarshi kurashda muhim rol oʻynadi («TASS oynasi», «Uz TAG oynasi», plakatlar, varaqalar, front gaz. lari va b.), koʻplab rassomlar shuhrat qozondi. Maxsus satirik nashrlar, kundalik gazetalar Karikatura taraqqiyotiga va ommaviylashuviga keng imkoniyatlar yaratadi. Jahon karikaturami rassomlari (X. Bidstrup, Daniya; S. Venev, Bolgariya; Kukrinikslar, Rossiya va b.) tinchlikni saqlash va uni himoya qilish mavzuida Karikatura namunalarini yaratishdi.

Oʻzbekistonda satirik jur. lar (ayniqsa, «Mushtum» jur.) nashri Karikatura janri taraqqiyotiga zamin yaratdi. Usta Moʻmin, D. Siniskiy, A. Osheyko, L. Abdullayev, T. Muxamedov, N. Ibrohimov va b. rassomlarning Karikaturalari, «Oʻzbekiston» nashriyotining «Jangovar qalam» plakatlar turkumlari hayotda uchrab turadigan illatlar (poraxoʻrlik, ichkilikbozlik, xoʻjasizlik, yulgʻuchlik va b.)ga qarshi kurashda, ularni fosh etishda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Mustaqillik davrida Karikatura boqimandachilik, giyohvandlik, qalloblik, aqidaparastlik kabilarni fosh etishda dolzarb ahamiyat kasb etmokda.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x