1
Bu – oʻtgan asrning 70-yillaridagi gap:
Institutda (hozir Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti) Abdulla Oripov, Omon Matjon va Maʼruf Jalil bilan ijodiy uchrashuv oʻtkaziladigan boʻldi. Mashvarat tashubbuskori, “Chashma” deb ataluvchi yosh adabiyotchi-ijodkorlar toʻgaragi rahbari Pirmat Shermuhamedov edi.
– Abdullajon bilan Omonjonni oʻzim opkelaman, – dedi Pirmat aka. – Maʼruf Jalilni “zemlagi”ga topshiramiz.
Men Maʼruf Jalilni koʻrmagan, tanimas edim. Ammo, sheʼrlarini suyub-suyub oʻqiganlarim va oʻzim yaxshi koʻradigan shunday talantli shoir bilan tanishishga kuchli ishtiyoqim borligi ayni haqiqat. Chiqmay-chiqmay, oʻsha yili shoirning bir yoʻla ikki kitobi – “Men sizni sevardim” va “Rahmat, odamlar” nashr etilgan boʻlib, bu kitoblar qoʻlma-qoʻl boʻlib ketgan edi talabalar orasida.
Soʻrab-surishtirib, sira qiynalmay Maʼruf Jalil xizmat qilayotgan nashriyotni topdim. Shoirning oʻzini koʻrish yanayam oson boʻldi: uzun binoning ikkinchi qavatida chin “zemlyagim”, yonimizdagi Kenagas qishlogʻidan chiqqan shoir Erkin Neʼmatov uchrab qoldi.
– Izlayotgan shoiringiz ana, – dedi Erkin aka nariroqda, tor ayvonda papiros tutatib turgan odamni koʻrsatib. – Devorni suyab turibdi, koʻryapsizmi?
Koʻrdim, aniqrogʻi, zinapoyalardan koʻtarilgan zahoti koʻzim tushgan edi bu odamga, biroq eʼtibor bermagandim. Notanishligi uchunmas, aksincha, qandaydir, eʼtiborga arzimaydigan darajada odmi koʻringanidan… boʻlsa kerak. Endi, sersolib qarasam, yelkalarini devorga tirab papiros tutatayotgan haligi kishi haqiqatan ham suyanib emas, devorni suyab turganday koʻrinar ekan.
Maʼruf Jalil degan shoir shu odamligini bilganimdan soʻng, kechadan buyon koʻnglimni bezovta qilib yurgan tashvishlar tumanday tarqaldi. Qanday qabul qilarkin, “bormayman”, desa, nima qilaman qabilidagi gumonlar oʻrnini yoqimli bir yorugʻlik egallayotgandek tuyuldi.
Baayni eski tanishlar misoli emin-erkin yoniga bordim. Salom berdim. Oʻzimni tanishtirdim. U yelkasini devordan ayirib, qaddini rostladi, ozgʻin qoʻllari bilan qoʻlimni avaylab siqqan koʻyi, qoʻyib yubormay:
– Sizni bir joyda koʻrgandayman-u… – deb xijolatli jilmaydi. Shoirning shu lahzalardagi kamtarin chehrasida til bilan aytib boʻlmaydigan xushiymanchaklik akslanib turar ediki, unga qarab turib: “gʻirt oʻzimizdan ekansiz-ku!” deb, yuborishimga oz qoldi. Tortinib-netib oʻtirmay maqsadga oʻtdim.
– Oʻh-hoʻ! Davra juda boshqacha ekan-ku! – deb yubordi chinakamiga tashvishlangan ohangda Maʼruf aka. – Abdullajonlar boʻlsa… Abdullajonlarning davrasida sheʼr aytish qiyin…
Indamay tursam, Maʼruf aka aynib qoladigan.
– Studentlar sizning sheʼrlaringizni yaxshi koʻradi, – dedim hadaha. – Koʻpini yod bilamiz.
Maʼruf Jalil ilkis qaradi. “Rostdanmi?” degan soʻroq unsiz jaranglab ketgandek tuyuldi qarashlarida.
Men bir daqiqa ikkilanmay shoirning “Chinorlar” degan sheʼrini aytib yubordim:
Koʻz tegmasin degan kabi
Taqib yashil tumorlar.
Payshanbaning oʻrtasida
Turar magʻrur chinorlar.
Maʼruf Jalilning chehrasiga bolalarcha begʻubor va moʻmin tabassum yugurdi. Bu yuvvoshlik gapirayotganida yanayam tiniqroq jilvalanar ekan.
– Yaramas, yomon sheʼrga oʻxshamaydi-ya…
– Bizni Urgutda chinorlar koʻp, – dedim suhbat uzilib qolmasin degan tashvishda etanam chiqib. – Lekin Payshanbadayam chinor borligini bilmasakanman.
– Urgutdanmisiz? Urgut – chinorning koni. Mingchinordagi chinor-maktabni koʻrib qoyil qoluvdik. Maktab hoziram bormi?
– Bor-bor… – deb Urgutimizning chinorlarini oshirib-toshirib maqtadim, aniqrogʻi maqtandim.
Shu zayl birpas gaplashib turdik. Maʼruf akaning gapirayotganda jimjimador soʻzlardan qochib, jaydari iboralardan foydalanishi, qoʻpol-qoʻrs soʻzlarni qoʻshmasligi menga darrov yoqib qoldi. Koʻnglida gidiri yoʻq bu odamning kamtar va tortinchoqligiga havasim keldi. Xususan, suhbatdoshiga boʻlgan hurmat-eʼtibori, yosh demay har soʻzingni diqqat bilan, boʻlmay, oxirigacha sabr bilan eshitishi va jozibali tabassumi odamda ayricha muhabbat paydo qilarkan. Suvratidan uncha-munchaga taʼsirlanadiganga oʻxshamasa-da, zehn solgan kishi, koʻzlari oʻtkir, quloqlari ziyrak shoirning siyratida kuchli hayajon, sirli gʻuluvlar borligini sezishi mukin edi. Xayrlashayotganimizda:
– Albatta, boraman, – deb qatʼiy vaʼda berdi.
…Va, aytilgan kun, belgilangan vaqtda yetib keldi.
Ana, uch shoir oʻqituvchiyu talabalar bilan liq toʻla hashamatli saroyga kirib kelyapti. Oldinda Abdulla Oripov – qaddi xiyol egilgan, xotirjam, jiddiy; oʻrtada Omon Matjon – gʻoz-gʻoz yurishlar bilan tevarak-atrofga baland-baland nazarlar tashlagan, magʻrur; orqada Maʼruf Jalil – uzun boʻyini yashirishga urinayotgan kabi yelkalari qisilgan, qadamlarini sudrab-sudrab, avvalgilarga ergashib-ergashib… “Xudo yuqtirgan” shoirlar edi uchovi ham. Bir togʻning baland-baland choʻqqilari…
Hozirgidek koʻz oldimda turibdi: kechani domlamiz Pirmat Shermuhamedov boshqarib bordi. Abdulla Oripov “Oʻzbekiston vatanim manim!” deya emranib, toʻlib-toshib sheʼr oʻqiganda xuddi bomba portlagandek saroy gulduros qarsaklarga koʻmilib ketdi. Kattayu kichik joyidan turvolib qarsak chalar, “Oʻqing!”, “Yana oʻqing!” degan hayqiriqlar aks-sado berib jaranglardi.
Abdulla Oripov hayajon va hayrat ogʻushida oʻtkir nigohlarini saroydagilarga tikib yana oʻqidi. Jussasi ixcham esa-da, ovozi arslon naʼrasi kabi shiddatkor ediki, uni minbardan tushirish ancha qiyin kechdi – saroydagilar hali-beri qoʻyib yuborgilari kelmasdi.
Abdulla akaga betoʻxtov qarsaklar chalinayotganda, Maʼruf aka nega: “Abdullajonlarning davrasida sheʼr aytish qiyin”, deb ikkilanganini tushundim. Tushunganim sayin ichimda bir bezovtalikmi, qoʻrquvmi oʻsib-kattarib boraverdi. Qolaversa, saroydagilar shunchaki sheʼriyat ishqibozlari emas, juda talabchan, adabiyotni chuqur tushunadigan kishilar edi. Men Maʼruf akaning sheʼrlari hamrohlarinikidan past emasligini bilardim, faqat shoir akamizning uyalganday oʻtirishi tashvishlantirayotgan edi.
Abdulla akadan keyin minbarni egallagan Omon Matjon ham olqishlarga koʻmildi. Uning sheʼr ohangiga mos ravishda uchayotgan qush kabi qoʻllarini havolatib, har satr emas, har bitta harfga alohida-alohida urgʻular berib sheʼr aytishlarida poeziyadan uzoq dillarni ham oʻziga mahliyo qilib qoʻyadigan gʻoyibona sehrli qudrat gupurib turar edi.
Nihoyat, navbat Maʼruf Jalilga yetdi. U bir-bir bosib minbar tomon boryaptiyu, mening yuragim gupurib ketyapti. Ana u: ikki qoʻli bilan minbarning ikki “yoqasi”dan mahkam ushlagan koʻyi, xuddi bir nimani esdan chiqargan odamday kalovlanib turibdi. Saroyda shivir-shivir, gʻovur-gʻuvur boshlanyapti. Shoir goh pastda, goh yuqorida oʻtirganlarga qarab-qarab, bir muddat shu zayl turdi, keyin nimadir degandek boʻldi. Ammo nima deganini hech kim eshitmadi.
– Maʼrufjon, mikrafonga, mikrafonga gapiring! – deb dalda berdi Pirmat aka.
Maʼruf aka boshini enkaytirib, uzun barmoqlari bilan mikrafonga ikki-uch marta chertdi – unolgʻidan oʻq otilgandek tovushlar uchdi. Nihoyat, hayajonini bosib, oʻzini qoʻlga oldi shekilli, qaddini rostlab, boshini tik koʻtarib, soʻzlarni chala-chulpa yutmay, dona-dona qilib sheʼr oʻqib yubordi:
Parizodim, seni izlab togʻlarga bordim,
Aytolmadim yurakdagi savollarimni.
Ammo, topib yupansin, deb qoʻyib yubordim –
Togʻ burguti kabi oʻjar xayollarimni.
Boyagi bezovtalik, shivir-shivirlar pasaydi, tindi. Muhtasham saroyni qamrab borayotgan suv quygandek sokinlik ichida shoirning oʻktam ovozidan boshqa sas-sado eshitilmay qoldi:
Oʻzim javob berolsaydim,
Boshimni egib,
Shamol kabi yugurmasdim, qoʻnim bilmasdan,
Shivirlamas edim har bir daraxtga tegib,
Hatto togʻlar soʻzlar edi sukut qilmasdan.
Xudo haqqi, yayrab ketdim: “Koʻrib qoʻyinglar, akang qaragʻayning “zemlyagi”ni koʻrib qoʻyinglar”, – degandek yonimdagilarga gʻururli qarab-qarab qoʻyganlarim esimda. Maʼruf Jalil sheʼr aytayotganida, qaysidir domlamizning: “Katta daryolar sokin oqayotgandek koʻrinsada, tubida koʻz ilgʻamas shiddat guvillab yotgan boʻladi”, deganlari xayolimdan kechgani ham esimda. Qop-qora sochlari silliq taralgan, peshonasi keng, oʻychan va gʻamliday koʻringuvchi nigohlari ayni chogʻda tiniq va nurli porlab turar, mayin tabassumi oʻziga yarashgan, zehn solib tikilsang, nihoyatda tortinchoq bu sirli istara sodda nigohlari bilan har kimni oʻziga maftun etadigan darajada issiq edi. Katta shoirlik gʻururi, ulkan yurakning samimiy toʻlqinlari aks etardi uning qiyofasida.
Sheʼr tugadi. Bir joʻshqinlik lovillab shoirning yuzlariga urildi, koʻzlari oʻtkir-oʻtkir chaqnab ketdi. Saroy esa qarsaklar, olqishlarga koʻmilib ketgan edi.”Oʻqing!”, “Yana oʻqing!” degan talablar eshitilardi hamma tomondan. Maʼruf aka tomoq qirib olib yana oʻqiy boshladi:
Oʻzbekiston! Mening dunyoda
Tashvishingsiz oʻtgan onim yoʻq.
Toki borsan sen Osiyoda,
Sendan boshqa qahramonim yoʻq.
Kecha tugadi. Sheʼrsuyarlar shoirlarni oʻrab-qurshab oldilar, Maʼruf akayam bir qancha yigit-qizlarga dastxatlar yozib berdi. Men shoir akamning xursandligini koʻrib, oʻzimda yoʻq sevingan holda undan olislashgim kelmasdi.
2
Bunisi – ancha keyingi gaplar:
Yoz kuni edi. Bolalarni yetaklab Koʻkchaga – qaynotamiznikiga bordik. Qaynotam, shoir Shamsi Odil (Alloh rahmatiga olgan boʻlsin! Otam singari mehribon, qalbi daryo inson edi) ham Kattaqoʻrgʻon taraflardan boʻlgani tufaylimi, Maʼruf Jalil bilan tugʻishganlar singari qalin, qadrdon ogʻa-ini edi. Bu doʻstlik umrlarining oxirigacha uzilmadi. Ular tez-tez uchrashib turishar, ertalab boshlangan gurung gohida kechgacha davom etardi. Sheʼrlar oʻqishar, bir-birini tinglashar, baholashar edilar. Suhbatlari chogʻida Mamarasul Boboyevning nomi tez-tez tilga olinishi yodimda qolgan. Maʼruf aka, bu xonadonda oʻzini erkin his qilsa ham, odatiga xilof ravishda hadeb gapirmas, koʻproq eshitib oʻtirardi. U Yozuvchilar uyushmasida kunda-kunaro oʻtadigan majlis-mashvaratlarda ham kamdan-kam bahslashar, ammo tinglashga oʻch, faqat fikr soʻrab qolgudek boʻlishgandagina oʻz mulohazalarini shoshilmay, loʻnda-loʻnda bayon qilardi. Ayrim kishilarga oʻxshab, kerakdir-nokerakdir tortishmas, ikkilangan mavzular boʻlsa, aralashmaslikni afzal koʻrardi. Umuman, Maʼruf Jalil his-tuygʻularini dasturxon qilmaydigan, iztiroblarini ham, tugʻyonlarini ham ichiga yutishga oʻrgangan inson edi. U gap-gashtaklarda yurishga qiziqmas, oʻqir – hayratlanarli darajada koʻp kitob oʻqir edi. Yana bir havasli xislati – hech qachon igʻvo qilmas, aksincha, yoqtirmaydigan kishilariga ham samimiylik bilan yondoshardi.
Boshi berk koʻchaga kiraverishda koʻrdikki, tor koʻchadan lapanglab qaynotamiz Shamsi Odil chiqib kelyaptilar:
– Sizlar uyga kiraberinglar, men gʻizillab borib Maʼruf akangizni aytib kelaman.
Men taajjublandim: uy kiyimda Toshkentning u chekkasiga borib kelmoqchimi?
– Aytganday, sizning xabaringiz yoʻq, oʻgʻlim. Maʼruf akangizni shu yerga – orqa koʻchaga koʻchirib opkeldik, – deb izohladi hayronligimni sezgan Shamsi Odil.
– Unday boʻlsa, men aytib kela qolay, – dedim suyunib. Quvonchimning yana bir sababi bor edi. Mening oʻsha zamondagi ishxonam bolalar gazeti – hozirgi “Tong yulduzi” boʻlib, gazetda shoir va yozuvchilarning bolaligi haqida turkum maqolalar berilayotgan edi. Maʼruf Jalil haqida yozish mening zimmamda boʻlib, shu kunlarda unikiga bormoqchi boʻlib yurgan edim.
Maʼruf akaning manzilini qayta soʻrab, dajjam joʻnadim. Shoir akamning yangi makoni ikki koʻcha orqada, burchakdagi kichkina xonadon ekan. Bir tavaqali pastak darvoza qiya ochiq edi. Taqillatib, tovush bermay kirib boraverdim.
Maʼruf aka kutilmagan mehmonni koʻriboq, (qoʻlida kitob) hayallamay joyidan qoʻzgʻaldi. Koʻrishdik. Tashrifim sababini eshitib:
– Oʻtgan kuniyam kunimiz Shamsi akanikida oʻtuvdi. Noqulay emasmikan?.. – dedi xijolatli kulimsirab.
Men bir nimalar degan boʻldim. “Bir pas uyoq-buyoqdan gaplashib oʻtiramiz”, degan boʻlsam kerak.
– Nima oʻqiyapsiz? – deb soʻradim hamon qoʻlida turgan kitobga ishora qilib.
– “Soʻgʻdiyona”. Qurmagʻur, Yovdat Ilyosov katta yozuvchi-da. Lekin, nimagadir, eʼtibordan chetda, – dedi (xuddi oʻzlari barchaning diqqat markazida turganday…) kitobni deraza tokchasiga qoʻyayotib. – Shu, “Soʻgʻdiyona”ni oʻzbekchaga agʻdarsammikan, deb yuribman. Lekin kuchim yetadimi, yoʻqmi…
Maʼruf akaning Shandor Petefi, Lesya Ukrainka, Yevgeniy Yevtushenko, Andrey Dementyev singari shoirlarning sheʼrlaridan qilgan tarjimalariga koʻzim tushgan. Biroq unda nasriy asarlar tarjimasiga ishtiyoq borligini bilmasdim.
– Qoʻlingizdan keladi. Ulugʻlarni tarjima qilgansiz, – dedim. Aftidan, oʻzimcha unga dalda bergim kelgan boʻlsa kerak-da.
– Tarjima mayda, qiyin ish. Undan koʻra yozgan oson, – dedi u. Keyin: – Oʻzingiz nimalar qilyapsiz? – deb soʻradi.
Shu mahal koʻcha eshigidan oʻttiz yoshlardagi qoraqalpoqaft bir ayol kirib keldi.
Uzun qizgʻimtir chit koʻylakli bu ayolning bir qoʻlida toʻrxalta, ikkinchisida gazetaga oʻralgan allanima bor edi.
– Chechangiz, – deb tanishtirgan boʻldi Maʼruf aka. – Magazinga ketuvdi, nonga.
“Yangi” checham bilan salomlashdik. “Yangi” deyishimning sababi, Maʼruf aka “eski”si bilan ancha ilgari ajrashganini eshitgandim. “Shoirga xotini koʻp azob bergan, oxiri chidolmay choponni yelkaga tashlabdiyu, uydan chiqibdi-ketibdi”, qabilidagi mish-mishlar qulogʻimga chalingan. Ha, endi hayot-da. Hayotda nimalar boʻlmaydi. Undan keyin birovning roʻzgʻori. Bilmay turib har xil valdirash gunoh. “Ishqilib, bu chechamiz bilan baxtli yashasinlar”, dedim ichimda.
Illo, oʻzidan ham koʻra koʻproq boshqalarni asrashni afzal bilgan, boshqalardagi har bir ijobiy fazilatlarni ardoqlaydigan, baʼzi birovlardek hech qachon oʻzini koʻz-koʻz qilmaydigan, aksincha, maqtovlardan qochib yuradigan bunday inson ham hamma qatori baxtli yashashga haqli-ku, shunday emasmi?
Chechamiz shoshilinch dasturxon yozishga hozirlanayotgan edi, Maʼruf aka:
– Xonim, ovora boʻmang, Shamsi aka chaqiribdilar. Kelin ayamiz kattaqoʻrgʻoncha zigʻir yogʻli palov damlayotgan ekanlar, – deb shashtidan qaytardi.
– Voy, yanami? – deb yubordi astoydil hayratlangan ohangda chechamiz. – Kechagina boruvdik-ku! Men uyda qola qolay. Odamga noqulay.
– Shamsi akani hali yaxshi bilmaysiz, xonim. Bormasak, yomon xafa boʻladilar. Boʻla qoling.
Hayal oʻtmay chechani oldimizga solib, uydan chiqdik. Muyulishda, shunday koʻchaning yuzida uch-toʻrtta bolakay koptok tepishayotgan ekan.
– Bolalik yaxshi-da, – dedi ularga havas bilan qarab-qarab. – Heshtimani oʻylamaysan. Qorin bilan oʻyindan boʻlak gʻaming yoʻq.
Shoir akamning bu soʻzlari sal boʻlmasa unutilayozgan haligi rejamni esga tushirdi. Ammo, hozir maqsadimni ochiq aytsam: “yoʻq, bizning nimamizni yozasiz, mashhur shoir-yozuvchilar koʻp-ku”, deyishi aniq. Shu boisdan tuzukkina shakllanib qolgan jurnalistlik “mahoratim”ni ishga solib, olisroqdan koʻngliga qoʻl uzatdim:
– Oʻzingiz ham maydaligingizda shunaqa boʻlgansiz-ku.
– Qayoqda. U zamonda toʻp nima qilsin. Bir toʻgʻram non topishni ayting. Qimmatchilik, qahatchilik. Urush, urushdan keyingi davrlar ogʻir edi. Kunjara yeb, qorni shishib koʻchada oʻlib qolganlar qancha. Bizning oiladagi ahvol ham juda ayanchli edi. Onam yoshligimda vafot etgan. Otam qamalgan. Singlim ikkovimiz momomizning qoʻlida qolganmiz. Mol boqamiz, oʻtin teramiz. Bahor kelaversa, momom suyunib: “Erta-indin tut pishadi, endi marra bizniki, uyogʻiga oʻlmaymiz… Tangrim rahmdil”, derdi. Haqiqatdan ham bahor kelsa, kunimiz tugʻardi, – deya davom etdi yengil nafas olib. – Momaqaldiroq gumbirlar, chaqmoq chaqar, biz boʻlsak yomgʻir tinishi bilan daryoga yaqin chakalakzorlarga chopar, butazorlardan, ariq boʻylaridan qoʻziqorin terib kelardik. Momomiz qovurgan qoʻziqorin xuddi jigar kabob singari mazali boʻlardi. Yana koʻkatala degan taom ham boʻlardi. Rahmatlik momomiz bu ovqatni sut bogʻlagan boshoqlarni terib, qaynatib pishirardi…
Shu taxlit suhbatlashib ketdik.
Maʼruf aka tanishganimizdan buyon birinchi marta koʻnglini sal ochib, bolaligi, yoshligi oʻtgan qishlogʻi, ota-onasi haqida gapirdi.
– Qishlogʻimiz atrofi togʻ bilan oʻralgan. Derazani shunday ochsang, shimol tomondan Oqtov, janub tomondan Qoratov koʻrinib turadi. Oqtov tomondan Oqdaryo, Qoratov tomonda Qoradaryo oqadi. Ikki daryo aslida mustaqil daryo emas, Zarafshon daryosining Samarqand yaqinida ikkiga boʻlinib oquvchi irmoqlari. Bu irmoqlar Xatirchida birlashadi. Shu ikki daryo oraligʻida orolga oʻxshash makon boʻlib, bu joy Miyonkol deb ataladi. Men tugʻilib oʻsgan Payshanba qishlogʻi shu orolchada.
– Miyonkol toʻgʻrisida oʻqiganman, – dedim suhbatga aralashgim kelib. – Yoqut Hamaviyning “Moʻjam al-buldon” kitobida Dabusiya qalʼasi, Ragʻin, Iskaron, Arbinjon kabi bir necha qishloq va shaharlar joylashgan sarhad Miyonkol deb ataladi, deyilgan. Yana bir tarixiy kitobda, adashmasam, “Tarixi Xumoyun” asarida boʻlsa kerak, Miyonkol hududi shimoldan Nurota, janubiy tarafdan Qarnab togʻlariga borib tutashadi. Maʼmuriy markazi Karmana, deyilgan.
– 8–9-asrlarda Miyonkol katta viloyat boʻlib, tarkibida sakkizta hokimlik boʻlgan, – dedi “bilagʻon”ligimdan suyunib. – Karmana, Ziyovuddin, Xatirchi, Bogʻchaikalon, Nurota, Gujumsaroy, Komimigʻ, Yangiqoʻrgʻon… Miyonkol atamasining oʻzbekcha maʼnosi ham ikki suv oraligʻi. Ikki daryo orasidagi qishlogʻimizda har payshanba kuni katta bozor boʻlardi, olis-olislardan karvonlar kelardi. Qishlogʻimizda oʻndan ziyod machitdan tashqari, bitta madrasa ham bor edi. Bolalar shu yerda oʻqigan, qobiliyatlilari keyin-keyin Buxoro madrasalariga borgan. Men boʻlsam, – Maʼruf aka shu yerda kulib yubordi. – Bilasizmi, men 10 yoshimda maktabga borganman. Lekin qizigʻi bu emas. 15-16 yoshlilar bilan bir sinfda oʻqiganman. Sinfimizda urush tufayli oʻqishdan qolib ketgan 20 yoshli qizlar ham bor edi. Shu sinfdosh-qizlarning koʻplari 2-sinfda erga tegib ketdi.
Gap orasida otasi Ergash Jalilov savodxon, oʻqimishli odam boʻlganini ham esladi.
– Otam eskicha oʻqish, yozishni yaxshi bilardilar. Toshkentda ikkita oʻqishni bitirganlarini aytardilar. Qamoqdan qutilib kelganlaridan keyin jamoat xoʻjaligida hosilot boʻlib ishlaganlari yodimda. Qotmadan kelgan, uzun boʻyli, jadidcha moʻylovli kishi edilar. Uyimizda Alisher Navoiyning koʻkish rangli qalin muqovali devoni bor edi. “Kuntugʻmish”, “Orzigul”, “Avazxon”, “Ravshanxon”, “Oʻzbek xalq ertaklari” kitoblarini otam oʻqib yurardilar. Mening birinchi oʻqigan kitobim Navoiyning oʻsha devoni, doston va ertaklar edi. Otam negadir zamonaviy shoirlar kitoblarini xush koʻrmas,”maza-matrasi yoʻq”, derdilar.
– Sheʼr yozishniyam Navoiy bobomizdan oʻrgangan ekansiz-da.
– Boshqa jiddiy sabab ham bor… – deb bir nafas indamay ketdi. – Enamning qiyofasini eslolmayman, boya aytganimday, juda kichkinaligimda dunyodan oʻtgan. Qahatchilik avjiga chiqqan paytlarda singlim Rohila ikkovimizga momomiz ham ena, ham ota boʻlgan. Singlim Rohilani juda yaxshi koʻrardim. Uyam haddan ortiq mehribon edi. Bitta olmami, turshakmi topsa yarmini menga asrab qoʻyardi. Singlim ozgʻin, nimjon edi. Ocharchilik uning sillasini quritgandi. Yettinchi sinfda oʻqib yurganimda singlim vafot etdi. Uni qabrga qoʻyib kelgandan keyin xayolimda bir gap aylanaverdi. Uyga kirib, sandalga oʻtirib yoza boshladim:
Sen ham meni tashlab ketdingmi…
Ketdingmi dunyodan boshingni olib,
Yoʻqchilik kulfatin ichingga solib,
Sen ham meni tashlab ketdingmi!
Yozarkanman, tomogʻimga alam tiqilib, koʻzlarimdan duv-duv yosh oqardi. Yozganlarimni momomga oʻqib bergandim, uyam uv tortib yigʻlab yubordi. Momom hamma qoʻni-qoʻshnilarga sheʼrni aytib chiqibdi. Shundan boshlab guzarimizda “shoir” boʻlib qoldim. Oʻsha sheʼr saqlanib qolmagan. Afsus. Faqat bir toʻrtligi yuragimda.
Shu voqeadan bir yil oʻtib, 8-sinfdaligimda “Orzu” degan sheʼrim ilk marta tuman gazetida bosilib chiqdi. Lekin, men uchun birinchi yozgan sheʼrim singlim haqidagisi hisoblanadi. Sheʼr nima uchun yozilishi, dardi yoʻq odamdan shoir yoki yozuvchi chiqmasligini oʻshanda gʻira-shira anglaganman.
Suhbat asnosida yozilajak maqolam uchun zarur boʻlgan quyidagi maʼlumotlarni ham bilib oldim:
Maʼruf aka adabiyotga qiziqishi va havasi sabab, 1958 yili Toshkentga keladi. Birlashgan nashriyot bosmaxonasida oddiy harf teruvchi boʻlib ish boshlaydi va Toshkent Davlat universitetining filologiya fakulteti sirtqi boʻlimiga oʻqishga kiradi. Ungacha, askarlikda boʻladi, ilm izlab Moskovgacha poyu piyoda boradi, Norak GESida ishchi, betonchi boʻlib ishlaydi. Bosmaxona “boʻyoqlarini hidlab obdan toʻygach”, hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida korrektor, adabiy xodim, keyinroq “Mushtum”, “Sharq yulduzi” jurnali tahririyatlarida muharrir boʻlib ishlaydi. Hozir (oʻsha paytda) Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrir.
– Sheʼrlar mashq qilishni erta boshlagan boʻlsam ham kitoblarim juda kech chiqdi, – deb afsus bilan davom etdi Maʼruf aka. – Birinchi kitobim 36 yoshimda chop qilindi. Bunga aybdor oʻzim: dangasaligim, yaramas injiqligim… – deb juda siniq, juda mungli jilmaydi.
Men unga qarab: “Bunday demang. Gap kitobning erta yoki kech chiqqanida emas. Sadriddin Ayniy sizdan ham keyin boshlagan. Sizning qishloqiroq, dangal, xuddi Oqtov etaklaridan sharqirab tushayotgan irmoqlar epkini singari tiniq, orombaxsh tuygʻularga yoʻgʻrilgan sheʼrlaringizni sevamiz!”, degim keldi. Ammo, shoir akamning hozirgi holatida bunday “gʻamxoʻrlik” nooʻrindek tuyuldi.
Maʼruf aka manzilga yetguncha boshqa gapirmadi.
Keyin – yana koʻp-koʻp bahorlar kelib ketganidan keyin, zamona zaylini koʻring, Maʼruf Jalil bilan bir dargohda, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasida ishlab qoldik. Turli munosabatlar bilan oz-oz esa-da, koʻrishib, suhbatlashib turdik.
Maʼruf Jalil bilan boʻlgan soʻnggi suhbat (ming afsus, u paytda buni bilmagan ekanman) taniqli telejurnalist va adabiyotshunos, rahmatlik Oʻrol Oʻtayevning harakati bilan boʻlgan…
– Shoirning ahvoli yaxshimas, – dedi Oʻrol aka. – Tunov kun birpas koʻcha aylanaylik, desam, yurishim qiyin, dedi. Borib bir koʻraylik.
Bordik. Koʻrdik. Koʻnglim allatovur boʻlib ketdi.
Tag-tubi bilan qimtinib-qisinib yashovchi shoir yanayam ozgan, yanayam choʻkkan, yanayam gʻarib bir holatda deraza ostidagi eski karavotda osmonga qarab yotardi. Hayoti osoyishta kechmagan bu xudrov inson umrining oxirgi kunlarini ham yolgʻizlikda oʻtkazayotganidan ezildik. (Hali yuqorida aytganim – “yangi checha”miz bilan ham hayoti boʻlmagandi)
Soʻnggi yillarda Maʼruf akaning kasalmand boʻlib qolgani, ishxonaning ishlariniyam uyda bajarishi, hamrohi, hamsuhbati kitob, ovunchogʻi qogʻoz-qalam va yozuv-chizuv ekanini hamma bilardi. Doʻstlari, shogirdlari hol-ahvol soʻrab turardilar. Avvalroq koʻrganimizda tuzuk edi. Issiqqa ham, sovuqqa ham chidamli odam dardmandligini sezdirmaslikka, hamisha sabr qilish, kutish va ichga yutishga, qiyinchiliklarni sirtiga chiqarmay yashashga intilardi. U oʻzigagina mansub boʻlgan ichki intizomda kun oʻtkazardi – talab qilish, tekinxoʻrlik, baqir-chaqir, xiyonatlardan uzoq edi. Kamtarlikni saqlashdagi saboti shu qadar baland ediki, baʼzilarga bu oʻz qadrini bilmaslik – past urish boʻlib koʻrinardi, hatto.
Ogʻir betob boʻlgan paytlarida ham birovga sir bermagan odamning bugungi ahvolini koʻrgan kishi oʻylanmasligi mumkin emasdi. Tilimga gap kelmaydi. Yaxshiyamki, Oʻrol aka bor, qayerda nima deyishni, odamning koʻngliga qanday tasalli berishni biladi.
– Koʻrgan qizlar “Voh!” deydi-yu, yotishini koʻringlar bu kishimni! – deb hazil-huzul bilan bemorni ovutmoqchi, tushkun oʻylardan chalgʻitmoqchi boʻldi. Ammo, Oʻtayevning ovozida ham har doimgi guldurash yoʻq edi. – Shu oqshom “Men suv ichgan daryolar”ni yana bir marta oʻqidim, – davom etdi Oʻtayev. – Oh-oh… Bunday xalqona sheʼrlar maktab darsliklariga kiritilishi kerak. Yoshlarimiz oʻqisin, zavqlansin, ona-yurtimiz goʻzalliklarini dildan his etsin.
Oʻynab-oʻynab xayollarim qaytib keladi,
Baʼzan quruq, goh yangi gap aytib keladi…
– Bunday jozibali misralarni faqat Maʼruf Jalil aytishi mumkin. Toʻgʻrimi? – deb menga yuzlandi.
Men Oʻrol akaning kechinmalarini anglab turardim. U qanday boʻlmasin, shoir ruhini tetiklashtirgisi kelar, lekin buni uddalayolmayotganidan battar xijil boʻlayotgan edi. Maʼruf aka, umrida birovning dilini ogʻritmagan, qalbi toza Maʼruf aka esa, besasgina bizga qarab yotardi. Yuzi va lablaridagi sezilar-sezilmas tabassumi orqali hammasini tushunib-bilib turganini, huzurlanayotganini aytib turgandek edi. Men shu daqiqalarda, Ibrohim Gʻafurovday tanqidchi: “Maʼruf Jalilning sheʼrlari issiq qorga oʻxshaydi”, deb ijodiga yuksak baho berganida ham maqtovni tortinchoqlik bilan qabul qilgan, hatto, bundan xiyla qiynalgan shoir akamni qanchalar yaxshi koʻrishimni yanayam teranroq his etib turardim. Yana shuniyam fahmlab turardimki, hammavaqt, har qanday sharoitda, har qanday davrada oʻzgarmaydigan bu odamga keksalik va xastalik asta-sekinlik bilan oʻz kuchini koʻrsatayotgandi: uning sillasi qurigan, harakatlari sust, peshonasidagi chuqur ajinlar quyuqlashib, siyrak sochlari oqargan, faqat yuzlarida ulugʻsifat bir vazmin xotirjamlik akslanib turardi.
Maʼruf Jalil sheʼrlaridagi yorqinlik ham, odamlarga mehribonlik ham, oʻychanlik va ogʻirlik, sobirlik va oqillik ham aslida shoirning tabiatida bor. Uning odamlarga hamisha yaxshiliklar istashi – bu uning uchun yashash tarzi, hayoti, hayotning aynan oʻzi edi. Uning sheʼrlari ham ana shu soflikdan, vatanga, xalqqa hadsiz sadoqat hissidan tugʻilgan durdonalar edi.
Maʼruf aka faqirona kun kechirar, adabiyotga ham katta-katta daʼvolar qilmay, betaʼma xizmat qilardi. Yozganda ham kuchanib-chiranmay, xuddi uch oyoqli molbertiga oppoq qogʻozni qoʻyvolib yam-yashil bogʻlar tasvirini chizayotgan musavvir singari emin-erkin yozardi. Qiyos izlab qiynalib-zoʻriqmas, soʻzlar, tasvirlar, nodir ifodalar tabiiy ravishda, oʻz-oʻzidan quyilib kelaverardi:
Etagi paxtazor, orti bobotogʻ,
Yonida Zarafshon oqar erkalab.
Miyonkol qoʻynida oddiy bir qishloq
Quyosh uygʻotadi har kun ertalab.
Boʻyoqlar satrlardan satrlarga oʻtgan sayin quyuqlashib, tiniqlashar, shoir ruhiy holatlarni kavlab-kavlashtirib, sogʻinchli qatlamlarni topardi. Anvoyi gullarning muattar hidi-yu, baxmal maysalarning sirli qoʻshiqlarini tinglash, rohatlanish mumkin edi ularni oʻqigan odam. Bir girya toʻlgʻanib yotganday boʻlardi sheʼrlarining har satrida:
Bogʻ, dala, qirlarga gul-lola sochib,
Bahor odatiga qilganda amal,
Shu yerni koʻrgandim koʻzimni ochib,
Shu yer olam edi menga mukammal.
Umuman, Maʼruf Jalilning Vatan shaʼnini ulugʻlovchi sheʼrlari bagʻoyat taʼsirchan va serjilo:
Shaydo yuragimni men quyosh qilib,
Oʻlkam osmoniga qoʻyolsam ilib.
Yoki:
Yuragimda Vatanimning sevgisi bor,
Yoʻqotmasman bu tengi yoʻq bisotimni.
Yoki:
Sheʼrma-sheʼr boraman qalbimni ochib
Senga – Oʻzbekiston – yashnagan makon.
Shoir Vatan deganda eng avvalo ona qishlogʻi Payshanbani tushunadi va shu qishloqning tuproqli koʻchalarida changga koʻmilib qolib ketgan bolaligini qoʻmsab yashaydi. Askarlikda, dengiz qirgʻoqlarida, oʻrmonlar orasida yurganida ham ona qishlogʻi, chang-tuproqli koʻchalar hidini sogʻinadi.
Vatan – bu hamisha rohat farogʻatda yallo qilib yuradigan gʻaroyib bir maskan emas, balki ota-bobolar xoki turobi yotgan muqaddas va tabarruk qadamjo ekanini uqtiradi.
U sheʼrlarida hayot dramalari, fojealarini shunday adolatli tarzda ifodalaydiki, oqibatda bunday sheʼrlar haqiqat va adolat jarchisi boʻlib tuyuladi, bedorlik va uygʻoqlikka undaydi. Satrlarda ehtiroslarning guvlab, toʻlib-toshib kelayotgan shiddatli toʻlqini lahzada beixtiyor sizni ham oʻz oqimiga tortib qoʻshib ketadi. Adolatsizlikka, ochkoʻzlikka, mahdudlikka qarshi bir isyon qoʻzgʻaydi ichingizda. Ona yurtga boʻlgan mehringizni oshiradi. Qisqasi, vatanparvarlik, jonfidolik, mardonavorlik Maʼruf Jalilning ijodiy, axloqiy, insoniy programmasidir, deyilsa adolatli boʻladi…
Musavvir koʻzlarining oʻtkirligi ila tasvirlangan “Qishlogʻim” deyilmish yuqoridagi sheʼrni oʻqigan oʻqirman ham begʻubor bolaligini, betakror xotiralarning rangin lahzalarini boshdan kechirish mumkin. Yana bir sheʼrida esa qishga oʻxshamagan qishni yodga soladi:
Shu ham qish boʻldimi? Qish boʻlsa agar,
Namoyish qilmasmi kasbi korini?
Behavas koʻrinar nega bu qadar,
Yoki yoʻqotdimi xaridorini?
Bunday misralar shunchaki havas uchun emas, ilhom junbushga kelgan, yozmaslikning iloji boʻlmay qolgan damlardagina dunyoga keladi. Bir qaragan kishiga tushkun, sarxush qiyofada koʻringuvchi Maʼruf Jalil ham “yozmaslikning iloji boʻlmagandagina yozadigan”lar toifasidan edi. U hamisha, hamma yerda – yursa ham, tursa ham ishlayotgan – sheʼr yozayotgan boʻlardi. Mayda-chuyda, arzimasday tuyulgan narsalardan ham ibratli fikrlar topib, salmoqli xulosalar chiqara olardi. Qanchalar ilhom bilan yozmasin, oʻziga oʻta talabchan boʻlganidan soʻzlar ustida ishlashdan erinmas, chuchmallik, oʻrtachalikdan qochardi, qayta ishlash, tahrir qilish va koʻchirishdan charchamasdi. Shular sabab, Maʼruf akani koʻp va tez yozadiganlar qatoriga qoʻshib boʻlmasdi.
Hamma bilan birday munosabatda, bir xil muomalada boʻla oladigan sabrli, eʼtiborli va oʻta kamtarin kishilar ijodkorlar orasida uncha koʻp emas. Rahmatlik Mirkarim Osimga oʻxshab ketar edi shunday fazilatlari bilan Maʼruf aka. Bir-biridan xokisor va mehnatkash bu ikki ijodkor tom maʼnoda kamtarlikning eng baland choʻqqilari edilar. Maʼruf Jalil ham Mirkarim Osim kabi kam gap esa-da, koʻngliga maʼqul odam bilan tez til topishar, bir pasda suhbatdoshining eʼtiborini qozonar, u bilan gurunglashgan har qanday odam rohat qilardi. U suhbatdoshini hurmat qilish barobarida, fikrlarini ham oʻta nozik sezgi bilan anglab olardi.
Yana bir oʻziga xos fazilati bor edi Maʼruf akaning: hech qachon birovni yomonlamas, juda boʻlmay ketsa – beozorlik bilan “yaramas” deb qoʻyardi, xolos. “Xudoyim shu bandasiga insof bersin”, degani edi bu. Hamisha hamdardlik chechaklari yashnab turguvchi munosabatlarida rayhonlar hid taratib turgandek boʻlardi goʻyo – yolgʻon, dabdaba, jimjima yoʻq edi. Sheʼriy satrlar bamisoli qafasdan qutulgan qushchalar kabi joʻshib otilib chiqardi uning qalbidan:
Uyqumni ataylab qochirganim yoʻq,
Ehtiyoj sezmadim chaqirmoqqa ham.
Chunki yozilmagan tilaklarim koʻp
Koʻnglim tinchimaydi toʻyib yozmasam.
Shunday. Toʻyib-toʻyib yozgan, ammo yozishga toʻymay, betobligidayam koʻngli tinchimayotgan bezovta insonga qarab turib: “Siz oʻzini yoqib-yondirish hisobiga tun qaʼriga nur taratayotgan shamga oʻxshaysiz. Sham misoli oʻzingizni emas, boshqalarning qalbiga nur sochishni oʻylaysiz”, degim keldi. Ammo, deyolmadim. Buning oʻrniga:
– Maʼruf aka, hali koʻp yozasiz, – dedim, xolos.
– Qayoqda, endi yozish qiyin… – deb gʻaribona jilmaydi. – Yalqovman, koʻp narsalar oʻzimda qolib ketadiganga oʻxshaydi. Endi oʻzim bilan u yoqqa opketaman, shekilli…
– Unday demang, yozasiz, aytmagan bittayam soʻzingiz qolmaydi. Barisini yozasiz, – dedi Oʻrol aka.
Maʼruf aka chuqur xoʻrsindi. Keyin ovozi titrab:
– Bu dunyoda yaxshisiniyam-yomoniniyam koʻrdim, – deb koʻzlarini shiftga qadagancha, xuddi aytmoqchi boʻlgan gaplarini oʻylab-pishitib olayotgandek bir necha daqiqa indamay qoldi. Soʻng, jamlab boʻldi shekilli: – Yaramaslar juda yaramas boʻladi, – dedi. Maʼruf aka gapirayotib asta-asta kuchga kirib boraverdi: tovushi bosiq, xotirjam va qatʼiylashdi. – Qani endi Xudoyim imkon bersa-yu, unaqa yaramaslarning hammasini oʻzim bilan birga narigi tomonga olib ketsam… – deb koʻzlari bilan beozor jilmaydi. Keyin karavot qabtoliga suyanib, ohista gavdasini rostladi. Oyoqlarini polga tekizib, koʻkragiga yostiqni bosib oʻtirdi-da: – Munda keng, – deb qulochini yozib Oʻrol akani bagʻriga chorladi. Oʻrol Oʻtayev ildam borib achomladi. Keyin men:
– Tushimga Shamsi aka kiribdi, – dedi xafaliginiyam, xursandliginiyam bilib boʻlmaydigan parishonlik bilan. – Olvoli ostidagi chorpoyasida gurunglashib oʻtiribmiz emish. Koʻp xudrov odam edi, qadriga chilgʻiy yetmabmiz…
Shu soʻzlar uning kim va qanday odam ekanini aytib turar, meni esa: “Bizlar-chi? Sizning qadringizga yetyapmizmi?” degan haqqoniy savol qiynamoqda edi.
Qarang, bu kamsuqum shoir bir-biridan goʻzal qancha-qancha sheʼrlar, dostonlar yozdi. “Men sizni sevardim”, “Rahmat, odamlar”, “Seni oʻylab”, “Notanish yoʻllar”, “Qoʻshiq ishtiyoqi”, “Men suv ichgan daryolar”, “Parizodim”, “Daryoni izlar shamol”, “Baxtimga sen borsan”, “Bunyodkor qalb”, “Orol madad soʻraydi” kabi kitoblar yaratdi. “Daryoni izlar shamol” toʻplami uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Hamid Olimjon nomidagi yillik mukofotiga, Orol fojeasi haqidagi publitsistik maqolalar turkumi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mukofotiga sazovor boʻldi. Taniqli va el suygan shoirga aylandi. Biroq, erkalik, shon-shuhrat koʻrgani yoʻq. Daʼvo ham qilmadi. Daʼvo qilish u yoqda tursin, hatto xayoliga keltirgan emas. Adabiyotshunoslar, tanqidchilar koʻzidan panada qolganining sababi ham shundan boʻlishi mumkin. Hurmatli professor Salohiddin Mamajonov bir maqolasida: “Adabiy tanqidchilikda yozilmagan adolatsiz bir qoida bor: u koʻpincha toʻrt-besh mashhur nomlar atrofida gir-gir aylanaveradi-yu, adabiyot rivojiga oʻz ulushini qoʻshgan “nomashhur”larga qiyo boqmaydi… Adabiy tanqidchilarimiz yonlab oʻtayotgan shoirlarimizdan biri Maʼruf Jalildir”, deya kuyungani ham bekorga emas.
Qolaversa, Asqad Muxtor taʼkidlaganidek: “Sheʼrni tahlil qila boshlasalar, gʻashimga tegadi. Bahorgi sof havoning kimyoviy tarkibini ham tekshirish mumkin. Ammo, undan koʻra, shunday koʻkrak toʻlatib nafas olgan yaxshiroq emasmi?”
Xullas, adabiy-tanqidchilikka doir masalalar oʻz yoʻliga, lekin biz – ukalari, shogirdlari, qadrdonlarining ham Maʼruf Jalil oldidagi qarzimiz oz emas. Negadir beparvomiz, loqaydmiz, dilimizdagilarni tilimizga chiqarmaymiz, eʼtibor bermaymiz. Bizlar ham “mashhurlar” atrofida girdu kapalak boʻlamiz-u, “nomashhurlar”dan bir kalima shirin soʻzimizni qizgʻanamiz. Odamzotni tirigida eʼzozlash, ardoqlash muhimligini afsuski, koʻpincha kech anglaymiz. Axir, nafaqat Maʼruf Jalil, Choʻlpon Ergash, Mashrab Boboyev, Tilak Joʻra, Safar Barno, Rauf Tolib, Anvar Eshonov kabi ijodkorlarning adabiyotga qoʻshgan hissasi qaysi daryozabon shoirdan kam?
Oʻrol aka: “Charchatib qoʻymadikmi…” degan maʼnoda menga qiya qaradi.
Xayr-xoʻshlashib, koʻchaga chiqdik. Oʻrol aka tirsagimdan ohista ushlab, past va gʻamgin tovushda Maʼruf Jalilning bir sheʼrini oʻqidi:
Vaʼda bergan boʻlsa-yu,
Ammo senga uchrasholmasa,
Oʻzga uchun jang qilib,
Oʻzi uchun kurasholmasa…
Kimlargadir baxt berib,
Oʻzi baxtsiz oʻtsa dunyodan.
Badnom qilma bilmasdan,
Dalillarni olib havodan.
– Oʻzi haqida, – dedi oʻqib boʻlganidan keyin.
Keyin xayollarga botib indamay ketdik. Shoirning ezgin qiyofasi koʻz oldimdan ketmasdi, ichimdan bir nima uzilib ketayotgandek tuyulaverdi. Shu suhbatdan keyin oradan koʻp oʻtmay bu yorugʻ jahon bilan mangu xayrlashgan Maʼruf Jalilning tobutini oʻzi tugʻilgan ona qishlogʻiga olib ketdilar… Bu voqea 2004 yilda boʻlgan edi.
…Oʻsha – oxirgi uchrashuvda Maʼruf akaning “yaramaslar” haqidagi soʻzlari qulogʻimga qattiq oʻrnashib qolgan ekan. Quyidagi sheʼr shu soʻz sabab boʻlib yozildi:
YARAMASLAR
(Maʼruf Jalilning soʻnggi soʻzi)
Hayotda birovga bermadim ozor,
Hayotda birovning yoʻlin kesmadim.
Balki shuning uchun qadru eʼtibor,
Topolmay yashadim, unib-oʻsmadim.
Birovni qoʻllashga yetmadi kuchim,
Doʻstlar jurʼatiga qildim havaslar,
Ammo izlarimdan malomat-piching
Toshini otdilar koʻp yaramaslar.
Doimo tislanib, aylanib qochdim,
Ular-chi, soyadek chopdi izimdan.
Kimga mehrim sochdim – quchogʻim ochdim,
Jolalar oqizib ketdi koʻzimdan.
Qismatim shul ekan,
Tangrim, netayin,
Ezib-yancholmadim nokas – kaslarni.
Endi menga bering, olib ketayin
Dunyodagi barcha yaramaslarni.
Odamzot paydo boʻlganidan buyon hali biron kishi bu yorugʻ olamdagi yaxshi-yomon odamlarni oʻzi bilan narigi dunyoga olib ketgan emas. Mazkur yumush Maʼruf Jalilning ham qoʻlidan kelmas edi, albatta. Yozilmagan qancha-qancha sheʼr-u dostonlarni oʻzi bilan olib ketgani esa ayni haqiqatdir.
Maʼruf Jalil qoldirgan boyliklar ichida “Kamtarinlik” deyilmish yana bir xazina ham borki, bu xazina hali koʻp dillarni maftun etadi, hayratga soladi, odob maktabi vazifasini oʻtaydi. Faqat bu maktab saboqlarini oʻzlashtirish, talablariga rioya qilish osonmas. Illo, bunday yashashga har kim ham qanoat qilmasligi, chidami, sabri-bardoshi yetmasligi mumkin…
2012 yil, mart.
Abdusaid KOʻChIMOV
“Sharq yulduzi”, 2012–5
https://saviya.uz/ijod/nasr/kamtarlikning-baland-choqqisi/