Ijod zavqi va mashaqqatlari

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevdan salmoqli adabiy meros qoldi. Ayniqsa, oʻzbek hikoyachiligiga katta hissa qoʻshgan adibning “Saylanma”lari (dastlabki uch jildi)ga jamlangan sakson yettita hikoyalari uning butun ijodi, xususan, kichik janrdagi samarali faoliyati haqida toʻlaqonli tasavvur bera oladi. Ammo, adabiyot ixlosmandlariga yaxshi maʼlumki, Shukur Xolmirzayev faqat hikoyanavislik bilan cheklanib qolgani yoʻq, aksincha, u badiiy ijodning boshqa janrlariga ham murojaat etgan, jumladan, qator esse, qissa, roman, drama, tabiat va inson, adabiyot va jamiyataro munosabatlarga bagʻishlab koʻplab maqolalar yozgan faol mualliflardan edi.

Shukur Xolmirzayev adabiy merosi haqida gap ketganda, bir jihatga alohida toʻxtalib oʻtish joiz. Yozuvchining kitobxonlar eʼtiboriga havola etilganlaridan tashqari turli sabablar bilan nashr yuzini koʻrmagan yoki bir qismi eʼlon qilingan, alohida kitob shaklida chop etilmagan asarlari ham bor. Garchand umr boʻyi adabiyot dardi bilan yashab, uning muammosini oʻz qaygʻusi deb bilgan esa-da, adib koʻproq yozishni oʻylagan, asarlarining bosilib chiqishiga ikkinchi darajali masala deb qaragan edi. Bu haqda oʻzi shunday yozadi: “… meni hamma vaqt faqat yozish qiziqtirgan, yozish jarayonidan zavq olganman. Asar matbuotda chiqqach, bir kun-yarim kun xayolimda boʻlgan, keyin yelkamdan oshirib tashlaganman, davomi qiziqtirmagan”. Natijada yozuvchining baʼzi asarlari alohida kitob holida eʼlon qilinmay, gazeta-jurnallar va ayrim toʻplamlar qatida qolib ketaveradi…

Adibning kitobxonlar hukmiga havola etilgan romani beshta: “Soʻnggi bekat” (1974), “Qilkoʻprik” (1984), “Yoʻlovchi” (1986), “Olaboʻji” (1992), “Dinozavr” (1996). Bulardan uchtasi – “Yoʻlovchi” (bir qismi), “Olaboʻji” va “Dinozavr” (birinchi kitobi) “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida chop etilgan. Ammo bu asarlarning taqdiri ham silliq kechmagan. Birinchidan, muallif oʻz ijodiga tanqidiy koʻz bilan qaragani, yozayotganlarini izlanishlar natijasi deb bilgani bois, ushbu asarlaridan koʻngli toʻlmagan. “Shukur Xolmirzayev oʻziga talabchan yozuvchi, – deb yozadi akademik Matyoqub Qoʻshjonov. – Asar ustida uzoq vaqt ishlab, bitgach, oʻziga yoqmay qolsa, “uni bir amallab eʼlon qilib ola qolay”, deb oʻylamaydi, hatto undan voz kecha oladi ham”. Bu fikrni yozuvchining oʻzi ham tasdiqlaydi. U bir joyda “Yoʻlovchi” romanining jurnalda eʼlon qilingan dastlabki oʻn olti bobidan voz kechganini aytsa, boshqa bir suhbatda “Qilkoʻprik” romani ham koʻnglidagidek chiqmaganini bildiradi: “Balzak bitta roman yozishdan oldin beshta romanning boshiga yetgan. Shunday ekan, nega mashq qilib koʻrmasligimiz kerak? Hozir 4-5 romanim bor. Soʻnggisi, “Olaboʻji” oʻtgan yili “Sharq yulduzi” jurnalida eʼlon qilindi… Nazarimda, hozircha eng yaxshi romanim shu boʻlsa kerak. Shuning uchun ham “Yoʻlovchi”, “Qilkoʻprik” romanlarimdan kechdim”. (Taʼkidlar bizniki – O. S.)

Ikkinchidan, muallifning asarlari yozilganidan soʻng ham osonlikcha chop etilavermagan, oʻz vaqtida juda kuchli qudratga ega boʻlgan adabiy nazorat (senzura)ning “tahrir”idan oʻtgan (bunday qismatga boshqa ijodkorlarning asarlari ham duch kelgan edi). Masalan, salkam yetmish yil mobaynida, qator-qator tadqiqotlarda, badiiy asar sifatida taqdim etilgan bitiklarda “bosmachilik” deb atab kelingan, aslida esa vatandoshlarimizning bosqinchilarga qarshi kurashi oʻlaroq yuzaga kelgan milliy ozodlik harakatiga bagʻishlangan “Qilkoʻprik” romani ham mafkurashunoslar chigʻiridan oʻtgan. Adibning oʻzi bu haqda shunday eslaydi: “Qilkoʻprik” romanida esa, dunyo qoʻldan ketdi, deganman. Bunda 18-yil voqealari yozilgan, lekin men 22-yil, deb sakrab yozganman. Meni konsepsiya qiziqtirgan. “Qilkoʻprikdan oʻtdik, jannatga emas, doʻzaxga oʻtdik”. Shu oxirgi jumla chiqmagan. Aslida, oxiri bunday tugagan edi: “Doʻstlik qabristoni tepasida bir necha kishilar paydo boʻldi. “E, bu boyning qizi ekan-ku. Bu eshoni Sudurning nabirasi ekan-ku”, deb ularning soʻngaklarini olib, Boysunsoyga tashladilar. Itlar gʻajib tashladi”. Men shu jumla uchun bu asarni yozgan edim”. (Taʼkidlar bizniki – O. S.) Chindan ham, asarda shoʻrolar orasidan goʻyo qochgan boʻlib lashkari islom – “bosmachilar” orasiga borgan Qurbon (“eshoni Sudurning nabirasi”) ming bir tahlikada, har dam siri fosh etilishidan xavotirlanib, jonini garovga qoʻygancha shoʻro rahbarlari bergan topshiriqni ado etadiki, xizmatlari evaziga “Bu eshoni Sudurning nabirasi”, degan ayb bilan (holbuki, Qurbonning ustozi eshoni Sudurdan qiynala-qiynala voz kechgani, uning oʻzlariga xizmat qilishini istab, “Shunday odam!.. Biz (shoʻrolar – O. S.) tarafda boʻlsa!..” degan iztiroblari romanda mahorat bilan tasvirlangan) soʻngaklari timsolida xotirasining xorlanishi yangi tuzum – shoʻrolar uchun odamning zarracha qadri boʻlmaganining dalili edi. Aytish kerakki, “odamzodning irodasini bukish, ruhini sindirishga qaratilgan” (Shukur Xolmirzayev taʼbiri) sobiq tuzumda odamning oʻzidan koʻra mehnati ustun qoʻyilgani, “xizmatini oʻtagan” deb hisoblangan insonlardan osongina voz kechilgani shoʻrolarga umrini tikkan, bu yoʻlda ne-ne jonbozliklar koʻrsatgan, ammo oxirida xoʻrlangan Eshniyozning achchiq qismati misolida “Esiz, Eshniyoz” (1987–1988) hujjatli qissasida ifodalangan.

Shukur Xolmirzayevning “Dinozavr” romani, garchand, adib bu asarining koʻnglidagidek chiqishiga umid qilgan esa-da (“Dinozavr” romanim, iloyo, soʻnggi asarim boʻlmasin, shu mening suyangan togʻim”), tugallanmay qolgan. Asar uch qismdan iborat boʻlishi koʻzda tutilgan, birinchi qismi “Yoshlik” jurnalida chop etilgan, adib ikkinchi qismini ham tugatib, uchinchi qismini yozayotgani haqida xabar bergan, ammo asarning qolgan qismi matbuot yuzini koʻrmagan.

Maʼlumki, adabiyotshunoslikda shoir va yozuvchilarning qoʻlyozmalari, yangi asar uchun toʻplayotgan maʼlumotlari, shuningdek, asarlaridagi ishoratlar orqali ularning ijodiy niyati, reja va gʻoyalari haqida ham soʻz yuritiladi. Masalan, Navoiy “Tarixi muluki Ajam” asarining soʻnggida Sulton Husayn tarixi haqida doston yozish niyati borligini bayon etadi. Shuningdek, ulugʻ shoirning koʻp asrlik sevgi qissasi – Yusuf va Zulayhoning otashin muhabbati hamda oʻzining sevgisi haqida ham yozmoqchi ekanligini bildiradi. Ulugʻ adib Abdulla Qodiriyning navbatdagi ijodiy rejalaridan biri “Amir Umarxonning kanizi”, “Namoz oʻgʻri”, “Dahshat” romanlarini yozish boʻlganini mutaxassislar qayd etishadi.

Aslida, har bir ijodkorda bunday niyat boʻlishi tabiiy. Shukur Xolmirzayev ham ayrim suhbat va maqolalarida kelgusidagi rejalarini bayon etadi. Masalan, adib bir oʻrinda “Qirq ogʻa-ini” degan qirqta hikoya oʻylab” qoʻyganini, boshqa joyda “Arosat dashtidan 73 maktub” turkumida hikoyalar yaratish niyati borligini bildiradi. Shuningdek, yozuvchi Omon Muxtorning eslashicha, Shukur Xolmirzayev ikki mavzuda – muhabbat toʻgʻrisida va shoir Turdi Farogʻiy haqida roman ham yozmoqchi boʻlgan: “… doʻstim, ogʻaynim, isteʼdodli adib Shukur Xolmirzayev koʻpincha suhbatlarimizda yozayotgan asarlari singari, oʻylangan asarlar bobida ham gapirar edi. Jumladan, ikki roman ustida soʻzlashganimizni eslayman. Birinchisi, mumtoz adabiyotimiz vakillaridan Turdi – Fitrat taʼbiri bilan aytganda, “oʻzbekning bu qiziqarli shoiri” – haqida roman. Ikkinchisi, muhabbat haqida. Birovga oʻxshamagan yangi talqinda”. Ammo bu niyatlar koʻngul qatida orzuligicha qolib ketdi.

Shukur Xolmirzayevni yaqindan taniganlar uning choʻrtkesar, bir soʻzli, kamgap, baʼzida qaysar inson boʻlganini eslashadi. Qizigʻi shundaki, Shukur Xolmirzayevning tabiatidagi bunday sifatlar asarlari taqdiriga ham taʼsir etgan. Mana bitta misol: adib “Xayol va hayot” degan yangi roman yozib, Yozuvchilar uyushmasiga olib boradi. Darvoqe, ungacha adabiyotshunos olimlar va adiblardan Ibrohim Gʻafurov, Pirmat Shermuhammedov, Mashrab Boboyev asarni mutolaa qilishib, muallifni qutlashadi. Oʻziga ishongan va, tabiiyki, ilk muxlislarning xayrixohliklaridan yanada ruhlangan Shukur Xolmirzayev yangi romanini Yozuvchilar uyushmasiga muhokama uchun taqdim etadi. Biroq… “Kengash raisi Hakim Nazir juda qiynalib ketib: “Shukurjon, yaxshi-yaxshi. Ammo problemasi yoʻq. Hech boʻlmasa, asar markaziga bitta qishloq xoʻjaligiga doir problema qoʻshing”, deydi. Bunday munosabatdan jahllangan Shukur Xolmirzayev “romanni Yozuvchilar bogʻidagi imoratning ortida – ulkan chinor ostida” kuydiradi. Bir qaraganda, yozuvchi bamisoli burgaga achchiq qilib, koʻrpaga oʻt qoʻyganday – alamini asaridan olganday tuyuladi. Qolaversa, ijodkorlar hayotini oʻrgangan kishilarning qayd etishlaricha, turli sabablar bilan, aksar hollarda, yozganidan koʻngli toʻlmagan muallifning oʻz qoʻlyozmasidan voz kechishi yagona hodisa emas. Ammo “Xayol va hayot”ning kuydirilishi – boshqa masala. Bunda yozuvchi oʻzini tushunmaganliklaridan oʻksiydi, igna bilan quduq qazishday mashaqqatli mehnati qadrlanmaganidan ham koʻra, fikri yoʻqqa chiqqanidan eziladi. Ijodkor uchun yozish oʻzini anglatish vositasi ekanini inobatga oladigan boʻlsak, fikri, niyati, gʻoya va maqsadi ifodalangan asarining joʻn, yuzaki baholanishi muallif uchun gʻoyatda ogʻriqli ekani ayonlashadi.

Perulik yozuvchi Mario Vargas Losa ijod mohiyati, ijodkorning adabiy va hayotiy tutumlari haqida fikr yuritib, shunday yozadi: “Haqiqiy badiiy isteʼdod egasi uchun, avvalo, Xudo bergan isteʼdodni yuzaga chiqarishning oʻzi oliy mukofot, boshqa barcha narsalardan koʻra ardoqlidir”. Ayni mulohazalarni hech bir mubolagʻasiz Shukur Xolmirzayevga nisbat berish mumkin. Zotan, u ham yozishdan lazzat olgan, ijod mashaqqatlarini huzur, deya qabul qilolgan yozuvchi edi. Adibning asarlari hamon mutolaa qilinayotgani esa, ijodkor mehnatlarining besamar emasligidan dalolat beradi.

 

Otabek SAFAROV

 

“Sharq yulduzi”, 2012–5

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ijod-zavqi-va-mashaqqatlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x