KALOM

KALOM (arab. — ravon nutq, jumla, ran, soʻz) — islom ilohiyot ilmi. 8-a. da arab xalifaligida paydo boʻlgan. Kalom islom diniy taʼlimotini asoslashga harakat qiladi. Kalom tarafdorlari muta-kallimlar deyiladi. Kalom ilohiyotchilari faylasuf boʻlmaganlar. Kalom umaviylar hukmronligi davrida rasmiy hokimiyat bilan xorijiylar, shialar, murjiʼiylar va b. diniy-siyosiy guruxlar orasida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealar, bahslar jarayonida paydo boʻldi va taraqqiy qildi. Siyosiy kurash diniy shiorlar ostida olib borilganligi sababli Alloh adolati (adl), mavjud voqelik Alloh tarafidan yaratilganmi va uni oʻzgartirish mumkinmi (qadar), kimni imonli yoki gunohkor deb hisoblab, jazolash kerak (imon) va h. k. dolzarb masalalar edi. Kalomga xos uslub va mavzular majmui birinchi bor al-Jaʼd ibn Dirham (742-y. qatl etilgan) ijodida kuzatiladi. U uslubda doimo aql-idrokka tayanish talabini ilgari surdi va faqat inson aqli ojizlik qilgan hollardagina Qurʼon oyatlarini ramziy-majoziy maʼnoda talqin qilish (taʼvil) mumkin, deb hisobladi. Jahm ibn Safvon (745-y. qatl etilgan), AbulHuzayl (841 yoki 849-y. v. e.) va Bishr ibn al-Muʼtamir (825-y. dan soʻng vafot etgan) uning gʻoyalarini rivojlantirdilar. Jahmning qarashlari muʼtaziliylarga yaqin boʻlgani bois, odatda, bu ikki taʼlimotni bir-biridan farklamaydilar. Kalom tarixida muʼtaziliylar maktabi taʼlimoti muhim oʻrin egallaydi. Ularning taʼlimoti al-Maʼmun (827—848) davrida «davlat taʼlimoti» darajasiga koʻtarilgan boʻlsa, al-Mutavakkil (847—861) davrida taʼqibga uchradi.

Maʼlum vaqtgacha sunniylikda muʼtaziliylarning falsafiy dalillariga qarshi kurashda gʻoyaviy qurol rolini oʻynashi mumkin boʻlgan aqrid tizimi mavjud emas edi va faqat Qurʼon hamda xadislarga havola qilish bilan cheklanilardi. Aynan muʼtaziliylar oʻzlarining mantiqiy-falsafiy isbotlash uslublari bilan haqiqiy islom yoʻli shakllanishiga bevosita taʼsir koʻrsatdi. Bunday tizim 10-a. ga kelib ishlab chiqildi va uni Kalomni aqidaparastlar bilan murosaga keltirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan al-Ashʼariy (873 — 935) va alMoturidiy (870—944) amalga oshirdi. Natijada Kalomning ashʼariya va moturidiylik maktabi vujudga keldi.

Al-Boqiloniy (1013-y. v. e.), al-Juvayniy (1085-y. v. e.), ash-Shahristoniy (1153-y. v. e.) va ar-Roziy (1209-y. v. e.)lar ashʼariya maktabining yirik namoyandalaridir. Ashʼariylar zohiran oʻzlarini muʼtaziliylarga qarshi qoʻyib, hanbaliylar bilan murosa qilishga intilgan boʻlsalarda, dunyoqarashi boʻyicha muʼtaziliylarning akl-idrokka asoslangan yoʻlini davom ettirdi. Kalomning ikkinchi yirik maktabi — moturidiylik ham mustaqil tarzda taraqqiy etdi. Ashʼariya maktabi, asosan, shofiʼiylar (q. Shofiʼishshk) orasida tarqalgan boʻlsa, moturidiylik hanafiylik doiralarida koʻplab tarafdorlarga ega boʻldi va, xususan, Movarounnahr musulmonlarining asosiy aqidasiga aylandi.

13-a. dan Kalom Ibn Sino asos solgan sharq falsafasi bilan yaqinlasha boshladi. Natijada, Ibn Xaldun taʼbiri bilan aytganda, Kalom va falsafani bir biridan ajratish mushkul boʻlib qoldi. Bu hol Baydoviy (1286-y. v. e.), Isfahoniy (1349-y. v. e.), Ijiy (1355-y. v. e.), Taftazoniy (1390-y. v. e.), Jurjoniy (1413-y. v. e.)lar ijodida oʻz ifodasini topdi. Yangi va eng yangi davrlarda Jamoliddin al-Afgʻoniy, Muhammad Abdu, Ahmad Amin, Hasan Hanafiy kabi musulmon islohotchilarining asarlarida Kalom va, ayniqsa, muʼtaziliylar gʻoyalari mafkuraviy asos vazifasini bajarib keldi.

Ahadjon Hasanov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x