Joni bitta odam

Bu usta barcha zamondoshlarimiz kabi orzu-havaslarga qalbi limmo-lim toʻla inson. Shuning uchun ham kim bilan soʻrashsa tirjayib turib koʻrishadi. Katta, bodroq koʻzlarini qitmirona oʻynatib turib, koʻzini sizdan tezroq olib qochadi. Yo yerga qaraydi, yo beparvo atrofga boqadi. Oʻzini xotirjam koʻrsatadi.

Mana hozir ham shunday boʻldi. Ustaga biror-bir ishini qoldirmagan oliygohning eng obroʻli domlalaridan biri Gʻaffor Xotamovich gulzorchaning atrofiga chiroyli boʻlsin uchun bir gʻisht eniga qoʻyilgan betonchada oʻtirgan usta oldiga yaqinlasharkan usta oʻrnidan turdi. Oʻrnidan turib-la chap qoʻli bilan ketini qoqqan boʻldi. Oʻng qoʻlini choʻzib domla bilan koʻrishdi.

– Ha, nima qilib oʻtiribsiz? – dedi domla xiyol oʻzicha kinoya bilan.

– Nima qilib oʻtirardim. Abdushukurni qoʻriqlab oʻtiribman. “Men kraska qilganda qoʻriqlab turing” degandi. Mana qoʻriqlab oʻtiribman.

Domla ustaning bu kesatiq gapi tagidagi maʼnoni tushunsa ham parvo qilmadi. Aksincha, beeʼtibor boʻyoq qilish bilan band Abdushukurga yaqinlashib u bilan soʻrashdi. Soʻng uning ishini tomosha qilgan boʻlib, ustani oʻz uyida ishlatolmaganiga ichidan gʻashlandi. Bir nima deyishga, toʻgʻrirogʻi, ustani gap bilan “chimchilab” olishga harakat qilib fikran bahona qidira boshladi. Bahona topolmadi.

– Qarang-a, – dedi domla tirish bosgan oqish, choʻzinchoq yuzini unga burib turgan joyiga oʻtirib olgan ustaning yapoldosh yuziga qararkan, ikkita tushib ketgan tishining oʻrnida qolgan ogʻzining bir burchagidagi boʻliqqa nazar soldi.

– Abdushukur boʻyayaptilar, bu kishim qorovul. Nima, uni birov olib qochib ketadimi?

– Olib qochib ketisham gapmi. Oʻgʻirlab ketishadi.

Usta tirjaydi. Elliklarga borgan bu insonning yuzida samimiylikmi, tushunib boʻlmaydigan bir qitmirlikmi bor edi. Shu bilan birga qarashida mugʻombirlik ham ifodalanib turardi.

Kun iliq. Koʻkda porlab turgan bahor quyoshi jonlarga huzur bagʻishlaydi. Ular turgan joydan besh qadam naridagi katta yoʻlda mashinalar vizillaydi. Bayram munosabati bilan oliygohning texnik xodimlari atrofni saranjom-sarishta qilish bilan ovora. Xususan, toʻrt qavatli hashamatli binoning oldi tarafiga eʼtibor qaratilgan. Shuning uchun bayroqchalar ilinadigan katta-katta, aylana temir tutqichlar oppoq va koʻm-koʻk boʻyoqlarga har xil qilib boʻyalmoqda.

Leksiyaning birinchi boʻlimini tugatgan domla oraliqda boʻsh boʻlgani uchun dam olishga tashqariga chiqqan. Ham toza havodan nafas olish, uni-buni koʻrish unga yana yangi kuch bagʻishlardi. Oʻzining aytishicha, “yangilanib” olib talabalarga keyingi maʼruzalarini maroq bilan oʻqiydi.

Aylana tutqichlarini boʻyayotgan Abdushukur bu dargohga ishga kirganiga nari borsa oʻn yilcha boʻlgan. Ammo usta bu yerga ishga qachon kirganini hech kim bilmaydi. Hatto yigirma yilga yaqin oliygohda ishlayotgan domla ham aytib berolmaydi. Domladan soʻrashsa, domla baʼzan hazillashib “usta Neʼmatxon onasidan tugʻilib-la institutga ishga kelgan”, deydi. Baʼzan bir oz mubolagʻa qilib “tugʻilmasdan burun” kelgan ham deb yuborgan paytlari boʻlgan. Shunda usta qizarib, tirjayib turib, “endi oshirvordingiz” deb qoʻygan hollar koʻpchilikka ayon. Ana shuning uchun unda gʻururmi, kibrlanishmi, shunga oʻxshash holat namoyon boʻlib turadi. Hozirgi oʻtirishi, Abdushukurga qorovulman, deyishlarida ham shu maʼno bor edi.

Ustaning oliygohda qiladigan ishi eshik, romlarni yaxshi yopilib ochilishini taʼminlash. Mayda-chuyda yogʻoch ishlari boʻlsa qilish. Ishqilib ertadan kechgacha bilim maskanining ichida yurib ish topib oʻz vazifasini ado etish. Shanba, yakshanba kunlari esa tepasiga temirdan yuk koʻtargich oʻrnatib olgan “zapa” mashinasini tarillatib oʻtin bozoriga qarab ketadi. Kunini shu yerda oʻtkazadi. Besh-toʻrt soʻm topgan boʻladi.

Nima koʻp, Xudoning kuni koʻp. Misqollab topgan botmonga aylanarkan. Haftaning har ikki kunida topganini bola-chaqa yeb-ichganidan oshirib usta bitta “zapa”sini ikkita qildi. Koʻribsizki, “qoʻlida puli borning changalida shoʻrva” deganlaridek borib-borib usta ham boylardek xotinni ikkita qilish payida boʻldi. Oʻzining aytishicha “general boʻlishni orzu qilmagan askar askar emas”. Shuning uchun u boylarga oʻxshashni oʻylaydi, baʼzan boylardan qayerim kam deb qoʻyadi. Ikkita hovlim bor, ikkita xotinim, ikkita “zapam” bor deb maqtangani maqtangan. Rostdan shunday, uning ikkita “zapa”si bor. Goh u xotininikida, goh bu xotininikida, goh u, goh bu “zapa”si bilan boʻlib turadi. Tirishib tirmashib yashaydi. Yoshi elliklarga borgan bilan oʻzi ancha yosh koʻrinadi. Hech qachon hafa holda yurganini birov koʻrmagan. Doim tirjayib turadi. Hozir ham domla bilan tirjayib soʻrashdi-da, joyiga oʻtirib oldi.

Domla bir paytlari ustani ishlatmoqchi boʻlgandi. Hojatxonasiga yangi eshik qurgan edi. Shunga, zulfin, qulf oʻrnatib qoʻyay deb.

– Usta, ish bor dedi. Xuddi mana shunaqa kun edi. Bahor oʻrtalab qolgan edi. Odamlar kostyumlarini tashlay boshlagandi. Ayrimlar yengi kalta koʻylakka ham oʻtgandi. Oliygoh hovlisidagi yogʻoch eshakda, oʻrikning olachalpoq soyasida uch-toʻrt texnik xodimlar gaplashib oʻtirishgandi. Usta ularning roʻparasida tik turib allanimalarnidir gapirar, yigʻilganlar hazil-huzul bilan kulishib turardi. Usta yengi kalta koʻylagini shimi ustida tushirib olgandi.

– E, yoz qilib yuboribsizu, usta, – dedi domla ular bilan bir-bir koʻrisharkan.

– “Ha, endi yuragimizda oʻtimiz borda – domla!” – dedi usta tirjayib.

– Usta, uyda jinday xizmat bor. Qachon qilib berasiz? Eshikka qulf qoʻyish kerak.

– Qachon qoʻyib beray?

– Vaqtingiz qachon boʻladi?

– Shanba kuni.

– Xoʻp, mayli.

Ular kelishishdi. Ammo usta domlanikiga bormadi. Bormaganki, sababini ham aytmadi. Domla ishi koʻpayib usta bilan uchrashish imkonini qilolmadi. Oradan besh kunlar chamasi oʻtdi. Nima boʻldi-yu, katta tanaffusda domla sport zal tarafga oʻtib bordida Koridorda oʻtish joydagi romlarni tuzatib turgan ustaga duch keldi. Domla ustaga vaʼdalashganini eslatay dediyu, eslatmadi, ham. Usta ham bora olmaganligi unga uzr-maʼzur qilmadi. Lekin domla ustaga vaʼda berib qoʻyib, vaʼda ustidan chiqmaganligini bir kunmas bir kun yuziga solishni, uning tuturiqsiz odam ekanligini koʻpchilik oldida aytib xumordan chiqishni koʻngliga tugib yurdi. Shunday qildi ham…

Oʻshanda xuddi bugungiday havo iliq edi. Bahor quyoshi yorugʻ nur sochar, daraxtlar endi kurtak chiqara boshlagandi. Texnik xodimlar u payt oliygohning old tomonida emas, orqa tomonida ish qilishardi. Bino orqa tarafidagi gulzorlarga ishlov berilardi. Daraxtlar qirqilib, oqlanib gullar atrofi yumshatilar, xullas bahorgi yumushlar bajarilardi. Usta hozirgidek gulzor chetidagi betonga ket qoʻyib emas, qoʻlidagi ketmonini gulzor qirgʻogʻiga yotqizib olib uning dastasiga oʻtirib olgan edi. U tirjayib oʻtirardi. Yapoldosh yuzlarida mamnunlik alomatlari bor edi. Bu mamnunlik alomatlari birga ishlayotgan hamrohlariga qoyillatib aytgan gaplaridanmi, yo ulardan eshitayotganlaridanmi, bilib olish qiyin edi. Chunki biz ularning suhbatlaridan uzoqda edik.

Domla Gʻaffor Xotamovich qoʻlini orqasiga qilgan holda yurib borib ustaga yaqinlashdi. Usta domlaning hurmati uchun oʻrnidan turgan boʻldi. Ish qilayotganlar domlaga oʻgirilib qarab u bilan soʻrashgan boʻlishdi.

– Assalomu alaykum, domla!

– Va alaykum assalom! Hormanglar!

U ustaga eʼtibor qilmadi goʻyo. Texxodimlar bilan hazil-huzul qilib, keyin ustani endi koʻrayotganday bir tikildi-da dedi:

– E, assalomu alaykum! Usta Neʼmatxon oʻzlari-ku! Hormasinlar! Oʻtiribdilarmu yalpayib…

Usta odatdagicha iljaydi. Shu bilan birga kibr aralash domlaga bepisand qaradi.

– Ish qilyapmiz, domlajon! Ish!

– Oʻtiribsizu, ketmonni sopiga ketingizni qoʻyib. Qani ishlaganingiz? Ish qilganga oʻxshamaysiz!

Bu gap texxodimlarga xush yoqardi. Domlaning yalqov usta, qitmir Neʼmatxonni gap bilan chimchilashi ular uchun ayni muddao edi. Shuning uchun ular ichlarida “oʻla, boplayapti-ku”, deyishardi.

– Domla, – dedi usta Neʼmatxon ovozini xiyol koʻtarib. – Biz ishlamayapmizmas, ishlayapmiz. Siz bizning ishga aralashmang.

Endi domlaniki qoʻzidi. U toʻgʻridan toʻgʻri “hujumga” oʻta boshladi:

– Usta, – dedi u asabiylashib. – Siz karillamang. Toʻgʻrisini aytganda siz vaʼdasida turmaydigan insonsiz. Erkak kishi oʻz gapining ustidan chiqadi. Mabodo, ishi chiqib qolgan boʻlsa, toʻgʻrisini aytadi. “Ishim chiqib qoldi, uzr”, deb. Siz boʻlsa…

Ustaning yapoldosh yuzi qizil tusga kirdi. U avval odaticha tirjaydi. Keyin birdan qovogʻini solib, ikki qoʻlini pesh qilib domlaga paxsa qila boshladi:

– Ey inson, nima deyapsiz oʻzi?! Nima boʻldi, hadeb egovlaysiz? Gunohimiz nima? Ayb ish qilgan boʻlsak shartta ayting! Pichingni nima keragi bor.

– Bu pichingmas. Bor gap. Erkakning lafzi boʻladi. Vaʼda berdimi, ustidan chiqishi kerak.

“Erkakning lafzi boʻladi” degan gap Neʼmatxonga ogʻir botdi. Unga goʻyo “erkakmassan” deganday tuyuldi. Burnining ostidagi kichkina moʻylovi uchdi. Yupqa shishinqiragan lablari pirpiradi. Oʻrnida turib oʻtirgan ketmonni shart yangi olingan egatlar ichiga uloqtirdi. Ovozini balandlatdi:

– Axir men nima qilay? Men bechoraga kim rahm qiladi, xotinim ikkita boʻlsa. Bolam beshta. “Zaporoj”im ikkita. Hovlim ikkita. Jonim esa bitta. Qaysi biriga ulgiyman. Hojatxonangizga qulf oʻrnatib bermagan boʻlsam-la, gʻadavlayverasizmi? Yetar endi, domlajon bu kesatiq gaplar…

Domla inday olmay qoldi. Bu gaplarni eshitayotgan texxodimlar iljayishib domladan nima sado chiqarkin deb qarab turishardi. Domla hech gap qilmadi. Boshini solintirib sukutga choʻmdi. Nima ham derdi. Xotinni ikkita, uchta qilishga harakat qilayotgan buning singari joni bittalar atrofda kammi? Albatta, kam emas. Ular “sichqon sigʻmas iniga gʻalvir bogʻlar dumiga” qabilida hayot kechirishga moyil odamlar. Shunday yashashmasa koʻngli oʻrniga tushmaydi. Bu ham boʻlsa odamlarning balki yaxshi yashashga intilishidir. Balki bu millatning asrlardan beri yashab kelayotgan oʻziga xos ruhiy udumidir. Kim bilsin…

Domlaning indamay qolganini koʻrib turgan Abdushukur gap qotdi:

– Domla, joni bitta odamga rahm qiling.

Hamma kulishdi. Neʼmatxon usta ham sharaqlab kuldi. Domla miyigʻida kulimsiradi-da ortiga qaytib leksiyasiga kirib ketdi. U darsni tamomlab oppoq rangli yangi “Neksiya”siga oʻtirarkan joni bitta odamning “Zapa”siga qarab qoʻydi. Qaradiyu uning “Zapa”si ikkita ekanligini eslab kulimsiradi.

 

Farid USMON

 

“Ijod olami”, 2018/3

https://saviya.uz/ijod/nasr/joni-bitta-odam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x