JIZZAX

JIZZAXJizzax viloyatidagi shahar. Viloyatning maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Sangzor daryosi boʻyida, 460 m balandlikda joylashgan. Toshkent—Samarqand t. y. va Katta Oʻzbekiston trakti yoqasida. Mayd. 0,7 ming km2. Aholisi 132,5 ming kishi (2000; 1939-y. — 9 ming, 1959-y. — 15 ming, 1970-y. — 35 ming kishi), asosan oʻzbeklar; rus, tatar, ukrain, eroniy va b. ham yashaydi. Toshkentdan 203 km. T. y. stansiyasi. Iqlimi keskin kontinental. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 1,5°, minimum t-ra —35°, iyulning oʻrtacha t-rasi 28,5°, maksimum t-ra —46°.

Yunon solnomachilari Kiropol va Gazoni alohida tilga olishadi. Arxeologlar Gazo sh. ning oʻrnini aniq va asosli tayin etmasalarda, tarixiy manbalarda uni Samarqand va Toshkent oraligʻida joylashganligi aytiladi. Olimlar Gazoni kad. Jizzax deb taxmin qiladilar. Toponimist olimlar Jizzax nomini sugʻdiycha «Dizak» («qalʼacha») soʻzi b-n bogʻlaydilar. Tarixda u Dizax nomi b-n yuritilgan.

J. Oʻrta Osiyodan oʻtgan bir necha qad. karvon yoʻlining tutashgan joyida vujudga kelgan. Yozma manbalarda ilk bor arab geograf olimlari va sayyoxlaridan Ibn Havkal va Muqaddasiplarning asarlarida Ustrushonaning Faknon viloyatidagi shaxar deb tilga olinadi. Shahar arablar istilosidan oldin ham mavjud boʻlgan.

Jizzax 9—10-a. larda somoniylar, 11 — 13-a. boshida qoraxoniylar, Xorazm shohlar davlati, 14 — 15-a. larda temuriylar davlati, 16—18-a. 1-yarmida Buxoro xonligi, 18-a. 2-yarmidan 1866-y. gacha Buxoro amirligiga tobe boʻlgan. Shahar bir necha marta inqirozga uchrab, yana qayta tiklangan. 16—17-a. larda aholi hoz. eski bozordagi Oʻratepaga koʻchgan. 19a. 60-y. larida u xam xarobaga aylangan. Keyinchalik yana tiklangan. 19-a. 2-yarmidan Turkiston general gubernatorligi tarkibiga kiritilgan. Jizzaxda tegirmon, juvozxona, temirchilik ustaxonalari, kulolchilik korxonalari va b. ishlab turgan. Shahar 16—19-a. larda koʻpgina tarixiy voqealarning guvohi boʻlgan. 1571-y. da Abdullaxonning Dashti qipchoq xoni Boboxon va Toshkent hokimi Darveshxon b-n J. dagi toʻqnashuvi shaharga koʻp talafot yetkazgan. 1866-y. 12—18 okt. da Jizzax qalʼasi rus bosqinchilari tomonidan toʻpga tutilib, vayronaga aylantirilgan. 1916-y. dagi Jizzax qoʻzyulonis, shahar rus mustamlakachilari tomonidan yana vayron qilinib, aholi shafqatsiz qirilgan.

Jizzaxda 1920-y. lardan boshlab yangi korxonalar qurilgan. 1930-y. mahalliy xom ashyo bilan ishlaydigan ohak z-di, 1932-y. shahar elektr st-yasi, 1942-y. da paxta z-di, 1943-y. da q. x. mashinalarini taʼmirlaydigan z-d, 1949-y. da yogʻ-pishloq z-di, 1960-y. da Oʻzbekistonda eng yirik binokorlik materiallari k-ti ishga tushdi. Mirzachoʻl va Qarshi choʻllarini sugʻorish uchun polietilen quvurlar va polixlorvinil mahsulotlari ishlab chiqariladigan kimyo k-ti (1969), elevator, un z-di va aralash yem ishlab chiqariladigan sexdan iborat un k-ti qurildi (1970). 1971-y. da gʻisht z-di va Toshkent trikotaj firmasi filialining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, non z-di, tikuvchilik f-kasi mahsulot bera boshladi.

Jizzaxda 30 dan ortiq sanoat korxonasi ishlab turibdi. Ular orasida badiiy kulolchilik buyumlari korxonasi, «Soʻgʻdiyona» firmasining tibbiyot markazi, sut-yogʻ, elektromexanika z-di, qurilish materiallari k-ti, temir-beton plitalar i. ch. korxonasi, ip yigiruv, paypoq toʻqish, ustki trikotaj, mebel f-kalari bor. Jizzaxda «Sogplastmaskan» (Oʻzbekiston—Suriya), «Bazalt» (Oʻzbekiston—Ukraina), «Kumush» (Oʻzbekiston—Tojikiston), «Jibri» (Oʻzbekiston—Angliya) qoʻshma korxonalari ishlab turibdi. 30 dan ziyod qurilish tashkiloti faoliyat koʻrsatadi. Shaharda istiqlol bogʻi, yopiq suv havzasi, maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi, «Paxtabank», «Asakabank», «Gʻallabank», «Uy-joy qurilish sanoat banki», «Osiyo» bozori, «Baxmal» savdo uyi, Xotira xiyoboni, bolalar istirohat bogʻi kabi yirik inshootlar foydalanishga topshirildi. Shahar mahallalarida yashovchi aholi uchun Olmazor, Toshloq, Ulugʻbek, Zargarlik, Kimyogar, Bobur, Hamzaobod, Oʻratepalik, Hayrobod, Ravallik nomli zamonaviy mahalla guzarlari mavjud. Shahardagi 280 ga yaqin koʻchaning uzunligi qariyb 240 km ni tashkil qiladi. Jizzaxdan Toshkent sh. ga, shuningdek, respublikaning boshqa viloyat markazlariga avtobus qatnaydi. Shahar ichida trolleybus qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Aholiga 600 dan ziyod savdo va bir qancha maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari xizmat qiladi.

Shaharda 3 oliy, 7 oʻrta maxsus oʻquv yurti, 2 kasb-hunar, 2 akademik hamda biznes litseyi, gimnaziya, 30 ga yaqin umumiy taʼlim maktabi bor. Musiqali drama, qoʻgʻirchoq teatri, telemarkaz, 8 bolalar kutubxonasi (87 ming kitob), «Oʻzbeknavo» viloyat konsert boʻlimi, «Oʻzbekraqs» birlashmasining viloyat boʻlimi, 2 muzey, 2 musiqa, 4 sanʼat maktabi mavjud. 3 sport maktabi, markaziy stadion, 2 futbol maydoni, 2 suzish havzasi, tennis korti, 32 sport zali va bir qancha sport maydonlari faoliyat koʻrsatadi.

Oʻrda, Bobo Yak, Qaliyatepa, Nuriddin Hoji madrasasi kabi tarixiy va meʼmoriy yodgorliklar saqlanib qolgan.

Jizzaxda Ya. Gʻ. Gʻulomov (1951, 1960-61), H. Muhamedov (1956—59), M. Aminjonova (1964), S. Rahimov (1966—70), R. A. Badaxov (1980), Oʻ. Alimov (1982 — 84) va b. arxeologik qazishlar olib borganlar. Jizzax hududidagi Uchtepa mavzesidagi 3—4-a. larga oid mozortepalardan turli sopol parchalari, tangalar topildi. Jizzax yaqinida 1955-y. Ya. Gʻ. Gʻulomov jez davriga oid tosh kursini topgan.

Jizzaxdan koʻpgina mashhur kishilar: davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov, shoir Hamid Olimjon, adib Sarvar Azimov, Oʻzbekiston xalq artisti Xosiyat Azimova, 1941—45 y. lar urushi qaxramonlari J. Toʻrayev, Ye. I. Ivanin, G. M. Gubarkov, Mehnat Qahramoni B. Pirmatov va b. yetishib chiqqan. Shaharda «Jizzax ovozi» gaz. muntazam nashr etiladi (adadi 2000).

Ad.: Haydarov H., Jizzax viloyati tarixi, T., 1996.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x