“Jizzaki, qo‘rs va injiq…” – bolalar ruhshunosiga 7 savol

DO`STLARGA ULASHING:

Yonginamizda, ko‘zlarimiz o‘ngida bir inson tug‘ilib, voyaga yetyapti. Ha demay O‘z fe’l-ro‘yi, dunyoqarashi, nuqtai nazariga ega to‘laqonli shaxsga aylanadi. Har bir ota-ona farzandining nafaqat jismoniy, balki ruhan salomat bo‘lishini istaydi. Bugun biz ota-onalarni bezovta qilayotgan va bolalar ruhshunosiga eng ko‘p beriladigan savollarni tanlab, mutaxassisga murojaat qildik.
“Otasi kelmasligini aytolmayapman…”

“Erim bilan ajrashayapmiz. Hozir 7 yashar qizim bilan onamnikida yashayapman. Unga ahvolni qanday tushuntirishni bilmay halakman. Ruhiy zarba olmasa edi. Buni qanday amalga oshirsam ekan?”

Dilnavoz, 27 yosh

– Ota-onasining ajrashuvi bolaga qattiq zarba bo‘lishi tayin, chunki uning uchun otasi ham, onasi ham birdek muhim. Asosiysi, bola bu ajrashuvda o‘zining aybi yo‘qligini bilsin, otasi va onasi boshqa-boshqa yashashsa ham uni avvalgidek yaxshi ko‘rishlariga ishonsin. Buning uchun sizdan bolaga nisbatan ehtiyotkor munosabat, e’tibor va hamdardlik, otasidan esa qizi bilan avvalgidek yaqin munosabatlarni ushlab turish talab qilinadi.
“Juda bo‘sh…”

“O‘g‘lim 6 yoshda. Ochiqqina, harakatchan, ammo o‘zini o‘zi himoya qilolmaydi. O‘rtoqlari uni itarishi, urishi, tepishi mumkin, ammo u munosib javob qaytarmaydi. Odam o‘zini himoya qilishi kerak, deb, dadasi bilan necha marta unga uqtirdik. Ammo befoyda. Bu yil maktabga chiqamiz, u yerda o‘g‘lim o‘rtoqlari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lmay, turtkilanib chetga chiqib qolishidan qo‘rqyapman. Nima qilish mumkin?”

Gulnoza, 32 yosh

– O‘g‘lingiz ochiqko‘ngil, hozirjavob, harakatchan bola ekan, qanaqasiga o‘rtoqlaridan chetga chiqib qolishi mumkin? Shu paytgacha o‘rtoqlardan kamchiligi bo‘lmasa, demak, bundan keyin ham hammasi joyida bo‘ladi. Menimcha, sizlar aytgan muammoni o‘g‘lingiz muammo deb hisoblamayapti, shuning uchun u bilan kurashmayapti. Yoki psixologik jihatdan bir muammosi bor (masalan, o‘rtoqlari bilan arazlashib, yolg‘izlanib qolishdan qo‘rqadi). Agar shunday bo‘lsa, ruhshunos qabuliga yoziling, mutaxassis bola nega o‘zini bunday tutayotganini anqlab beradi va bir nechta seansda o‘g‘lingizdagi bu muammoni bartaraf etadi.
 
“Gap qaytarayapti…”

“O‘smir yoshdagi o‘g‘lim bilan hech murosamiz kelishmaydi. Doim jiqillashamiz. Na tashqi ko‘rinishi, na o‘qishi va na eshitayotgan musiqasi haqida biron fikr bildira olaman. Bosiqlik bilan tushuntirishga harakat qilaman, ammo ba’zida haddidan oshib ketadi. Tushunaman, o‘smirlik, o‘tish davri, lekin o‘z o‘g‘limning menga ovoz ko‘tarib gapirishini hech hazm qilolmayapman…”

Sanobar, 42 yosh

– Aytayotganlaringiz haqiqatan ham o‘smirlik davriga xos “otalar (onalar) va bolalar ziddiyati”dir. Avvalo, o‘g‘lingizga shu paytgacha qanday tarbiya berganingizni o‘rganib chiqish va sababni shundan izlash kerak. U o‘n ikki yoshga to‘lgani zaµoti birdan agressiv bo‘lib qolgan emas. Hammasi bolalikka borib taqaladi. Shuningdek, o‘g‘il bola tarbiyasida otaning roli katta. Otasining aytganlariga bo‘ysinadimi? Agar shunday bo‘lsa, otasini tarbiya jarayoniga faolroq aralashtirish kerak. Baqir-chaqirni esa umuman unuting. Ahvolni battar og‘irlashtirasiz. Kiyim, musiqa borasida bahslashmang, baribir, o‘zining bilganidan qolmaydi. Ammo bir umr shunday qolib ketmaydi, esi kiradi bir kun, albatta.

Yana o‘qing:  Bananli pechenye

“Juda sekin qimirlaydi…”

“Endigina sakkizga qadam qo‘ygan qizim meni tashvishga solayapti. O‘tgan yili maktabga bordi. Boshida o‘qishga juda qiziqardi. Ammo vaqt o‘tishi bilan dars qilishdan bo‘yin tovlay boshladi. Mening ham aybim bor bunda. Biron narsani juda sekin bajarsa, asabiylashib urisha boshlayman. Chunki vaqtim juda kam, ikkita kichkina bolalarim bor (2,5 va 1 yoshlik). Aksiga olib, qizim juda sekin dars tayyorlaydi. Tushunaman, uni shoshirishga haqqim yo‘q. Aybimni qanday yuvsam bo‘ladi? Hademay yana maktab boshlanadi…”

Zarina, 28 yosh

– Qizingizni dars qilishdan bezdirgansiz va o‘ziga nisbatan ishonchini so‘ndirgansiz. Endi bu ishonchni tiklash uchun uy vazifalarini qay darajada bajarishidan qat’i nazar, intilishlari va mehnatini ko‘rib turganingizni, bundan xursandligingizni bildiring. Asabiylashishning keragi yo‘q. Aksincha, bolani maqtab, ko‘proq dars qilishga rag‘bat uyg‘oting. Bordi-yu, biron xato qilsa, urishmang. Nega shunday bo‘lganini so‘rang va qayta bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima qilish kerakligini tushuntiring. Asosiysi, bola qo‘llab-quvvatlashingizni his qilsin.
 
“Urushqoq bo‘lib qolgan”

“Yetti yoshli o‘g‘limni otasiz o‘stiryapman, erim vafot etgan. Buvisi va menga aytganini qildiradi, faqat bobosidan qo‘rqadi. Oxirgi paytlar o‘g‘limda kutilmaganda jahl va agressiya xuruji kuzatilyapti. Agar biron aytgani amalga oshmasa, qo‘lidagi narsalarni atrofga uloqtirib, duch kelgan narsani urib-tepib ketadi. Ko‘chada bolalar bilan ko‘p urishadi. Dildan gaplashmoqchi bo‘ldim, ammo nimaga bunaqa qilayotganini tushuntirib berolmadi, faqat yig‘ladi”.

Omina, 30 yosh

– Buvisi ikkingiz bolani haddan ortiq taltaytirib yuborgan ko‘rinasiz. Haddan ortiq erkalash va aytganini qilaverish bolada biron inkorni qabul qilmaslik odatini keltirib chiqaradi. U butun dunyo men uchun yaralgan va doimo aytganim muhayyo bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Shunday vaziyatda biron niyati amalga oshmay qolsa, keskin jahli chiqib ketadi. Shuning uchun bolani oz miqdorda inkor va mahrumlikka ham o‘rgatib borish kerak. Lekin bu bir nuqtai nazar. Bolangizdagi agressiyaga boshqa omillar ham sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin (otasining yo‘qligi, bobosidan qattiq qo‘rqishi va h. k.). Bularning barini bevosita ruhshunos bilan muloqotda aniqlash mumkin.
“Diqqatini jamlolmaydi…”

“Iltimos, bolaning diqqatini bir joyga jamlash uchun nima qilish kerakligini ayting. 2-sinfni bitirgan o‘g‘lim umuman diqqatini jamlolmaydi, parishonxotir. O‘qituvchisi yozgi ta’tilda kuz mavzusida insho yozib kelishni tayinlagan bo‘lsa, u “Va nihoyat, bahor keldi!” deb gap tuzadi. Yoki dzyudo bo‘yicha murabbiyi falon shifokordan ma’lumotnoma keltirishni so‘rasa, u tamoman boshqa shifokorni aytib keladi. Xullas, nima qilishga hayronman”.

Nigina, 35 yosh

– Avvalo, bolaning diqqatini tekshirib ko‘rish kerak: uni bir joyga jamlay oladimi, olgan axborotini qay darajada hazm qiladi – shularni bilish kerak. Shuningdek, xotirasini ham tekshirib ko‘rish lozim. Ikkinchidan esa, bolaning emotsional holatini ham e’tiborga oling. Xotira susayishi, parishonlik ko‘pincha haddan ortiq charchash oqibati bo‘ladi. Shiddat bilan ishlayvergan miya bir kun charchab, “o‘chib qoladi” va hech bir axborotni qabul qilmay qo‘yadi. Unday bo‘lsa, bolaning kun tartibini qayta ko‘rib chiqib, ortiqcha mashg‘ulotlarni chiqarib turish lozim. Uchinchidan, bolaga atrofda bo‘layotgan voqealarning umuman qizig‘i yo‘q, ya’ni hayotga ishtiyoqi (motivatsiyasi) so‘ngan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Yana o‘qing:  Bolalar salomatligi yo‘lida

“Farzandim mendan uzoqlashib ketayapti…”

“Qizim 8 oylik bo‘lganda qaynonamga tashlab ishga chiqib ketdim. Hozir u 1,5 yosh. Avval kuni bo‘yi buvisi bilan yurardi, keyin esa kechalari ham u bilan uxlaydigan bo‘lib qoldi. Hech bo‘lmasa kechasi bolamni bag‘rimga olib yotay desam, kichkintoyim unamaydi. Yarim kechasi yoki ertalab uyg‘onib yonida meni ko‘rsa, yig‘lashni boshlaydi. Tushunaman, bolamga yetarlicha e’tibor berolmadim. Lekin ishlamasam bo‘lmasdi. Ammo qizim mendan bezib qolayotganini tushunolmayapman”.

Gulhida, 27 yosh

– Bolangizni juda kichkinaligida buvisiga qoldiribsiz. Ustiga ustak buni bosqichma-bosqich emas, birdaniga amalga oshirgan ko‘rinasiz. Endi u o‘zi o‘rganib qolgan insonni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqyapti. Farzandingiz bilan ko‘proq birga bo‘ling, har xil o‘yinlar o‘ynang, sayrlarga olib chiqing. Lekin bolani birdaniga buvisidan ayirib, yana bir bora stressga solmang. Asosiysi, uni tushunishga harakat qiling. Uch yoshga to‘lgunicha, baribir, bola kim bilan ko‘p vaqtini o‘tkazsa, o‘sha odam uning uchun asosiy inson bo‘lib qolaveradi. Keyinchalik esi kirgach, ahvol o‘zgarishi mumkin.
Ruhshunos Shahnoza Xalilova
tavsiyalari asosida
Shahnoza To‘raxo‘jayeva
tayyorladi.
soglom.uz/tavsiya/jizzaki-qors-va-injiq-bolalar-ruhshunosiga-7-savol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x
()
x