Jinsiy aloqa haqida erimda hattoki, tasavvur ham yo‘q!

— Erim yaqin kunlarda o‘ttiz yoshni qarshilaydi. O‘tgan yilning dekabr oyida to‘yim bo‘lgan. Shu vaqt ichida biror marta birga bo‘lmadik. Erim shu yoshgacha jinsiy aloqada bo‘lmaganini tan oldi. Bu haqda, hatto tasavvurga ega emas ekan. Shifokor ko‘rigidan o‘tishga zo‘rg‘a ko‘ndirdim. Urolog-androlog erimga o‘tkir yallig‘lanish, varikoz va quvvati pastlik xastaliklari tashxisini qo‘ydi. Varikozni operatsiya qilish kerak deyishdi. Shifokorning aytishicha, vaqtida davolanmaslik bepushtlikka olib kelar ekan. Qizig‘i, to‘ydan avval tibbiy tekshiruvlardan o‘tganmiz. O‘shanda bunday kasalliklar aniqlanmagandi. Bundan tashqari, erim juda asabiy, ijobiy hissiyotlardan yiroq. Qaynonam erimni davolashga majbur qilganim uchun meni yomon ko‘rib qolgan. Hozir ota-onamnikida yashayapman. Erimning oilasidagilar o‘g‘lining aybini tan olishni istashmadi.

Jinsiy aloqa haqida

Ramazan NAZAROV, seksopatolog-androlog:

Erkaklardagi jinsiy aloqadan qo‘rqish yoki ojizlik deganda ereksiya (jinsiy qo‘zg‘alish)ning sust yoki umuman bo‘lmasligi tushuniladi. Bu holatni keltirib chiqaruvchi sabablarni shifokorlar 2 katta guruhga bo‘lishadi: jismoniy (fiziologik) va psixologik. Fiziologik sabablar: qon tomir xastaliklari, endokrin tizimning buzilishi, urologik muammolar (peshob yo‘llaridagi yallig‘lanish), ba’zi somatik kasalliklar tufayli erkaklarda jinsiy ojizlik kelib chiqishi mumkin.

Nima uchun yosh yigitlar uchrayapti?

Oxirgi yillarda jinsiy ojizlik, aloqaga kirishishdan qo‘rqish 20–25 yoshdagi yigitlarga ko‘proq xavf solmoqda. Jinsiy aloqadan qo‘rqish yoshlarda ko‘pincha ruhiy omillar sabab yuzaga keladi. Doimiy stressli vaziyatlarda ishlash, kam uxlash, charchoq, depressiya, qo‘rquv va hayajon, tajribasizlik, kamharakatlilik, kompyuter texnologiyalariga mukkasidan ketgan holda ko‘p o‘tirish natijasida qon aylanishining buzilishi sabab yoshlarda jinsiy yaqinlik payti ojizlik sezilishi mumkin.

Biroq yigitlarda ham yuqorida ko‘rsatilgan kasalliklar bilan birga, umurtqa va tos sohasidagi bo‘g‘imlarga yetkazilgan jarohatlar tufayli ham qovusholmaslik yuzaga kelishi ehtimoldan holi emas. Ba’zan jinsiy ojizlik yosh yigitlarda turmush tarzi bilan bog‘liq sabablar tufayli kelib chiqishi ham mumkin. Uzoq vaqt jinsiy yaqinlikdan saqlanish, jinsiy hayotni kech boshlash yoki bu borada o‘ta faol bo‘lish, ayrim dori vositalarini muntazam ichish, oziqlantiruvchi moddalarning yetishmovchiligi, ba’zi sport turlari bilan shug‘ullanuvchi yoshlarning gormonal vositalarni qabul qilishi shular jumlasidandir.

Qachon kimga murojaat qilish zarur?

Jinsiy aloqa ro‘y bermasligi doimiy ravishda qaytalanaversa, zudlik bilan androlog mutaxassisga murojaat qilish kerak. Shuningdek, jinsiy a’zolardagi deformatsiyalar (shakliy buzilishlar), uzoq vaqt jinsiy yaqinlikni xohlamaslik, ereksiya (jinsiy qo‘zg‘alish) vaqtida og‘riq his qilish, ovozning o‘zgarishi ham shifokor qabuliga yozilishingiz uchun jiddiy asos borligini ko‘rsatadi. Bunday mutaxassislarni har bir tuman, viloyat va shahar mahalliy poliklinikalarida, ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari, shuningdek, xususiy klinikalardan ham topish mumkin.

Qanday davolanadi?

Avvalo, jinsiy ojizlik kasalliklar tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, ularni bartaraf etish lozim. O‘z o‘rnida gormonal holatingizni ham albatta, tekshirtiring. Mabodo jinsiy yaqinlikdan qo‘rqishning kelib chiqishiga psixologik omillar ta’sir qilgan bo‘lsa, ruhshunosga murojaat qilishni unutmang.

Normal jinsiy quvvatga ega bo‘lish uchun ovqatlanishga ham jiddiy e’tibor qaratish lozim. Tarkibida yog‘ moddasi kam bo‘lgan, ko‘proq vitaminli mahsulotlarni iste’mol qilish kerak.

Sog‘lom turmush tarzi, tartibli jinsiy hayotni kechirishdan tashqari, jismoniy mashqlarni bajarish ham jinsiy quvvatni kuchaytirishga xizmat qiladi. Ereksiya uchun qo‘llarni oldinga cho‘zgan holda o‘tirib-turish eng yaxshi mashq sifatida tan olingan. 1 kunda 50-100 marta shu mashq bajarilsa, kichik tos sohasini qon bilan ta’minlanishi kuchayadi. Bundan tashqari, piyoda yurish, velosipedda uchish ham samarali.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x