JIGAR QURTI (Fasciola hepatica) – soʻrgʻichlilar sinfiga mansub parazit chuvalchang turi. Tanasining rangi oqish yoki jigarrang, shakli yaproqsimon. Uz. 20—30 mm, eni 8—13 mm; oldingi uchki qismi konussimon toraygan. Soʻrgʻichlari ikkita. Oldingi ogʻiz soʻrgʻichi oʻrtasida ogʻiz teshigi boʻladi. Ogʻiz soʻrgʻichidan orqaroqda ikkinchi qoʻshimcha qorin soʻrgʻichi joylashgan. 1 – va 2-soʻrgʻichlar oʻrtasida jinsiy teshigi, tanasining orqa uchida ayirish organi teshigi bor. J. q., asosan, tuyoqli sut emizuvchilar (qoramol, qoʻy, echki, tuya, ot, choʻchqa va b.) hamda odam jigari oʻt suyuqligi yoʻllarida parazitlik qiladi; oʻt va oʻt yoʻlidagi yemirilgan hujayralarning parchalanish mahsulotlari bilan oziqlanadi, Jigar qurti bilan zararlanish fassiolyoz deyiladi. Jigar qurti 2 xoʻjayinda rivojlanadi. Tuxumlari axlat bilan suvga tushganida ulardan kiprikli miratsidiy lichinkasi chiqadi. Lichinka suvda suzib yurib, oʻzining oraliq xoʻjayini — kichik suv shilligʻi (Galba truncatula)HH topib, uning ichiga kirib oladi. Miratsidiydan spo-rotsistalar; rediyalar va serkariyalar rivojlanadi. Serkariyalar shilliq qurt tanasidan tashqariga chiqadi va navbatdagi lichinkalik davri — adoleskariyaga aylanadi. Jigar qurtining asosiy xoʻjayinlari — chorva mollari suv ichganda yoki suv ichida oʻsgan oʻtlarni yeganda sistaga oʻralgan adoleskariyani ham yutib yuboradi. Chorva mollari ichagida sista yorilib, yosh jigar qurti chiqadi. Qurt ichak devorini teshib qonga oʻtadi; qon orqali jigarning oʻt suyuqligi yoʻliga oʻtib, bu yerda voyaga yetadi. Odamlar ham koʻlmak suv havzalaridan suv ichganida Jigar qurti bilan zararlanishi mumkin.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые