JALOYIRLAR

JALOYIRLAR, jaloirlar — turkiy xalqlardan biri. Rashiduddinnnnt yozishiga koʻra, Jaloyirlar 12-a. da Onon va Kerulen daryolari boʻyida yashashgan. Ular 10 boʻlakka (qabilaga) boʻlingan, har bir qabilaning oʻz sarkardasi (qabila boshligʻi) boʻlgan. Jaloyirlarning katta bir qismi kidonlar bilan boʻlgan urushda yengilgach, Chingizxon ajdodlariga tobe boʻlgan. Chingizxon hukmronligi davrida, Jaloyirlardan bir qancha eʼtiborli beklar va lashkarboshilar yetishib chiqqan. 12-a. ning oxiri va 13-a. ning boshlarida Jaloyirlarning katta qismi Yettisuv va Movarounnahrning ayrim viloyatlari (Ohangaron vodiysi va Xoʻjand tumani) ga koʻchib kelib oʻrnashgan. 1370-y. da Amir Temur bu guruhni oʻziga tobe etadi, ammo Jaloyirlar tez-tez qoʻzgʻolon koʻtarib turishgan. 1376-y. dagi qoʻzgʻolon bostirilgach, ular bir qancha guruhlarga ajratilib, bir boʻlagi Toshkent vohasida qoldirilgan, qolganlari Movarounnahrning bir qancha tumanlariga (asosan, Zarafshon boʻylariga) koʻchirilgan. Shu tarzda Amir Temur J. ning Ohangaron va Xoʻjand ulusini tarqatib yuboradi. Oʻzbekistonda Jaloyir nomi bilan bogʻliq qishloqlar bor.

13-a. davomida Jaloyirlarning katta bir guruhi Ozarbayjon va Iroqqa koʻchib oʻz davlatini barpo etganlar (q. Jaloyiriylar davlati).

Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda yashovchi Jaloyirlar keyinchalik oʻzbek, qozoq, qoraqalpoq va qirgʻiz millatlari tarkibiga kirgan. Qozoqlar tarkibidagi Jaloyirlar yirik urugʻlarga boʻlingan: sirmonoq, oriqtinim, boychegir, qaychili, sigirchi, bolgʻali, kuchuk, qorachopon, andas, qalps, mirza, oʻroqli, oqboʻyim. Qirgʻizlar tarkibida Jaloyirlarning kuchuk, mingʻitay, supatay urugʻlari boʻlgan. Oʻzbeklar tarkibida Jaloyirlarning ikki yirik qaychili va bolgʻali urugʻlari hamda bir qancha urugʻ boʻlinmalari boʻlgan (qargʻali, boshqird, qaroabudal, qorakoʻli, qorachopon, chuvuldoq, jastaban va b.).

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x