Jahon shoiralari ijodidan

SAFO

 

(Yunoniston, milodgacha VII asrning 2-yarmi)

 

Aziz ona! Bu dastgoh

Charchatar borgan sari

Toʻqiy desam yoʻq mador.

 

Dilda anduh ila oh,

Nozik sarv daraxtlari,

Zoriqqan koʻzlar bedor.

 

Onono KOMATI

(Yaponiya, IX asr)

 

Nigohlardan yashirin, chetda

soʻlimoqda qorongʻulikda

choʻkayotib gʻamgin dunyoga

bir lahzalik sevgi gullari

beqaror qalbingda…

 

Oy chiqmagan kechalar

seni kutdim behuda,

koʻzlarimni yummadim –

koʻksimda orzular gulxani

gurillaydi, yonar yuragim…

 

LI SIN-ChJAO

(Xitoy, 1084–1151)

 

BANAN PALMASI

 

Kimdir ekib ketgan bu palma

Derazamning ortida oʻsar

Yillar oʻtgan sayin baravj.

Hovlini

Quyuq soya qoplamish butkul.

Yolgʻizdirman, gʻamgin, benavo,

Qimirlagim kelmas oʻrnimdan.

Yomgʻir devor ortida bedor

Taqillatib oʻtadi uch bor.

Tomchilar ortidan tomchilar

Yuragimga kiradi sizib.

Bu gʻuluvni koʻtarmaklikka,

Tinglamakka yetarmi bardosh.

Ayriliqda eng olis tunni

Qisqartirib bilmadim yolgʻiz…

 

Oygul SUYUNDIQOVA tarjimalari

 

 

Lesya UKRAINKA

(Ukraina, 1871–1913)

 

MARVARID YOSHLAR

 

Oh, oʻlkam… bepoyon dalalar yurti.

Nechun hamma yoqqa choʻkmish sukunat?

Nechun guldurakni kutganday xuddi

Mungʻaygan oʻrmonda chirqirab faqat

Qushlar jim boʻladi… tuman hukmron?

Holimiz yomon!

Sen qayda, ey koʻkning yulduzi – hurlik,

Osmoningdan pastga tushmaysan nechun?

Erkni nonday kutib bizning yer shoʻrlik

Qiynaldi… va hamon quyuqlashib tun

Haqiqat-la yakkash riyo qilar jang,

Ahvolimiz tang!..

Butun xalq, oilam, onam va inim

Zanjirda ingraydi suyagi qaqshab.

Ukrainam tani tilim va tilim,

Yalligʻlab yonadi olovga oʻxshab.

Zanjirni uzishga madad berar kim?

Bilmayman, tangrim!..

Tokay shunday boʻlur, yo kular taqdir?

Bu zaif qoʻllarga ming va ming laʼnat!

Nega qabr ichra tugʻildik axir,

Nahot qullik bordir qismatda faqat?

Gar shunday boʻlsa biz oʻlmakka hozir…

Naqadar ogʻir!..

 

Solomeya NERIS

(Litva, 1904–1945)

 

MENING OʻLKAM

 

Kahraboning oltin tomchisimon

Toza, noyob mening kichkina oʻlkam.

Qoʻshiqday jarangli, shodlikday ravon,

Yarqirab kundan-kun yashnaydi koʻrkam.

 

Sen oltin shuʼlalar sochgan kahrabo,

Ey Boltiq goʻzali, ozod Vatanim.

Litvam, aziz noming yuragimga jo,

Sen quyosh singari qoʻlga tutganim.

 

Dunyo xalqlarining dengiziga sen

Quyulding jarangli yangi tor kabi.

Qudrat-la yangragan qoʻshigʻingdan men

Ovozingdan tanib olaman seni!

 

Zulfiya tarjimalari

 

Anna AXMATOVA

(Rossiya, 1889–1966)

 

POYIMDA TANTI KUZ…

 

1

Poyimda tanti kuz! Ajib nahorni

Atay zoriqtirib olib kelishdi.

Ortga qayta olmas oʻn besh bahorni

Yerdan koʻtarolmay armonim joʻshdi.

 

Men unga shu qadar zoriqib boqdim,

Borligʻim qamradi ardoqli xotir.

Kuzning qalamida olovli oqdi,

Hech kimga aytilmas eng qadimiy sir.

 

2

Quyoshli xotira soʻnayotir jim,

Maysalar sargʻish.

Qish-qirovli kunlar ushlaydi qoʻlim,

Goʻyo sovuq tush.

 

Toʻlib-toshib oqqan suvlar qaydadir,

Muzlik bepoyon.

Moʻjizalar qaytmas, dardlarim ogʻir,

Oʻylar beomon.

 

Daraxtlarning boshi osmonda, shamol

Kuylaydi soʻlim.

Umr yoʻldoshingiz emasman, malol

Kelmasin, jonim…

 

Quyoshli xotira soʻlmoqda, nechun

Zim-ziyo olam?

O, balki!… Kelishga ulgurar bu tun

Ayozli qish ham.

 

3

Soz chaladi bola, soz chalar,

Qizcha guldan oʻrar gulchambar.

Ikki yoʻl bor kesishgan dilbar

Oʻrmon qadar, dalalar qadar.

 

Yodga tushar olis muhabbat,

Qayta yonmas olov va hayrat.

Yoshlik oʻtdi, soʻndi harorat,

Faqat oʻchay demas xotirot.

 

Isinayin shu oʻtda bir pas

Izn bering, sovuq yedim… O!..

Tilasam ham, kutsam ham kelmas

Ovozlari qanotli xudo.

 

 

“TOSHKENT DAFTARI” turkumidan

 

ARMON BOʻLARMIDI

 

1

Armon boʻlarmidi behi gullashi,

Behi iforini bilmasdan oʻtsam,

Agar tilingizda soʻzlar jarangin

Tinglamay, suhbatlar qurmasdan ketsam.

 

Togʻlardan shaharga inadi tuman,

Tuproqli Beshogʻoch oralab karvon

Oʻtayotir nurday, shamolday, selday…

 

2

Bu bir koʻhna shahar – ona yer kabi,

Tuprogʻi soz, neki eksang, bitgusi.

Quchoq yetmas baxmal dalalar qalbi

Lolalar kuyiga singib ketgusi.

 

GULLAYOTGAN TOSHKENT

 

Aytib boʻlmas kuchning azmi, amri-la

Shahar birdaniga nurlanib ketdi,

Har bitta hovliga sevinch, sabr ila

Eng oppoq, eng yengil xayollar yetdi.

Yurakda bir ajib nafasli ohang,

Uygʻondi bu olam xushsurat, dilbar.

Anhorlar tubida osmon rang-barang,

Tuygʻular toʻliqdi, dilda yoʻq kadar.

 

Xotiralar oʻchmas, tiniq yonarlar

Olis yulduzlardan tong chogʻi hayrat.

Sochlari tun kabi tolim onalar

Qoʻllarida gullay boshlaydi hayot.

 

* * *

Oʻzing vatanlarga vatan – Osiyo!

Azim makondirsan togʻli, sahroli.

Qiyoslab boʻlmaydi havolaringni –

Koʻk qadar moviyrang, otash, ziyoli.

 

Koʻz ilgʻamas olis afsungar yurtlar

Jilvalanib turar elas va elas.

Birma uzra charx urgan kaptarlar

Xitoy osmoniga toʻldirar havas.

 

Sukutlar zalvorli, oʻtlidan-oʻtli,

Sukutlar toʻlqinli, sirlidan-sirli.

Kumush sochlaringning qadimlarida

Yashnab, yosharadi yoshliging nurli.

 

Boshin qoʻyib qadim xoki poyingga

Qadam qoʻydi mutlaq eng yorugʻ era.

Hisordek kuylasa qay dil, viqorli

Hisorga aylanar, taʼbirga koʻra.

 

Sen koʻhna dunyoni har tongda qutlab,

Qarshilaysan, qoʻlda zaytun novdasi.

Jaranglab ketadi koʻhna tilingda

Haqiqat tovushi, tinchlik nafasi.

 

 

Marina SVETAYEVA

(Rossiya, 1892–1941)

 

* * *

Oqshom choʻkayotir ulkan shahrimga,

Mudrayotgan uydan chiqib ketaman.

Odamlar oʻylashar – ayolmi, qizmi,

Xayolim oʻgʻrisi – tunga yetaman.

 

Yoʻlimni supurar iyul shamoli,

Qaydadir kuy yangrar elas va elas.

Oh, tongga qadarlik bu mayin havo

Bagʻriga bosadi koʻksimni besas.

 

Koʻrinar qora tol, derazadan nur,

Baland minorlarning qoʻngʻiroqlari.

Qoʻlda gul, qushdan ham yengil qadamlar,

Ularga singiyman soya singari.

 

Tilla iplar kabi yonadi olov,

Yaproqlar hididan behushman, behush.

Kunduzgi tashvishlar, tinch qoʻying meni,

Doʻstlarim, tushuning, men tushman, bir tush…

 

QALB VA ISM

 

Davra olovlanar, bu oʻt taftidan

Isiyin demaydi, toʻlmaydi bagʻrim.

Koʻzimda yastanib yotadi kenglik,

Sen uni dengiz deb atagil, Tangrim!

 

Boshni aylantirib yuborar raqslar,

Meni tashlab ketay demas sogʻinchim,

Shu sogʻinchlar soldi qalbimga otash,

Ularga dengiz deb nom bergil, Tangrim!

 

Olov boʻlib kuylar afsungar davra,

Yoniqib chorlaydi, tortmas oyogʻim.

Yurak yoʻlga tushdi, yoʻl esa olis,

Yoʻlimga dengiz deb ism qoʻy, Tangrim!

 

 

Gertruda KOLMAR

(Germaniya, 1894–1943)

 

* * *

Bolalar doʻstlashar har bir yulduz-la,

Yashirib qoʻyishar quyoshni, uzoq

Yogʻayotgan achchiq yomgʻirdan his-la

Oʻtinishar – qoʻyib yubor deb tezroq.

 

Yulduzlardan turfa-turfa belbogʻlar,

Quyoshdan alvonrang tojni soʻradim.

Beshafqat ishq bilan soʻzlashgan chogʻlar

Yuragim zoriqib, erkni soʻradi.

 

Yulduzlar marvarid uzatdi ulkan,

Quyosh toj kiydirdi, koʻngil toʻlmadi –

Meni eshitmagan muhabbat ekan,

Uni ham yomgʻirday ushlab boʻlmadi…

 

 

Desanko MAKSIMOVICH

(Serbiya 1898–1993)

 

QUYOSH HAQIDA QOʻShIQ

 

Tun eriy boshlaydi oʻtinchlarimda,

Poyimda oqadi tonggi farogʻat.

Quyoshli oʻtloqda yam-yashil koʻkat

Titraydi shamolning oʻpichlaridan.

 

Ummonli xayoli oʻtli muhabbat,

Ruhimda gullaydi giyoh orzusi.

Qoʻrquv sololmaydi oʻlim qaygʻusi,

Goʻyo sen boʻlmasang toʻxtaydi hayot.

 

Oʻtloq bilan meni qurshaydi shitob

Yelib kelayotgan jangari tilsim.

Tubsiz qorongʻulik chulgʻaydi sim-sim.

Qirlarning ortiga choʻkkalar oftob.

 

Koʻnglimni xushlasa deysan yangi kun,

Oʻlim haq deysan-u, umid oʻlmaydi.

Hech oʻlging kelmaydi, oʻlging kelmaydi,

Yashaging kelmaydi nursiz va gʻamgin.

 

Oygul SUYUNDIQOVA tarjimalari

 

 

Xuana de IBARBURU

(Urugvay, 1895–1975)

 

NAFIS MOʻJIZALAR

 

Qoʻllarim… o, moʻjiza! Gullay boshladi butkul!

Oʻnta barmogʻimdan ham oʻsib chiqdi atirgul!

Gullay boshladi qoʻlim tegib otashin dudoq,

Sen oʻpgan qoʻl aylandi chaman gulzorga shu choq.

 

Moʻjiza xabarini yetkazay deb dafʼatan,

Chopa ketdim goh yigʻlab, goho kulib bu baxtdan.

Quvonaman, kulaman, koʻz yoshim – oqar daryo,

Qaranglar, o, moʻjiza! Atirga toʻldi havo!

 

Atrofdagi odamlar shivirlay boshlar shu kez:

– Oboraylik uyiga, aqldan ozmish shoʻrlik qiz.

Barmoqlari gʻunchalab, gulga aylanmish qoʻli,

Tavba, bechora qizni qaylarga boshlar yoʻli?!

 

Eh, bu sodda odamlar, moʻjizaga ishonmas,

Koʻz bilan koʻrsagina ishondik deb aytar, bas.

Ular oʻylarki, gullar oʻsar faqat dalada,

Donlar, boshoqlar faqat silkillanar gʻallada.

Har giyohning oʻrni bor, shakli, rangi, jilosi,

Qoʻlim gullasa, derlar: “Gullagani nimasi?!”

“Seviklim!” degan soʻzni tushunmaydi odamlar,

Ularga baxt bagʻishlar faqat araq, taomlar.

 

Ular meni tutmoqchi, zindonga tashlamoqchi,

Eshigimni tambalab, qoʻymoqchi yetti soqchi.

Ana, yetaklab keldi bir bahaybat itni ham,

Zora men gul, atirni, moʻjizani unutsam…

 

Men baribir kuylayman: qoʻllarim gullamoqda!

Barmoqlarim – atirgul! Ifor sochar qamoqda!

Ana burnin koʻtarib, mast boʻla boshladi it,

Atirgullar oʻsmoqda, toʻrt devordan oshdi hid!…

 

 

Akva LALUA

(Gana, 1904–1950)

 

XIZMATKOR AYOL

 

Tovusday bezanib, yarqirab tamom,

Patnischada olib keldi u taom.

 

Soʻng xushboʻy hidlarni taratib, yoyib,

Qovurma keltirdi – baliq, ajoyib!

 

Yana ketib, yana keltirdi besas,

Banandan sirqilgan shirin musallas.

 

Shunda… kim aytadi, kim bilar, qani,

Koʻzlari nima deb gapirganini?!

 

Nazokat JUMAMURODOVA tarjimalari

 

 

Gabriela MISTRAL

(Chili, 1889–1957)

 

***

Ichimda oʻldirdim uni beomon,

Chunki sevmagandim uni hech qachon.

 

U baland togʻlarning adl kaktusi,

Gullayotgan chogʻlar goʻzal ol tusli.

Ham oʻtli, ham quruq edi, begumon,

Na yangiday edi, na yosh, navqiron.

 

Oyogʻi ostida, oldi-ortida

Yotardi shu toshlar, osmon begʻubor.

Suvlarga suvlarning koʻzi, dardida

Engashib boqqanin koʻrmadim bir bor.

 

Yashillanib borgan maysa, oʻt-oʻlan

Qovjirab qolardi tushsa izlari.

Qaynoq nafasidan atrof dimiqqan,

Bugʻlanardi mayin qizil yuzlari.

 

Issiq-sovuqda ham nutqlari qattiq,

Surtib qoʻyilganday atay qoragʻat.

Odamlardan yiroq, koʻzlarga ortiq

Koʻrinmasdan erkin yursam der faqat.

 

Egilish neligin bilmadi aslo

Togʻ bagʻrida oʻsgan magʻrur gul chiroy.

Uning bilan turib yonma-yon asli

Egilib-egilib qoldim, hoynahoy…

 

Yoʻliqtirdim uni oʻlimga bir kun,

Oʻradim-chirmadim jon-jismim butkul.

Burgutday jon berdi otashin, gʻamgin,

Ayrildi rizqidan, yonib boʻldi kul.

 

Qanotlarin yoyib, engashdi asta,

Bir zumga toʻlgʻondi, shitobli, beun.

Qoʻllarimni ochsam, toʻkdi ohista

Oʻchib-oʻchmayotgan eng soʻnggi uchqun.

 

Opa – singillarim uni eslashsa,

Men kabi oʻylashmas, sogʻinib qolar.

Oʻtmish kukunlarin titib, izlashsa,

Vujudimdan bir-bir sugʻurib olar.

 

Ularga yuzlanib, aytaman: – Qarang,

Gʻorga tushib koʻring, soz tuprogʻidan

Shundayin olovrang sor burgut yasang,

Qoʻshib qoʻying chimdim qalb titrogʻidan.

 

Agar qoʻlingizdan bu yumush kelmas,

Demak, yodga olmang, unutsin yurak.

Men uni oʻzimda oʻldiroldim, bas,

Siz ham shunday qiling albatta, beshak!

 

 

Yelisaveta BAGRYANA

(Bolgariya, 1893–1991)

 

EVARA

 

Olis ajdodlarim portretlari,

Unvonlar kitobi avlodimda yoʻq.

Ular qoʻshigʻini bilmayman barin,

Oʻtgan yoʻllaridan yurmayman aniq.

 

Lekin tortib qoʻyar chakka sochimdan

Tomir-tomirlarda oʻynoq, qaynoq qon.

Meni yoʻqotadi butkul tinchimdan,

Muhabbat qaʼriga sudrar beomon.

 

Buvimning buvisi yoshgina ekan,

Ipak shohi yuzda, chiqarmay sasin

Yoʻlga tushmaganmi ajnabiy bilan

Ishqning tulporida yarim kechasi?!

 

Chaqmoq ot yollari, qop-qora xayol,

Yodlar Dunayboʻyi bogʻlari hamon!

Oshiqlar izini koʻchirgan shamol

Egri qilichlardan saqlagan omon.

 

Ehtimol, shu bois sevaman dala

Uzra yangrab ketsa oqqush xitobi.

Keng moviy qirgʻoqlar tovlanar palla

Qamchi havolansa, otlar shitobi…

 

Beiz ketamanmi yo aksi – ne tong!

Soʻnggi nafasimga qadar gulbogʻim,

Seni madh etaman, aziz onajon,

Qadimlardan qadim bulgʻor tuprogʻim.

 

 

Alfonsina STORNI

(Argentina, 1892–1938)

 

OROM ISTAGI

 

Enagam, tuhfa qil shudring roʻmolin,

yosh maysalar qoʻlin, gullar tishin oq.

yoygin yumshoq yoʻsin qanotini, tin

olay, choyshab kabi yozilsin tuproq.

 

Meni allalagin, enajonginam…

bosh tomonda shamlar shuʼlasini tuy.

qay yulduz turkumin tanlasang, shu dam

uni sal pastroqqa enkaytirib qoʻy.

 

Men yolgʻiz qolaman… yashillanar barg,

tebranadi qoʻllar, koʻkka koʻz solsang,

qushlar koʻtararlar qoʻndirmasdan gard,

 

uni unutsin deb… Oʻtinchim: yana

agar u qoʻqqisdan sim qoqib qolsa,

chiqib ketgan edi, deb qoʻygin, ena!…

 

 

SOVINAR BAGDASARYAN

(Armaniston, 1948)

 

* * *

Koʻngil qoʻyib oy nuriga biz

Qarshiladik tonggi ziyoni.

Hali bilmay ishq ne, nedir his

Unutgandik butun dunyoni.

 

Koʻkka boqib jimgina, uzoq

Toʻlqinlanib, gohida tinib

Labimizga koʻchardi titroq,

Pichirlardik: ‘‘Sevaman… yonib!…”

 

Oy nuriga tizilar satrim,

Uygʻonaman tonglarda yolgʻiz.

Yulduz sanab, tugaydi sabrim –

Yonimda yoʻq ul yorqin yulduz!

 

Zuhra ASQAROVA tarjimalari

 

 

Yugasya KALYADA

(Belorussiya, 1981)

 

Qor tanovul qildim,

Qor tanovul qildim tushimda;

Erib ketdi tomirimda u;

Koʻchaning olifta tuzlangan qorin,

Kirchikkan qorni derazadagi;

 

mandarintus qorni fonus qoshida;

chekka-chekkasidan balanddan-pastga;

yanvarning qaytadan ekilgan qorin

shovqin harakatin va ulovlarning;

 

qor, olovda qutlangan qorni,

iffatli – ipakning oy qirqimlari,

qor – yerga qoʻngan uchqur bir nigoh,

kimnidir kutgan umrbod.

 

Erigan, qumli, chekib tashlangan

Kiyev osmonidan pastga oʻrlagan,

quchoq ochgan menga pillapoyadan

qor tanovul qildim – daryoman edi.

 

 

Alyona YeLSOVA

(Komi, 1979)

 

* * *

Oyoq tovushimni eshitdingmi tunda

demakki yaproqlar toʻkilayapti,

ortiga qarashmas,

shamol olib ketgan ularni.

Tunda qara

yaproqlar yoritar olamni

ovozsiz yotgancha yurakda

shivirlashar senga men haqda.

Havoning avzoyi buzuqligida

olam qorayganda yomgʻirdan

safar qilar koʻkka yuragim.

Jannatni yoritgan kapalak –

yaproqlar.

 

Eshityapsanmi tunda oyoq tovushimni…

 

* * *

Quyoshli yomgʻirni chizib ber menga

u chetidan – bu chetigacha

quyosh-la limmo-lim yomgʻirni.

Qoʻy, mayli u menga

tikilsin yoqimli koʻzlari bilan

nedandir gʻamlanar koʻnglimiz.

Notanish yomgʻirning

suvratini solib ber menga,

mayli u yugursin derazalarda

jimisin soʻngra

va osmon toʻkilar koʻlmakka.

Harir bulutlarni oralab

sen ila ketyapmiz bolalik tomon.

 

 

Sposmanite MYAYLE

(Litva, 1965)

 

* * *

Uyga qaytib kelar

eng olis yoʻlni

izlab yoʻlga chiqdim

Suvratlar orqali bilaman

Shaharlik afsonalarni

Bir-biriga oʻxshash bayramlar

Oʻngiga aylangan tushlar

Joʻmraklarda oʻynagan suvlar

Nurli ayollar

Vaqt hech vaqt

Oʻzgartirmas qiyofasini

Tunning orqasidan

Oyoq qoʻyar kun

Hali topishim shart

Uyga olib qaytar eng uzun yoʻlni

 

 

Doris KAREVA

(Estoniya, 1958)

 

* * *

Dengiz yoqasidagi uy

esiga oladi har doim

qirgʻoqda toʻxtagan qayiqligini.

Vaqt va borliqni oralab,

oxiri yoʻq ummon tomonga

joʻnab ketadi qayiq.

Uning atrofida oqar yulduzlar,

ichida ichikar oʻchoq,

hech kim yoʻq oʻtini gurillatishga.

Oʻz xoʻjasin sogʻingan qulday

ha, shunday

dengiz boʻyida

kulba koʻz tikadi oʻz xoʻjasiga.

 

Rus tilidan Goʻzal BEGIM tarjimalari

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2

https://saviya.uz/ijod/nasr/jahon-shoiralari-ijodidan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x