Izabella

Rober MERL

 

Gersog Brachchano, yaʼni Paolo Orsini xotinining vafotidan soʻng gʻalati hunarlar chiqara boshladi. U Toskan gersogining yigirma bir yoshli qizi Izabella Medichiga uylandi. Bu nikohning boshida kuyov va kelinning ota-onalari turishdi. Toʻy uzil-kesil aniq boʻlgandan soʻng keksa Orsini oʻgʻlini chaqirtirdi-da, balandparvoz va taʼsirli soʻzlar bilan bu nikohning nechogʻliq manfaatli ekanini dalil-isbotlar bilan uning miyasiga quydi. Paolo tishini tishiga qoʻyib, uning gaplarini oxirigacha tingladi. Nima balo, deb oʻyladi u, otam qandaydir yassikoʻkrak, sariqmashak, miyasiga xurofot in qurgan bir rohibani menga xotinlikka olib bermoqchimi deyman. Paolo hamma gapni u qulogʻi bilan eshitib, bu qulogʻidan chiqardi-da, keksa Orsiniga boshini egib minnatdorchiligini bildirdi, soʻng toʻp oʻynagani chiqib ketdi.

Izabellani koʻrishga Paoloni majbur qilishmaguncha u hali qizni mutlaqo koʻrmagandi va koʻrishga ham orzumand emasdi. Bu paytlarda u, allaqachonoq suyuqoyoq Lukretsiyaning tuzogʻiga ilinib, maishatparastlikdan boshi chiqmay qolgandi. Lukretsiya endigina oʻn besh yoshga toʻlgan boʻlsa-da, binoyidek aql-farosatiyu xush tabiati bilan gersogni oʻziga rom etgandi. U aynan Izabella bilan uchrashuv belgilangan oqshomda, kechki ovqat mahali Lukretsiyaning huzurida boʻlishni koʻngliga tugib qoʻygandi va bu rejaga dabdurustdan qoʻyilgan toʻsiqdan qoni qaynab, boʻlajak xotinining yoniga yoqimsiz kayfiyatda kirib bordi. Gʻazabini yashirishni eplolmaganidanmi yo buni istamaganidanmi, xullas, figʻoni falakka chiqqanini berkitib ham oʻtirmadi, yerga boqqancha qizning yonida hozir boʻldi, boshini koʻtarib qaradi-yu, qarshisida turgan oʻrta boʻyli, koʻhlikkina, xushbichim, koʻzlari tiyrak, yigitni yaxshiroq bilish ilinjida unga ayyorona tikilib turgan sohibjamol qizni koʻrib hayratdan tong qotib qoldi. Yigit bosh egib salom berdi. Qiz ham, garchand uning nigohlari buning aksini aytib turgan boʻlsa-da, baribir yigitning izzatini joyiga qoʻydi – unga taʼzim bajo qildi. Bu ishvadan yigitning yuragi “jiz” etib ketdi va u bir zumga Lukretsiyani unutdi.

– Muhtaram janob, – deb soʻz boshladi Izabella, ularni bazoʻr yolgʻiz qoldirishgandan soʻng namoyishkorona samimiylik bilan, – tan olib aytishimiz kerakki, ikkimizni ham pichoqsiz soʻyishdi. Ota-onalarimiz tuygʻularimizni nazar-pisand qilmay, boshimizni qovushtirishmoqchi, ayting-chi, bunday nikoh bizni baxtli qila olarmikan? Hamonki, oʻzga ilojimiz yoʻq ekan, nasroniylarga xos itoatkorlik bilan peshonamizda borini koʻraveramiz-da. Menga kelsak, hayotingizni buzish niyatim yoʻq, toʻydan soʻng meni oʻzingizga qarashli yer-mulkka joʻnatib yuborib, bu dunyoda mendek qiz borligini unutib yuborsangiz ham sizdan zarracha ranjimasdim, qaytanga bundan oʻzimni baxtiyor his etgan boʻlardim…

Shunday kayfiyatda, biron marta ham adashmay-netmay, odob-axloq doirasida Izabella Medichi suhbatdoshiga teshib yuborgudek tikilgancha, rosa oʻn daqiqa gapirdi. Gersogning ogʻzi lang ochilib qolgandi. U Italiyaning eng ketvorgan yigitlari safidan joy olgani uchun ham shunday zebo qiz undan umrbod yiroqda yashash istagini bildirganidan juda ham hayron qolgandi.

– Oyimqiz, – dedi yigit, nihoyat tilga kirib, – odam boʻlajak turmush oʻrtogʻiga ham shunday deydimi! Meni endi koʻrib turgan boʻlsangiz-u, darrov qochib qolishni oʻylayapsizmi?

Izabella “nasroniylarga xos itoatgoʻylik”ni dam-badam tilga olib, yana oʻzining uzundan-uzoq nutqini boshladi. Gersog oxiri qiz uni kalaka qilayotganini payqab qoldi. Uchrashmaslaridan avval bu nikohga hushi yoʻqligini, hozir esa fikri oʻzgarganini va qizning yonida boʻlishdan baxtiyor ekanini u takallufsiz, mugʻombirlik qilmay, aql-hushini bir joyga qoʻyib, aytib qoʻya qoldi.

– Yoʻgʻ-ey, – dedi Izabella ochiqdan-ochiq uni masxaralab, – rostdan-a? Nahotki Lukretsiya xonim bilan birga boʻlishdan koʻra, men bilan suhbat qurishni afzal koʻrsangiz?

Darhol oʻrtadagi xafagarchilikni yumshatish maqsadida, oʻz haziliga oʻzi birinchi boʻlib kuldi-da, suhbatdoshiga yoqimli qarash qilib, uning qoʻliga suyandi.

Ilk uchrashuv binoyidek anchagacha choʻzildi. Paolo hayratining cheki yoʻq edi: Izabella asilzodalardan boʻlsa-da, aslida ham oqsuyaklar ichida kuymalanib yuruvchi qandaydir suyuqoyoq ayoldan aqli ancha ziyrak chiqib qolgandi.

Unashtirilganlar suhbatlashayotgan xonaga uni yollagan ashaddiy gʻalamis – keksa Orsiniga barini oqizmay-tomizmay yetkazib turuvchi aygʻoqchi yashirinib olgandi. Ishlar oʻzi istagandek tus olayotganidan xabar topgan Orsinining ogʻzi qulogʻida edi. Paoloning battol feʼlidan boxabar boʻlgan qariya, nasl-nasabi uchun manfaatli bunday nikohdan quruq qolishdan choʻchir, oʻgʻli yosh gersoginyani va qiz orqali uning oilasini ranjitib qoʻyishidan xavotirda edi. Qariya Orsinini bir necha yillardan beri ogʻir dard azoblab kelardi, shu tufayli u butunlay holdan toyib qolgandi; otaning birdan-bir armoni mana shu nikohni koʻrib qolish edi. Izabella oʻgʻlining aql-hushini olib qoʻyganiga ishonch hosil qilgan qariya chuqur mamnuniyat hissini tuydi-da, oʻzining bosh kotibi va sinashta boʻlgan vakiliga: “Endi oʻlsam armonim yoʻq”, – dedi va oradan bir hafta oʻtar-oʻtmay dunyodan oʻtdi.

Izabella Paologa oʻgʻil hadya etish baxtiga muyassar boʻldi. Bolaga Virjinio deb ism qoʻyishdi va Izabellaning akasi, Toskan gersogi Franchesko Medichi chaqaloqning choʻqintirgan otasi boʻldi. Franchesko singlisi Izabellaga favqulodda boshqacha mehr qoʻygandi va hamisha qizga qattiqqoʻllik bilan munosabatda boʻlib kelardi. Bir kuni Izabella jilmayganicha eri Brachchanoga agar Franchesko gersog unvonini ular turmush qurmaslaridan avval olganida, akasi biron nimani bahona qilib ularning toʻyini toʻxtatishi va singlisini cherkovga haydab solgan boʻlishi mumkinligini aytib qoldi.

Er-xotinning oʻn sakkiz yillik turmushlari mobaynida Brachchanoning gersoginiyaga muhabbati shunday kuchli boʻldiki, hech bir ayolning gersogni uzoq muddat ushlab turishga qurbi yetmasdi. Biroq gersog askar edi, u olis yurtlarda jangda boʻlardi. Izabella oʻzini tashlab ketilgan ayoldek his etardi. Erining xiyonatlaridan xabar topganida alamini ichiga yutardi. Bir kuni Paolo sakkiz oylik harbiy safardan qaytgach, rashk oʻtida yongan Izabella erini sovuq kutib oldi va ogʻziga kelgan har xil piching gaplarga Paoloni koʻmib tashladi. Xudo uni aql-farosatdan qismagandi.

– Jin ursin, xonim! – dedi izzat-nafsi ogʻrigan gersog. – Menga boʻlmagʻur ayblarni taqashni bas qiling! Nahotki siz meni yoʻl boʻyida tasodifan duch kelib qolgan qandaydir qishloq qizidan qizgʻansangiz? Nima, ochdan oʻlay deb turganimda, sizningcha, oʻz nasibamdan voz kechishim kerakmi?

– Men boʻlsam, janob, – magʻrur eʼtiroz bildirdi Izabella, – duch kelgan yerdan qornimni toʻygʻazishdan koʻra ochdan oʻlishni afzal koʻrgan boʻlardim.

Bu javob gersogga ayil botdi. U lom-mim demay rangi-quti oʻchgancha xonadan chiqdi-da, otga minib, bir badar ketgancha naq bir yilgacha qorasini koʻrsatmadi. Agar otasining ustomonligidan unga zarracha yuqqanida edi, u bironta xizmatkorga gersoginyani kuzatishni topshirardi-da, erining suratidan boʻsa olmaguncha, uxlagani yotmasligidan darak topgan boʻlardi. Odam boʻyi baravar qilib ishlangan bu surat devorga osilmagandi, balki yerga qoʻyib, chekkasidan devorga mahkamlangandi, shuning uchun u xuddi xotinining xonasiga kirib kelayotgandek taassurot uygʻotardi. Har kuni kechqurun Izabella tungi koʻylakda yalangʻoch yelkalariga sochini yoyib, erining suratiga yopishgancha, bor ovozila oh-voh qilib koʻz yosh toʻkardi. Uning boʻyi uncha baland boʻlmagani bois rasmdagi odamning labiga labini tekkizish uchun oyoq uchida turib choʻzilishiga toʻgʻri kelardi.

Gersog Izabella bilan 1576 yilning bahorida yana uchrashdi. Xotinimning mendan koʻngli qolgan, deb uni unutish uchun bechora nimalar qilmadi. U oʻz surati yoniga oʻtirib oldi-da, iloji boricha unga qaramaslikka harakat qildi va gersoginyaning hurmatini joyiga qoʻyib bir-ikki ogʻiz gapirdi. Izabella bu manzarani xayolida butunlay boshqacha tasavvur qilgandi. Ushbu uchrashuvdan ilgariroq Brachchano Lukretsiya bilan boyagi-boyagi eski aloqalarini boshlab yuborgani va ikki kun avval kechki ovqatni u bilan yegani Izabellaning qulogʻiga yetib kelgandi. Buni eshitgan gersoginya battar qaygʻuga botdi. Xizmatkor bekalardan birining aytishicha, Lukretsiya Izabelladan biroz kichik boʻlib, oʻrtadagi arzimagan bu tafovut ham uning nazdida alohida ahamiyatga ega edi. Izabellaning yoshi endi oʻttizdan oshgan, hali oʻn gulidan bir guli ochilmagan boʻlsa-da, lekin men qarib, soʻlib, jozibamni yoʻqotganman deb oʻzini ishontirishga urinardi.

Unga tinchlik bermay qoʻygan oʻy-xayollardan Izabellaning rang-roʻyi bir holatda edi, xotinini kelib koʻrgan Brachchanoning xayoliga boshqa fikr kelgandi. Muhabbatini gersogning suratiga qarab qayta-qayta izhor etishdan charchamagan Izabella, endi oʻsha rasmning asl nusxasi yonida oʻngʻaysiz bir holatda sukut saqlab oʻtirardi. Uning xayoli Lukretsiyada edi va u gersogni haqorat qilib yuborishdan choʻchib, gap boshlashga yuragi dov bermayotgandi. Endi ayol barcha koʻngilsizliklarga duchor qilgan oʻzining fahm-farosatiga ishonmay qoʻygandi. Kishiga azob berishdan nariga oʻtmaydigan bu zoʻraki samimiylikdan toqati toq boʻlgan Izabella oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Brachchano uni bu taxlit tez kuzatib qoʻyishayotganidan juda ranjidi va ketishga taraddudlanib, Izabellaning qoʻlidan beparvogina oʻpdi-da, teskari oʻgirildi. Eshik oldiga yetganida, suratga koʻzi tushdi. Oʻn yil avval hali gersoginya uni sevgan paytlarda oʻzining qanday boʻlganini alam bilan esladi. Gersog birdan toʻxtadi-da, suratga sinchiklab razm soldi va birdan suratdagi kulib turgan, samimiy bu yigitning endi sharti ketib, parti qolgan shoʻrpeshona erkakka gʻijinib qarayotganini his etdi. U gersoginyaga oʻgirildi-da:

– Suratim bu yerda juda koʻp joyni egallabdi, uni bu yerdan olib ketishlarini aytaman, – dedi roʻyxush bermay.

U xiyol burilgancha yerdan koʻz uzmay bir oz kutdi. Ayoldan sado chiqmagach, unga nazar ham tashlamay, chiqdi-ketdi. Xotini oʻzi istaganda ham ogʻiz ochishga majoli qolmagandi: Izabella karavotga suyangancha jim, hissiz qotib turardi.

 

* * *

 

Ertasiga gersog joʻnab ketdi. Izabella uni bir talay mulozimlar hamrohligida saroydan chiqayotganini derazadan kuzata turib, gersogni goʻyo soʻnggi bor koʻrayotgandek bir hisni tuydi. U sakkiz yil avval gersog unga hadya qilgan olmos bezakli ixchamgina xanjarni oldi-da, yuragiga sanchishiga bir bahya qoldi. Oysha uning qoʻlidan tutib qoldi. Izabellani oʻgʻlidan ajratganlaridan beri u shu qizga bogʻlanib qolgandi. Akasi Virjinioni saroyning ishonchli xizmatkorlariga topshirgandi. Hali oʻn beshga ham toʻlmagan mavr qizining gersoginyaning qoʻlidan xanjarni tortib olishga kuchi yetmasdi, shunday boʻlsa-da, qizcha xonimni yana bir bemaʼni urinishdan toʻxtatib qolish uchun uni tishlab, yumdalab joni boricha harakat qildi. Oysha birdan nobop oʻgirilgandi, tigʻ uning betiga tegib yorib yubordi, qizginaning yuzidan qon tirqirab oqa boshladi. Gersoginya qoʻrqqanidan qichqirib yubordi. U xizmatkorni oʻldirib qoʻydim degan xayol bilan xanjarni itqitdi-da, mushtdekkina choʻrini bagʻriga bosdi, uning tirik ekanini koʻrganidan soʻng sal-pal erkin nafas ola boshladi. Bu koʻrgiliklar undagi bor gʻam-anduhlarni ham tarqatib yubordi va Oyshaning jarohatini yaxshilab yuvib-tozalab boʻlganidan soʻng oʻlim toʻgʻrisidagi bemaʼni xayollarga boshqa berilmaydigan boʻldi.

Besh yildan buyon gersoginyaning uyida boʻy-basti, aft-angori, hatto feʼl-atvori bilan ham quyib qoʻygandek gersogning oʻziga oʻxshash, uning uzoq qarindoshlaridan Troilo Orsini degan kimsa eshik ogʻasi boʻlib xizmat qilardi. Bu odamning gersogdan yagona farqi, oʻziga topshirilgan vazifani sidqidildan halol ado etishida edi, gersogdek baxtli boʻlib tugʻilish nasib etmagach, nimayam qilsin. Izabella eri yoʻq paytlarda oʻzi boshqarishiga toʻgʻri keladigan hovli-joyda oʻlgudek zerikardi, vaholanki, vaqtini chogʻ oʻtkazish uchun abjirlik, kuch talab etuvchi koʻngilochar oʻyinlar uning uchun muhayyo edi, u soatlab ot chopardi, tirmashib qoyalarga ham chiqardi, soʻng qizib ketganidan togʻning muzdekkina soyiga oʻzini tashlab hovurini bosib ham olardi. Troilo Orsini yonidan jilmay unga hamrohlik qilardi. Bu saroy xizmatkori unga koʻngil qoʻygandi va Izabella bularni garchi sezmasa-da, Orsini vazifasidan foydalanib, gersoginya oʻzini yolgʻiz his etmasligi uchun ayolga ancha-muncha mayda xizmatlar koʻrsatib turardi. Troiloning tuygʻularini Izabella mutlaqo payqamasdi; u bor-yoʻgʻi xizmatkor edi, xolos, Izabella unga oʻzining sodiq iti yoki otiga qaragandek qarardi, undan ortiq emas. Ayol sekin-asta uni oʻziga yaqinlashtirishga jurʼat etib, dam-badam uning qoʻliga suyanar, uni oʻz xonasida qarshi olib, uning oldida yechinardi ham…

Troilo bir paytlar gersogning qoʻshinida xizmat qilgandi, xizmat qilganda ham mardlarcha jang qilib, oʻng qoʻlidan yaralangandi, shu-shu u butunlay yaroqsiz boʻlib qolgandi. Bu majruhlik uni jangovar qahramonliklardan voz kechishga majbur etgandi. Shundan soʻng gersog Orsinining gardaniga xoʻjalikni boshqarish vazifasini yuklab qoʻygandi, garchand bu ish uning koʻnglidagidek boʻlmasa-da, biroq u oʻziga topshirilgan ishni sidqidildan ado etishga oʻrganib ketgandi. Gersoginya Orsinining oʻziga yaqinlashishga izn berganda, boshda halovatning avj pallasiga erishganini his etdi-yu, biroq keyinchalik bundan qattiq koʻngli qoldi. Bir tarafdan ehtirosdan esi ogʻay derdi, boshqa tomondan sevgan ayolining unga jonsiz buyumdek munosabatda ekani uni iztirobga solardi.

 

* * *

Brachchano joʻnab ketgandan soʻng ikki oy oʻtib, gersoginya Troiloni chaqirishni buyurdi. Ertalab kun odatdagidan issiq, yarim yalangʻoch Izabella Oyshaning yonida sochini taratib oʻtirardi. Xizmatkor kelganida ayol boshini ham koʻtarmay, oʻlib qolgan toʻtining ahvolini surishtira ketdi. Troilo bir lahza tildan qoldi. U bir vaqtning oʻzida ham xohish, ham gʻazab oʻtida qiynayotgan uning goʻzal yelkalaridan koʻz uzolmay qoldi. “Bu qanday bedodlik, – oʻyladi u, – nima, men erkak emasmanmi, ayollar tap tortmay mening yonimda yechinaveradi?” “Erkak emas” degan soʻzdan uning battar figʻoni falakka chiqsa-da, baribir tishini tishiga bosdi.

– Shunday qilib, Troilo, toʻti… – dedi gersoginya sabrsizlik bilan oʻsha-oʻsha boshini koʻtarmay.

– Shunday qilib, xonim, – choʻrt kesib dedi Troilo, – toʻtilaringizga qarash uchun endi saroydan boshqa xizmatkor yollaysiz. Ertadan boshlab men sizning xizmatkoringiz emasman.

Bunday ohang gersoginyani hayron qoldirdi, chunki Troilo unga har doim oʻta odob bilan murojaat etib kelardi. Ayol boshini koʻtardi, ikki oy avval Brachchanoning surati qoʻyilgan joyda Troilo Orsini devorga suyanib turardi. U qoʻllarini koʻkragiga chalishtirib, gʻazabli nigohini ayolga qadagandi. Gersoginya seskanib tushdi. Bu naq gersogning nigohi edi.

– Troilo, nima gap oʻzi? – dedi xizmatkorning shartakiligidan oʻziga kelolmay ayol. – Sizni xafa qilishdimi deyman?

– Ha, xonim, – dedi muloyim ovozda Troilo hamon ayoldan dargʻazab koʻzlarini uzmay, – meni ayovsiz tahqirlashdi.

U qaltirab turgan qoʻllari bilan Izabellaning oʻzini koʻrsatdi.

– Hali menmi, Troilo? – azbaroyi hayratdan qichqirib yubordi gersoginya. – Hali menmi sizni tahqirlagan? Nima qilib tahqirlabman?

– Mana, xonim, nima qilib, – dedi u qoʻli bilan ayolning yarim yalangʻoch tanasini koʻrsatib.

Gap nimada ekanligini dafʼatan Izabella tushunmadi. Tushungandan soʻng yuzi choʻgʻday qizarib ketdi. Troiloning birgina ishorasi unga jonsiz buyumdek qarashlarini chippakka chiqarib yuborgandi. U oʻzini chetdan yarim yalangʻoch, buning ustiga erkaklarning koʻz oldida kishining gʻashini keltiradigan qiyofada koʻrdi. Sharm-hayo, gʻazab va nafrat bir boʻlib uning koʻnglini shunaqangi algʻov-dalgʻov qilib yubordiki, sal boʻlmasa hushdan ketayozdi.

– Yaramas! – qichqirgancha sapchib oʻrnidan turib ketdi Izabella. – Hali sen oʻz bekangga koʻz olaytiradigan boʻldingmi! Sen-a?! Xizmatkor boʻla turib-a?!

U yugurib toʻshagi yoniga keldi-da, yostiq tagiga yashirib qoʻygan xanjarni olib, Troiloga tashlandi. Troilo bor boʻyicha qaddini rostladi-da, oʻsha-oʻsha qoʻlini qovushtirgancha tek qotib turaverdi. Xizmatkor hali bu darajada gersogga oʻxshab ketmagandi.

– Itvachcha! – dedi ayol teskari qarab, jahd bilan xanjarni xonaning narigi burchagiga uloqtirarkan. – Yoʻqol! Bundan keyin qorangni koʻrmay!

– Shunday boʻlgach, men bu dargohdan hoziroq ketaman, – sovuqqina dedi Troilo.

– Ertaga! – baqirdi gersoginya nima deyayotganini oʻzi ham anglamay. – Oʻzing “ertaga” dedingmi, demak faqat ertaga ketasan! Agar itoat etmasang, seni qamab qoʻyishlarini buyuraman!

Troilo ayolga gʻalati qaradi.

– Men nima ham derdim! – dedi u mutlaqo xotirjam ohangda. – Ixtiyor sizda. Ertaga desangiz, ertaga-da.

U taʼzim qildi-da, chiqib ketdi. Gʻazabdan koʻzlari yongan gersoginya qattiq tugilgan mushtumlarini tishlagancha xonaning u yogʻidan-bu yogʻiga borib-kelardi. Bu telbalikdan u uzoq vaqt xalos boʻlolmadi.

– Nega jahling chiqyapti? – dafʼatan soʻradi Oysha mavritancha taomilga koʻra unga “sen” deya murojaat etib, – u erkak boʻlsa, sen esa koʻzga yaqin ayol boʻlsang.

– Eshik ogʻasi! – qichqirdi gersoginya. – Mening xizmatkorim!

Davom ettirishga endi ayolning holi qolmagandi. Boshqa soʻz ham topolmayotgandi.

– U axir erkak boʻlsa, – takrorladi Oysha unga maʼnoli koʻz tashlab.

Bu nigoh gersoginyani taajjubga soldi. U oʻta ziyrak ayol edi, shu bois Orsini ikkalasi oʻrtasidagi mujmal munosabatni fahmlamasligi mumkin emasdi. Oʻzini sarkashlikdan tiyolmay, evaziga topgan huzur-halovat uchun oʻzini laʼnatlardi. Mening badanimni tomosha qilganidan qanchalik huzurlanayotganini bilmas darajada ovsar emasman-ku.

– Oh, qabohat! – dedi gersoginya baland ovozda yana xonaning u burchidan bu burchiga borib kelarkan. – Uning erkakligini goʻyo bilmagandek oʻzimni goʻllikka soldim… Borib turgan tannozu eng past suyuqoyoq ham bunday… – davom etdi ayol zoʻr hayajon bilan va gapi oxiriga yetmadi. – Orsini shunday oliyhimmat asilzodalardan boʻlsa, buning nimasi ajablanarli…

Ayol birdan Orsinini oqlayotganini fahmlab qoldi va uning qoʻpolligi oʻzini koʻpam haqoratlamaganini xavotir aralash sezib qoldi.

– Haqoratlangan emishman, biroq kimning oldida? – dedi va birdan kulib yubordi. – Oʻzimni oʻzim aldashdan nima foyda? Men oʻzi kimman – gersoginya Brachchanomi yo tashlab ketilgan ayol? Ustiga-ustak endi yosh emasman, – qoʻshib qoʻydi u, oynada unga hafta mobaynida tinchlik bermay kelayotgan ajinga boqarkan.

Yuzidagi ajinga koʻzi tushishi bilanoq uning kayfiyati tushib ketdi. Oʻringa oʻzini tashladi-da, yuzini yostiqqa burkadi.

– Nima boʻpti! – dedi u kechqurun bir oz oʻzini bosib olgach. – Men toʻgʻri yoʻl tutdim. Orsini ertaga joʻnab ketishi birdan-bir toʻgʻri yoʻl… Qanaqasiga! – baqirib yubordi u yana oʻsha zahoti. – Demak, u ham meni tashlab ketar ekan-da?

“U ham-a” degan soʻzni tilga olganida, qattiq uyat yuragini oʻrtab yubordi. Ayol birdan Orsinini gersogga tenglashtirib xato qilayotganini payqab qoldi.

– Xizmatkor! – dedi u ovozini chiqarib. “Xizmatkor” soʻzi uncha-muncha boʻlsa-da, shoʻrlik gersoginya istasa qoʻl siltashi mumkin boʻlgan ular orasidagi birdan-bir yagona mustahkam toʻsiq edi. Shafqatsiz gʻam-gʻussa uni azoblashdan charchamasdi. Gersoginya Orsini joʻnab ketgandan keyingi hayotini koʻz oldiga keltirdi-da, undan yuz oʻgirgan gersogdan soʻng ayolni oʻz gʻamxoʻrliklari bilan qoʻllab-quvvatlab turgan yagona inson ekanligini tushunib yetdi. U beixtiyor qachonlardir Brachchanoning surati turgan joyga nazar tashladi va suratni u yerdan olib ketishgani yodiga tushdi. Soʻng ancha vaqtgacha karaxt bir holda oʻz toʻshagida qimirlamay oʻtirdi.

– Ketsa ketaversin! – dedi u oxiri boshini koʻtarib. – Or-nomusli ayol shunday yoʻl tutadi… Or-nomusli… – tezda takrorladi u alamnok kulgi bilan. – Erimni ushlab qolish uchun oʻsha or-nomus deganlari menga nima qilib berdi?

 

Kech soat oʻn birlarda gersoginyaning yoniga chopar keldi. U gersogni kuzatish maqsadida gersoginya tomonidan tayinlangan odam boʻlib, shu topda yangi mujda bilan tashrif buyurgandi: Brachchano mavritan qaroqchilariga qarshi flotni safarga hozirlayapti ekan. Uning oʻzi Venetsiyada boʻlib, Lukretsiya ham unga ergashib oʻsha yerga ketgan. Brachchano har oqshomni ayol bilan birga oʻtkazarkan.

– Oysha, – qichqirdi gersoginya, – Troilani chaqir bu yerga! Zudlik bilan huzurimga kelsin! Bu mening amrim!

Bir payt rang-quti oʻchgan, ammo xotirjam holda Orsini kirib keldi. Ayol hamon aygʻoqchi keltirgan chaquv maktubini titroqli qoʻlida ushlab turgancha unga nazar tashladi. Soʻng Izabella maktubni gʻijimladi-da, burchakka uloqtirdi va Orsinining yoniga keldi.

– Janob, – dedi gersoginya, xizmatkorga deyarli yopishib, – men oldingizda gunohkorman va bu aybimni yuvishga tayyorman…

II

 

Ikki oy oʻtgach, Izabella akasining Florensiyadagi qasriga joʻnab ketdi. Akasi bir yildan beri uni chaqirgani-chaqirgan edi, garchi Franchesko unda mehrdan koʻra koʻproq qoʻrquv hissini uygʻotsa-da, oʻz akasiga itoat etishdan uzoq vaqt oʻzini olib qochishning iloji yoʻq edi: oʻsha paytlar akasiga deyarlik eridek saltanatga egalik qilish nasib etgandi.

Ayolning sayohatdan asl maqsadi Franchesko saroyida xizmat qiluvchi oʻn toʻrt yoshli oʻgʻli Virjinio bilan koʻrishish edi. Troilo Orsini esa bu safarda unga xizmatkor sifatida hamrohlik qilardi, biroq gersoginya negadir Oyshani nomaʼlum sabablarga koʻra oʻzi bilan olib kelmagandi. Ehtimol, bu hol mavritanlik qizni bevaqt ajaldan yoki, jilla qursa azob-uqubatdan saqlab qolgan boʻlsa, ajab emasdi.

Franchesko Brachchanoning izzatini joyiga qoʻygandek, Izabellani ham qora sarupoda, dabdabali mulozimlar hamrohligida, otga minib, alohida hurmat-ehtirom bilan kutib olishga chiqdi. Shunga qaramay, ular arang yolgʻiz qolishdi va aka taʼrifga sigʻmas qahrli nigoh bilan singlisiga yeb qoʻygudek tikildi-da:

– Mabodo Brachchano haqida mening qulogʻimga chalinayotgan uzunquloq gaplar rost boʻlsa, bundan oʻn sakkiz yil burun gapimga kirib, cherkovga ketganingizda oqilona yoʻl tutgan boʻlardingiz, – dedi.

Bularning bari gersoginyani ranjitish niyatida oldindan oʻylab qoʻyilgan uzundan-uzoq nutqning debochasi edi. U gapni ayolning tashqi koʻrinishiga istehzoli tahsin oʻqishdan boshladi, soʻng gersoginya oʻzini qiynoqda qolgandek his etib azob chekishi uchun ularni nafrat toʻla nigohi bilan kuzatgancha singlisini haddan ziyod iltifotga koʻmib tashladi. Francheskoning jagʻi bir zum tinmas, qop-qora kiyimga burkanib olib, bukchaygancha ayolning atrofida parvona edi, toʻgʻrirogʻi, u yoqdan-bu yoqqa tinmay borib kelar va akasining har bir harakati zamirida allaqanday vahimali, yovuz nimadir bor edi. Shoʻrlik gersoginya koʻz ochib-yumguncha burda-burda qilishga shay turgan yirtqichlar ichiga tushib qolgandek his etardi oʻzini. Nihoyat Franchesko yoʻlga tushib ostonaga yetganda mutlaqo beparvolik bilan gersoginya oʻgʻlini koʻrolmasligini maʼlum qildi: oʻgʻli va yana bir qancha saroy aʼyonlari kechagina Brachchano uchun Venetsiyaga pul olib ketishgandi. Gersoginya oʻz xonasiga qaytganidan soʻng oʻsha zahoti Troilo Orsiniga odam joʻnatdi. U saroy hovlisida Izabellaning buyumlari ortilgan aravani boʻshatishga koʻz-quloq boʻlib turgandi: Orsini oʻz ishining jonkuyari, chaqqon bir inson sifatida aynan gersoginyaning qimmatli yuklarini qasrning ayol uchun ajratilgan joyiga tashiyotgan bir paytda zarurat yuzasidan boʻlsa-da, birrovga chiqib ketish ham uni ranjitdi. Troilo Izabellaning ayni yigʻlab turgani ustiga kelib qoldi; ayol Florensiyaga yaqinlashib qolgan bir paytda, oʻgʻli Virjinio akasining buyrugʻi bilan Venetsiyaga yoʻl olgandi. Francheskoning bu nayrangi Orsinini ozmuncha iztirobga solmadi. Gersoginya azbaroyi akasini hurmat qilganidan uning taklifini qabul qilishda shoshqaloqlikka yoʻl qoʻymadimikan, deb oʻyga toldi Orsini.

Gersoginya oʻz yotoqxonasidan birgina parda bilan toʻsib qoʻyilgan alohida xonaga chiqib ketdi va oqsochlar uni yechintira boshlashdi. Orsini ayolga ergashardi-yu, biroq, u yerdan saroy hovlisi koʻrinmasligi maʼlum boʻlgach, yotoqxonaga qaytdi-da, yana gersoginya bilan suhbatini davom ettirdi va bir vaqtning oʻzida yuk tushirayotgan xizmatkorlardan ham xabardor boʻlib turdi.

Orsiniga yuragini boʻshatgan gersoginyaning qoʻrquvlari ham tarqadi. Bu orada oqsochlar uni choʻmiltirishdi, bundan u shunday rohatlandiki, hatto u yoʻqqa chiqqan umidlarini ham deyarli unutdi. Oxirgi ikki yil davomida oʻz mazmunini yoʻqotgan bu hayot, yoqimli yaqinlikdan soʻng qayta oʻz oʻrniga tushgandek boʻldi. Brachchano bilan boʻladigan kamdan-kam uchrashuvlar va Orsinining uning yonida boʻlishi oxir-oqibat gersoginyaning butun jon-tani bilan berilib ketgan halovat tuygʻusini his etishga sabab boʻldi. Mana, ikki oydirki, ular bir-birlaridan ayrilmay, odob-axloq qoidalarining hech bir taomiliga amal ham qilmay eng namunali er-xotinlardek yashab kelishardi. Oʻzaro munosabatning oddiyligi gersoginyaga ulkan zavq bagʻishlardi. Umrida birinchi marotaba bu magʻrur ayol deyarli muloyim boʻlishga va qushchadek chugʻurlab soʻzlashga jurʼat eta olgandi.

Negaki bu safar Orsini faqat ahyon-ahyonda, qisqa, loʻnda javob qaytarardi. Oxiri Izabella parda ortidan turib:

– Nima bilan bandsiz? Gapimni eshitmayapsizmi deyman? – dedi.

– Men yukingizni nazorat qilish bilan bandman.

Gersoginya kulib yubordi-da, tegajogʻlik qilib:

– Juda serhafsalasiz-da! Bilasizmi, men sizni juda qoʻpol odam deb bilaman! – dedi

– Xonim, men ovozingizni ham, soʻzlaringizni ham yaxshi eshityapman, – dedi Orsini yoqimli ohangda. – Ovozingizni eshitsam xursand boʻlaman, biroq boshqa payt boʻlganda soʻzlaringizni javobsiz qoldirmasdim.

– Qanday surbetlik! Boshqacha aytganda, men aljirayotgan ekanman-da?

– Men bunday demadim!

– Qulogʻim sizda! – kulib eʼtiroz bildirdi gersoginya. – Rostini aytsam, ovozingizga unchalik ham ilhaq emasman, yonimda ekaningizni his etib tursam boʻlgani.

Shu on Orsini oynadan boshini chiqarib qaragandi, yuk tushirayotgan xizmatkorlardan birining tezda u yoq-bu yoqqa koʻz tashlab, oʻgirilib, qoʻyniga nimanidir yashirganini koʻrib qoldi. U bu ishni shunday epchillik bilan uddaladiki, Orsini hatto koʻzlariga ishonmadi. Koʻrganlari haqiqat ekaniga ishonch hosil qilish uchun u shoshib gersoginyaning xonasida chiqdi-da, hovliga tushdi.

Gilamlar uning qadam tovushlarini yutib, Izabella Troiloning ketganini sezmay qoldi.

– Qimmatli Troilo, – davom etdi dimogʻi chogʻ ayol kimsasiz xonaga murojaat etarkan, – mabodo siz… shoshmang, oʻshanda siz magʻrur turib nima dedingiz? – Ha, “ayovsiz kamsitildingiz”, agar men shu tobda hech bir mubolagʻasiz sizga koʻrinsam-chi? Pokiza qoʻllaringiz bilan yuzlaringizni berkitishga shoshiling, oʻsha sizning xayolingizni band etgan yuklardan koʻzingizni uzmang, yoʻqsa, hozir koʻz-oʻngingizda namoyon boʻladigan manzara yana sizni tahqirlashi mumkin. Ana, xolos! – davom etdi ayol kulib. – Aytadigan gapingiz yoʻqmi? Siz meni koʻrmay turib halitdan ranjidingiz chogʻi? Nahotki mening goʻzalligimni tasavvur etish ham sizning izzat-nafsingiz uchun qoʻrqinchli boʻlsa?

U qoʻli bilan pardani surdi-da, nafislikdan namiqib, yonib turgan katta-katta moviy koʻzlarini oʻynatgancha, kulib, deyarli ochiq-sochiq holda xonaga kirib keldi. Biroq bir-ikki qadam yurar-yurmas, turgan joyida qotdi-qoldi: roʻparasida qop-qora libosga burkangan, katta boshini bir yonga engashtirgancha Franchesko Medichi ayolga teshib yuborgudek tikilib turardi. U singlisining xonasi yonidan tasodifan oʻtib keta turib ayolning eshigi ochiqligini koʻrgan va kirgan, barcha gaplarini eshitgan ham edi.

Izabella oʻldim endi, deb oʻylagan boʻlsa-da, Francheskoning ayolga yeb qoʻygudek tikilib qarashi oldida ajal ham unchalik qoʻrqinchli tuyulmayotgandi. Francheskoning yuzi nafrat va qoʻmsovning aql bovar qilmas qorishuvidan tirishib-burishib ketgandi.

Bir necha daqiqa shu zaylda oʻtdi. Akasi qayerda va qay holatda Izabellani ustidan chiqib qolgan boʻlsa, ayol oʻsha yerda va oʻsha holatda haykaldek qotib turardi. Franchesko ham qimir etmayotgandi. Faqat uning koʻzlari bejo boqardi. Gersoginyaning badani boʻylab yugurgan sayin u koʻzlar tobora qonga toʻlib borardi. Izabella uning nigohida uqigan aralash-quralash boʻlib ketgan adovat va shahvoniy hirslar shu qadar qoʻrqinchli ediki, Franchesko xanjarni qinidan sugʻurib olganida gersoginya beixtiyor oʻzini yengil his etdi. Akasining qoʻli va nigohi goʻyo qarama-qarshi buyruqqa buysungandek, Izabellaga yeb yuborgudek boqdi-da, xanjarni juda ohistalik bilan sugʻurdi. U garchand ayolga yaqin turgan boʻlsa-da, Izabellaga xanjar sanchish uchun oldinga bir qadam ham bosmadi. Qoʻllari qurolni arang tutib turar va yovuz, hirs toʻla nigohini Izabelladan uzmay, xirillab nafas olardi.

Koʻksi bilan oʻzini tigʻga tashlagandek, gersoginya unga peshvoz chiqdi. Birdan Francheskoning nigohidagi nur ham soʻndi. Akasi xanjarning damidan tutgancha, sop tomoni bilan Izabellaga uzatdi. Keyin koʻzlarini yerga olgancha, pastki lablari titrab, Izabellaga teskari qarab turaverdi.

Izabella xanjarni qoʻliga olishi bilan Franchesko shiddat bilan chiqib ketdi. Bu vaqt ichida u churq etib ogʻiz ochmadi.

Izabella xanjarni toʻshagiga tashladi-da, yugurib deraza yoniga bordi va ovozining boricha qichqirib Troiloni chaqirdi. Biroq u, oʻgʻri bilan andarmon boʻlib, shovqin-suron koʻtarayotgan xizmatkorlar toʻdasi orasida qolib ketgan, hech nimani eshitmayotgandi. Gersoginya mushkul ahvolda qolgandi: Orsinining oti undan bir necha qadam narida hali egarlogʻliq turar, qasr darvozasi esa lang ochiq edi. Orsinining hali qochib qutulishga imkoni bor edi.

Oxiri Troilo boshini koʻtarib derazaga qaragandi, koʻzi Izabellaga tushdi. Ayol, “Qoching!” deb shunday dahshatli qichqirdiki, hovlidagi toʻs-toʻpolon ham taqqa toʻxtadi. Qasr darvozalari muqarrar oʻsha zahoti harakatga keldi. Francheskoning soqchilari har tarafdan xizmatkor tomon odimlay boshladilar. Orsini barcha sir oshkor boʻlganini, endi uni ushlab, qiynoqqa solishlarini, pajmurda tanasini axlatxonaga uloqtirishlarini darrov fahmladi. Oʻljaning endi qoʻldan chiqmasligiga batamom ishongan soqchilarning Orsini tomonga shoshilmay, bafurja kelayotganlarini kuzatib turardi. Soʻng xizmatkor nigohini yana gersoginya tomonga oʻgirdi. Gersoginya ikkala qoʻli bilan deraza tepasiga yopishgancha, Troiloga taʼzim qildi. Troilo ham uning taʼzimiga taʼzim bilan javob qildi.

Soqchilar boshligʻi Orsinining yoniga keldi. Izabella uning gapini eshitmadi, biroq Orsini soqchilar boshligʻiga qanday qilib qilichini va xanjarini topshirganini koʻrdi. Ikkita soqchi zudlik bilan ikki yondan kelib turib oldi, biroq unga tegmadilar. Orsini soqchilar oʻrtasida xuddi postda turgandek qaddini gʻoz tutib turardi. Soqchilar boshligʻi allaqanday buyruq berdi. Izabella butun guruh joyidan qoʻzgʻalib, hovli bilan qasrning shimoliy qanoti tomon ketayotganini koʻrdi. Chap tomondagi soqchining toʻsatdan oyogʻi toldi, Orsini gʻijinib unga oʻgirildi-da, aftidan tanbeh berdi, shekilli, u darrov oʻzini oʻnglab oldi. “Eh, Troilo! – halolliging boshimizga yetdi, dedi gersoginya ohista ovoz chiqarib!” Boshga tushgan musibatlarga tashqaridan nazar solsang, umidsizlik oʻzining soʻnggi nuqtasiga yetganiga amin boʻlasan.

Kechga yaqin Izabella devor orqasida qandaydir shovqin koʻtarilganini, dukur-dukur va taraqa-turuq ovozlar kelayotganini, yerdan goʻyo ogʻir nimanidir sudrab tortayotganlarini eshitdi. Ayol eshikni ochdi. Ikki soqchi ayolga eʼtibor ham bermay, oyboltalarini qirib tozalashardi.

Ayol oʻz xonasiga qaytdi. Bu orada qoʻshni binodagi toʻpolon hamon davom etardi. Dafʼatan eshitilgan qichqiriqdan gersoginyaning yuragi orqasiga tortib ketdi. Ayol Orsinining ovozini darrov tanidi.

Francheskoning buyrugʻi bilan soqchilar asirni yechintirishayotgan paytda, gersog uning oʻng qoʻli qisman falaj boʻlib qolganini payqadi va uni jallodga koʻrsatdi.

Ikki soat davomida oʻqtin-oʻqtin yana xuddi shunday dahshatli dod-faryodlar eshitilib turdi va shunda gersoginya yana eshikni ochdi-da, soqchilardan biriga uzuq-yuluq qilib:

– Akamni bu yoqqa chaqir! – dedi.

Soqchining paysalga solayotganini payqagan gersoginya:

– Agar joningdan umiding boʻlsa, akamni bu yoqqa chaqir, – dedi buyruq ohangida.

Franchesko atrofga olazarak koʻz tashladi-da, ildam odimlar bilan karavot oldiga keldi va xanjarni olib, uni qiniga yashirdi. Uning yonida qilich yoʻq edi, shu bois ham Izabellaning yoniga qurolsiz kira turib, ayolda uning joniga qasd qilish istagi tugʻilib qolishidan choʻchidi. Ayni damda akasi gersoginyaning koʻziga shunday yomon koʻrinib ketdiki, oʻzining nodonligidan pushaymon yedi.

– Orsinidan nima istaysiz? – dedi gersoginya oʻzini vazmin tutishga urinib.

– Jinoyatini boʻyniga olsin-da, mana bu iqrornomaga imzo cheksin.

– Aftidan hali bunga erishmagan koʻrinasiz.

– Ha, hali erishganimcha yoʻq, – dedi Franchesko.

Akasi tishlarini koʻrsatib ishshaydi-da:

– Shoshayotgan joyimiz yoʻq, – deya qoʻshib qoʻydi.

Gersoginyaning indamaganini koʻrib, soʻzida davom etdi:

– Bu baqir-chaqirlardan oromingiz buzilmaydi deb umid qilaman.

– Bularni menga eshittirish uchun ozmuncha chirandingizmi, – dedi gersoginya cheksiz nafrat ila. – Yanglishmasam, zindon shimoliy qanotda joylashgan.

Lahzalik sukutdan soʻng:

– Orsinining qarindosh-urugʻlari, uni shu koʻyga solib azoblayotganingizni bilib qolishsa, ular sizni ayab oʻtirishmas deb oʻylayman, – – dedi Izabella.

– Biroq Orsinilar xonadoni mendan minnatdor boʻladi.

Gersoginya bir necha qadam tashlab, keyin toʻxtadi va akasiga tikilib qaradi.

– Iqrornomaga agar men imzo cheksam, unda Orsinini qiynashni bas qilasizmi?

Franchesko gʻazabini arang bosib, boshini egdi va qoʻlini orqaga qilib:

– Gap bitta, – dedi past ovozda.

Ayol unga nazar soldi. Basharasidan munofiqlik ufurib turgan bu nusxa nahotki soʻzda turish degan narsani ham bilsa, degan oʻy miyasidan lip etib oʻtdi.

– Men imzo chekkan iqrornoma nima boʻladi?

– Eringiz Brachchano sizni sevib, oʻz ojizligini namoyon etib boʻlgan. Shu bois ham dalil-isbotsiz u menga ishonmaydi.

Brachchano hamon ayolni sevishini eshitgan gersoginya bundan hayron boʻlib, sarosimalanib qoldi. Soʻng:

– Xizmatkorlar, ehtimol, barini yetkazib ulgurishgandir, – dedi u.

– Xizmatkorlarni “kavush”ingiz bilan oyogʻini bir bossangiz kifoya, istagan gapingizni gapirtirishga ularni majbur qilish qiyin emas. Biroq Brachchano bunday dalil-isbotlarga boʻy bermaydi.

Izabella jim turardi.

– Xoʻsh, – dedi Franchesko, – endi nima qilamiz?

Ayol unga qaradi.

– Siz nima deb oʻylaysiz? – soʻradi ayol gʻalati qiyofada, – shu topda pop meni jon berayotgan odam deya hisoblashi mumkinmi?

– Shubhasiz. Baribir sizning sanoqli umringiz qoldi.

Izabella ibodat uchun xizmat qiluvchi oʻrindiq yoniga bordi-da, tiz choʻkdi va yuzini kaftlari bilan berkitdi.

Ayolning ibodat qilishiga Franchesko xalaqit qilmadi. U xudojoʻy edi va har kuni tongda diniy marosimda qatnashishni kanda qilmasdi, shunday boʻlsa-da, qoʻl urayotgan jinoyatlaridan vijdoni qiynalmasdi, uvoqqina gunohlari esa baʼzan qalbini qutqarib qolishga uni majbur qilardi.

Koʻp oʻtmay Izabella oʻrnidan turdi-da, akasining koʻziga tik qaradi.

– Agar iqrornomaga imzo cheksam, Orsinini qiynashni bas qilishga soʻz berdingiz.

– Ha, xuddi shunday, soʻz berdim.

– Menga hozir, mana shu lahzaning oʻzida soʻz berdingiz.

– Inkor etmayman. Nega buncha ijikilaysiz?

Ayol oʻrindiq tepasida osilib turgan Iso suratiga qaradi-da:

– Basharti soʻzingizdan qaytsangiz, sizni jahannamga ravona qilishini hozir Yaratgandan soʻradim, – dedi ayol soʻzlarini chertib-chertib:

Francheskoning rangi quv oʻchdi. Oʻsha paytda xurofiy afsonalarga koʻra, oʻlayotganning duosi alohida taʼsir kuchga ega edi.

– Men sizga soʻz beraman, – dedi u zoʻrgʻa.

Ayol stolga oʻtirdi-da, qogʻozga naridan-beri bir necha satr qoraladi va uni akasiga uzatdi.

Franchesko varaqqa koʻz yugurtirib chiqdi va uni qoʻyniga berkitdi-da, eshik tomon yoʻl oldi. U ostonada toʻxtadi va sovuqqina qilib:

– Iqrornomaga bekor imzo chekdingiz, – dedi – Orsini shundoq ham oʻzini mardona tutdi: u oʻlsa ham churq etmasdi.

– Shunday qilishiga ishonardim.

– Shunday ekan, joningizga jabr qilib nima zarur edi sizga?

Ayol uni boshdan-oyoq uzoq nazardan oʻtkazdi-da, ohista dedi:

– Sizdek akalar boʻlgan bu dunyoni tashlab ketsam, oʻzimni baxtiyor his etaman, ishonavering.

Bu soʻzlar Francheskoga qattiq botdi. Undagi bor xususiyatlarni yashirib turgan hissizlik niqobi goʻyo birdan tushib ketgandek edi. Uning basharasi tirishdi, ostki lablari titray boshladi, ogʻiz ochishga ham madori qolmadi. “Nahotki bu berahm biron nimani his etishga qodir boʻlsa?” – xayoldan oʻtkazdi gersoginya ajablanib. Akasi bilan boʻlgan uchrashuvdan soʻng ayolning olgan taassurotlari shundan iborat edi, xolos. U singlisiga ortiq bir soʻz demay chiqib ketdi.

Franchesko oʻlguday charchagandi. U past ovozda jallodga mahbusni boʻshatishni va Brachchano yetib kelguncha uni durustroq sharoitda saqlab turishni buyurdi. U paytlar Italiyada singlisining axloqsizligi uchun akasi uning eridan kam tahqirga uchramasa-da, biroq or-nomus qoidalari uzil-kesil hukm chiqarishni ayolning tan mahramiga havola etgandi. Basharti eri, ularning ikkovidan ham oʻch olmasa yoki oʻch olishni istamasa, unda bu ishni oxiriga yetkazish va isnodni qon bilan yuvish akasining zimmasiga tushardi.

Oʻz ibodatxonasiga lattadek boʻshashib kirib kelgan Franchesko oʻzini bir ozgina qoʻyib berdi: bir necha soat burun boʻlib oʻtgan voqeadan afsuslandi; Izabellaning yotoqxonasida boʻlganini bildirmay, yaxshisi, yoʻlida davom etgani maʼqul boʻlarmidi. Biroq shu zahoti oʻzining ojizligidan qoʻrqib ketdi. “Qanday qilib, – oʻyladi u, – oʻz koʻzim bilan koʻrganlarimni koʻrmadim deb munofiqlik qilishim mumkin?” Miyasiga mahkam oʻrnashib qolgan xonaga kirish ilinjida pardani salgina koʻtarib qarayotgan Izabellaning xushroʻy chehrasi koʻz oldidan ketmasdi. “Yoʻq, yoʻq! – dedi u bu dudmal vahimadan qoʻllari bilan yuzini berkitib tiz choʻkarkan. – Xudoyim! Mayli, oʻlsa oʻlaversin! Mayli, oʻlaversin! Bari tezroq tugay qolsin!”

U ibodatdan soʻng oʻzini ancha xotirjam his etdi va Brachchanoga oʻzi yoqtirgan oʻgit-nasihat usuli tarzida uzundan-uzoq maktub yozdi. Xatga Izabellaning tavbasi va xizmatkorlardan olingan koʻrsatmalar ham tirkaldi. Pirovardida, bu xabarni munosib tarzda qatʼiyat bilan qabul qilishini va or-nomus uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan shaxs sifatida oʻch olishni kechiktirmaslikni kuyoviga uqtirdi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, baridan bizning voqifligimiz, aftidan, zamondoshlarimizni hayratda qoldiribdi degan xabarni ham oʻz maslahatida bildirib oʻtgandi. “Yodingizda boʻlsin, – deb yozdi Franchesko, – erkakka zulm oʻtkazish gersoginyani hayotdan mahrum etadi, oʻzingizni aslzodalardek, nasroniylarga xos munosib tutishni unutmang (“gicogdatevi d yesseg gentiluomo ye sgistiano”).

 

III

 

Chopar Medichining maktubini topshirayotganda otga minib olgan Brachchano mulozimlar orasida senat yigʻilishiga kirish arafasida turardi. Uning butun diqqat-eʼtibori gersoginyaning tavba-tazarrugʻi bilan band boʻlgani uchun shosha-pisha, naridan-beri xotinining akasi yuborgan xatga koʻz yugurtirdi-da, Izabellaning nega Florensiyada ekaniga tushunolmadi. U miq etmadi, hatto senatni ogohlantirib qoʻyishga bironta odam ham joʻnatmay, es-hushidan ayrilgan telbadek Venetsiyadan otilib chiqdi-da, oʻz yer-mulki tomon eltuvchi yoʻldan shiddat bilan ot choptirib ketdi. Unga hamrohlik qiluvchi aʼyonlarning esa bir-birlariga qarab-qarab qoʻyishdan oʻzga choralari qolmagandi. Bunday oʻqday uchib ketishdan muddao ne ekanini soʻrashga birontasi jazm etolmadi. U esa otning yagʻriniga engashgancha, jagʻini mahkam qisib, ikki koʻzini yoʻldan uzmay yelday uchib borardi.

Manzil uzoq edi. Otlar bir necha bor almashtirildi. Gersog hech kimga qaramas va churq ham etmasdi. Oʻsha paytlarda aytilishicha, u “fosh etmaguncha” churq etmaslikka oʻziga soʻz bergandi.[1]

Oysha yotoqxona derazasidan uning otdan tushganini koʻrdi va aft-angoridan uning baridan xabardor ekanini ham fahmladi. Gersog hovlidan chopib oʻtdi va zinadan uning qadam tovushlari eshitildi. Gersoginya eri bilan boʻladigan uchrashuvni kutib, xona oʻrtasida gʻoz turardi.

Gersog xanjarni mahkam qisgancha, dargʻazab alpozda yugurib kirdi-da, past ovozda:

– Jirkanch maxluq, bekangni chaqir buyoqqa, – deb oʻshqirdi.

– U Florensiyada, – xotirjam javob qildi Oysha.

Brachchano otda yeldek uchib borarkan, koʻz oldidan nuqul oʻsha bir xil manzara ketmasdi: yugurib xotinining yoniga kiradi, ikkala qoʻli bilan koʻylagiga chang solib, yirtadi, soʻng siynasiga xanjar sanchadi. Buni qancha koʻp oʻylagani bilan manzara tussizlanib qolayotgani yoʻq edi. Taassurotlar har safar oʻsha-oʻsha jonlangancha xotiradan sira nari ketmasdi. Mana, u telbalarcha ot choptirib kelayotganda oʻylagan intiqomdan lazzatlanish oni yetib keldi. Garchand xotinini qoʻlga tushirishga aniq ishonsa-da, faqat shu yerda va shu topda chovut solishga shunday ishtiyoq bilan shaylangan ediki, qoʻyaverasiz. Afsuski, xumorbosti uchun chovut solishga tirik jonning oʻzi yoʻq edi.

– Ey sen, qorayaloq fohisha! – oʻshqirdi u Oyshaga tashlanib. – Ikkovingni tiling bir senlarning! Birinchi boʻlib seni boʻgʻizlayman!

– Pastkash! – qichqirdi Oysha oʻz nasl-nasabiga xos magʻrurlik bilan. – Ayol kishiga teng boʻlish sizdek jangchi uchun uyat emasmi?!

Oʻsha zahoti Oysha yovvoyi mushukdek abjirlik va sherdek dovyuraklik bilan unga tashlandi-da, uni tepib, tishlab, timdalab, hamlasini qaytara ketdi. Ayollarga hirs qoʻygan gersog esa bu jangda oʻzini noqulay his etardi. U arang koʻzini ehtiyotlab qoldi va kulgi boʻlganini sezdi. Oysha axiri uning qoʻlidan tishlab oldi va u xanjarni qoʻlidan tushirib yubordi; endi gersog Oyshani tomogʻidan boʻgʻishga harakat qilib, astoydil olisha ketdi. Kurash uning gʻazabini bosgandi. Gersog oʻz gʻanimining kuch-quvvatidan hayratda, jasurligi esa uni maftun etgandi, ayolning epchil harakatlari, xushboʻy isi, badanidagi yiltirab turgan marjon-marjon ter tomchilaridan esa hayajonini bosolmasdi. Uning koʻylaklari dabdala boʻlib ketgandi. Gersogning koʻzi uning dirkillab turgan bugʻdoyrang siynalariga tushdi. Oxiri u qizning gavdasi va ikkala qoʻlini birgina chap qoʻli bilan mahkam qisdi-da, oʻng qoʻlini uning boʻyniga olib bordi.

– Xoʻsh, nimani kutyapsan? – magʻrur turib dedi Oysha istehzo bilan. – Oʻldir!

– Shallaqi qorayaloq! – boʻkirdi Brachchano, goʻyo uni tishlab olmoqchidek, oppoq tishlarini tirjaytirib.

U qizni yerga irgʻitdi-da, qoʻlini qoʻyib yubormay bor boʻyi bilan uning ustiga yotib oldi va oʻz ogʻirligi bilan uni eza boshladi.

Gersog turayotganda, Oysha uning xanjarini sezdirmay oldi-da, uning oʻziga uzatdi va xotiradan oʻchmaydigan nigoh ila:

– Endi oʻldiraver. Men oʻzimni baxtiyor his etayapman, – dedi.

Shu lahzada gersog oʻziga-oʻziga haddan tashqari kulgili koʻrinib ketdi. Oyshaning koʻzida porlab turgan mehr gersogni oʻziga boʻlgan hurmatini saqlab qolishga majbur qildi. Bu kuchli sadoqatni qadrlash va uni anglash uchun gersogda farosat yetarli edi. U xanjarni qiniga sola turib, mavr qizining boshini siladi-da, muloyimlik bilan:

– Oysha, bor gapni yashirmay menga aytib ber, – dedi.

Gersog kuch ishlatib qizdan bir ogʻiz ham gap ololmasdi. Muloyimlik Oyshaning qarshiligiga barham berdi. U bor gapni miridan-sirigacha, yashirmay, samimiyat ila soʻzlab berdi. Gersogni kimdir goʻyo azoblayotgandek edi. U boshini changallagancha ingrab, xonaning u yogʻidan-bu yogʻiga borib kelardi. Oysha surati haqida gapirib berganda esa gersogning koʻzlaridan yosh otilib chiqa boshladi. “Bariga aybdor oʻzim, – dedi u maʼyus. – Nima boʻlganda ham u baribir oʻlishi kerak”.

Gersog Medichiga chopar joʻnatdi. U Orsinini taʼzirini berib, bir yoqli qilishni butunlay qaynagʻasiga havola etdi-da, xotinining kelishini talab qildi. Maktubni olgan Francheskoning figʻoni falakka chiqdi: qachonlardir uning qoʻl ostida urushda boʻlgan ikki turma nazoratchisi yordamida Orsini fursat gʻanimatda qochib qolgandi va u bilan birga yashiringandi.

Gersoginya koʻp sonli qurollangan otliq askarlar toʻdasi hamrohligida hamma tomoni berk aravada Brachchano saroyiga yetib keldi. Gersoginyaning joʻnashidan ikki kun avval uning ruhoniysi orqali Orsini boʻyniga olishga uni zoʻrlamaganlarini va gersoginyani qutqarish uchun chora izlab topishini maʼlum qilishga ulgurgandi. Gersoginya ham xuddi shu yoʻl bilan Orsiniga oʻzboshimchalik qilmasligini, hozircha unga hech bir xavf yoʻqligini aytib, uni ishontirgandi. Gersoginya unga oʻzini ehtiyot qilishini va Fransiyadan boshpana topishini buyurdi. Orsini unga ishondi va itoat etdi. U chegaradan oʻtib oldi va bir necha kundan soʻng Parijga yetib keldi.

Gersoginya uyga qaytgan kun Brachchano Venetsiya senatidan bunday oʻzboshimcha harakatning sababini tushuntirib berishini nihoyatda achchiq tarzda soʻrab yozilgan chaqiruv maktubini oldi. Uzrli sababsiz, hatto ogohlantirishsiz toʻsatdan Venetsiyadan joʻnab ketishi bilan senatni haqoratlagandi va senat uni xoin deb gumon qilishiga ham oz qolgandi. Brachchano tezroq qaytib borishga va senatni xotirjam qilishga oshiqardi. U niyati jiddiy ekanini va undan voz kechishni xayoliga ham keltirmayotganini aytib, senatni ishontirdi-da, niyatini amalga oshirish uchun yeng shimarib gʻayrat bilan kirishib ketdi. Bir oy oʻtib, flot mavr harbiy safariga tayyor boʻlgach, uyga qaytib, ishlarini tartibga keltirish uchun senatdan ruxsat soʻradi.

Gersog oʻz qasriga 1576 yilning 7 avgustida yetib keldi. Franchesko gersoginyaga xanjarni uzatgan ondanoq ayol umrining sanoqli kunlari qolganini bilardi va Brachchano dargʻazab venetsiyaliklarni tinchitgunga qadar u kechiktirishning boisi nimada ekanini tinmay oʻylar ekan, hayrati ortardi. Oqshom tushgach, gersog bir soatdan soʻng gersoginyaning yonida hozir boʻlishini xabar qilganida, ayol yanada hayratlangandi. Gersoginya, endi gersog meni koʻrishni umuman istamasa kerak va oʻrniga yaqinlaridan birontasini joʻnatar degan xayolda edi, negaki, asilzodalik nasabi ayolni jallod qoʻliga borib tushishdan himoya qilardi. Gersogning oʻzi kelishi uni hamon hayratga solardi. Uning tashrifi ayolning oʻlimidan darak bersa-da, u oʻlim toʻgʻrisida oʻylamasdi. Ayolning fikri-zikri erini koʻrish edi.

Bu orada gersoginyaning tuygʻularida gʻalati oʻzgarish sodir boʻldi. Orsinini xavf-xatar chetlab oʻtgandan buyon ayol uni eslamay qoʻygandi va bir-birlari bilan yaqin boʻlgan ikki oylik davr ham gersoginyaning yodidan oʻchib ketgandi. Uning kelajagi boʻm-boʻsh, hoziri esa oʻlimini kutish bilan oʻtmoqda edi; shu bois ayol oʻz oʻtmishi bilan yashardi, va – ajab savdo! – aynan oʻsha uzoq oʻtmish bilan u gersogga boʻlgan ilk muhabbatini qaytadan boshidan kechirmoqda edi.

Hech bir kelin oʻz toʻyiga Izabella bu soʻnggi uchrashuvga tayyorgarlik koʻrgandek taraddudlanmasdi. Ayolning turmagini Oysha qayta-qayta oʻzgartirardi. Hech biri uning didiga oʻtirishmasdi. Koʻylak tanlashda ham birini bayramona emas deb, yana birini rangi yorqin emas deya bahona qilardi. Oysha yonida oʻtirib, qimmatbaho taqinchoqlarini taqqanida esa gersoginya yanada goʻzal va xursand koʻrinib ketdiki, buni koʻrib turgan Oysha: nahotki qoʻrqmayotgan boʻlsangiz? – deb soʻrashga jurʼat etdi. “Qoʻrqqanda qandoq, – dedi ayol maftunkor maʼnodorlik bilan – u menga yaxshiroq tikilmay turib, meni oʻldirib qoʻyishidan qoʻrqayapman.”

Ayol uzoq oʻylab, turmakning ham, taqinchoqlarning ham, koʻylakning ham hozir vaqti-soati emas, degan xulosaga keldi. Baridan voz kechdi.

Nihoyat u goʻzal yelkalarini koʻz-koʻz qilishga imkon beruvchi tungi koʻylakda toʻxtadi va uzun sochlarini yoyib yubordi, Brachchano gersoginyaning sochlari yelkalari bilan bitta boʻlib yoyilib turgan paytda kirib keldi va ostonada turgancha tang qotib qoldi. Unga “yaxshiroq qaramay” turib uni oʻldirib qoʻyishidan endi Izabella qoʻrqmasa ham boʻlardi. Gersogning na gapirishga va na joyidan qimirlashga majoli qolgandi.

Qachonlardir u mavr yurishidan qaytganida, asosan qizil rangli gilamlar va qalin matolar olib kelgandi. Izabella ular bilan devorlarni, yerni bezatib tashlagandi, shu bois xona qush uyasidek osoyishta va shinam edi. Yotoqxonasini xushboʻy islar bilan toʻldirib tashlash va uni gullar bilan bezash gersoginyaning jonu dili edi. Birgalikdagi uzoq yillik turmushlari mobaynida gersog bu qadrdon xonaga ming marotaba qadam ranjida qilgan va xotini oʻrim-oʻrim qalin sochlarini yoygani ustiga kirib ham qolardi. U mana shu lahzalarning, mana shu xushboʻy iforning va shu sukunatning shaydosi edi. Shu bilan birga, tong yorishguncha baridan abadiy judo boʻlishini bilsa-da, boshidan oʻtkazgan quvonchu sevinchlarga u yana bir bor qayta olgandi. Gersogning toʻsatdan miyasiga urilgan Izabella xuddi shu yerda Orsiniga oʻzini bagʻishlagan degan fikr uni allaqachon tark etib ulgurgan, gʻazab va qatʼiyat yana oʻz joyida qaror topgandi. U oldinga bir qadam tashladi-da, xanjarini sugʻurdi. Bundan ortigʻiga oʻzida kuch topolmadi. Gersogning joyidan qoʻzgʻololmay turganini koʻrgan gersoginya shoshilmay unga peshvoz chiqdi. U tavba-tazarruga berilgan odamdek koʻzini yerdan olmasdi, gersog esa uni hech qachon bunday itoatkor holda koʻrmagandi.

– Janob, – dedi ayol unga yaqin borib, – men oldingizda gunohkorman.

Shunda ayol Orsiniga oʻzini bagʻishlagan tunda xuddi shu soʻzlarni unga ham aytganini esladi. Oʻz xotiralaridan oʻzi yerga kirib borayotgan gersoginya erining oyogʻiga yiqilib tizzalarini mahkam quchdi.

– Oʻldiring meni! – qichqirdi u gʻazabi oshib. – Oʻldiring! Men shunga loyiqman.

Brachchano hayratdan tili aylanmay qolgandi. U, ayol uning boshdan kechirgan sarguzashtlarini yuziga solib, uni haqoratlarga koʻmib tashlar, yoki bundan ham battari, takabburligiga borib, miq etmasa kerak deb oʻylagandi. Bu magʻrur ayol itoatkor goʻdakdek uning oyoqlari tagida yotardi. Ayolning chin yurakdan pushaymonligi gersogning koʻnglini buzib yubordigina emas, uni oʻz qilmishlariga bir nazar tashlash uchun orqaga oʻgirilib qarashga ham majbur etgandi. Eriga xiyonat qilgan bevafo ayollarga oʻlim jazosi berishga majburlovchi urf-odatlarning adolatsiz ekanini u yaxshi tushunardi. “Men-chi, nahotki mening undan kechirim soʻrashim lozim boʻlmasa?” – deb oʻyladi mushkul ahvolda qolgan gersog. – Unga ayb qoʻyishga mendek odamning nima haqqi bor?”

– Xonim, – dedi u hayajonlanib, uzuq-yuluq ovozda, – axir, men ham sizdan…

U gapini davom ettirolmadi – tomogʻiga nimadir tiqilgandek boʻldi va koʻziga yosh toʻldi. Gersog engashdi-da, xotinining yelkasidan quchib, uni turgʻazishga urindi.

– Izabella, – dedi gersog titroq ovozda, – oldingizda qanchalik gunohkor boʻlmay, qasam ichib aytamanki, koʻnglimga sizdan oʻzgani hech qachon yoʻlatmaganman.

Kutilmagan cheksiz bu baxtdan ayolning yuragi tars yorilay derdi. “Demak, u faqat meni sevgan!” – quvonch bilan xayoldan oʻtkazdi ayol. U birdan yengil tortdi-yu, bir qanot qoqqancha huzur-halovatning eng yuqori choʻqqisiga borib qoʻngandek tuyulib ketdi unga. Ayol boshini Brachchanoning koʻkragiga qoʻydi-da, bagʻriga mahkam yopishdi. “U meni hali ham sevadi”, – dedi u oʻzicha va baxtning shiddatli girdobi goʻyo uni allalab allaqayerlarga olib ketgandek boʻldi. Shu topda u hech bir kuch sarflamay samolarga parvoz qiladi-da, yoqimli shamol uning yuzlarini silab oʻta boshlaydi.

– U meni hali ham sevadi, – dedi ayol shivirlab, huzur bilan gersogning nimchasiga lablarini bosarkan. – Demak, men bu dunyoni baxtli ayol boʻlib tark etaman.

– Adolatdan yiroq bu urf-odatlarimiz bilan mening necha pullik ishim bor! – birdan ovozining boricha qichqirdi Brachchano, goʻyo gersoginyaning fikriga javob qaytargandek. Yuqori tabaqadagilar menga nafratni munosib koʻrmaganlari uchun seni oʻldirolmayman-ku! Biz Italiyadan butunlay bosh olib, Fransiyaga koʻchib ketamiz…

Gersoginya erining ogʻzini qoʻli bilan berkitdi-da, soʻng oyoq uchida koʻtarilib, lablarini uning lablariga ohista tekkizdi.

– Azizim, baribir meni oʻldirishingiz kerak, – dedi ayol xotirjam, qatʼiy ohangda va undan nari ketdi.

– Izabella! – qichqirib xitob qildi Brachchano.

– Menga quloq soling, – dedi ayol yoqimli jilmayib. – Mendan-da muhimroq narsalar hayotingizda talaygina, agar men tufayli bularning baridan voz kechgudek boʻlsangiz, bir umr azobda qolasiz. Nahotki oʻzingizga shunday qismatni ravo koʻrsangiz, Paolo! Or-nomussiz, shon-shuhratsiz, jangu jadalsiz hayotni-ya?! Nahotki barini birgina ayolga almashsangiz!

Gersoginya toʻxtab qoldi. U: “Sizga bevafolik qilgan ayolga-ya”, – demoqchi boʻlgandi-yu, biroq jurʼati yetmadi. Brachchano xonaga kirib kelgan daqiqadan boshlab, u Orsinidan nafratlanardi. Uning yagona istagi: Orsinini boshqa tilga olmaslik, u haqda oʻylamaslik va u bilan bogʻliq barcha xotiralarni oʻz hayoti bilan qoʻshib butunlay yoʻq qilish edi.

– Ertaga, – dedi iztirobda qolgan gersoginya, – kampir boʻlib qoladigan ayol uchun-a?!

“Men bir kun emas-bir kun baribir qarib, badbashara ayolga aylanaman”, – oʻyladi u, hoʻngrab yigʻlashdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib. – Oʻshanda u meni yomon koʻrib qoladi. Paolo oʻz or-nomusini bekorga fido qilgani qoladi”.

Eshik taqilladi.

– Nima gap? – baqirdi gersog choʻchib tushib.

– Bu men, – Oyshaning ovozi eshitildi. – Gersog Medich janoblaridan chopar keldi. U maktub keltiribdi.

Brachchano eshikni ochdi va Oysha maktub bilan kichkinagina qutichani unga topshirdi. Gersog muhrni buzib maktubni ochdi-da, yuz ifodasini oʻzgartirmay unga koʻz yugurtirdi va oʻqib boʻlgach, gersoginyaga gʻalati qarab qoldi.

– Xonim, – dedi u ayolning yuziga diqqat bilan boqarkan, – gap shundaki, akangizning menga xabar berishicha, Orsini Parijda nomaʼlum kimsa tomonidan tunda pilta miltiqdan otib ketilgan.

– Har holda, – davom etdi u gersoginyadan koʻz uzmay, – bu haqda Franchesko shunday deb yozadi. Bilasiz-ku, u har bir soʻzni chertib-chertib gapiradiganlar toifasidan ekanini. U yana shuni qoʻshimcha sifatida maʼlum qiladiki, uning xizmatkorlaridan ikki kishi tasodifan voqea sodir boʻlgan yerda boʻlgan va Orsinining oʻlimiga isbot sifatida uzukni oʻzlari bilan olib kelishgan. Oʻsha uzuk mana bu qutida, – u qutini gersoginyaga uzatdi. – Malol kelmasa, uni ochsangiz va bu uzuk chindan ham unga tegishlimi yo yoʻqligini menga aytsangiz?

Bu qadar kuyinib aytilgan gaplardan soʻng ham uning baxtsizlikdan darak beruvchi vahimasi gersoginyani sarosimaga solib qoʻygandi. Nima qilayotganiga deyarli aqli yetmay qolgan ayol qutichani ochdi-da, parishon holda ichidagi narsaga boqdi. Shu paytda ayol bu xizmatkorning qachonlardir oʻzining hayotida tutgan oʻrni qanday boʻlganini butunlay unutgandi.

– Ha, bu Orsinining uzugi, – dedi ayol butunlay beparvo ohangda.

Nima qilib boʻlsa-da, ayol oʻz hayajonini oshkor qilib qoʻyishidan umidvor boʻlgan gersogni bu ohang boshi berk koʻchaga kiritib qoʻygandi.

“Demak, u Orsinini sevmagan ekan-da,” – deb oʻyladi gersog kallasiga kelgan bu fikrdan choʻchib. Biroq uning rashki toʻgʻri kelgan joydan oʻz nafsini qondirib ketaverardi. Orsinini sevmagani uchun gersoginyaning gunohi unga yanada ogʻirroq tuyulib ketdi. “Bu qanaqasi boʻldi, – xayoldan oʻtkazdi u toʻsatdan qattiq gʻazablanib, – koʻngil qoʻymay turib xizmatkorga oʻzni bagʻishlash!”

Gersog shu qadar diyonatli va samimiy odam ediki, bu tuygʻularning bari birin-sirin unda aks etib borardi va Izabella uning fikridagi eng nozik farqni ham osongina ilgʻab olardi.

– Nima qilamiz! – dedi ayol eshittirib. – Koʻrinib turibdi, siz meni hech qachon kechira olmaysiz. Shunday boʻlgach, oʻlim eng toʻgʻri chora.

Brachchano qaltiray boshladi. Ikkilanishning azobi unga oʻz hukmini oʻtkazardi: xotinini oʻldirishga uning qoʻli bormasdi, gunohidan ham oʻtolmasdi.

– Shunisi ham borki, – dedi gersoginya, oʻng qoʻli bilan qutichani olib, Brachchanoga koʻrsatarkan, – balki endi tushungandirsiz, agar men ojizlik qilib, siz bilan Fransiyaga qochib ketishga rozi boʻlganimda, shunday kunlar mening ham boshimga tushgan boʻlardi!

– Unda Francheskoni oʻz qoʻllarim bilan boʻgʻib oʻldirardim! – dedi gersog vahshiyona baqirib.

– Nahotki, – eʼtiroz bildirdi Izabella, – u sizni ayab oʻtiradi deb oʻylasangiz? Meni gumdon qilganidan soʻng sizni tirik qoldirishiga hech kimning koʻzi yetmaydi. Brachchano sarosimada xonaning u boshidan-bu boshiga betoqat borib-kelardi. Uning miyasiga har xil telba-teskari fikrlar kelardi. Francheskoning taʼzirini berish uchun uning yoniga koʻpam shoshmaydi. U Francheskoga qarshi boʻlgan uning barcha dushmanlarini oyoqqa turgʻazadi. U Italiyani qoʻlga kiritadi va odamlarni, hukumatni Izabellani kechirishga majbur etadi. Izabellani afv etishni va taxtni u bilan baham koʻrishni hali xalqning oʻzi undan yolvorib soʻraydi.

– Xom xayollaringizga koʻpam erk beravermang, Paolo, – dedi gersoginya uning quchogʻiga oʻzini otib, – biroq biz ikkovimiz ham oʻz tabaqalarimizning qulimiz. U bizni oʻzi istagan koʻyiga solishi mumkin. Sizdan yagona va arzimagan oʻtinchim bor edi.

– Qani! – zoʻrgʻa shivirladi Brachchano.

– Tonggacha yashashimga ruxsat bersangiz.

Brachchano unga qaradi-da, koʻzlaridan tirqirab yosh oqa boshladi va zoʻrgʻa:

– Mayli, bu muruvvatdan sizni bebahra etolmayman, – dedi u nihoyat, bu soʻzlar bilan endi gersoginyaning taqdiri bir yoqlik boʻlganini payqamay.

U birdan yengil nafas ola boshladi. Gersogni bu oʻtinchga koʻndira olishiga koʻzi yetmayotganidan ayol tashvishda edi. “Endi, – oʻyladi u rohatlanib, Brachchanoning yuzlaridan tinimsiz boʻsa olarkan, – meni keksalik ham, badbasharalik ham, gersogning nafrati ham taʼqib etolmaydi. Uning qoʻllarida oʻsha-oʻsha goʻzal va aziz ayolligimcha jon beraman. Erim meni to abad sevadi”.

Tun haddan tashqari iztirobli ishqiy quvonchlarga boy boʻldi. Gersog goh otashin sevgidan mast boʻlar, goh rashk oʻtida qovrilardi. “Nahot, – oʻyladi u, suyukli yorini bagʻriga bosa turib, – Orsini ham Izabellani shunday bagʻriga bosgan boʻlsa?” Izabella rostdan ham Orsinini sevmaganmikan? Yoki meni chalgʻitish uchun oʻzini beparvolikka solib, mugʻombirlik qilayaptimi?.. “Izabella uning barcha fikrlarini koʻz qarashlaridan uqib olardi. Shu tobda gersogning nigohlari ajib bir tarzda qotib qolgandi. Ayolning jonini tong yorishguncha saqlab qolishga soʻz bermaganida, gersog buni paysalga solib oʻtirmasdi – uni allaqachon bir yoqlik qilishi mumkinligini Izabella bir-ikki marta xayolidan oʻtkazdi.

Gersoginya farzandining otasiga benihoya mehribonlik bilan tabassum hadya etdi-da, bejirim qoʻllarini erining qoʻllari ustiga qoʻydi va birdan xanjarning sopini shiddat bilan siltab uni oʻz koʻkragiga sanchdi. Qon tizillab oqa boshladi. Izabella chuqur oh tortdi-da, shoshmaygina, xuddi uyquga ketayotgandek, boshini yostiqqa qoʻydi. Gersog xotinini oʻldirib qoʻyganiga shubha qilishi uchun uning harakatlari goʻyo atayin qilingandek shu qadar xotirjam edi. Biroq Izabellaning ruhsiz chehrasi toʻzib yotgan sochlari orasida qimirlamay qotib qolgandi. Bir lahzadan soʻng gersog engashdi-da, ayolni oʻpdi. Ayolning lablari sovuq va jonsiz edi.

 

Rus tilidan Dildora ALIYEVA tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1


 

[1]   Oʻz nomusi uchun oʻch olmaydi. –  Izoh muallifniki.

https://saviya.uz/ijod/nasr/izabella/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x