Jahon chempionati mukofotlari

“Oltin toʻp”

Jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisiga beriladi. Final arafasida  FIFAning maxsus komissiyasi eng yaxshi futbolchilar roʻyxatini tuzadi, bu asosda ommaviy axborot vositalari xodimlari gʻolibni aniqlaydi. Birinchi oʻrin egasiga “Oltin toʻp”, ikkinchi va uchinchi oʻrin egalariga esa “Kumush toʻp” va “Bronza toʻp”lar topshiriladi.

Soʻnggi jahon chempionatida (2010) Diyego Forlan “Oltin toʻp”ga munosib topilgan.

 

“Oltin butsa”

Jahon chempionatining eng yaxshi toʻpurariga beriladi. Nomzodlar kiritgan gollar soni teng kelib qolsa, golli holatlarda toʻp oshirishlar soni eʼtiborga olinadi. Agar bu natijalar ham teng keladigan boʻlsa, mukofotni maydonda kamroq vaqt boʻlgan futbolchi qoʻlga kiritadi. Ushbu sovringa “Oltin butsa” nomi 1982 yili berilgan.

Soʻnggi jahon chempionatida Germaniya termasi aʼzosi Tomas Myuller “Oltin butsa”, Ispaniya termasi hujumchisi David Vilya “Kumush butsa” va Niderlandiya termasi aʼzosi Uesli Sneyder “Bronza butsa” bilan taqdirlangan.

 

“Oltin qoʻlqoplar”

Musobaqaning eng yaxshi darvozaboniga beriladi. 2010 yilgacha mukofot darvozabon Lev Yashin nomida boʻlgan. Lev Yashin nomidagi sovrin 1994 yili taʼsis etilgan. Ungacha ham chempionatning eng yaxshi darvozabonlari aniqlangan. Gʻolibni FIFAning maxsus komissiyasi nomzodning turnirdagi oʻyinlariga qarab aniqlaydi. Darvozabonlar oʻz maxsus mukofotiga – “Oltin qoʻlqoplar”ga ega boʻlsa-da, “Oltin toʻp” nomzodi boʻlib qolaveradi. Yaʼni ular bir paytning oʻzida eng yaxshi darvozabon va eng yaxshi futbolchi maqomiga daʼvogarlik qilishi mumkin. Har ikki mukofotni bir paytda qoʻlga kiritgan yagona darvozabon germaniyalik Oliver Kandir. U 2002 yilgi jahon chempionatida shunday koʻrsatgichga erisha olgan.

“Oltin qoʻlqoplar”ning amaldagi egasi Ispaniya termasi darvozaboni Iker Kasilyasdir.

 

Eng yaxshi yosh futbolchi

Kimga berilishi nomidan ham koʻrinib turgan bu mukofotga 2006 yili asos solingan. Birinchi gʻolib germaniyalik  Lukas Podolski boʻlgan.

Sovrindorni FIFAning maxsus komisssiyasi 21 yoshgacha boʻlgan futbolchilar orasidan tanlab oladi.

Soʻnggi jahon chempionatida germaniyalik Tomas Myuller ushbu mukofotga loyiq koʻrilgan.

 

Halol oʻyin mukofoti

Jahon chempionatida “Fair Play” qoidalariga eng yaxshi amal qilgan jamoaga topshiriladi. Birinchilikning final qismida ikkinchi bosqichdan oʻta olgan jamoalar mukofotga nomzod boʻlishi mumkin. Gʻolib boʻlgan jamoaning hamma vakillariga medal, maqtov yorligʻi va ellik ming AQSH dollari bahosidagi futbol jihozlari topshiriladi.

Dastlab mukofot gʻoliblariga faqat esdalik sovgʻalari berilgan. Lekin 1982 yildan sovrindorlar “Sport Billi” kompaniyasi yasagan zarhalli medal-nishon bilan taqdirlana boshlagan. 1998 yildan nishon oʻrnini futbolchi suvratidagi haykalcha egallagan.

Mukofotning ilk gʻolibi 1970 yili Peru termasi boʻlgan. 2010 yilgi jahon chempionatida birinchilikni qoʻlga kiritgan Ispaniya termasi halol oʻyin mukofotiga ham egalik qildi.

 

Eng qiziqarli jamoa

Oʻz oʻyinlari bilan tomoshabinlarda juda katta qiziqish uygʻotgan jamoaga beriladi.

Gʻoliblar:

Chempionat

Gʻolib

1994 yilgi JCH

Braziliya

1998 yilgi JCH

Fransiya

2002 yilgi JCH

Koreya Respublikasi (Janubiy Koreya)

2006 yilgi JCH

Portugaliya

2010 yilgi JCH

Gʻolib aniqlanmagan.

 

Yulduzlar jamoasi

Jahon birinchiligining eng yaxshi futbolchilaridan tuziladigan ramziy jamoa. Hozir jamoa nomiga amaldagi homiy – “MasterCard” nomi ham qoʻshib aytiladi. Dastlab ushbu terma 11 kishidan iborat boʻlgan, keyinchalik futbolchilar soni 16 nafarga yetkazilgan. 2006 yili esa ramziy terma aʼzolari 26 ta qilib belgilandi. 2010 yili FIFA ramziy jamoa aʼzolari roʻyxatini endi eʼlon qilmasligi haqida xabar berdi.

2010 yilgi chempionat ramziy termasi:

Darvozabon

Himoyachilar

Yarim himoyachilar

Hujumchilar

Iker Kasilyas (Ispaniya)

Filipp Lam (Germaniya)

Serxio Ramos (Ispaniya)

Karles Puyol (Ispaniya)

Maykon (Braziliya)

Andres Inesta (Ispaniya)

Bastian Shvaynshtayger (Germaniya)

Uesli Sneyder (Niderlandiya)

Xavi (Ispaniya)

David Vilya (Ispaniya)

Diyego Forlan (Urugvay)

 

Orifjon Madvaliyev tayyorladi.

2013 yil mart

https://saviya.uz/turfa-olam/jahon-chempionati-mukofotlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x