Izim mening, yuzim mening

Otash-a otash! Kun yonayapti. Javzoning jazavasi qoʻzigan. Qiltonglagan dunyoga qilt etgan shamol malol, dov-daraxt gung-soqov.

Shunday issiqda uyginangda oʻtirsang boʻlmaydimi, tostoʻ bangdan oftob urib yarim kallangning qolgan-qutgan qatigʻini chiqarib tashlasa qay goʻrga borasan, deydigan odam yoʻq. Kimga boʻlardi – oʻulom cholga-da…

Bovosi tushmagur ertalabdan turtinib-surtinib hali uning eshigiga bordi ulov soʻrab, hali buning eshigiga bordi, nevarasini viloyat markaziga olib borib qoʻlini halollab kelayin deb. E-yey-yey, qoʻlini halollab degan gapniyam tushunmaysizmi? Musulmon qilib keladi, ana, boring-yey, chukini kestirib keladi. Erta-indin maktabga chiqadigan bolaning bu ahvolda yurishi… a-y-iy, endi muhokama qilmaylik shuni: borsa borsin bovo, toʻgʻri oʻylagan. Kap-katta bolani na el, na er tomonda turmasligi ham chakki ishda.

Kap-katta bola bu – Elomon. Ota-onasi Elbrus deb ism qoʻyishgan. Togʻ choʻqqisi shunday atalarmish. Ular allaqayerga kurortga borib oʻsha togʻning tepasiga chiqishgan yili shu bola tugʻilgan. Oʻsha yoqda niyat qilishgan ekan, oʻgʻil tugʻilsa ismi Elbrus boʻladi deb. Lekin bovosi uchun Elomon. Bu ismni bovo qoʻygan. Akasining izzat-hurmatiga. Ne bir urushlarga borib, tayokday boʻlib qaytib kelgan, alpsavlat akasi, Elomonning sharafiga (akasining oʻzidan izn soʻrab) ismini Elomon deb qoʻygan. Katta Elomon burnogʻi yili yuz yoshning eshigi kesakasiga qoʻli yetishiga bir bahya qolganda bu dunyoga ters qaradi, ketdi. Ollohimdan qarzini qutuldi.

Bovoga akaning ketishi ogʻir boʻldi. Jontomir-qontomir ekan deng, ortidagi togʻi qulaganday dovdiradi.

Xullas, gapdan chalgʻimaylik, qisqasi, qishloqda mashinasiz hovlining oʻzi yoʻq hisob. Bitta yarimta qari-qartang yashaydigan uydan boshqa hamma xonadonlarning eshigi oldini bir moshin band etadi. Lekin shu bugunga qolganda hech kim roʻyxushlik bermadi. Alining yoqilgʻisi yoʻq, Valining vaqti, Eshmatning ulovi buzuq, Toshmatniki unday, Nurmatniki bunday… xullas, hech kimning shaharga borgisi yoʻq.

Oxiri Qulmatni koʻndirdi. U ham taysalladi, bovo boʻsh kelmadi – yap-yangi oʻntalik puldan bir dastasini oldiga tashladi: “Boʻldi, gapni kalta qil, mijillama… Tush oldimga…”.

Uydan nabirani olishdi. Kampirining hay-haylaganiga ham qaramay gungu kar boʻlib ulovga oʻtirdi, yonida nabira. Aytgan gapi shu boʻldi: “Katta oʻgʻlingga tilpon qil. Bir soatda qaytamiz. Kelib qoʻyni soʻysin… Qoʻni-qoʻshni, machitda yigʻilgan chollarni peshindan soʻng chaqirsin. Gap bor!”

Chol gapni qisqa qildi. Kampiri ogʻzini ochdi-qoldi, mashina jildi.

Chol anchagacha jim ketdi. Qulmat naynov ham dim-dirs. Xayolida “Chol shoshib mingtalik oʻrniga oʻn mingtalikni otib yubordi. Shaharga atalgan hamyonni kira puli bilan adashtirdi-yov”, degan tashvishli oʻy. Oxiri chiday olmadi.

– Bovo shu, yoʻl pulini sal koʻproq berib yubordingiz-ov. Qanchasini qaytaray?..

Chol naynovning old oynakdan moʻltirabgina turgan koʻzlariga oʻqrayib boqdi:

– Bovongdi gapidan qaytguvchi palagʻda deb oʻylayapsanmi? Bovongda bunday oʻntaliklardan ikki hoʻkizning puli bor, – dedi dimogʻ bilan. Soʻng nabiraga qarab jilmaydi:

– Bugun Elomonimni bir aylantirib kelay devdim, sendan boshqasi roʻyxush bermadi, noz qildi, ulovingga uloq ortarmidim ukkagʻardi ullari, he-yey, savobning savoli, hurmatning uvoli oyoq osti boʻlmasin-da, bolam…

Qulmat naynov bir sapchib tushdi. Orqa choʻntagidagi bir dasta oʻntalik dumbasini choʻgʻ boʻlib kuydirdi, keti yonib shimiga oʻt ketadiganday boʻldi-da, bir toʻlgʻonib qoʻydi, shartta kissadagi pulni olib cholga uzatdi.

– Mana, bovo oling, chin koʻnglimdan aytayapman. Boya bir kallam ketdi, shayton ol deb yozgʻirdi, enagʻar…

Naynov mashinani toʻxtatdi. Bu gal uning ham koʻzlari bovoga dadil boqdi. Koʻzlari ichidagi imon oʻtidan choʻgʻ olib porlab turardi. Chol bosh irgʻadi.

– Pulni olmasangiz hech qayerga bormayman. Shu yerda tushing, siz ham, nabirangiz ham…

Chol jilmaydi:

– Hech boʻlmasa yoqilgʻi pulingni ol. Yoʻqsa, biz ham sen bilan bormaymiz.

– Bu boshqa gap, bovo…

Mashina jildi. Bovo bu ikki gʻalati odamning tortishuviga qiziqsinib, qarab qolgan nabiraga bosh irgʻadi:

– Elomonim, shaharga borayik, senga velosiped olib beraman, oʻzing tanlaysan.

– Zoʻridan. Keyin multimediya ham. Meniki eskirib qolgan. Rostakam durbin ham olib bering…

Chol bolaga mehri iyib, oʻqtomiri oʻynab, qontomiri qaynab qaradi.

Izim mening, yuzim mening degan oʻy oʻtdi. Xudoyimdan aylanayin, odamzodni nasldor, asldor qilib yaratgan-da, deb qoʻydi ichida.

Nabira cholning yonida taltayibgina uning pinjiga tiqilib oldi. Chol ich-ichidan toʻliqib, kulgisi keldi. Bu kulgini beozor jilmayish bilan yuzida zohir etdi: “Shuginaga ham nimadir bersang… yoqasan…”.

– Bovo, toy bolaga bu narsalarni haligi ishdan oldin olib berganingiz maʼqul. Shuning shavqida… yengil kechadi. Boʻlmasa…

Bovo bosh irgʻagan boʻldi. Naynov tushundi. “Gapni kalta qil!..”

– Bovo, toy bola nechi yoshda?

– Beshdan oʻtayapti, – chol nabiraga qarab qoʻshib qoʻydi. – Besh yoshdan oʻtgan oʻgʻilni dikkaytirib yurishlari yaxshimas-da.

Kimni, nimani dikkaytiradi, Qulmat naynov uncha ilgʻamadi.

– Bovo, nimani gapirayapsiz?

– Olim oshnangni aytaman-da. Shu paytgacha shuginaning qoʻlini halollab qoʻyish xayoliga ham kelmaganini koʻr… Axir, qishloqqa kelib el-elomonni chaqirib, oʻgʻlini erga qoʻshilganini bildirib toʻy bersa qovurgʻasi qiyshayib qolarmikan, deyman-da. Qachon qarasam vaqti yoʻq, qachon qarasang ishi koʻp. Qishloqqa kelib uyga boshi kirishi hamona keti qaytamanga tushadi… Oxir aytdim, oʻzing gʻir etib kelib, pir etib ketguncha, bolangni ham olib kelib biron haftaga tashlab ket, deb turib oldim. “Men bilan oyisi sogʻinib qolamiz”, deb tixirlik qilaveruvdi, sermab tashladim! Oʻlmaysanlar sogʻinib. Bolada men bilan kampirning ham haqqimiz bor dedim. Senlardan oti dunyo soʻramayapman-ku dedim… Izza boʻlishdi. Tunov kun kelib tashlab ketishdi.

– Ularga aytmadingizmi?

– Nimani?

– Shu qilayotgan ishingizni?

– Yoʻq. Indamadim. Bir surpriz qilay dedim.

Bovo nabiraga koʻz ostidan qarab qoʻydi. Otasining oʻzi – quyib-qoʻyganday. Oʻgʻli Olimjonning bolaligi. Kuni kecha edi. Oʻgʻli Olimjon ham shuning yoshida edi. Qishloq koʻchalarida “aytuvchi”lar jar solib oʻtishdi: “Hamma oʻulom akanikiga toʻyga-a-a-a!!!”

Hovliga qishloqning bosh-adogʻidan odam yigʻildi. Qozon osildi. Samovar qaynadi. Uydagi katta bir xona oʻrtasiga uch qavat qilib koʻrpa tashlandi. Olimjonni yotqizishdi. Ogʻziga bitta nonni tishlatib qoʻyishdi. Usta Roʻzi qisma choʻplar bilan oʻgʻlining chumbilini qisib, qoʻliga pokisini olishi hamono otaning yuragi dosh bermay, hovliga otildi, ichkaridan bolaning dod-voyi eshitilib qoldi. “Nonni tishla. Tishla nonni. Uzib ol! Ye, bilinmaydi…”, deb doʻrilladi Husan bovo. Oʻgʻlining tepasida turgan tumonat qoʻni-qoʻshni, qishloqdagilar gurros-gurros ovoz berishdi: “Huyduydu, huyduydu!!! Qoʻli halol boʻldi, qoʻli halol boʻldi-i-i!!!”

Ota ichkariga urib kirib, oʻgʻli boshidan bir soʻmmi, yarim soʻmmi tashlayotgan odamlarni va toʻshakda “men yigʻlamayapman… Men kuchli bolaman…” degan maʼnoda taltayib yotgan oʻgʻlini koʻrdi… Ha-yey, oʻsha paytlar odamlar ham sal boshqacharoqmidi-yey! Har qanday marosim-mavlud koʻpchilik bilan, ahli-inoqlikda oʻtib ketaverardi-da…

– Bova, Olimjon oshnamning vaqti boʻlmasligi chin… Katta odam. Ish koʻp. Yaxshi qilayapsiz…

Cholning xayoli-hushi joyiga qaytdi. Old oynakka boqdi.

– He-yey bolam. Ish, ish deysan, ish bizdan qolgan. Ishning kichiginiyam, kattasiniyam koʻrdim. Ellik yil oyogʻim uzangida, lekin qoʻlim koʻksimda boʻldi.

– Otam rahmatli aytgich edi. oʻulom raisning damiga dovuchcha pishardi deb.

Chol taltayib iljaydi.

– Shivirimiz shamolni toʻxtatgan paytlar boʻldi, lekin elning poyi patagi edik… Eldan uzilib ketmadik, bolam.

Bovo shu gapni zorlanganday boʻlib aytdi. Qulmat naynov nimanidir sezdi, oʻzicha gapni boshqa yoqqa burmoqchi boʻlib ogʻiz juftlab edi, oʻxshamadi, oʻzi bilmagan holda cholning maddasiga tegib qoʻydi.

– Kattalik ham hammaga nasib qilmaydi. Olimjon oshnam sizning izingizdan ketdi, bovo. Kimsan olis shahardagi katta idoraning egasi.

Cholning koʻnglidan oʻtgani shu boʻldi: “Izimdan ketsa ketgandir… Lekin ot ustida turganingda bir haqiqatni bilish hammaga nasib qilmaydi. Chunki otning devi, mansabning daʼvosi baland boʻladi… Yoʻrgʻang yoʻrtanglab tursa yoʻldoshing yoʻlbars boʻlar, toychogʻing toyringanda qumursqa ham qasd qilar. Bu gapni oʻrgatib boʻlmaydi ot ustidagilarga…

– Qiziq, shu gapni kim aytuvdi-ya… Shu gap ahyon-ahyonda xayolimda jaranglab qoladi.

– Qaysi gap, bovo?

Chol bir sapchib qoʻydi.

– Qoʻyaver, oʻzimga oʻzim gapirdim.

Mashina shahar markazidagi koʻp qavatli doʻkon oldida toʻxtadi. Ular allambalo aylanadigan eshikdan doʻkon ichiga kirishdi. Qulmat naynovning tavsiyasiga koʻra, chiqimi chaqsayam chidamli velosipedni tanlashdi. Katta yelim xalta nabiraning xohish-istagi bilan turli-tuman oʻyinchoqlarga toʻldi. Choʻntagiga shamol kirsa-da, chol oʻz ishidan xushnud edi. Nabirani aytmaysizmi, irgʻishlaydi, agar oyogʻi ostidagi yer qoʻyvorsa osmonga uchib ketguday, sapchib-oʻynoqlaydi, Qulmat naynovning ham ogʻzi qulogʻida.

Mashinaga oʻtirishdi.

– Katta balnisaga hayda, – dedi chol sekingina.

Tumandagi eng katta shifoxonaga kelishdi. Panjara bilan oʻralgan beadoq, keng hovlining bosh eshigidan nabirani yetaklab ichkarilarkan, chol Qulmat naynovga yuzlandi:

– Sen qolaver. Shaharni aylanib kelsang ham mayli. Bir soatlardan soʻng ulovingni ichkariga olib kirsang bas… Bor boraver, bolam.

– Shu yerda kutib oʻtiraman. Shaharning nimasini koʻraman.

– Mayling, bolam, mayling…

Qulmat naynov mashina old oʻrindigʻini ortga tushirib uxlamoqqa chogʻlandi. Koʻp oʻtmay mashina eshigi shahd ochildi-yu, oʻulom chol oʻzini orqa oʻrindiqqa urdi. Arzi-holi xoliqqa maʼlum. Hech narsadan bexabar nabira beaybgina aybdor boʻlib qiyshayibgina mashina eshigiga suyanib turibdi. Qulmat naynov cholning kayfiyati tirriq boʻlganini qizarib ketgan yuzining tundligi-yu, peshonasidan reza-reza ter simillab oqayotganidan bildi. Chol hansirardi. Shu tobda tashqaridagi nabiraga oʻdagʻayladi:

– Kirmaysanmi endi, tirmizak! He, sening otangdi…

Qulmat naynov cholga ilkis qaradi:

– Nima boʻldi, bovo? Doʻxtir yoʻqmikan?

– Goʻr boʻldi! Kirib ketishingizga ochiq mozor yoʻqmikan demaysanmi, undan koʻra?!

– Oʻlay agar hech narsaga tushunmadim, bovo. Nima gap?!

– Nima boʻlardi. Izza boʻldim. Yer yorilsa-da yerga kirib ketsam edi… Doʻxtirning oldidayam, oq xalatli qizlar oldidayam sharmanda boʻldim…

Qulmat angrayib bir bovoga, bir nabiraga qaradi. Nabira iljayib qoʻydi. Chol tutoqdi:

– Iljayma. Iljayma, xumpar. Ey-yey, xudoyima, bu nima degan gap boʻldi-a?!

– Bovo, nima boʻldi, – yana oʻsmoqchiladi naynov.

– Hayda moshinangdi. Uyga hayda… Manavi tirmizak chipron qilingan ekan… Doʻxtirning oldida dikraytib meni goʻrga tiqdi bu bola.

Naynov oʻzini tutolmadi, qah-qah otib kulib yubordi.

Chol sekingina, birov eshitib qolishidan choʻchiganday oʻziga oʻzi pichirlab quydi:

– Hamma narsa imi-jimida qilinadigan boʻp qopti-da. Hatto shu narsa-yam… Bu nima degan gap-a, bu nima degan gap?!

Naynov oʻzini hamon kulgidan toʻxtatolmasdi. Chol nabiraga yana bir oʻqraydi:

– Hali otang kelsin. Otning qamchisi bilan orqasidan ariq ochaman.

Bola yana iljaydi.

Qulmat naynov hiqillab-siqillab kulgidan yoshlangan koʻzini yengi bilan artib cholga gap qotdi.

– Uydagi bugungi toʻy nima boʻldi endi, bovo?

– Toʻy boʻladi, toʻy toʻxtamaydi! Elomonning oldindan erkak boʻlganini elga bildirib qoʻyamiz.

Cholning chiroyi endi biroz yorishdi. Soʻng bosh chayqadi va… oʻzi ham qah-qah urib kulib yubordi.

– Bolam, – dedi naynovga, – sen bu gaplarni birovlarga aytib yurma. Shunchaki shaharga tushib, manavi tirmizakka u bu narsa olib berdik, xoʻpmi?!

– Aytmayman, bovo, aytmayman!

Chol yana qah-qah urib kulib yubordi:

– Ha bolasi tushmagur-a, bolasi tushmagur, – nabiraga ilkis qaradi, – sendan ham, otangdan ham xafa boʻldim, tirranchalar…

 

Qoʻchqor NORQOBIL

 

“O‘zAS”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/izim-mening-yuzim-mening/

2 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x