IZBOSKAN TUMANI

IZBOSKAN TUMANIAndijon viloyati shim. da joylashgan. 1926-y. 29 sent. da tashkil etilgan. Andijon viloyatining Paxtaobod, Andijon, Baliqchi, Oltinkoʻl tumanlari, Namangan viloyati, Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegaradosh. Mayd. 0,28 ming km2. Aholisi 170,6 ming kishi (2001). Izboskan tumanida 1 shahar (Poytugʻ) va 9 qishloq fuqarolari yigʻini (Izboskan, Namuna, Shermatobod, Erkin, Yakkatut, Yangi-zamon, Yangiqishloq, Oʻrtoklar, Qizil Yulduz) bor. Markazi — Poytugʻ sh.

Tabiati. Izboskan tumani relyefi asosan pasttekislik boʻlib, jan.-gʻarbga tomon pasayib boradi. Shim. qismi Moylisoy adirlaridan iborat. Iqlimi moʻtadil ikdim. Iyulning oʻrtacha t-rasi 27°, yanv. niki — 3°. Vegetatsiya davri 240—255 kun. Yiliga oʻrtacha 300 — 500 mm yogʻin tushadi. Tuman hududidan Katta Fargʻona kanali, Qoradaryo, Moylisoy, Tentaksoy oqib oʻtadi. Asosan, boʻz tuproq, toʻq va och tusli oʻtloqi, botqoq-oʻtloqi tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi oʻsimliklardan yulgʻun, qamish, yantoq, shoʻra va b. oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, tulki, boʻri, qobon, yovvoyi echki, kemiruvchilardan suv kalamushi, qushlardan kaptar, tustovuq, oʻrdak, gʻoz, laylak, kaklik, bedana, qorabovur, burgut, boyoʻgʻli, qaldirgʻoch, chumchuq, bulbul, zogʻcha, qargʻa, hakka va b. yashaydi.

Aholisining aksari qismi oʻzbeklar (99,7%). 1 km2 ga oʻrtacha 609 kishi toʻgʻri keladi.

Xoʻjaligi. Izboskan tumanida Poytugʻ ip yigiruv va toʻquv f-kasi, Chuvama ip yigiruv f-kasi, Izboskan shoyi toʻqish f-kasi (kimyoviy xom ashyo asosida), Toʻrtkoʻl poyabzal f-kasi, gaz toʻldirish st-yasi ishlab turibdi. 450 dan ziyod kichik va xususiy korxona, shuningdek, qoʻshma korxonalar tashkil etilgan.

Q. x. ning asosiy tarmogʻi — paxtachilik va gʻallachilik. Sabzavotchilik, poliz ekinlari yetishtirish, bogʻdorchilik ham rivojlangan. Umumiy ekin mayd. 16,3 ming ga, shundan 8,8 ming gektarga paxta, 5,9 ming gektarga donli ekinlar ekiladi. 585 ga yer bogʻ, 64 ga tokzor. Tumanda 15 shirkat xoʻjaligi, aksiyadorlik jamiyati, xujaliklararo chorvachilik korxonasi, «Istiqbol» chorvachilik korxonasi, meva-koʻchatchilik tajriba xoʻjaligi, urugʻchilik tajriba xoʻjaligi, oʻrmonchilik xoʻjaligi (Qoradaryo oʻrmon xoʻjaligi, 161 ga; Qorakoʻl oʻrmon xoʻjaligi, 22 ga; Lugʻumbek oʻrmon xoʻjaligi, 87 ga) mavjud. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 32,3 ming qoramol, shundan 14,5 ming sigir, 27,8 ming qoʻy va echki, 622 ot boqiladi. Tuman hududidan avtomobil yoʻllari, Andijon — Uchqoʻrgʻon (15 km) t. y. oʻtgan.

50 ga yaqin umumiy taʼlim maktabida qariyb 40 ming oʻquvchi, kasbhunar biznes maktabida 670 oʻquvchi, 2 litsey-internatda 236 oʻquvchi, tasviriy sanʼat litsey-internatida 312 oʻquvchi, 1 gimnaziyada 300 dan ziyod oʻquvchi taʼlim olmoqda. Tumanda millim bank boʻlimi, markaziy kutubxona, 35 jamoat kutubxonasi, musiqa maktabi, markaziy madaniyat uyi, 2 avtoklub, «Oltin soz» xalq ansambli, oʻlkashunoslik muzeyi ishlab turibdi. 4 ta 620 oʻrinli kasalxona, 20 oʻrinli xususiy kasalxona, 8 qishloq vrachlik shoxobchasi, 8 vrachlik ambulatoriyasi, 38 feldsher-akusherlik shoxobchasi va b. faoliyat koʻrsatmoqda. Jami 275 vrach va oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1929-y. dan «Paxtakor» tuman gaz. nashr etiladi (adadi 2150).

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x