2 iyul
1714 yil.
Kristof Glyuk, chexiyalik mashhur kompozitor. 50 dan ortiq opera va baletlar yaratgan. “Orfey va Yevridika”, “Nargiz va Sado”, “Artakserks” operalari, “Don Juan” baleti uning shoh asarlari sanaladi.
1923 yil.
Vislava Shimborska, polyak shoirasi. Nobel mukofoti laureati (1996). “Qudrat”, “Yuz hangoma”, “Baxtli tasodif”, “Koʻprikdagi odamlar”, “Ibtido va intiho” kabi kitoblar muallifi. Sheʼrlari dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan.
3 iyul
1743 yil.
Gavriil Derjavin, rus mumtoz shoiri. U klassitsizm adabiyoti namoyandalaridan biri, “Felitsa”odasi bilan adabiyot maydoniga kirib kelgan. Unga “Xudo”, “Sharshara”, “Amaldor” kabi qasidalari shuhrat keltirgan.
7 iyul
1884 yil.
Lion Feyxtvanger, mashhur nemis yozuvchisi, dramaturg. “Golland savdogari”, “Dunyo”, “Shoh va raqqosa”, “Yahudiy Zyuss” kabi pyesalar, “Simona”, “Uchrashuv zali”, “Opperman oilasi”, “Yahudiy urushi”, “Quvgʻin”, “Omad”, “Badxulq gersoginya”, “Saksoniya trilogiyasi”, “Bandi” va “Ming toʻqqiz yuz oʻn sakkizinchi yil” kabi koʻplab romanlar muallifi.
13 iyul
1934 yil.
Vole Shoyinka, nigeriyalik mashhur dramaturg, Nobel mukofoti laureati (1986). “Sher va odam”, “Botqoqlikda yashovchi odamlar”, “Uydurma”, “Oʻrmon qoʻshigʻi”, “Ieronim ogʻaning musibatlari”,”Baxus tantanasi”, “Oʻlim va shoh suvoriysi”, “Kongo mavsumi” kabi pyesalari unga jahoniy shuhrat keltirgan.
14 iyul
1903 yil.
Irving Stoun, amerikalik yozuvchi. Adabiy-biografik asarlari bilan shuhrat qozongan. “Egardagi dengizchi”, “Hayotga tashnalik”, “Mikelanjelo”, “Jazavali darvish”, “Mangu muhabbat yoxud Meri Todd va Avraam Linkoln”, “Yaralish. Charlz Darvin”, “Aql ishtiyoqi”, “Barhayot ayol yoxud Jessi va Jon Fremont”, “Van Gog” kabi romanlari dunyoning koʻp tillariga tarjima qilingan.
1904 yil.
Isaak Bashevis-Zinger, polyak tilida yozgan amerikalik yozuvchi, Nobel mukofoti laureati (1978). “Goraydagi iblis”, “Qoʻrgʻoncha”, “Mulk”, “Moskatlar oilasi”, “Qul” romanlari, shuningdek, “Nodon Gimpl”, “Ayol”, “Keksalik davri” kabi hikoyalar muallifi.
1914 yil.
Isoxor Oqilov, Oʻzbekiston xalq artisti, mashhur raqqos va xoreograf. “Katta oʻyin”, “Lazgi”, “Charxi doʻzon”, “Yakkaqars”, “Ohangi koʻhiston” kabi raqslarni mahorat bilan ijro etgan. “Sevgi taronasi”, “Munojot”, “Tantana”, “Buxoro yulduzi”, “Tong malikasi”, “Uch goʻzal” raqslarini sahnalashtirgan. Oqilovlar sulolasining asoschisi.
17 iyul
1888 yil.
Shmuel Yosef Agnon, Polshada tugʻilib oʻsgan yahudiy yozuvchi. “Toʻy choyshabi”, “Oddiy tarix”, “Tungi mehmon”, “Tashlab ketilgan xotinlar” singari roman va qissalari muvaffaqiyat qozongan. 1966 yilda “yahudiy xalq motivlari bilan uygʻunlashtirilgan oʻtkir va original hikoya sanʼati uchun” Nobel mukofotiga munosib koʻrilgan.
18 iyul
1811 yil.
Uilyam Tekkerey, ingliz yozuvchisi. “Kibr bozori”, “Esmond”, “Pendennis”, “Barri Lindonning amal pillapoyasi”, “Revekka va Rovena”, “Virginiyaliklar” kabi romanlar, koʻplab hikoyalar yozgan. Asarlari dunyoning qator tillariga tarjima qilingan, ular asosida filmlar suratga olingan.
20 iyul
1929 yil.
Neʼmat Qoʻziboyev, Oʻzbekiston xalq rassomi, akademik. Musavvirning “Oʻzboy oʻzanida”, “Qidiruvchilar”, “Yangi yoʻl”, “Choʻponlar huzurida”, “Nodirabegim”, “Yunus Rajabiy”, “Mirshohid Miroqilov”, “Abdulla Qodiriy”, “Ibn Sino”, “Beruniy”, “Navoiy va Sulton Husayn”, “Navoiy portreti. Qush tili”, “Furqat” kabi asarlari mashhur.
21 iyul
1899 yil.
Ernest Xemenguey, amerikalik mashhur yozuvchi, Nobel mukofoti laureati (1954). Adibning “Alvido, qurol!”, “Chol va dengiz”, “Quyosh baribir chiqaveradi”, “Choshgohdagi oʻlim” kabi qissa va romanlari mashhur. Asarlari dunyoning koʻp tillariga tarjima qilingan.
22 iyul
1946 yil.
Mirey Matyo, taniqli fransuz xonandasi. “Abadiy sevgi”, “Parij tangosi”, “Yolgʻiz Shanel”, “Salom, shamol!”, “Jezabel”, “Xayr, Bombino”, “Kechir qaysarligimni”, “Bir muhabbat tarixi”, “Besame mucho”, “Kabutar” kabi yuzlab taronalari dunyoga mashhur.
24 iyul
1857 yil.
Xenrik Pontoppidan, daniyalik romannavis, Nobel mukofoti laureati (1917). “Jannatmakon zamin” trilogiyasi, “Qayrilgan qanotlar” hikoyalar toʻplami, “Omadli Per”, “Marhumlar saltanati”, “Oʻsmirlik yillari”, “Vujudning oʻzgarishi”, “Meros va burch”, “Oilaviy hayot”, “Oʻzim tomon yoʻl” kabi romanlari bilan dunyoga tanilgan.
25 iyul
1929 yil.
Vasiliy Makarovich Shukshin, atoqli rus yozuvchisi, kinorejissyor, ssenariynavis. “Qishloq odamlari” hikoyalar toʻplami, “Lyubavinlar”, “Sizga erkinlik bergani keldim” romanlari, “Ular Vatan uchun jang qilganlar”, “Gʻaroyib kishilar” “Qizil badrezak”, “Sizning oʻgʻlingiz va akangiz”, “Yigit shunday yashaydi”, “Yurt odamlari” kabi mualliflik filmlari muvaffaqiyat qozongan.
26 iyul
1856 yil.
Bernard Shou, mashhur irland yozuvchisi, dramaturg. Nobel (1925) va “Oskar” mukofotlari laureati. “Sezar va Kleopatra”, “Buni vaqt koʻrsatadi”, “Jon Bullning boshqa oroli”, “Ikki yoʻl oʻrtasidagi shifokor”, Q”Alvido, Ioanna”, “Pigmalion” kabi asarlari adibga dunyoviy shuhrat keltirgan.
1921 yil.
Rahim Ahmedov, Oʻzbekiston xalq rassomi, akademik. “Qashqadaryolik ayol”, “Muqimiy”, “Shuhrat Abbosov”, “Oʻrol Tansiqboyev”, “Ona oʻylari”, “Oʻzbek qizi” kabi portretlari, “Nahor. Oqtosh bahori”, “Qoʻshiq”, “Yanvar. 1924 yil”, “Bahor” va boshqa kartinalari bilan nom taratgan.
29 iyul
1900 yil.
Eyvind Yonson, shvetsiyalik mashhur yozuvchi, Nobel mukofoti laureati (1974). “Timanlar va adolat”, “Zulmat qaʼridagi shahar”, “Yorugʻlikdagi shahar”, “Qamoqxonadagilar haqida roman”, “Yulduzning uchishiga izohlar”, “Gamlet bilan vidolashuv”, “Uluf haqida roman”, “Metaponson ustidagi bulut”, “Toʻlqin” kabi romanlar muallifi.
30 iyul
1511 yil.
Jorjo Vazari, italiyalik musavvir. “Isoning dafn etilishi”, “San-Leo qamali”, “Sabr”, “Tutqun”, “Mikelanjelo yodgorligi”, “Benvenito Chellini portreti”, “Yogʻin”, “Qabr ustida”, “Venera va Gratsiya” kabi asarlar muallifi.
M. MUHAMMADAMINOVA tayyorladi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7
https://saviya.uz/hayot/nigoh/iyul-oyida-tugilgan-madaniyat-va-sanat-namoyandalari/