ISKANDARIYA

ISKANDARIYA, Aleksandriya — MAP shim. dagi shahar, Iskandariya muhofazasining maʼmuriy markazi. Oʻrta dengiz sohilida, Nil daryosi delta-sining gʻarbiy qismida. Aholisi 3,4 mln. kishi (1996).

Mil. av. 332—331-y. larda Aleksandr Makedoniyalik qurdirgan, Ptolemey davrida (mil. av. 305 — 30 y. lar) Misr poytaxti boʻlgan. Antik dunyoning ilmiy va madaniy markazlaridan biri. 1-a. da Iskandariya eng katta shaharlardan (Rimdan keyin) boʻlib, unda taxm. 1 mln. aholi yashagan. Iskandariyada dunyoda eng boy ku-tubxona boʻlgan [q. Aleksandriya (Iskan-dariya) kutubxonasi]. 7-a. da Iskandariyani arablar egallagan. Qohira sh. qurilgach (961-y.), I. ning mavqei pasaydi. 1517-y. I. usmonli turklar tasarrufiga oʻtdi. Muhammad Ali davrida (19-a. boshlari) Iskandariyada katta qurilishlar amalga oshirildi; kemasozlik korxonasi qurildi va Mahmudiya kanali qazildi. 1856-y. I. bilan Qohira oʻrtasida t. i. oʻtkazildi. Angliya Misrni bosib olgach (1882 i.), I. da chet el banklari, kompaniyalari, vakolatxonalari ochildi; portdan Angliya harbiy kemalari turadigan joy sifatida foydalanildi. Shahar Misr milliy ozodlik harakatlarining (20-a. ning 20—50-y.

lari) asosiy markazlaridan biri boʻlgan.

Iskandariya iqtisodiy mavqei jihatidan mamlakatda Qohiradan keyin 2-oʻrinda. Yirik transport va savdo markazi. T. y. va avtomobil yoʻllari tuguni. MARning asosiy dengiz porti (okean kemalari ham kira oladi); kema katnaydigan Mahmudiya kanali orqali Nil bilan bogʻlangan. Suvaysh sh. dan Iskandariyaga Qohira va Tanta orqali neft quvuri oʻtkazilgan. Iskandariya porti orqali mamlakat tashqi savdo yuklarining 80% oʻtadi (yuk ortib-tushirish 20 mln. t). Kema-sozlik va kema remonti, mashinasozlik va metallsozlik, neft, kimyo, sement, radio-texnika, toʻqimachilik, oziq-ovqat, koʻn poyabzal sanoatlari, hunarmandchilik rivojlangan.

Iskandariya eski shahar va yangi shahardan iborat. Iskandariyaning qad. qismida koʻchalar toʻgʻri toʻrtburchak asosida kesishgan (mil. av. 4-a. da yunon meʼmori Deynokrat loyihasi asosida bunyod etilgan); Pompey (yoki Diokletian) kolonnasi deb ataluvchi ustun, nekropollar, katakombalar saqlangan. Iskandariya bilan damba (koʻtarma) orqali tutashtirilgan Faros o. da mil. boshlarida «dunyoning yetti moʻjizasi» dan biri sanalgan minora (mayoq) boʻlgan (hoz. uning oʻrnida arablar bunyod etgan qalʼa qoldiklari bor). I. ning yangi qismida keng koʻchalar, xushman-zara dengiz boʻyi, zamonaviy koʻp qavatli shinam binolar, savdo muassasalari, dengiz vokzali, masjidlar, qasr-muzeylar (Ras at-Tin, 19-a. boshi; Muntazo saroyi, 20-a. boshi; Muhammad Ali muzeyi, 20-a.), At-Tahrir markaziy maydoni (19-a. 2-yarmi), un-t, ilmiy tadqiqot in-tlari, koʻplab muzey (jumladan, dengiz muzeyi, nafis sanʼat muzeyi), Milliy kutubxona va b. bor.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x