Dino BUTSSATI
Katta bir firmaning xoʻjayini Enriko Rokko sevib qoldi. Yurak qurgʻur iztirobda yonavergach, axiyri, dil izhorini maktub orqali bildirishga qaror qildi. Xonasiga qamalib, gʻurur va uyalishni bir chekkaga surib qoʻyib, yozishga kirishdi.
“Hurmatli va qadrli sinorina, – deb boshladi u, shu soʻzlarni tez orada oʻsha qiz oʻqishini xayoliga keltirarkan, hayajondan entikib ketdi. – Azizim Ornella, qalbim mening, nuridiydam, dilimni oʻrtagan gulim, sevgim mening…”
Xonaga kotib Ermete kirdi.
– Kechirasiz, sinor Rokko, qabulxonada sizni kutishayapti, – kotib tashrif qogʻoziga bir qarab oldi. – Familiyasi Manfredini ekan.
– Manfredini? Birinchi marta eshitib turibman!
– U tikuvchi boʻlsa kerak. Oʻlchab olgani keldim, deyapti.
– Ha-a… Manfredinimi, boʻldi, esimga tushdi. Ayt, ertaga kela qolsin.
– Xoʻp, lekin u kishi “Oʻzlari chaqirtirgan edi”, deyapti.
– Ha, toʻgʻri, – u chuqur xoʻrsinib qoʻydi. – Mayli, kirsin, faqat aytib qoʻy, vaqtim nihoyatda tigʻiz.
Tikuvchi Manfredini tayyor kostyum koʻtarib kirdi. Rokko kostyumni kiyib koʻrdi, tikuvchi shosha-pisha oʻlchamlarni belgilab oldi.
– Sinor Manfredini, uzr, judayam muhim ishim bor edi…
Enriko Rokko yana joyiga oʻtirib, yozishda davom etdi: “Mahbubam mening, qaydasan hozir? Nimalar qilayapsan? Senga muhabbatim shu qadar kuchliki, shaharning qaysi burchida boʻlmagin, qalbim faqat senga talpinadi”.
Toʻsatdan telefon jiringlab qoldi. Enrikoning yuragiga tigʻ sanchilganday boʻldi, chuqur “uf” tortib, goʻshakni oldi.
– Eshitaman.
– Salom, – nomaʼlum ayolning mayin, ishvali ovozi keldi. – Buncha qoʻrssan. Toʻgʻrisini ayt, bemavrid koʻngʻiroq qildimmi?
– Kim bu? – soʻradi Rokko.
– Aytmadimmi, bu kishining kayfiyati yoʻq bugun. Bilasanmi…
– Kim gapirayapti oʻzi?
– Namuncha shoshasan, hozir…
U “taq” etib goʻshakni qoʻydi.
“Sevgilim, – deb yoza boshladi yana, – hozir tashqarini tuman qoplagan, boz ustiga, benzin hidi anqiyapti, lekin, ishonsang, men mana shu tumanga ay…”
Yana telefon jiringladi. Enrikoning jon-poni chiqib ketdi.
– Allo!
– Menga qara, Enriko, – shivirladi yana oʻsha ovoz. – Men atay sen bilan uchrashgani keluvdim, sen boʻlsang…
U birov musht tushirganday chayqalib ketdi. Qarindoshi, sarviqomat, latofatli Franka qoʻngʻiroq qilayotgandi. U koʻpdan beri oʻzini unga qayliq sanab yuradi, buyniga osilgudek yopishib olgan. Hamma ayollar romantik sevgini orzu qiladi, ammo hozir Frankani shartta orqaga, qishloqqa joʻnatib yuborib boʻlmaydi. Bosiqroq boʻlishga toʻgʻri keladi…
Butun fikru xayoli maktubdagi maʼshuqasida edi. Balki, qiz uning izhorlarini oʻqib mayin jilmayib qoʻyar, ehtiros ila bitilgan bu maktub keyin qizning nafis buyumlari – lab buyogʻi, atir-upasi, bejirim roʻmolchalari qatorida turar. Mana endi Franka hammasini rasvo qiladi.
– Enriko, istaysanmi, hozir oldingga boraman? – deya erkalanib soʻradi Franka.
– Yoʻq-yoʻq, meni kechirgin-u, hozir juda bandman.
– O, uzr soʻrashing shartmas. Agar seni zeriktiradigan boʻlsam, hozir suhbat qurmadik, deb hisoblayver.
– Darrov xafa boʻlasan-a. Tushungin, ishlarim tiqilib yotibdi… Mayli, kel, faqat keyinroq.
– Qachon?
– Xoʻ-oʻsh… ikki soatdan keyin.
Enriko goʻshakni qoʻydi. Shuncha qimmatli vaqt bekor ketganday tuyuldi. Maktubni tushgacha joʻnatish kerak, boʻlmasa, Ornellaga ertaga yetib boradi.
“… langan boʻlardim. Chunki tuman shu topda sen yashayotgan uyni ham qurshab olgan, agar uning koʻzi boʻlsa (kim bilsin, balki bordir), derazadan senga toʻyib-toʻyib boqqan boʻlardi. Keyin biror tirqishcha topib, xonangga kirishga intilmaydi, deysanmi? Tumanning bunga qurbi yetgani kabi, mening muhabbatim uchun ham uzoq ma…”
Eshik asta ochilib, kotib Ermete kirdi.
– Kechirasiz.
– Aytdim-ku, ishim koʻp, hech kimni qabul qilmayman, deb. Kechga yaqin kelishsin.
– Lekin…
– Yana nima?
– Pastda mashinada sizni kommendatore Invernitssi kutayapti.
Jin ursin, bu Invernitssi degani bilan yaqinda oʻt ketgan omborxonani borib koʻrishi, ekspertlar bilan uchrashishi kerak edi-ku! Butkul yodidan koʻtarilibdi. Yoʻq, bunga chidash qiyin. Hamma narsa shu paytga kelib taqalayapti. Xuddi birov atay qilayotganday.
U rosa qiyin ahvolda qolgandi. Lekin… “Kasalman”, deb bahona qilsa-chi? Yoʻq, boʻlmaydi. Yo maktubni chala holida joʻnataversamikan? Ammo hali yana koʻp narsalar haqida yozmoqchi edi-da. Ikkilana-ikkilana, xatni gʻaladonga tashladi-da, paltosini kiyib, pastga yugurdi. Nima boʻlgandayam, tezroq borib-kelish kerak. Yarim soatda ulguramanmi, deb oʻylagandi, biroq tushga yaqin qaytib keldi. Qabulxonada uni toʻrt kishi kutib oʻtirishiga qaramay, shaxd bilan xonasiga kirib, eshikni ichkaridan qulflab oldi. Chuqur nafas olib, gʻaladonni ochdi. Maktub yoʻq! Yuragi muzlab ketay dedi. Kimdir jurʼat qilib, uning stolini titkilaganga oʻxshaydi. Yoʻq, balki adashayotgandir.
Xayriyat, shunchaki adashib boshqa gʻaladonni ochibdi. Faqat, endi maktubni tushgacha joʻnatolmaydi. Pochtaga “shoshilinch” deb topshirgan taqdirda ham, Ornella uni yarim tunga yaqin olishi mumkin.
“… sofalarni bosib oʻtish, kerak boʻlsa, Xitoy de…”
Jiring-jiring! Yana telefon. U ruchkani qogʻozdan uzmay turib, ikkinchi qoʻli bilan goʻshakni oldi.
– Allo?
– Siz bilan Janobi oliylarining kotibi Takki gaplashayapti.
– Eshitaman.
– Men tros masalasida qoʻngʻiroq qilayapman.
Oshiq Rokko boshini changalladi. Gap moʻmaygina daromad keltiradigan oʻta muhim ish haqida bormoqda edi. Tros oldi-sotdisi bilan bogʻliq suhbat rosa yigirma daqiqa choʻzildi.
“… voridan uchib oʻtish hech gap emas. Oh…”
Yana kotib Ermete. Enriko beixtiyor qichqirib yubordi.
– Hech kimni qabul qilmayman, tushundingmi?
– Lekin moli…
– Hech kimni, dedim-ku, eshitmayapsanmi?
– Lekin moliyaviy inspektor oʻzingiz bugunga chaqirganingizni aytayapti.
Shoʻrlik Rokko holsizlanib qoldi. Moliyaviy inspektorni qaytarib yuborish gʻirt axmoqlik, mavqe-mansabga nuqta qoʻyish, oʻzini oʻzi oʻldirish bilan baravar. Inspektorni noiloj qabul qildi.
Soat birdan oʻttiz besh daqiqa oʻtdi. Qabulxonada chamasi bir soatdan buyon qarindoshi Franka kutayotgan boʻlsa kerak. Yana Jenevadan u bilan uchrashgani kelgan injener Shtols ham bor. Yana elektr asboblarini sotish masalasida advokati Messumichi va, nihoyat, har kuni uni ukol qilib ketadigan hamshira qiz ham kutib turgandir.
“… azizim, Ornella!”
Telefon jiringladi.
– Siz bilan savdo vazirligidan kommendatore Stalsi gaplashayapti…
Yana telefon.
– Konsorsiumlar uyushmasi kotibi gapirayapti…
“… Mening tengi yoʻq goʻzalim, Ornella! Agar bil…”
Ermete vitse-prefektadoktor kelganini maʼlum qildi.
“… ganingda edi, seni qan…”
Telefon.
– Bosh shtab boshligʻi gapirayapti…
Jiring-jiring.
– Hazrati oliylari arxiyepiskopning kotibi…
“… chalik sev…”
Jiring-jiring.
– Kassatsion sud boshligʻi gapirayapti.
– Allo!
– Men Oliy kengash aʼzosi senator Kormerakoman.
– Eshitaman.
– Siz bilan imperator janobi oliylarining adyutanti gaplashayapti.
– Eshitaman, ha, ha, qulogʻim sizda. Ha, rahmat. Janobi oliylari, bagʻoyat minnatdorman!.. Albatta, janob general, hoziroq chora koʻraman… Allo, allo! Albatta, janob adyutant! Janobi oliylariga mening alohida ehtiromimni yetkazib qoʻying.
Maktub bilan ruchka asta-sekin stol chekkasiga surila boshladi.
– Keling, marhamat! Qani, oʻtiring, bemalol oʻtiravering. Yaxshisi, bu yoqqa oʻtiraqoling. Siz bilan koʻrishib turganimdan bahad xursandman!.. Soʻz topolmaysan kishi… O, rahmat. Nima istaysiz? Qahva? Sigaret?
Enriko bu keldi-ketdilar, qoʻngʻiroqlar toʻfoni qancha davom etganini bilmaydi. Nihoyat, yarim tunga yaqin yolgʻiz qoldi. Uyga ketishdan avval stol ustida qalashib yotgan hujjatlarni tartibga solmoqchi boʻldi va maktubga koʻzi tushib qoldi. Qoʻlda yozilgan, lekin imzo, sana qoʻyilmagan. Dastxatidan oʻzi yozganini bildi. Qiziqib, oʻqib koʻrdi. “Qanday bemaʼnilik! Qachon yozdim buni?” – deb oʻzini savolga tutarkan, boshini qashlagancha eslashga urinardi. – Bunaqa bemaʼni maktubni qanday qilib yozdim-a? Bu Ornella degani kim edi oʻzi?..”
Rus tilidan Gʻayrat SAYDULLAYEV tarjimasi
“Yoshlik”, 2015 yil 8-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/ishqiy-maktub/