Zamonaviy yoshlarga 20 oʻgit

Yoshlar va kattalarning dunyoqarashi, qiziqishlarida hamisha tafovut boʻlgan. Bu faqat bizda emas, butun dunyo boʻyicha kuzatiladigan holat. Hatto ibtidoiy jamoa tuzumida ham katta avlod vakillari “Yoshlar buzilib ketdi!” mazmunidagi oʻz oʻkinchini toshga oʻyib yozgani haqida ardoqli shoirimiz Erkin Vohidov hajviy, ammo jiddiy sheʼr bitgani bejiz emas. Bu tabiiy hol: har bir davr yoshlarining oʻz ruhi, kayfiyati boʻladi.

Bugun dunyo yoshlarini oʻrganayotgan mutaxassislar ularning oʻziga xos ustunliklari, fazilatlarini eʼtirof etar ekan, shu bilan birga, diqqat qaratishlari lozim boʻlgan ayrim jihatlarni ham qayd etishmoqda. Quyida yoshlarga nisbatan uch-toʻrtta koʻylakni koʻproq toʻzitgan kattalarning navqiron avlodga atalgan 20 ta oʻgitini eʼtiboringizga havola qilmoqdamiz. Bu maslahatlar yoshlarimiz uchun foydadan xoli boʻlmaydi, deb oʻylaymiz.

 

  1. Vaqt har bir kishiga oʻlchab berilgan, u bitmas-tuganmas xazina emas.
  2. Siz isteʼdodlisiz, lekin qobiliyatingizga ortiqcha baho berishsa, ishonib qolmang.
  3. Kattalar uyqusizlik kasalligiga chalinganlari uchun emas, balki ishi unib, baraka topganlari uchun erta turadilar. Siz ham sinab koʻring.
  4. Cizga qoʻngʻiroq qilishsa, albatta javob bering!
  5. Ishga eng oldin kelib, eng keyin ketadigan xodim siz boʻling.
  6. Vazifangizga doir koʻrsatmani kutib oʻtirmasdan ishga kirishing.
  7. Oʻz xatolaringiz uchun javobgarlikdan qochmang.
  8. Sizga berilgan oʻrinli jazo foydadan xoli boʻlmaydi.
  9. Bir joyga qoʻnim topmasdan, har yili ishingizni yangilasangiz, hech qachon “oʻsmaysiz”.
  10. Ishxonada qulay shart-sharoit emas, balki siz bilan birga ishlaydigan odamlar koʻproq ahamiyatga ega.
  11. Oʻylab koʻring: bugungi faoliyatingiz ertangi muvaffaqiyatingizga poydevor boʻlyaptimi?
  12. Gapni oʻz egasiga ayting, orqavorotdan gapirish obroʻ keltirmaydi.
  13. Zamonaviy texnologiyalar boʻyicha bilimingizni muttasil oshirib boring.
  14. Ijtimoiy tarmoqlarda siz doʻst tutinayotgan kishilarning soni emas, kim ekani koʻproq muhim.
  15. Sizdan koʻra tajribaliroq uchta maslahatgoʻyingiz boʻlsin.
  16. Muhim masala boʻyicha qaror qabul qilayotganingizda oʻzingizdan “Men hurmat va havas qiladigan falonchi shunday vaziyatda qanday yoʻl tutgan boʻlar edi?” deb soʻrab koʻring.
  17. Kitobni koʻproq oʻqish, ijtimoiy tarmoqlardan kamroq foydalanish kerak.
  18. Daromadingizga nisbatan 25 foiz kamroq xarajat qiling.
  19. Shaʼningiz har narsadan ulugʻ, unga dogʻ tushirmaslikka harakat qiling.
  20. Sizga har qancha zerikarli tuyulmasin, katta avlod vakillarining oʻgitini eshitishga vaqt va toqat toping.

 

Sanjar Javlon tayyorladi.

 

“Yoshlik”, 2015 yil 9-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/zamonaviy-yoshlarga-20-ogit/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x