Inson va odam

Baʼzi maʼnodosh soʻzlarning juda nozik maʼno farqlari bor. Birining oʻrnida boshqasini qoʻllash toʻgʻri emas. Bu qoida inson, odam, kishi, shaxs, kimsa soʻzlariga ham tegishli. Ushbu maqolachada asosiy eʼtiborni inson soʻziga qaratamiz.

Bu maʼnodoshlardan kimsa soʻzi salbiy maʼnoda qoʻllanishi mumkin. “Izohli lugʻat”da berilgan misollarda ijobiy-neytral maʼnoda ishlatilgan. Inson soʻzida boshqa maʼnodoshlariga nisbatan ulugʻvorlik, yuksaklik bor. Ammo uni ham salbiy maʼnoda qoʻllash mumkin: “Xoʻ, inson, bu nima nomaʼqulchilik, tilsiz jonivorda nima qasdingiz bor?!”

Inson soʻzi oʻrnida koʻp hollarda odam soʻzini ishlatish mumin. Lekin kishi, shaxs, kimsa soʻzlarining oʻz xos oʻrinlari bor (Deylik, shaxs jamiyat bilan bogʻliq hollarda, kishining oʻzligini namoyon etishi kabi vaziyatlarda qoʻllanadi). Masalan:

  1. Inson zoti (odamzot) qadam qoʻymagan orolcha topildi.
  2. Har bir inson (odam, kishi) taʼlim-tarbiyaga jiddiy eʼtibor qaratishi kerak. (Bu oʻrinda inson yoki odamdan koʻra kishi soʻzini ishlatgan maʼqul. Ammo inson va odam soʻzini ishlatish ham xato emas.)
  3. Inson – aziz, inson – mukarram. (Bu oʻrinda hatto odam soʻzini ishlatish ham unchalik toʻgʻri emas. Boshqa sinonimlarni esa mutlaqo ishlatib boʻlmaydi.)

 

Inson soʻzini qoʻllash xato boʻlgan oʻrinlar ham bor. Masalan:

  1. Alp Er Toʻnga – tarixiy shaxs. (Bu oʻrinda maʼnodoshlardan faqat shaxs soʻzini ishlatish mumkin.)
  2. Er kishi ayoliga yumshoq muomala qilishi kerak. (Bu oʻrinda boshqa sinonimlarni qoʻllab boʻlmaydi.)
  3. Faqat jigʻildonini oʻylaydigan kimsalar daraxtlarni kesib, pullab yubordi. (Bu oʻrinda kimsa soʻzini qoʻllash eng toʻgʻrisidir.)

 

Endi hozir muomalada yoʻl qoʻyilayotgan xatolarga eʼtibor qaratamiz:

  1. Ayni damda bir insonimiz qoʻngʻiroq qilib, bizga bogʻlandilar.

Bu gapni “Hozir bir muxlisimiz (tinglovchimiz, tomoshabinlarimizdan biri) qoʻngʻiroq qilib, bizga bogʻlandilar”, deb ishlatish toʻgʻri boʻladi.

Shu ifodaning boshqa koʻrinishlari ham bor. Masalan, “Bir insonimiz keldilar”, “Tejamkorlikning ahamiyatini toʻgʻri anglagan insonlarimiz isrofdan tiyiladilar”. Birinchi misolda bir soʻzini ham olib tashlab, mehmonimiz, biz kutgan kishi, ikkinchi misolda esa kishilar yoki soʻzni toʻla qisqartirib toʻgʻri anglaganlar deyish mumkin.

Izoh: inson hech kimniki boʻlmaydi. Shunday ekan, insonim, insoning, insoni, insonimiz, insoningiz, insonlari deyish xato. Qadrdli insonim deb yozish oʻrniga qadrdonim yoki azizam deyish toʻgʻri va mantiqli.

  1. Tadbirga juda koʻp insonlar keldi. Bu jumlada eng mos soʻz kishidir. -lar qoʻshimchasi ham ortiqcha, chunki koʻp soʻzida koʻplik maʼnosi ifodalab boʻlingan. Yoki odam soʻzini ham ishlatish mumkin.

Endi shu jumlaning sal oʻzgargan shakliga eʼtibor qaratamiz: Tadbirga juda koʻp taniqli insonlar keldi. Bu oʻrinda ham eng toʻgʻri tanlov kishi soʻzidir: Tadbirga juda koʻp taniqli kishilar keldi.

 

Orif Tolib

 

oriftolib.uz

https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/inson-va-odam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x