IMPULSIV MAYLLAR

IMPULSIV MAYLLAR – esʼhushni va shaxsning hamma xattiharakatlarini oʻziga boʻysundiradigan, yengib boʻlmaydigan va hech bir asossiz, maqsadsiz intilishlar; vaqt-vaqti bilan toʻsatdan paydo boʻladi. Impulsiv mayllar roʻy berganda kishi har qanday sogʻlom fikrlar (mulohazalar) , tasavvurlar va xohishlarni yengib ulardan ustunlik qiladi. Bu holatda sodir etilgan xattiharakatlarni u keyinchalik eslay olmaydi yoki ayqash-uyqash holda eslashi mumkin. Impulsiv mayllarning bir necha turi farqlanadi.

Dipsomaniya, mayzadalik — spirtli ichimliklarga ruju qilish; ularni betoʻxtov ichaverish. Bunday holat toʻsatdan boshlanib, bir necha kun va hatto bir necha hafta davom etadi. Bemor birdan ichkilik ichishni toʻxtatib qoʻyadi, baʼzan undan jirkanadi ham. U ichkilikka mukkasidan ketganda ularda dromomaniya va seksual qoʻzgʻalishlar (ekssesslar) kuzatilishi mumkin. Dipsomaniya surunkali alkogolizmga mubtalo boʻlgan kishilargagina xos boʻlmay, balki koʻpgina boshqa kasalliklar, mas, epilepsiyaning affektiv paroksizm koʻrinishidagi holatlarda, psixopatiyalarning ayrim turlarida va shizofreniyada ham uchraydi. Shu sababli dipsomaniyani simptomatik alkogolizmning alohida turi deb hisoblash mumkin.

Dromomaniya (daydilik) — bemorning vaqt-vaqti bilan oʻzi yashab turgan joyni tashlab, boshi oqqan tomonga, hech bir maqsadsiz daydib ketishi, tentirab yurishi. U oʻqishga, ishga bormay qoʻyadi. Bu holat bir necha kun yoki haftalab davom etadi.

Kliptomaniya — kishining gohida oʻgʻrilik qilishga intilishi. Oʻgʻrilangan narsalar bemorga mutlaqo keraksiz boʻlishi, hatto uni keyin tashlab yuborishi yoki egasiga qaytarib berishi ham mumkin; ayrim ruxiy kasalliklar (shizofreniya), qarilikdagi esi pastlik va b. ning bir koʻrinishi sifatida kuzatiladi.

Promaniya — hech bir maqsadsiz toʻsatdan oʻt qoʻyish mayli. Bunday kishilar oʻz uyi yoki boshqa birovning mulkiga hasad bilan qarab, oʻt qoʻyadi, keyinchalik bu qilgan ishidan pushaymon boʻlib yuradi.

Bemorda Impulsiv mayllarning qaysi turi mavjudligidan qatʼi nazar, unga sabab boʻlgan asosiy kasallikni mutaxassis vrach davolaydi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x