IMPOTENSIYA

IMPOTENSIYA (lot. impotentia — kuchsiz, zaif) , jinsiy zaiflik — erkakning jinsiy aloka qilishga bequvvatligi; raso jinsiy aloqa kila olmaslik. Bunda jinsiy funksiya — jinsiy mayl, ereksiya (jinsiy olat, yaʼni zakar tarangligi), eyakulyatsiya (urugʻ otilishi) yoki orgazm (xush yoqish sezgisi) buzilishi mumkin. Impotensiyaning sabablari jinsiy aʼzolar, endokrin sistema, periferik nervlar va bosh miya oliy boʻlimlari funksiyasining buzilishi bilan bogʻliq. Impotensiya mustaqil kasallik boʻlmay, balki, odatda, azaldan mavjud kasallik asorati boʻlishi ham mumkin. Impotensiya bir necha xil boʻladi. Moyak istisqosi, jinsiy olat sohasida chandiq hosil boʻlishi va b. organik Impotensiyaga sabab boʻladi. Bosh miyadagi organik va funksional kasalliklar kortikal (serebral) Impotensiyaga olib keladi, bunda, asosan, ereksiya, eyakulyatsiya va jinsiy mayl izdan chiqadi. Shikastlanish, surunkali yuqumli kasalliklar (zaxm, sil), intoksikatsiya (mishyak, alkogol va h. k. dan zaharlanish), moddalar almashinuvining buzilishi orqa miyadagi ereksiya va eyakulyatsiya markazlariga zarar yetkazib, Impotensiyaga sabab boʻla oladi (spinali.), bunda ereksiya, eyakulyatsiya susayadi. Jinsiy hayotga mukkadan ketish, jinsiy aloqani oxiriga yetkazmay toʻxtatish, onanizm bilan juda koʻp shugʻullanish, infeksion kasalliklar (soʻzak va b.) bilan bogʻliq boʻlgan surunkali yalligʻlanish jarayonlarida prostata bezi, uretra (siydik chiqarish kanali)ning orqa qismi va urugʻ doʻmboqchasidagi nerv oxirlari uzoq taʼsirlanishi neyroretseptor Impotensiyaga sabab boʻlishi mumkin. Moyaklarning endokrin funksiyasi buzilganda aksari jinsiy mayl susayadi, ereksiya boʻshashib va hatto butunlay yoʻqolib ketadi. Moyaklarning yoshga aloqador oʻzgarishlari, tugʻma kasalligi (yetilmaganligi, yevnuxoidizm) yoki hayot davrida orttirilgan kasalliklari (shikastlanishi, yalligʻlanishi), boshqa ichki sekretsiya bezlari (gipofiz, qalqonsimon bez, buyrak usti bezlari) ning zararlanishi, moddalar almashinuvining buzilishi (avitaminoz, diabet va b.), markaziy nerv sistemasi kasalliklari ularning endokrin funksiyasini buzishi mumkin (endokrin I). Jinsiy aloqa chogʻida xar ikki jins oʻrtasidagi nomunosib xatti-harakatlar (shunchaki yengil-yelpi, yuzaki jinsiy aloqa qilish) ham jinsiy zaiflikka olib keladi.

Impotensiyani urolog vrach davolaydi; baʼzan endokrinolog va psixiatr bilan maslahatlashish lozim. Baʼzi ayollarning jinsiy yaqinlikka befarq boʻlishi, erzadaligi (q. Vaginizm) ham Impotensiyaga olib keladi. Bunday hollarda ginekolog vrach b-n maslahatlashish maʼqul. Psixoterapiya, organizmni mustahkamlovchi dorilar, gormonal preparatlar, vitaminlar, har xil tabiiy usullar va b. bilan davolash yaxshi naf beradi.

Ad.: Umarov S, Mijoz sustligi, T., 1991.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x