Tilga eʼtibor – elga eʼtibor. Ushbu haqiqatni buyuk ajdodlarimiz teran anglashgan.
Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarida keltirilishicha, buyuk jahongir Amir Temur davlat hujjatlarining turkiy tilda yuritilishiga alohida eʼtibor bergan.
Alisher Navoiy esa oʻzi yashagan davr Oʻrta Osiyo xalqlarining mushtarak adabiy tili sifatida ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotda va badiiy adabiyotda keng oʻrin egallab kelgan forsiy tilni, musulmon olamining asosiy rasmiy tili boʻlgan arab tili ulugʻligini eʼtirof etib, yaʼni fors tilida oʻlmas asarlar yozib, arab tilini “ruhni yayratuvchi bogʻ” deb koʻkka koʻtarib, ularning mavqeiga daxl qilmagan holda, ilk marotaba oʻzbek tilining boshqa tillardan qolishmaydigan jozibasini oʻzi yaratgan nodir asarlar misolida isbotlab berdi. Eng yirik asari “Hamsa”ni turkiy tilda yaratdi, Bobur taʼkidlaganidek, bu tilda “koʻp va xoʻb” ijod qildi. Oʻzbek tilining adabiy til darajasiga koʻtarilishida muhim rol oʻynadi. Natijada ijodkorlar orasida turkigoʻylar koʻpaydi.
Bobur fiqhga doir yirik asari “Mubayyin”ni, aruzga doir “Mufassal” asarini oʻz davri anʼanalariga xilof ravishda arab tilida emas turkiy tilda bitishga, hatto turkiy yozuv – “Xatti Boburiy”ni yaratishga qoʻl urdi.
Birinchi oʻzbek professori, shoir, yozuvchi va jurnalist, siyosat arbobi Abdurauf Fitrat oʻtgan asr boshlariga kelib ona tilimizga ilk marotaba rasmiy maqom berish masalasini kun tartibiga olib chiqdi.
Oʻzbek tili ravnaqi yoʻlida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilar ekanmiz, bu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xizmatlarini alohida eʼtirof etish joiz. Uning bevosita rahnamoligi va tashabbusi bilan oʻzbek tili oʻz tarixida ilk marotaba rasmiy til maqomiga ega boʻldi, jahon hamjamiyatida tan olindi, isteʼmol doirasi keskin kengaydi. 1989 yil. Hali mustabid tuzum toʻla yemirilmagan, Konstitutsiyasida barcha elat, xalq, millatlar va ularning tillari teng huquqli ekanligi taʼkidlangan boʻlsa-da, barcha sohalarda ish yuritish yagona rus tilida olib boriladigan, aholi rus tilini bilish-bilmasligiga koʻra ziyoli va qoloq guruhlarga ajratiladigan, har bir puxta oʻylanmagan harakat milliy nizolarni kuchaytirib yuborishi ravshan boʻlib turgan qaltis bir vaziyatda oʻta nozik masala – oʻzbek tiliga rasmiy til maqomini berish masalasini kun tartibiga qoʻyish, haqiqatan ham kishidan katta jurʼat talab qilardi. Oʻzbek ziyolilarining saʼy-harakatlari va I. Karimov tashabbusi bilan 1989 yil 21 oktyabrda oʻzbek tili Oʻzbekistonning davlat tili sifatida rasman eʼlon qilindi.
Bosh qomusimizning 4-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir” deya qayd etildi. va u qonun bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi. Biroq…
Davlat tili haqidagi qonun 7-moddasida “Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda oʻzbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi”, deb qatʼiy belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, afsuski, hali-hanuz peshlavhalar, yoʻl chetidagi reklama, eʼlon matnlari, tovar yorliqlarida, ijtimoiy tarmoqlarda, hatto matbuotda imloviy xatoliklar koʻpayib borayotir.
Joriy imlo qoidalarimiz va u asosida yaratilgan lugʻatlar nochor ahvolda. Tez-tez “Qaysi imlo lugʻati toʻgʻri?” degan savolga duch kelayapmiz. Imlo lugʻati boʻlsayu, toʻgʻri notoʻgʻrisi boʻlsa…
Adabiy tilga shahar shevalarining taʼsiri kuchayib bormoqda.
Davlat tili haqida qonun 22-moddasida “Respublikaning maʼmuriy-hududiy birliklari, maydonlari, koʻchalar va geografik obʼyektlarining nomlari davlat tilida aks ettiriladi”, deb yozib qoʻyilganiga qaramay, hamon turli katta-kichik, davlat, nodavlat, xususiy obʼyektlar, hatto oʻz farzandini nomlashda oʻzlashma soʻzlardan foydalanishga urinish kuchayib bormoqda. Shahar koʻchalari boʻylab yursangiz, oʻzbekcha nomni kam uchratasiz, oʻzingizni boshqa davlatda yurgandek his etasiz.
Bugun chetdan axborot kirib kelishi uchun makon va zamonda chegara qolmagani kabi soʻz oʻzlashtirishda ham chegara qolmadi. Katta oqim bilan kirib kelayotgan soʻzlarni hatto imlosini belgilamay, joriy alifboga oʻzlashtirmay qabul qilayapmiz. Bilayn, yusel, yutub, skrinshot kabi soʻzlar “oʻzimizniki” boʻlib qoldi.
Bugun oʻzbek farzandlari jahon chempioni, xalqaro olimpiada, tanlovlar, davlat mukofoti sohiblari boʻlayapti. Biroq dunyo ham, davlat ham tan olgan shunday lahzada soʻz berilganda ularning aksariyati hayajonini yengib, oʻz ichki kechinmalarini nutqida chiroyli ifodalab bera olmaydi.
Holbuki, millatning jahonda mavjud boʻlishi uchun milliy til kerak, tilning rivojlanishi, taraqqiy etishi, yashab qolishi uchun uni qadrlaydigan millat kerak. Demak, oldimizdagi eng asosiy vazifa – ona tilimizning boy imkoniyatlaridan toʻla foydalanish, dunyo boʻylab tez-tez jaranglab turishi uchun unda oʻlmas asarlar yaratishdir.
“Davlat tili haqida”gi Qonun – siyosiy hujjat. Unda qonun buzilishlari bilan bogʻliq jazo choralari koʻrsatilmagan. Unga itoat qilish tashviqot-targʻibot, taʼlim-tarbiya yoʻli bilan taʼminlanadi. Qolaversa, tilni hurmat qilish – har bir insonning vijdoniy burchi.
Bashorat BAHRIDDINOVA,
Qarshi davlat universiteti oʻzbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi
https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/imlo-lugatining-togri-va-notogrisi-bolishi-mumkinmi/